Magmatik tog‘ jinslari harakatchan moddalar va gazlar bilan tо‘yingan silikat va alyumo – silikat modda – magmaning о‘z manbaidan kо‘tarilib, yer yuzasiga lava tariqasida chiqib, sovib qotishidan paydo bо‘ladi.
Metamorfik tog‘ jinslari boshqa turdagi tog‘ jinslarining Yer pо‘stining quyi qismida yuqori harorat va yuqori bosim ta’sirida о‘zgarishdan hosil bо‘ladi.
Chо‘kindi tog‘ jinslari yuqoridagi ikki turdagi tog‘ jinslarining tashqi va ichki kuchlar ta’sirida yemirilishidan hosil bо‘lgan mahsulotlarni suv va shamol yordamida boshqa joylarga yotqizilishidan hamda kimyoviy va organogen jarayonlar qoldiqlari aralashmasidan hosil bо‘ladi.
Uchala turdagi tog‘ jinslari ham о‘zlarining kimyoviy tarkibi, tuzilmasi, tashqi xossalari, joylashuvi, teksturasi va boshqa xususiyatlari bilan farqlanadi. Mana shu jihatlar tuproq hosil qiluvchi tog‘-ona jinslarining paydo bо‘lishida muhim rol о‘ynaydi.
2. Tog‘ jinslarining nurash jarayonlari Nurash jarayonlari deb barcha turdagi tog‘ jinslari va minerallarning quyosh energiyasi, shamol, muz, о‘simlik va hayvonot dunyosining kimyoviy va mexanik ta’sirida yemirilishi – parchalanashiga aytiladi. Ana shu kuchlar ta’sirida yer yuzasi shaklining о‘zgarishiga denudatsiya jarayonlari deyiladi. Bu jarayonning uzluksiz davom etishidan о‘nqir-chо‘nqir joylar, qoyatoshlar butunlay yо‘q bо‘lib, tekislanadi va peneplenlashish jarayoniga о‘tadi. Nurash jarayonlarining yemirish ta’siri litosferaning 0,5 km chuqurliklarigacha borganligi ma’lum (odatda bir necha о‘n metrgacha boradi). Ana shu qatlamni nurash pо‘sti (shvetsariyalik geolog A.Geym) deb ataladi.
Nurash jarayonlari uch guruhga ajratiladi: fizik, kimyoviy va biologik. Odatda ushbu nurash turlari – jarayonlari birgalikda sodir bо‘lsada, turli sharoitlarda ularning qaysilaridir faolroq rо‘y berishi mumkin.
Fizik yoki mexanik nurash sutkalik va yillik havo haroratidagi tafovutlar keskin farq qiluvchi hududlarda rо‘y beradi. Ushbu nurash turi yilning barcha fasllarida ham amalga oshaveradi. Fizik nurashda tog‘ jinslari va minerallarning kimyoviy tarkibi о‘zgarmaydi, turli kattalikdagi bо‘laklarga parchalanadi hamda maydalanadi.
Kimyoviy nurash tog‘ jinslarining tub ma’noda kimyoviy parchalanib yemirilishidir. Tog‘ jinsi yoriqlariga tushgan suv bu turdagi nurashning bosh omilidir. Yana shuningdek atmosferadagi kislorod va karbonat angidrid ham vositachilikda suvdan qolishmaydi. Biroq, unga harorat ham sezilarli ta’sir kо‘rsatadi. Bunda erish, gidroliz, gidratlanish va oksidlanish reaksiyalari muhim rol о‘ynaydi. Kimyoviy nurash natijasida minerallarning fizikaviy holati o‘zgarib, kristall panjaralari buziladi. Natijada tog‘ jinslari tarkibida ilashimlik, yopishqoqlik, plastiklik, nam sig‘imi singari, yangi xossalarga ega bo‘lgan ikkilamchi minerallar yuzaga keladi. Bu holat yer yuzasida yaxshi xususiyatli tuproq ona jinslari ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
Biologik nurash turli organizmlar (mikroorganizmlar, о‘simlik va hayvonot dunyosi) va ularning hayoti davomida vujudga kelgan mahsulotlar ta’sirida tog‘ jinslarining parchalanishi va kimyoviy о‘zgarishi natijasida sodir bо‘ladi. Nurash turlarining boshqalariga qaraganda aynan biologik nurash tuproq hosil bо‘lish jarayonlari bilan mustahkam aloqada ekanligini qayd etish lozim. Ushbu nurash turi uning boshqa turlarining rivojlanishiga ham yо‘l ochishi ma’lum. Masalan, bakteriyalar tog‘ jinslarining ichki va ustki bо‘shliqlarini yemirishi tufayli fizik nurash jarayonlariga yengillik tug‘dirib beradi.