1. Jamiyat rivojida tabiatga estetik munosabatning shakllanishi
2. Tabiatning estetik jihatlari. Ekologik estetikaning qadriyatli maqomi
3. Texnogen sivilizatsiyaning ishlab chiqarish estetikasi va fan taraqqiyotiga ta’siri
4. Zamonaviy shaharsozlik estetikasi. Dizaynning estetik xususiyatlari
Jamiyat rivojida tabiatga estetik munosabatning shakllanishi
Inson zoti dunyoga kelganidan boshlab tabiat va jamiyat deb atalgan tashqi muhit bilan munosabatga kirishadi. Dastlab bu munosabat onglanmagan, intuitiv, biologik-genetik tarzda, keyinroq esa anglab etilgan, yuksak darajadagi ijtimoiy hodisa sifatida ro’y beradi. Uni odatda, ikki xil deb ta’riflash qabul qilingan: birinchisi – insonning salomatligi va turmush tarzini farovonlashtirishga qaratilgan zohiriy-moddiy maqsadga erishish tamoyiliga asoslangan utilitar-empirik manfaatdorlik, ikkinchisi – botiniy-ruhiy manfaatdorlikni, maqsadga muvofiqlikni ta’minlaydigan hissiy-ma’naviy munosabatlar. Mana shu ikkinchi xil munosabatlar insonning insonligini belgilaydigan hodisalar hisoblanadi. Ular ichida estetik munosabat alohida ahamiyatga ega, chunki u nafaqat birinchi xil munosabat turlaridan yuksak darajaligi bilan farqlanadi, balki o’ziga xildosh bo’lgan axloqiy yoki e’tiqodiy munosabatga nisbatan ham miqyosli va qamrovlidir.
Gap shundaki, estetik munosabatdan boshqa barcha munosabat turlari inson «aqlini taniganidan» so’ng, ya’ni go’daklik davridan o’tgandan keyin voqe bo’ladi. Masalan, go’dak hali uyat hissini bilmaydi, unda axloqiy munosabat hattoki ibtidoiy darajada ham shakllanmagan, xohlagan vaqtida, to’g’ri kelgan joyda tabiiy ehtiyojni qondiradi. Lekin u beshikda yotar ekan, tushib turgan ola-chalpoq quyosh nuridan quvonadi, uni kuzatadi, u bilan o’ynagisi keladi yoki beshikka osig’liq rangli o’yinchoqdan zavqlanadi, g’adir-budir, shaklan qo’pol materialni emas, mayin duxobani yoki shunga o’xshash yumshoq, silliq narsalarni xush ko’radi, ularni siypalab zavqlanadi, alla eshitib orom oladi. Bularning bari estetik munosabatning insoniy mohiyatda namoyon bo’luvchi hodisa sifatida ibtidodan mavjud ekanini ko’rsatadi.