1.Umumiqtisodiy xarakterdagi mutanosibliklar. Bunga milliy daromaddagi tarkibiy qismlar: iste’mol fondi va jamg’arish fondi o’rtasidagi: iqtisodiyotdagi tovar va xizmatlar massasi bilan pul massasi o’rtasidagi: aholining daromadlari bilan xarajatlar o’rtasidagi mutanosibliklarni misol qilib ko’rsatish mumkin.
2.Tarmoqlararo mutanosibliklar. Milliy iqtisodiyotning muvozanatini ta’minlashda tarmoqlararo mutanosibliklar alohida o’rin tutadi. Mamlakat xalq xo’jaligi juda ko’p tarmoq va sohalardan iborat bo’lib, ularning rivojlanishi bir-birini taqozo qiladi. Bir tarmoqda yaratilgan mahsulot boshqa tarmoqda iste’mol qilinadi yoki pirovard mahsulotga aylantirilib o’z iste’molchisini topadi. Masalan, qishloq xo’jalik mahsulotlarning ko’pchilik qismi /paxta, g’alla, pilla, sut va h.k./ sanoatning tegishli tarmoqlarida qayta ishlanib, pirovard mahsulotga aylantiriladi va iste’molchilik tovarlari bozoriga chiqariladi. O’z navbatida sanoatning ishlab chiqarish vositalari yaratadigan sohalarining mahsulotlari xalq xo’jaligining boshqa tarmoqlari /qishloq xo’jaligi, qurilish va h. k./da unumli iste’mol qilinadi. Bu ularning bir-biriga bog’liqlikda rivojlanishini taqozo qiladi. Tarmoqlararo mutanosibliklarga sanoat bilan qishloq xo’jaligi va xalq xo’jaligining boshqa tarmoqlari o’rtasidagi mutanosibliklar misol bo’ladi.
3.Tarmoq ichidagi mutanosibliklar. Tarmoqlararo mutanosiblik va milliy ishlab chiqarish darajasidagi muvozanatlik tarmoqlar ichidagi mutanosiblik orqali ta’minlanadi. Tarmoqlar ichidagi mutanosiblik alohida olingan tarmoq tarkibidagi soha va ishlab chiqarishlar o’rtasidagi bog’liqlikni ifodalaydi. Masalan, sanoatning ishlab chiqarish vositalari va iste’mol buyumlari ishlab chiqaradigan sohalari, qishloq xo’jaligining dexqonchilik va chorvachilik sohalari o’rtasidagi mutanosibliklar va h.k. Shu bilan birga ta’kidlab o’tilgan sohalarning ichidagi tarkibiy bo’linmalar o’rtasida ham bog’liqlik bo’lishi zarur. Masalan, sanoatning qazib olish va qayta ishlash tarmoqlari, chorvachilikning sut va go’sht ishlab chiqarish sohalari o’rtasida va boshqalar