3
SO‘Z BOSHI
Jamiyatning taraqqiyoti undagi ishlab chiqarish darajasi va kishilar
hayoti uchun zarur moddiy sharoitlarni yaratish bilan belgilanadi. Shu
sababli, energiyani iste’mol qilish bundan keyin ham ishlab chiqarish
darajasini o‘sishini ta’minlagani holda oshib boradi.
Energiyaga bo‘lgan talabning uzluksiz ravishda ortib borishi yangi
energiya resurslarini qidirib topish, energiyani bir turdan boshqa turga
o‘zgartirishning yangi usullarini ishlab chiqish zaruratini yaratdi.
Hozirgi davrda turli xil energiyalardan – Quyosh energiyasi, organik
yoqilg‘ining kimiyoviy energiyasi, daryolar, dengizlar va okeanlar
suvlarining mexanik energiyasi, shamol energiyasi, og‘ir yadrolarning
parchalanishida hosil bo‘luvchi yadro energiyasidan foydalanish
an’anaviy hisoblanadi.
Bugungi
kunda
erishilgan
yutuqlarni sifat jihatidan yangi turdagi
energiyadan, xususan elektr energiyasidan foydalanmasdan turib
ta’minlab bo‘lmas edi. Elektr energiya hozirgi davrda insoniyat
taraqqiyotida keng foydalanilmoqda. U sanoatda va qishloq xo‘jaligida
turli mexanizmlarni harakatga keltirishda, bevosita texnologik
jarayonlarda, transportda va madaniy-maishiy hayotda keng qo‘llaniladi.
Zamonaviy aloqa vositalari – telefon, telegraf, radio, televidenie
kabilarning ishlashi ham elektr energiyasidan foydalanishga asoslangan.
Elektr energiyasisiz kibernetika, hisoblash texnikasi, kosmik texnikasi
kabilarni rivojlantirish mumkin bo‘lmas edi. Elektr energiyaning asosiy
samarali xususiyati shundan iboratki, u uzoq masofaga oson uzatilishi
bilan bir qatorda kam isrof bilan boshqa turdagi energiyalarga
o‘zgartirilishi mumkin. Elektr energiyasi hozirgi davrda insonlar
tomonidan eng ko‘p foydalaniladigan energiya turidir.
Yuqoridagi sabablarga ko‘ra elektr energetikasining taraqqiyotiga
butun jahonda, shu jumladan, bizning mamlakatimizda juda katta e’tibor
qaratilgan.
O‘zbekiston energetikasining taraqqiyoti uzoq va mashaqqatli
yo‘lni bosib o‘tgan. 1917-yilga kelib, Respublika hududidagi elektr
stansiyalarning umumiy quvvati 3 ming kVt ni tashkil qilib, ularda bir
yilda 3,3 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa,
hozirgi davrda o‘rnatilgan uskunalar quvvatlarining yig‘indisi 11,0 mln.
4
kVt bo‘lgani holda 37 issiqlik va gidroelektr stansiyalarini o‘z ichiga
olgan O‘zbekiston energetika tizimida har yili 50 mlrd. KVt.soatdan
ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarilib, iste’molchilarga uzatiladi. Elektr
energetika tizimining asosini Sirdaryo (3.0 mln. kVt), Toshkent (1.86
mln. kVt), Yangi-Angren (1,8 mln. kVt) va Navoiy (1,25 mln. kVt)
singari yirik issiqlik elektr stansiyalari tashkil etadi. Ushbu elektr
stansiyalarda birlik quvvati 150 – 300 ming kVt bo‘lgan 30 dan ortiq
energetika agregatlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Hozirgi davrda
Navoiy issiqlik elektr stansiyasi (IES)da 2 ta yuqori darajadagi energetik
samaradorlikka ega bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasi ishga tushilib,
foydalanib kelinmoqda. Yaqin kelajakda Tollimarjon IES va Toshkent
IES kabi bir qator stansiyalarda ham bunday qurilmalarni o‘rnatish
rejalashtirilgan.
Gidroelektr energetikasi hozirgi davrda bir nechta unchalik katta
bo‘lmagan quvvatli GES kaskadlari bilan belgilanadi. Bulardan O‘rta-
Chirchiq GESlar kaskadi tarkibiga kirib, suv omborlariga ega bo‘lgan
600 ming kVt quvvatli Chorvoq va 165 ming kVt quvvatli Hojikent
GESlari asosan quvvat balansini rostlovchi stansiyalar sifatida faoliyat
ko‘rsatadi. Qolgan GESlarning ish holatlari esa havzadan oqib o‘tuvchi
suv miqdori bilan belgilanadi.
Ko‘p miqdorda ishlab chiqariluvchi elektr energiyani masofaga
samarali uzatish va iste’molchilarga taqsimlash turli kuchlanishdagi
elektr uzatish liniyalaridan foydalanishni taqozo etadi. Hozirgi davrda
O‘zbekiston Respublikasidagi barcha nominal kuchlanishli elektr uzatish
liniyalarining umumiy uzunligi taxminan 220 ming km bo‘lib, 500 kV
kuchlanishli liniyalar 1,8 ming km, 220 kV kuchlanishli liniyalar 4,6
ming km va 0,4-10 kV kuchlanishli liniyalar 170 ming km ni tashkil
etadi.
Elektr va issiqlik energiyani ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash
va ularni iste’mol qilishni samarali tashkil etish uchun barcha elektr
stansiyalari, podstansiyalari va elektr uzatish liniyalarini o‘z ichiga
olgan yagona elektr energetika tizimi tashkil etilgan. Bunday ulkan
tizimning zamonaviy talablarga javob beruvchi samarali taraqqiyoti va
faoliyatini ta’minlash mos loyihalash, montaj qilish, ishga tushirish,
sozlash va ishlatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuqori malakali
mutaxassislarni tayyorlab borishni taqozo etadi.
Ushbu o‘quv qo‘llanma oliy ta’lim muassasalarida «Elektr
energetikasi (tarmoqlar va yo‘nalishlar bo‘yicha)» ta’lim yo‘nalishida
tahsil oluvchi talabalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda elektr
5
energiyani ishlab chiqarishning an’anaviy va noan’anaviy usullari,
energiyani ishlab chiqarish, uzatish, taqismlash va iste’mol qilishning
fizik asoslari, elektr stansiyalari va podstansiyalarining asosiy elektr
jihozlari, elektr uzatish liniyalarining konstruktiv elementlari, elektr
tarmoq elementlarining almashtirish sxemalari va hisobiy parametrlari,
elektr tarmoqlarini hisoblash, ulardagi isroflarni hisoblash hamda
kamaytirish, energetika tizimlarining holatlarini boshqarish bilan bog‘liq
bo‘lgan masalalar ko‘rib chiqilgan.
Dostları ilə paylaş: