2. MEZOFITLAR. Bu guruhga kiruvchi o‘simliklar o‘rtacha namlik bilan ta’minlangan sharoitda yashovchi o‘simliklar bo‘lib, ularga ko‘pchilik madaniy va ayrim yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar kiradi. Madaniy turlarga g‘o‘za, makkajo‘xori, bug‘doy, arpa, suli, qovun, tarvuz, bodring, pomidor va boshqalar kirsa, yovvoyi holda o‘suvchilarga marvaridgul, sebarga, bug‘doyiq va boshqa ko‘pchilik o‘tsimon o‘simliklar kiradi. Mezofitlarniig ildiz tizimi yaxshi rivojlangan, barglari yirik. Uning yer usti qismi ham yaxshi rivojlangan. Barglari ustunsimon va bulutsimon mezofilga ajralgan. Og‘izchalari odatda bargning pastki epidermisida joylashgan. Transpiratsiya jarayonida suv sarfi asosan og‘izchalar orqali boshqariladi. Hujayra shirasining osmotik bosimi 10-25 atm. atrofida bo‘ladi.