Sut tishlarida boshlang‘ich kariyes (dog‘li kariyes, yuza kariyes)ni tish to‘qimalariga tig‘ tekkizmasdan konservativ usulda davolash bugungi kunda keng tarqalgan. Erta yoshdagi (1-3 yosh) bolalarda boshlang‘ich kariyes kumushlash o‘tkazish yo‘li bilan davolanadi. Bunda tishlar yuzasidan yumshoq karashlar yaxshilab tozalanadi, antiseptiklar bilan yuvib quritiladi, davolanayotgan tishlar paxta bolishchalar yordamida so‘lak va milklardan ajratiladi.
Kumushli eritma shilliq pardaga tushsa uni kuydirish xususiyatiga egaligini esda tutish lozim !
Shikatlangan soxada dentin yumshoq bo‘lsa, kumushlash usuli qo‘llanilmaydi (bunda kariyes jarohati bor yordamida shakllantiriladi).
Kumushlash yo‘li bilan davolashda 20-30% li kumush nitrat tuzining suvdagi eritmasi ishlatiladi. Bunda kumushni erkin qaytaruvchi moddalardan foydalaniladi (4% gidroxinon, askorbin kislota eritmasi). Kumushlash 3 marta har 2-3 kunda bir marta o‘tkaziladi va natijada kumushning qalin qora parda(plenka)si hosil bo‘ladi.
Ma’lumki tishlarda kechayotgan faol demineralizasiya jarayoni natijasida kariyes dog‘i yuzaga keladi. Bolalarda bu dog‘lar asosan oq, bo‘rsimon tusda bo‘ladi. Bunday hollarda yana bir sun’iy remineralizasiya usulini qo‘llash ham ijobiy natijalar beradi.
Sun’iy remineralizasiya usulini amalga oshirish uchun bir qancha remineralizasiya xususiyatiga ega bo‘lgan eritmalar tavsiya qilingan. Ular o‘z tarkibida kalsiy, fosfor, ftor va boshqa makro-va mikroelementlarni saqlaydi.
Shunday eritmalar qatoriga 10%li kalsiy glyukonati, 2-3% li remodent eritmasi, 2%li natriy ftor eritmasi kiradi. Bu eritmalar applikasiya (chaplash) usulida qo‘llaniladi. Davolash samaradorligi kariyes dog‘i mavjud tishlarni dori chaplashga yaxshilab tayyorlash ishlari bilan bog‘liqdir.
Bu usulni amalga oshirishdan oldin bemor bola tishlarini cho‘tka, pasta yordamida yaxshilab yuvadi, shifokor qolgan karashlarni qirtishlab tozalaydi, 2%li vodorod peroksidi bilan emal sathini ishlov berib tozalaydi, antiseptiklar bilan chaydiradi, tishlar quritiladi, so‘lakdan ajratiladi, quritilgan tishlar sathiga remineralizasiyalovchi eritmaga obdon ho‘llangan paxta bolishchalar yoki salfetkalarni yozadi.
Bu eritma tish sathida 15-20 minut mobaynida ushlab turiladi va har 5 minutdan so‘ng pipetka yordamida eritmadan tomizilib turiladi. Aplikasiyadan so‘ng tish yuzasi quritilib, 2%li natriy ftor eritmasiga ho‘llangan bolishcha yoki salfetka 2-3 daqiqaga qo‘yiladi. Davolash muolajasi har kun yoki kunora 15-20 marta o‘tkaziladi.
O‘rta va chuqur kariyesda kariyes kavagi albatta charxlanib shakllantirilgandan so‘ng doimiy tishlar kariyesini davolagandek muolaja qilinadi. Kariyes kavaklarini charxlab shakllantirishda ma’lumki, Blek tasnifidan foydalaniladi.
Blek tavsiyasiga ko‘ra kariyes kavagini charxlab shakllantirishdan maqsad shikastlangan sohalarni to‘liq olib tashlash va plomba materiali yaxshi yopishadigan retensiya nuqtalarini hosil qilishdan iboratdir.
Zamonaviy, yangi plomba ashyolarini paydo bo‘lishi Blek tavsiyasiga bir muncha o‘zgartirishlar kiritishga sabab bo‘lmoqda. Bunda kariyes kavagini plombalashga tayyorlash jarayonida asosiy urg‘u mexanik retensiya nuqtalarini hosil qilishga nisbatan kimyoviy adgeziya prinsipini ilgari suradi. Bu esa emal to‘qimasini iqtisod qilish, ayash va iloji boricha saqlanib qolishini ta’minlaydi.
Zamonaviy kompozision plomba ashyolari emal, dentin to‘qimasi bilan kimyoviy birikish xususiyatiga egadir. Bu esa mustahkam mexanik bog‘lanishni (emal bilan plomba ashyosi orasida) yuzaga keltiradi. Bundan kelib chiqadiki, kariyes kavagini charxlashda patologik o‘zgargan to‘qimalarni qoldirmay charxlab, sog‘lom emal sohasini iloji boricha iqtisodlash va ayash asosiy prinsip hisoblanadi.
Bolalar yoshida tishlarning anatomik va fiziologik xususiyatlaridan kelib chiqib va plomba ashyolarining fizik-kimyoviy xususiyatlarini xisobga olib, doimiy plomba ashyolarini kariyesni davolash nuqtai-nazaridan 3 guruhga bo‘lish mumkin.
1. Bolalar yoshida sut va shakllanmagan ildizli doimiy tishlar kariyesini davolashda ishlatilmaydigan plomba ashyolari. Mazkur plomba ashyolari ajratuvchi taglik bilan ham toki tishlar to‘liq shakllanib bo‘lgunicha doimiy plomba sifatida ishlatilmaydi: