Tajriba ishi mashg’ulotlari nazariya va amaliyotni bog’lovchi, ularning birligini ta’minlovchi asosiy omil bo’lib, talabalarning bilimlarini mustahkamlash bilan bir qatorda o’lchov asboblari bilan ishlash va tajriba o’tkaza bilish ko’nikmalarini shakllantirishda va rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi. Oliy o’quv yurtlarida o’tkaziladigan tajriba mashg’ulotlarini uch usulda tashkil qilish mumkin: umumiy, aralash va siklli.
Umumiy usul. Har bir talaba ma’ruzada o’tilgan mavzuga taalluqli muayyan bir ishni bajarish imkoniyatiga ega bo’ladi. Ushbu usul darsni tashkil qilish va o’tkazishni, dars davomida talabalarning faoliyatini boshqarib borishni yengillashtiradi. Umumiy usul tajriba ishlarida bir xil qurilmalardan bir nechtasi bo’lganda tajriba ishi xonalarining kengaytirilishi va barcha talabalarning bir xil mazmunli va bir tarkibdagi vazifalarni bajara olishiga sharoit tug’dirilishini talab qiladi. Bundan tashqari tajriba ishlarining bir xilligi, qiyin o’zlashtiradigan talabalarning fikrlash qobiliyatini chegaralaydi.
Tajriba ishi mashg’ulotlarining aralash bajarish usuli. Har bir talaba ma’ruzada o’tilgan yoki o’tilmaganidan qat’iy nazar alohida-alohida tajriba ishlarini bajaradi. Bu ishlarning mazmuni ham, bajarish usuli ham turlicha. Tajriba va ma’ruzada mavzularining bir-biri bilan mos kelmasligi talabalarning tegishli adabiyot bilan mustaqil ishlashga o’rgatadi, fikrlash jarayonlarini aktivlashtiradi.
Siklli usul. Bu usulda esa amaliyotga kiritilgan tajriba ishlari, umumiy fizika kursining ma’lum bilimlari asosida yoki biron-bir fizik kattalikning turli o’lchash usullarini umumlashtirish yo’li bilan birlashtirilib tashkil qilinadi. Tajriba ishlarining yoki ma’ruza mashg’ulotining matnini moslashtirish tajriba ishlarini birlashtirishda unumli variantlarni qo’llash imkonini beradi. Yuqorida bayon etilgan usullarni tahlil qilish texnika oliy o’quv yurtlarida fizikadan o’tkazilgan tajriba ishi mashg’ulotlarini siklli usulda olib borish maqsadga muvofiqligini ko’rsatadi.