Statistika predmeti va uslubi



Yüklə 76,54 Kb.
səhifə2/6
tarix07.06.2023
ölçüsü76,54 Kb.
#126180
1   2   3   4   5   6
2 5456136348995956885 (1)

Statistika nima
Amaliy faoliyatda to‘plangan tajribalarni umumlashtirish yo‘li bilan dastlab davlatni boshqarish uchun zarur ma’lumotlar to‘plash, qayta ishlash, tahlil qilish va talqin etish qoidalari, tartiblari, yo‘llari, usullari yaratildi. Statistika ana shunday fan sifatida qaralib yangi izlanishlar asosida boyib bordi. Uning mohiyati va usullarini takomillashtirishda matematika usullari, qurollari va yangi nazariyalaridan foydalanish juda qo‘l keldi, chunki statistika ham matematikaga o‘xshab sonlar, miqdorlar bilan shug‘ullanadi, ammo shunday toifalari bilan-ki, ular sifatga ega bo‘lib, ommaviy hodisalarni o‘lchash natijasida hosil bo‘ladi. Pirovard oqibatda statistik tafakkur uslubi, ya’ni statistika nazariyasi va uslubiyati (metodologiyasi) shakllandi. Endi bu uslub nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy voqealarni o‘rganishda, balki boshqa sohalarni ham birin-ketin egallay boshladi. Hozirgi vaqtda u deyarlik barcha fan va texnika sohalarida, tajriba-eksperimentlarda, fizika, kimyo, biologiya, arxeologiya, agronomiya, tibbiyot, psixologiya, sotsiologiya, pedagogika, tilshunoslik, harbiy ishlar va hatto tasviriy san’atda hamda musiqa bastalashda qo‘llanilmoqda.
Shunday qilib, Statistika yuzaki qarashda oddiy so‘z bo‘lsa ham, lekin ko‘p qirrali mazmunga ega.

Statistika lotincha “status” - ahvol, holat so‘zi bilan italyancha “state” - davlat so‘zidan kelib chiqib, davlat ahvoli haqidagi fan.
Etimologiya, ya’ni so‘zlarni kelib chiqishi jihatidan bu atama bevosita qandaydir bitta klassik - grekcha yoki lotincha ildizga ega emas. U lotincha “status”, ya’ni ahvol, holat degan so‘zning italyancha “state” - davlat degan so‘z qiyofasini olishidan kelib chiqadi. Statistika so‘zi kundalik hayotga va ilm-fanga XVIII asrda kirib keldi. Dastlab, savdo va moliya kapitali hamda pul munosabatlari taraqqiyoti natijasida vujudga kelgan ehtiyojni qondirish maqsadida to‘plangan mamlakat aholisi, iqtisodiy va siyosiy ahvoli haqidagi ma’lumotlar statistik axborotlar deb yuritiladi.

Dastlab davlatshunoslik fani statistika deb ataldi.
Biroz keyinroq davlatning diqqatga sazovor tomonlarini tasvirlaydigan davlatshunoslik fani paydo bo‘lib, u statistika nomi bilan, uni yaxshi egallagan bilimdon esa statistik deb atala boshlandi. Bu fanning ko‘zga ko‘rinarli namoyondasi nemis G. Axenval (1719-1772yy) birinchi bo‘lib statistika so‘zini ot sifatida qo‘lladi va ilmiy odatga kiritdi. Uning fikricha, statistika bu davlat uchun alohida ahamiyat kasb etadigan masalalar sharhi, tasviridir. Ammo hozirgi kunda statistika atamasini bunday mazmunda talqin etish ko‘p jihatlarini yo‘qotdi. Kundalik turmushimizda mamlakat iqtsodiyoti va aholisi haqidagi ma’lumotlar to‘plami statistika deb yuritilsa ham, ammo u o‘tgan asrlardagi “davlatshunoslik” dan tubdan farq qiladi.

Hozirgi zamon statistikasi davlatshunoslikdan axborotlarning to‘laligi, turli- tumanligi va xarakteri bilan tubdan farq qiladi.
Bu farq nafaqat axborot turlari ko‘pligi va to‘laligida ko‘zga tashlanib qolmasdan, shu bilan birga ularning xarakterida ham yaqqol kuzatiladi. Endi statistika deganda faqat miqdoriy ifodalangan axborotlar tushuniladi. Masalan, muayyan davlatda qanday siyosiy tizim xukmronligi, qaysi til davlat tili ekanligi statistikaga hech qanday aloqasi yo‘q, ammo siyosiy firqolar soni, ularning maqsadi, a’zolar soni va boshqa belgilar bo‘yicha taqsimlanishi, yetakchi firqo tashkilotlari a’zolarining ijtimoiy holati, yoshi, jinsi va boshqa belgilari bo‘yicha taqsimoti, qaysi tilda qancha aholi gaplashishi va hokazolar - bular statistikadir. Mamlakat hududiy bo‘linmalarining ro‘yxati yoki jo‘g‘rofiy xaritada joylanishi statistika emas, biroq aholini soni, sanoat tarmoqlari va hokazolarning hududiy kesimda taqsimoti statistikadir.
Statistikaga oid ma’lumotlar uchun umumiy o‘ziga xos xususiyat shundan iboratki, ular ayrim yakka hodisalarga tegishli bo‘lmasdan, balki doimo ularning to‘plamini qamrab oluvchi umumlashtiruvchi miqdorlardir. Yakka hodisa, to‘plamdan farqli o‘laroq, mustaqil va bir - biriga o‘xshash tarkibiy elementlarga bo‘linmaydi. To‘plam bitta yoki bir nechta hodisaga kamayishi bilan butunlay yo‘q bo‘lmasdan, oldingi mavqeini saqlab qoladi. Masalan, agarda shahar aholisi orasida bir yoki bir nechta kishi vafot etsa yoki boshqa joyga ko‘chib ketsa, aholi to‘plamligicha qolaveradi. Qandaydir korxona yopilsa korxonalar to‘plami o‘z nomini saqlab qoladi. Ammo yakka korxonaga qarashli asosiy sex yopilsa, korxona o‘z mavqeini yo‘qotadi, ya’ni ishlamay qo‘yadi.
Shuningdek, shaharga bir kishi ko‘chib kelishi yoki bola tug‘ilishi, yangi korxona ishga tushishi bilan mavjud to‘plam o‘rniga yangisi yoki ikkinchi boshqa to‘plam paydo bo‘lmaydi.
Agarda hodisa yakkayu yagona bo‘lib, keyinchalik unga o‘xshash hodisa yuzaga chiqishi kutilsa, u holda bu hodisa mustaqil statistika obyektini tashkil etadi. Masalan, Asakadagi o‘zbek-quriya qo‘shma yengil mashinalar ishlab chiqaruvchi korxona ishga tushishi bilan respublika xo‘jaligida yangi tarmoq shakllanishiga asos solindi. Demak, bu korxona statistika, obyekti hisoblanadi, chunki keyinchalik unga o‘xshash mashinasozlik korxonalari vujudga kelishi mumkin, haqiqatda ham paydo bo‘la boshladi.
To‘plam tarkibidagi har bir hodisa o‘z o‘zidan statistikani qiziqtirmaydi. U to‘plam bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichlarni olish uchun asos sifatida statistika diqqatini tortadi. Masalan, nikohni qayd qilish oila quruvchi ikki yosh uchun ahamiyat kasb etadi, chunki ularning oilaviy huquq va vazifalarini belgilaydi, shu jihatdan davlat tashkiloti-ZAGS larni ham qiziqtiradi, chunonchi ular huquqiy oila munosabatlari ustidan nazorat olib borish uchun tuzilgan. Bu fakt statistika uchun qayd qilingan nikohlar soni, yangi oilalar a’zolarining yoshi, yashash manbaalari va xokazolar haqidagi umumiy ko‘rsatkichlarni olish jihatidangina ahamiyatga ega.
Garchi faktlar gung bo‘lsa ham, ularni tushunish kerak, talqin eta bilish lozim. Statistikaga ana shunday yo‘sinda yondashish natijasida bu so‘zning ma’nosi boyidi, u mazmunan yangi jihatga ega bo‘ldi.

Statistika - bu fan tarmog‘i, amaliy faoliyat sohasi, bilim yo‘nalishi, bilish quroli.
Statistika deganda ma’lumotlar to‘plash jarayoni ham ularni qayta ishlab, xolisona va aniq talqin etish qoidalari ham tushuniladi. Ana shu mazmunda statistika ham fan, ham faoliyat sohasi, ham kasb turidir. U uyushtirilgan bilim tarmog‘i ham, maqsadlarni amalga oshirish uchun kuchli qurol ham, kasbkorlik faoliyati sohasi ham hisoblanadi. Ko‘zga ko‘ringan iqtisodchi olim E.Keyn shohidlik qilishicha, ma’muriy muassasalarda ishlarni tasniflashga oid amerika ma’lumotnomasida statistika quyidagicha ta’riflanadi: “Statistika faktlarni xulosalar yasash uchun asos sifatida to‘plash, tasniflash va miqdoriy baholash haqidagi fandir”1 Shu jihatdan u tasviriy statistika nomi bilan ham yuritiladi.

Tasviriy statistika - bu ma’lumotlar to‘p-lash, tasniflash, umum-lashtirish va talqin etish yo‘llaridir.


Demak, tasviriy statistika deganda axborotlar to‘plash, tasniflash, umumlashtirish va talqin etish yo‘llari nazarda tutiladi. Uning diqqat markazida ma’lumotlarni to‘plash va umumlashtirish turadi. Tasviriy statistika ma’lumotlarni samarali to‘plash, tartibga solish va umumlashtirilgan statistik axborotlar olish usullarini ishlab chiqish va amalda qo‘llash bilan shug‘ullanadi. Bu ishda EHMdan foydalanish muhim masala hisoblanadi. Shuning uchun iqtisodchi mutaxasislar, statistiklar EHM yordamida axborotlar to‘plash, ishlash va saqlash qoidalarini chuqur bilishlari lozim.
Shunday qilib, statistika atamasi ko‘p qirrali tushuncha bo‘lib, hozirgi kunda u quyidagi mazmunlarda ishlatiladi:
-statistika deganda turmushimizning turli tomonlari - iqtisodiy, madaniy, siyosiy, ma’naviy, sotsial-psixologik, ijtimoiy-demografik va hokazo hodisalar hamda atrof-muhit holati haqidagi ma’lumotlar majmuasi tushuniladi. Bunday mazmunda bu so‘z ko‘proq davriy matbuot sahifalarida va axborot vositalarida ishlatiladi;
-ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash jarayoni ham statistika deb yuritiladi;
-statistik ko‘rsatkichlarni hisoblaydigan va saqlaydigan, axborot xizmatlarini ko‘rsatadigan maxsus tashkilotlar nazarda tutilganda ham statistika so‘zi foydalaniladi. Masalan, gazeta sahifalarida “statistika bergan ma’lumotlarga ko‘ra” degan ibora tez-tez uchrab turadi;
-yirik korxona va idoralarda ho‘jalik faoliyat haqidagi ko‘rsatkichlarni hisoblash va hisobotlar tuzish bilan shug‘ullanadigan bo‘lim nomi ham statistika deb yuritiladi;
-statistika deb maxsus ilm-fan yo‘nalishi ham ataladi;
-statistika deganda turli ilmiy-texnika sohalarida gipotezalar yasash, baholash va yechimlar qabul qilish jarayonida statistik uslubiyatni tatbiq qilish ham tushuniladi;
-nihoyat, matematikada turli mezonlar va umumlashtiruvchi ko‘rsatkichlar statistika deb yuritiladi.

Yüklə 76,54 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin