Suitsid – lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, o‘z joniga qasd qilish, ongli ravishda o‘zini hayotdan mahrum qilish ma’nosini bildiradi. Suitsidal xulq-atvor - suitsiddan kengroq tushuncha bo‘lib, o‘zida suitsidal xatti-xarakat, o‘z joniga qasd qilish xodisalarini qamrab oladi. Adabiyotlarda ko‘pincha suitsidal xatti-harakatlar bilan solishtiriladigan, “autatravmatizm” (o‘ziga jarohat yetkazish), “autoagressiv xatti-harakat” terminlari uchraydi. Agar autoagressiv harakatning oxirgi maqsadi o‘z joniga qasd qilish bo‘lsa, uni suitsidal xatti – xarakatlarga bog‘lash mumkin. Zamonaviy, ayniqsa xorijiy adabiyotlarda “autodestruktiv” (o‘ziga zarar yetkazish bilan bog‘liq xulq-atvor) “o‘zini- o‘zi yo‘q qilish” xulq-atvori tushunchasi keng tarqalgan. Psixologik – ruhiy – og‘riq, og‘ir inqirozli holatning umumiy belgisi hisoblanadi. Ko‘ngil og‘rig‘iga chiday olmaslik, uni har qanday yo‘l bilan to‘xtatishga olib keladi, inqirozli vaziyatdagi odamga esa suitsid o‘z muammolardan qutilish va hal etish usulidek ko‘rinadi.
G‘arb psixologiyasida sitsidal xulq-atvor muammolarini o‘rganish bo‘yicha ko‘plab ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilgan. Shu o‘rinda E.Dyurkgeym, Z.Freyd, A.Adler, K.Menninger, G.K.Yung, G.K.Yung, G.S. Salliven, K.Rodjers, E.Shneydman, N.Farberou va boshqalar tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari samarali natijalarni bergan. Biz quyida ular tomonidan amalga oshirgan ilmiy tadqiqot ishlariga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
E.Dyurkgeym suitsid holatlarini o‘rganib, uni keltirib chiqaruvchi omillarni ko‘rsatib berishga harakat qilgan. E.Dyurkgeymning o‘z joniga qasd qilishning ijtimoiy nazariyasiga muvofiq, suitsidal fikrlar avvalo shaxsning ichki shaxsiy aloqalarining uzilishi, o‘zi taalluqli bo‘lgan ijtimoiy guruxdan begonalashuvi oqibatida paydo bo‘ladi.
Uning qarashlariga muvofiq, suitsidning uchta asosiy ko‘rinishlari mavjud. Birinchi turi, ko‘pgina o‘z joniga suiqasd harakatlari egoizmni bildiradi va ko‘pgina holatlarda o‘zini – o‘zi yo‘q qilish individning o‘zini jamiyatdan, oilasi va do‘stlaridan begonalashgan va yakkalangan deb his qilishi bilan shartlangandir. Ikkinchi turi, anomik o‘z joniga suiqasd qilish bo‘lib, u shaxsning ijtimoiy gurux bilan o‘zaro aloqasini buzilishiga olib keladigan jamiyatdagi o‘zgarishlarga moslashishdagi muvaffaqiyatsizliklarni oqibatida yuz beradi. Ular ijtimoiy – iqtisodiy inqirozlar vaqtida ko‘payadi, biroq ijtimoiy yuksalishda ham saqlanib qoladi, chunki farovonlikning tezlik bilan o‘sishi oldingi hayotiy sharoitlardan farq qiluvchi yangilariga moslashishni keltirib chiqaradi. Muallif o‘z hayotiga suiqasdning oxirgi, uchinchi ko‘rinishini altruistik suitsid deb nomlagan. Suitsidning ushbu turida odamning jamiyatning yoki guruxning obro‘li shaxsi (avtoriteti) tomonidan uning egoidentligini bostirishi oqibatida u jamiyat foydasi, qandaydir ijtimoiy, diniy yoki falsafiy g‘oya uchun o‘zini qurbon qilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Atoqli psixiatr Z.Freydning suitsid borasidagi tasavvurlari esa odamdagi mavjud ikkita asosiy mayl konsepsiyasiga asoslanadi: Eros – hayot instinkti va tanatos – o‘lim instinkti. Olimning fikricha, inson hayoti ular o‘rtasidagi jang maydoni hisoblanadi. Inson nafaqat yashashni, suyukli bo‘lishni va o‘zini davomini farzandlarida ko‘rishni istaydi – shunday davrlar yoki ruxiy holatlar bo‘ladiki, bunda o‘lim istalgan bo‘ladi. Yosh o‘tishi bilan Eros o‘lib boradi, Tanatos kuchli, qat’iyatli bo‘lib boradi va odamni o‘limga olib borib, o‘zini to‘liq ro‘yobga chiqaradi. Freydga muvofiq suitsid va o‘ldirish tanatosning buzg‘unchi ta’sirining namoyon bo‘lishidir, ya’ni agressiyaning.
A.Adler suitsid muammosini o‘rganib, odam bo‘lish, avvalo, o‘zining nomukammalligini his etishdan iborat bo‘lishini ta’kidlaydi. Uning fikricha, hayot anglanmasligi mumkin bo‘lgan maqsadga intilishdan iborat, biroq u individning barcha harakatlarini yo‘naltiradi va yashash uslubini shakllantiradi. Nomukammallik hissi ilk bolalik davrida paydo bo‘ladi va turli yetishmovchiliklar bilan og‘irlashadigan jismoniy va psixologik zaiflikka asoslanadi. Inson uchun boshqa odamlar bilan umumiylikni his etish ekzistensial (hayotiy) muhimdir. Ekzistensiya – lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, “existre” – ajratib turish, paydo bo‘lish, mavjud bo‘lmoq kabi ma’nolarni anglatadi. Shuning uchun inson butun hayoti davomida nomukammallikni yengish yoki o‘rnini to‘ldirish harakatida bo‘ladi. Ushbu harakat, qidirish odam xulq – atvorining harakatlantiruvchi kuchiga aylanadigan va hayotni mazmunli qiladigan o‘zini-o‘zi namoyon qilish, hokimiyatga intilishda amalga oshadi.
Biroq bunday qidirish, harakat sezilarli to‘siqlarga duch kelishi va suitsidga “qochish” bilan boshlanadigan inqirozli vaziyatga olib kelishi mumkin. Birlik hissi yo‘qoladi; qiyinchilikni ko‘tara olmaslikni oqlovchi, odam va atrofdagilar bilan “masofa” o‘rnatiladi; emotsiya sohasida “start oldi qattiq hayajon” (talvasa)ni eslatuvchi, affektiv jazava, nafrat va o‘ch bilan yo‘g‘rilgan nimadir paydo bo‘ladi. A.Adlerning ta’kidlashicha, odamga ko‘pincha ongsiz ravishda maqsad sari ichki intilish hos ekan, bunda autoagressiv holatidagi xatti – harakatlarning ketma – ketligini bilgan holda uni oldini olish mumkin.
Amerikalik olim K.Menninger suitsidning chuqur motivlarini tadqiq etib, Z.Freydning bu boradagi tasavvurlarini rivojlantiradi. U suitsidal xulq-atvorni uchta tarkibiy qismlarini ajratdi. Uning fikriga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilish uchun quydagilar zarur: o‘ldirish xohishi – o‘z joniga qasd qiluvchi ko‘pincha infantil shaxs bo‘lib, o‘z xohishlarini amalga oshirish yo‘lidagi to‘siq va qiyinchiliklardan g‘azabga keladi; o‘ldirilish istagi – agar qotillik agressiyaning oxirgi shakli bo‘lsa, suitsid o‘zida tobelikning yuqori darajasini ko‘rsatadi: odam axloqiy me’yorlarni buzilish oqibatidagi vijdon azobi va qiyinchiliklarni ko‘tara olmaydi, shuning uchun ham aybini yuvishni faqatgina o‘z hayotini tugatishda ko‘radi; o‘lish istagi – u o‘z hayotini asosiz xavfga soluvchi odamlar, shuningdek, o‘lim tana va ruhiy azoblardan qutqaruvchi yagona dori deb hisoblovchi bemorlar orasida keng tarqalgan.
Shunday qilib, K. Menninger tomonidan tavsiflangan odamdagi uchala xohish birdaniga paydo bo‘lsa, suitsid oldini olib bo‘lmaydigan haqiqatga (voqeylikka) aylanadi. Ushbu istaklarning vaqt bo‘ylab tarqalishi autoagressiv xulq-atvorning yengil ko‘rinishda namoyon bo‘lishi bilan shartlanadi.
Atoqli olim G.K.Yungning suitsid muammolariga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlari alohida e’tiborga loyiq. Muallif o‘z joniga qasd qilish muammosiga to‘xtalib, suitsidning sababi sifatida, odamning ma’naviy qayta tirilishga ongli intilishini ko‘rsatib o‘tgan. Ushbu intilish turli ko‘rinishlarni qabul qiluvchi jamoaviy ongsizlik arxetiplarining dolzarblashuvi bilan asoslangan. Ular quyidagilardan iborat:
metempsixoz (ruxlarning ko‘chishi) bunda odam hayoti tanaga turli hosliklarni gavdalantirish orqali cho‘ziladi.
yangi shaklga kirish, shaxsning uzluksizligini saqlab qolishni va inson tanasida yangitdan tug‘ilishni nazarda tutadi.
inson hayotining o‘limdan so‘ng «nozik tana» deb ataladigan holatida qayta yaralish – tiklanish.
individual hayot doirasi o‘ladigan mavjudoddan o‘lmaydiganga aylanishi bilan birgalikdagi qayta tirilish.
shaxsdan tashqarida ro‘y beradigan transformatsiya yo‘li orqali qayta yaralish.
K.Xorni esa suitsidal xulq-atvor muammolari bilan shug‘ullanib, bir qator ibratli fikrlarni bayon qilgan. Muallif psixodinamik yo‘nalish va ego psixologiyada suitsid borasida shunday fikrni taxmin etgan, ya’ni odamlar o‘rtasidagi munosabatlar buzilishida bazaviy xavotirdan kelib chiqqan asabiy nizo paydo bo‘ladi. U bolalik davridayoq atrofdagi dushmanlikni his etish bilan boshlanadi. Xavotirlikdan tashqari, odam asabiy vaziyatda yolg‘izlik, ojizlik, tobelik va dushmanlikni his etadi. Ushbu fenomenlar suitsidal xulq-atvorning asosi bo‘lib chiqishi mumkin (masalan, katta odamdagi chuqur nomukammallik hissi va ideal “Men” obrazi yoki ijtimoiy standartlarga nomuvofiqligi bilan birgalikdagi bolalarcha tobeligi). Dushmanlik nizoda dolzarblashadi, deb hisoblagan K.Xorni. U suitsidal xulq-atvor shakliga kirmasligi ham mumkin, biroq nafrat ijirg‘anish yoki global rad etish ko‘rinishlarida namoyon bo‘lishi mumkin. Agar tashqi qiyinchiliklar odamning egotsentrik ustanovkalari yoki illyuziyalari bilan uyg‘unlashsa, ular kuchayadi.
XULOSA Suitsidentlar xulq-atvori pedagogik, ijtimoiy-psixologik belgi va tuzilmasini aniqlash asosida shaxsning suitsidal xulq-atvori pedagogik-psixologik korreksiyasining qo‘llanilishi tanlangan maqsad, belgilangan vazifalarning amalga oshirilganligi izlanish farazini tasdiqladi. Yuqoridagi mulohazalarga asoslangan holda quyidagi ilmiy xulosalar chiqarildi.
1. Suitsid muammosining uzoq yillar davomida yopiqligi ta’lim- tarbiya jarayoni shaxsga suitsidal faollik bilan bog‘liq inqirozli vaziyatlarda zarur pedagogik-psixologik yordamni ko‘rsata olmasliklariga sabab bo‘ldi.
2. Suitsidal urinishlar sodir etgan kishilarda shaxslilik va emotsional jabha buzilishlari kuzatiladi. Suitsident shaxsining motivatsion-ehtiyoj sohasini tahlil etish, sodir bo‘layotgan suitsid hodisalarini tushunishda zarur va muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
3. Suitsidal urinishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan, oiladagi va shaxslararo munosabatlardagi nizoli vaziyatlar, shaxsiy qadriyatlarni yetarlicha his qila olmaslik, o‘zini o‘zi nazorat qilish hamda baholashdagi noadekvatlik hisoblanib, ulardagi dolzarb ehtiyojlarning qondirilishiga to‘sqinlikning asosiy omillaridan biri hisoblanib, korreksion tadbirlarni amalga oshirishda kompleks yondashuvni talab etadi.
4. Kishilar suitsidal xulq-atvori psixokorreksiyasi, suitsidallik darajasi uning ruhiy holati bo‘yicha aniq, chuqur hamda tezkor diagnostikani amalga oshirishda, psixologik-pedagogik ta’sir doirasi, usul va vositalarini aniq tanlash yotadi. Ichki ishlar xodimlarda o‘z-o‘zini namoyon eta olish imkoniyatlarini topishga yordam berish, ularning qiziqishlari va ehtiyojlarini inobatga olgan holda ijtimoiy foydali faoliyatga yo‘naltirish, istiqbolli maqsadlarga intilish motivatsiyasini shakllantirish, korreksion tadbirlarni rejalashtirishning maqsad va vazifalarini belgilaydi.