GIBBERELLINLAR.Bu birikmalar ham yuqori biologik faollikka eta bo‘lib, o‘simliklarning o‘sishida muhim rol o‘ynaydi. 1926 yilda yapon olimi E.Kurosava sholining haddan tashqari tez o‘sib ketishiga sholida parazit holda yashaydigan gibberella zamburug‘ining tanasidan ajraladigan moddalar sababchi ekanligini aniqladi. 1938 yilda esa T.YAbuta va Sumikilar birinchi marta gibberella zamburug‘idan gibberellinni sof kristall holida ajratib oldilar va gibberellin (GA) deb nom berdilar. Gibberellin kislotaning tuzilmaviy formulasini 1954 yilda ingliz olimi B.Kross aniqladi. SHu yildan boshlab, avval AQSH va Angliyada, keyinchalik boshqa mamlakatlarda gibberellinlardan qishloq ho‘jaligida foydalanila boshlandi. Hozirgi vaqtda gibberellinlarning 60 dan oshiq xili borligi aniqlangan. Bularning ichida eng ko‘p o‘rganilganlari:
A1,- C19H24O6 A2 — C19H26O6 A3 — C19H22O6 A4 - C19H24O5.
A3. — gibberellin kislotasi boshqalariga nisbatan faol xususiyatga ega bo‘lganligi uchun ko‘proq ishlatiladi. Gibberellinlar asosan barglarda sintezlanadi. YOrug‘lik ularning sintez jarayonini kuchaytiradi. Hosil bo‘lgan gibberellinlar floema va ksilema oqimi bilan o‘simlik tanasining boshqa qismlariga tarqaladi. Ular asosan o‘simliklarning yer ustki qismidagi meristema hujayralarida to‘planadi va hujayralarning bo‘linish, cho‘zilish fazalarida faol ishtirok etadi. Gibberellinlar, ayniqsa, o‘simliklar poyasining (past bo‘yli shakllarini ham) bo‘yiga o‘sishini, gullash va meva tugish jarayonlarini tezlashtiradi. Lekin ildizlarning o‘sishiga deyarli ta’sir etmaydi.
Gibberellinlarning o‘simliklarning o‘sish va rivojlanishiga ta’siri ularning o‘simliklar organizmida sodir bo‘ladigan modda almashinuviga tasiri bilan uzviy bog‘liqdir. Ular ta’siridan fotosintez jarayoni jadallashadi. Nuklein kislotalari, oqsillar va membranalar tarkibiga kiruvchi fosfalipidlarning sintezi faollashadi. Bu jarayonlarda ishtirok etadigan fermentlarning faolligi ham oshadi. Umuman, gibberellin kuchli fiziologik faoliyatga ega bo‘lgan birikmalar hisoblanadi.