Soliqlar va soliqqa tortish” kafedrasi “soliqlar va soliqqa tort
4.2. Savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini soliqqa tortish.
1.Savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun yagona soliq to‘lovining joriy etilishi. Ma‘lumki, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari 2007 yil 1 yanvarga qadar budjetga to‘lab kelgan yalpi daromadidan yalpi daromad solig‘i, mol-mulk solig‘i, tovarlar aylanmasidan Pensiya jamg‘armasiga, Respublika Yo‘l jamg‘armasiga hamda Maktab ta‘limini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy to‘lovlar to‘lash o‘rniga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 18 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2007 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjetining parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-532-sonli qaroriga muvofiq 2007 yil 1 yanvardan boshlab yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tkazildi.
2006 yil yakuni bo‘yicha asosiy (profil) faoliyat turi savdo faoliyati (umumiy ovqatlanish sohasidagi faoliyat) hisoblangan yuridik shaxslar belgilangan tartibda hisobot yili boshidan boshlab yagona soliq to‘lovlarini to‘lashlari shart qilib belgilandi.
Shu bilan birga savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun:
bojxona to‘lovlari (bojxona bojlari va yig‘imlari, aksiz solig‘i va tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i);
davlat bojlari;
ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im.
Agar yuridik shaxslar hisobot yili yakuni bo‘yicha savdo (umumiy ovqatlanish) korxonasiga mansub bo‘lmasa, kelgusi yil boshidan boshlab umumbelgilangan tartibda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lashga o‘tishlari shart, soliq solish tartibini tanlash huquqi saqlab qolinadigan mikrofirmalar va kichik korxonalar bundan mustasno. Yagona soliq to‘lovi to‘lashga o‘tish savdo (umumiy ovqatlanish) korxonalari umumbelgilangan tartibda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lashga o‘tgan birinchi hisobot choragi uchun foyda solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha joriy to‘lovlarni to‘lamaydilar. Ishchilar sonidan qat‘iy nazar ulgurji, chakana savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari (shu jumladan kichik korxonalar va mikrofirmalar) yagona soliq to‘lovini to‘lovchilari hisoblanadi.
Yagona soliq to‘lovi to‘lovchisini aniqlashda asosiy mezon bo‘lib, yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi guvohnomada ko‘rsatilgan korxona faoliyatining kodi hisoblanadi. Bunda korxonaning ixtisoslashishi XXTUT asosiy kodga to‘g‘ri kelishi kerak. Agar korxonaning faoliyati XXTUT kodiga to‘g‘ri kelmasa, o‘z faoliyati kodini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda statistika organlarida qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga va ushbu toifadagi korxonalar (faoliyati turlari) uchun belgilangan tegishli soliqlarni to‘lashga majbur.
Yagona soliq to‘lovida realizatsiya (tovaroborot) umumiy yillik hajmida tushum ulushi aksariyat qismini tashkil etgan faoliyat turi, asosiy (profil) faoliyati turi hisoblanadi.
Agar joriy yil yakuni bo‘yicha realizatsiya (tovaroborot) ning umumiy yillik hajmida tushum ulushi faoliyati turlari bo‘yicha bir xil miqdorni tashkil etsa, asosiy (profil) faoliyat turi o‘tgan hisobot yil yakuni bo‘yicha aniqlanadi.
Savdo (umumiy ovqatlanish) korxonalariga, soliq solish maqsadida, o‘tgan hisobot yili yakuni bo‘yicha asosiy (profil) faoliyat turi savdo faoliyati (umumiy ovqatlanish sohasidagi faoliyati) hisoblanadigan yuridik shaxslar kiradi.
Savdo faoliyati deganda - qayta sotish maqsadida xarid qilingan tovarlarni sotish bo‘yicha faoliyat tushuniladi.
Quyidagilar savdo faoliyati sifatida qaralmaydi:
- o‘zi ishlab chiqargan mahsulot hisoblanadigan tovarlarni realizatsiya qilish, jumladan ularni mustaqil yuridik shaxs hisoblanmaydigan firma do‘konlari orqali realizatsiya qilish;
- komissioner (ishonchli vakil) tomonidan komissiya (topshiriq) shartnomalari bo‘yicha tovarlarni realizatsiya qilish, jumladan davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni realizatsiya qilish;
- tayyorlov va ta‘minot-sotish faoliyati bilan shug‘ullanadigan korxonalar tomonidan tovarlarni realizatsiya qilish.
Umumiy ovqatlanish sohasidagi faoliyat deganda kulinariya, shuningdek boshqa oziq-ovqat mahsulotini tayyorlash, realizatsiya qilish va ularni is’temol qilishni tashkil etish bo‘yicha faoliyat tushuniladi.
Yagona soliq to‘lovini hisoblashda soliq solish ob‘ekti bo‘lib, aksariyat hollarda yalpi tushum hisoblanadi, lekin savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun yalpi tushum bo‘lib tovarlar aylanmasi hisoblanadi. Bundan tashqari, savdo korxonalarining asosiy faoliyatdan tashqari boshqa daromadlari, moliyaviy faoliyatdan daromadlari va O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq belgilanadigan boshqa daromadlar yalpi tushum tarkibiga kiritiladi.
Shuningdek, yagona soliq to‘lovi hisob-kitob bazasini aniqlashda tushumdan quyidagilar chegirib tashlanadi:
a) qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini;
b) davlat subsidiyalarini;
v) davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha daromadlar;
d) to‘lov manbaida ushlab qolinishi lozim bo‘lgan dividendlar va foizlar ko‘rinishidagi daromadlar;
e) o‘tgan yillarning taqsimlanmagan foydasi ustav kapitalini oshirishga yo‘naltirishda aktsiyador qo‘shimcha aktsiyalarining qiymati yoki aktsiyalarning nominal qiymatini ko‘paytirish tarzida olingan daromadlari;
j) hisobot yilida aniqlangan o‘tgan yillardagi foyda. Mazkur daromadlar qaysi davrda paydo bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha davrdagi qonun hujjatlariga muvofiq shu davrdagi soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha hisob-kitoblarni o‘tkazishni hisobga olgan holda soliqqa tortiladi.
z) olingan grantlar. Grant deganda – ijtimoiy ahamiyatga ega maqsadni ko‘zlagan, iqtisodiyotni rivojlantirish, ilmiy-texnik va innovatsion dasturlarni bajarish uchun korxonaga davlat (hukumat), shuningdek nodavlat, xorijiy, xalqaro tashkilotlar va jamg‘armalar tomonidan ko‘rsatiladigan tekin, gumanitar mablag‘li yoki moddiy-texnik yordam tushuniladi. Grant mablag‘lari qat‘iy ravishda belgilangan maqsadlarga ishlatiladi.
i) ko‘p oborotli qaytariladigan taraning qiymati, agar uning qiymati tovar (ish, xizmat)larni realizatsiya qilishdan tushumning tarkibiga ilgari kiritilgan bo‘lsa;
k) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chegirmalar.