Soliq deganda Kodeksda belgilangan, O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga yoki davlat maqsadli jamg‘armasiga (bundan buyon matnda budjet tizimi deb yuritiladi) to‘lanadigan majburiy beg‘araz to‘lov tushuniladi.
Yig‘im deganda budjet tizimiga Kodeksda yoki boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan majburiy to‘lov tushuniladi, bu yig‘imning to‘lanishi uni to‘lovchi shaxsga nisbatan vakolatli organ yoki uning mansabdor shaxsi tomonidan yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirish, shu jumladan unga muayyan huquqlarni yoxud ruxsat etuvchi hujjatlarni berish shartlaridan biri bo‘ladi.
Shaxsning zimmasiga sud tartibida yuklatilgan jarimalar va boshqa to‘lovlar, shuningdek qonunda belgilangan hollarda mol-mulkni musodara qilish hamda boshqacha tarzda olib qo‘yish soliqlar yoki yig‘imlar jumlasiga kirmaydi.
Soliqlarning va yig‘imlarning turlari O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi soliqlar belgilanadi:
1) qo‘shilgan qiymat solig‘i;
2) aksiz solig‘i;
3) foyda solig‘i;
4) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
5) yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;
6) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
7) mol-mulk solig‘i;
8) yer solig‘i;
9) ijtimoiy soliq.
O‘zbekiston Respublikasi hududida yig‘imlar belgilanishi mumkin. Yig‘imlarni joriy etish, hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi Kodeksda hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Avtotransport yig‘imini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi Soliq Kodeks bilan tartibga solinadi.
Davlat bojini hisoblab chiqarish va undirish tartibi davlat boji to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilanadi.