Soliqlar va soliqqa tortish fanidan oquvuslubiy majmua
3. Soliq imtiyozlari. Qo‘shilgan qiymat solig‘idan boshqa soliq turlariga nisbatan ko‘proq imtiyozlar ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular Soliq kodeksida to‘rt guruhga bo‘lib berilgan. Bular:
soliqdan ozod etiladigan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti (208-modda);
soliqdan ozod qilinadigan moliyaviy xizmatlar (209-modda);
soliqdan ozod etiladigan sug‘urta xizmatlari (210-modda);
soliqdan ozod etiladigan import.
Qo‘shilgan qiymat solig‘idan quyidagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oborotlari ozod etiladi:
yuridik va jismoniy shaxslarga muayyan huquqlar berilganda davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda vakolatli tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladigan, davlat boji, patent boji, yig‘im yoki boshqa to‘lovlar undiriladigan xizmatlar;
maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni tarbiyalashga doir xizmatlar;
bemorlar va keksalarni parvarish qilishga doir xizmatlar;
dafn etish byurolari va qabristonlarning marosim xizmatlari, diniy ashyolarni realizatsiya qilish, diniy tashkilotlar hamda birlashmalarning udumlar va marosimlar o‘tkazishga doir xizmatlari;
protez-ortopediya buyumlari, nogironlar uchun mo‘ljallangan inventarlar, shu jumladan ularni ishlab chiqaruvchilar tomonidan realizatsiya qilinayotgan buyumlar va inventarlar, shuningdek, nogironlarga ko‘rsatilayotgan ortopedik protezlash xizmatlari, protez-ortopediya buyumlari va nogironlar uchun mo‘ljallangan inventarlarni ta’mirlash hamda ulardan foydalanishga doir ishlar bo‘yicha xizmatlar;
davolash muassasalari huzuridagi davolash-ishlab chiqarish ustaxonalarining mazkur muassasalar tomonidan realizatsiya qilinadigan mahsulotlari;
pochta markalari (kolleksiya qilinadiganlaridan tashqari), markali otkritkalar, konvertlar;
aloqa tashkilotlarining pensiya va nafaqalar to‘lash bo‘yicha xizmatlari;
byudjet mablag‘lari hisobidan bajariladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlari;
shahar yo‘lovchilar transportining xizmatlari (taksidan, shu jumladan yo‘nalishli taksidan tashqari), shuningdek temir yo‘l va umumiy foydalanishdagi avtomobil transportida (taksidan, shu jumladan yo‘nalishli taksidan tashqari) shahar atrofidagi yo‘nalishlarda yo‘lovchilar tashish xizmatlari. Shahar yo‘lovchilar transportining xizmatlari jumlasiga yo‘lovchilar tashish bo‘yicha avtomobil va elektr transporti bilan shahar doirasida muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha qatnov jadvaliga binoan ko‘rsatiladigan xizmatlar kiradi. Ushbu bandning qoidalari yuridik va jismoniy shaxslarning buyurtmalariga ko‘ra shahar yo‘lovchilar tashish transportida xodimlarni ishdan va (yoki) ishga tashish bo‘yicha xizmatlarga, tadbirlar o‘tkazish uchun tashish bo‘yicha xizmatlarga, shu jumladan shahar tashqarisiga tashishga ham tatbiq etiladi;
oliy, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarida, shuningdek, kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarda ta’lim berishning haq evaziga o‘qitishga doir qismi bo‘yicha xizmatlar;
tibbiy xizmatlar (kosmetologiya xizmatlari bundan mustasno) va veterinariya xizmatlari, dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun mo‘ljallangan buyumlar, shu jumladan ularni ishlab chiqaruvchilar tomonidan realizatsiya qilinayotgan shunday vositalar va buyumlar;
havo kemalariga xizmat ko‘rsatish yuzasidan bevosita O‘zbekiston Respublikasi aeroportlarida va O‘zbekiston Respublikasining havo bo‘shlig‘ida amalga oshiriladigan xizmatlar, shu jumladan aeronavigatsiya xizmati;
sanatoriy-kurort, sog‘lomlashtirish, turistik-ekskursiya xizmatlari, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport muassasalarining xizmatlari;
bosma mahsulotlar. Ushbu bandni qo‘llash maqsadida bosma mahsulotlar jumlasiga milliy valyuta (kupyura), kitob mahsulotlari, ommaviy axborot vositalarining davriy bosma nashrlari (reklama tusidagi bosma nashrlar bundan mustasno), daftarlar hamda rasm va chizmachilik albomlari taalluqlidir;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bo‘yicha xalqaro va chet el hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarzlar (kreditlar) yuridik shaxslar oladigan, shuningdek, grantlar hisobiga olingan tovarlar (ishlar, xizmatlar);
uy-joy fondini saqlash va ta’mirlash yuzasidan aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar;
davlat tilini va davlat tilida ish yuritishni o‘rgatish xizmatlari;
o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsuloti;
ichki ishlar organlari huzuridagi qo‘riqlov bo‘linmalari xizmatlari;
byudjet mablag‘lari hisobidan bajariladigan yer-kadastr, yer tuzish, tuproq va geobotanika ishlari;
davlat rezervining tovar-moddiy zaxiralari, ular yangilanayotganda;
telekommunikatsiyalar tarmoqlarida tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnika vositalari, shuningdek, mazkur vositalardan foydalanishga va ularga xizmat ko‘rsatishga doir xizmatlar;
investor va davlat mulkini boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga binoan investitsiya majburiyatlari sifatida topshirilayotgan mol-mulk;
davlat mulkini ijaraga berish bo‘yicha xizmatlar;
ommaviy axborot vositalarini va kitob mahsulotlarini yetkazib berish xizmatlari;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra tijorat banklari tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan qurilayotgan ko‘chmas mulk obyektlari.
Moliyaviy xizmatlarning quyidagi turlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgan:
kreditlar, zayomlar bo‘yicha foizlarni hisoblab chiqarish va undirish, kreditlar, zayomlar berish, kafilliklar (kafolatlar), shu jumladan bank kafolatlari berish;
depozitlar qabul qilish, yuridik va jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlarini, shu jumladan vakil banklarda hisobvaraqlarini ochish va yuritish;
to‘lovlar, o‘tkazmalar, qarz majburiyatlari, cheklar va to‘lov vositalari bilan bog‘liq operatsiyalar, inkasso bo‘yicha operatsiyalar;
milliy valuta va chet el valutasi bilan bog‘liq operatsiyalar, numizmatika maqsadlarida foydalaniladiganlari bundan mustasno;
yuridik va jismoniy shaxslarning qimmatli qog‘ozlar depo-hisobvaraqlarini, shu jumladan vakil depozitariylarini ochish hamda yuritish;
qimmatli qog‘ozlar (aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar) bilan bog‘liq operatsiyalar;
qimmatli qog‘ozlarni, yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarni (paylarni) realizatsiya qilish;
kliring operatsiyalari;
akkreditivlar ochish va ularga xizmat ko‘rsatish;
pul mablag‘larini konvertatsiya qilish bo‘yicha operatsiyalar;
chet el valutasi bilan ayirboshlash operatsiyalarini tashkil etish;
kassa operatsiyalari (banknot va tangalarni qabul qilib olish, berish, qayta hisoblab chiqish, maydalab berish, almashtirish, saralash va saqlash);
moliyaviy ijara (lizing) shartnomasining ijaraga beruvchining (lizingga beruvchining) foiz tariqasidagi daromadiga tegishli qismi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish;
forfeyting va faktoring operatsiyalari;
lombard operatsiyalari (garovga qo‘yilgan mol-mulkka qisqa muddatli kreditlar berish);
jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi mablag‘larining oboroti;
mijozlarning hisob raqamlariga banklar tomonidan elektron masofali xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xizmatlar.
Soliqdan ozod qilinadigan sug‘urta xizmatlari. Sug‘urta qilish, birgalikda sug‘urta qilish va qayta sug‘urta qilish xizmatlari bo‘yicha sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari tomonidan amalga oshiriladigan sug‘urta qilish bo‘yicha xizmatlar bu xizmatlar natijasida:
sug‘urta bozorining professional ishtirokchisi quyidagilarni olsa, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi:
sug‘urta qilish, birgalikda sug‘urta qilish va qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha sug‘urta mukofotlari;
qayta sug‘urta qilishga topshirilgan shartnomalar bo‘yicha vositachilik haqi va tantemalar;
sug‘urta agenti, sug‘urta va qayta sug‘urta brokeri, syurveyer hamda sug‘urta bozorining boshqa professional ishtirokchilarining xizmatlari uchun vositachilik haqi;
qayta sug‘urta qilishga topshirilgan shartnomalar bo‘yicha sug‘urta to‘lovlari ulushining qayta sug‘urtalovchilar tomonidan to‘lanadigan to‘lovini;
sug‘urta qilish, birgalikda sug‘urta qilish va qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha uchinchi shaxslardan subrogatsiya (regress) tartibida talab qilish bo‘yicha daromadlar;
sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari (aktuariylar, ajasterlar, syurveyerlar, assistans xizmatlari va shu singarilar) ko‘rsatgan xizmatlardan olinadigan daromadlar;
qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha depo mukofotlariga hisoblangan hamda qayta sug‘urta qildiruvchi tomonidan qayta sug‘urtalovchiga o‘tkazilgan foizlar;
hayotni sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha sug‘urta qildiruvchilar taqdim etgan zayomlardan olinadigan daromadlar;
sug‘urtalovchining (qayta sug‘urtalovchining) investitsiya faoliyatidan olinadigan daromadlar, shu jumladan sug‘urta rezervlari va sug‘urta fondlari mablag‘larini investitsiyalashdan olinadigan daromadlar;
sug‘urta qilish, birgalikda sug‘urta qilish va qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha franshizlarni qoplashdan olinadigan daromadlar;
qonun hujjatlariga muvofiq sug‘urtalovchiga o‘tgan, sug‘urta qildiruvchining (naf oluvchining) yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxslardan talab qilish huquqini realizatsiya qilishdan olinadigan daromadlar;
qayta sug‘urta qilish shartnomalari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, ular bo‘yicha sug‘urta mukofotlarining qaytarib berilgan qismi summalari;
bevosita sug‘urta faoliyatini amalga oshirishdan olinadigan boshqa daromadlar.
sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) quyidagilarni olsa, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi:
sug‘urta to‘lovi (sug‘urta tovoni);
preventiv tadbirlar o‘tkazish uchun beriladigan mablag‘lar;
sug‘urta qilish shartnomasi zararsiz amal qilishi uchun sug‘urtalovchi to‘laydigan mablag‘lar;
sug‘urta qilish shartnomasiga muvofiq boshqa mablag‘lar.