Bugungi kunda sotsiologiya predmetining mazmun doirasidan: 1. Falsafiy germenevtika – yangicha tus berilayotgan naturalizmdan foydalanib, ularni yangicha talqin qilish (tendentsiyasi).
2.Gumanistik oqimni rivojlantirish (tendentsiyasi) tobora zalvorliroq mavqe kasb eta boshladi.
Shunday qilib, sotsiologiya aniq ijtimoiy tizimlar amal qilishining sotsial qonun va qonuniyatlari haqidagi, ushbu qonun va qonuniyatlarning shaxslar, ijtimoiy guruhlar, birliklar, sinflar, xalqlar faoliyatida namoyon bo’lishi va ta`sir ko’rsatishi mexanizmi haqidagi fandir. Sotsiologiyaning mavqei, roli va o’rnining nazariy va amaliy asoslanishida sotsial degan tushuncha asosiy hisoblanadi. «Sotsial» tushunchasi birinchi marta Karl Marks tomonidan qo’llanilgan. U odamlarning bir-biriga bo’lgan munosabati, hayot tarzi, sharoitlari va dalillarini hamda insonning jamiyatda tutgan roli, holatini tahlil etganida «Sotsial» munosabatlar tushunchasini qo’llagan.
Ma`lumki, sotsial u yoki bu xususiyatning va sotsial munosabatlarning o’ziga xos yig’indisidir. Har qanday sotsial munosabatlar tizimi (iqtisodiy, siyosiy va boshqa) odamlarning bir-biriga va jamiyatga bo’lgan munosabatiga taalluqli hisoblanadi. Sotsial degan tushunchaning o’ziga xosligini xarakterlovchi quyidagi asosiy jihatlarini ajratib ko’rsatish mumkin.
Birinchidan, bu xususiyat turli guruh, individlar uchun taalluqli va ular tomonidan sotsial munosabatlarning u yoki bu xususiyatini integratsiyalash natijasi hisoblanadi.
Ikkinchidan, hozirgi sotsial munosabatlar (iqtisodiy, siyosiy va boshqa) bilan bog’langan individlarning va ularning guruhlari o’rtasidagi turli munosabatlarning mazmuni va xarakterini anglatadi.
Uchinchidan, sotsial jihat turli individ va guruhlarining bir-biriga, jamiyatda tutgan o’rniga, ijtimoiy hayot, voqelik va jarayonlarga munosabatida namoyon bo’ladi.
To’rtinchidan, individlar o’rtasidagi aloqa va o’zaro ta`sirning namoyon bo’lishi birgalikdagi faoliyat natijasi demakdir.
Sotsiologiya ijtimoiy hayotni u yoki bu formada va sohada o’rganar ekan, u avvalo sotsial voqelik haqidagi bilimlarni shakllantirish, sotsial rivojlanish jarayonlarini tasvirlash, tushuntirish, sotsiologiyaning asosiy metodologiyasini va sotsiologik tadqiqot metodlarini ishlab chiqish kabi ilmiy muammolarni hal etadi.