6-Mavzu: XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida maktab va pedagogik g’oyalar. 1917-1990 yillarda O’zbekistonda xalq ta’limi.
Reja:
XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida maktab va pedagogik g’oyalar.
1917-1990 yillarda O’zbekistonda xalq ta’limi
XIX asr oxiri – XX asrning boshlarida Turkistonda chor mustamlakachiligining kuchayishi natijasida Markaziy Osiyoning ko’p joylarida jadidchilik harakati kuchayib ketdi. Bu harakat mavjud jamiyatning ijtimoiy-madaniy asoslarini qayta qurishga qaratilgani sababli eski tuzum, eski turmush, eski maktab tarafdorlarining kuchli qarshiligiga duch keldi. Bu qarshi kuch vakillari qadim yo qadimchilar deb atalgan bo’lsa, yangi hayot shabadalarini olib kelishga uringan kishilar esa jadid yoki jadidchilar degan nom oldilar. SHu tarzda asrimiz boshlarida jadidlar va jadidchilik harakati yuzaga keldi. YAngi asrning boshlanishi bilan avvalgidek ijtimoiy xorlik, iqtisodiy va madaniy qoloqlik sharoitida yashash mumkin emasligi ular uchun oydek ravshan edi. Nafaqat Markaziy Osiyo, balki Rossiyada yashovchi xalqlar ham o’z taqdirlarini o’zgartiribgina, feodal tuzumning negizlarini parchalabgina yangi hayotga qadam qo’yishlari mumkin edi. Oq podsho idora qilgan mamlakatdagi ana shu og’ir vaziyat tufayli 1905 yil to’ntarishi sodir bo’ldi.
Bu to’ntarishdan maqsad jamiyatni demakratlashtirish, sakkiz soatlik ish kunini joriy etish, dvoryanlar ixtiyoridagi katta yer-mulkni olib, dehqonlarga bo’lib berish va hokazolar edi. Birinchi rus to’ntarishining bu dasturi bilan tanishgan Markaziy Osiyolik taraqqiyparvar ziyolilar tatar qardoshlari ortidan borib, jadidchilik harakatiga kelib qo’shildilar. 1907 yil Eron burjua to’ntarishi, 1908 yil Turkiya burjua to’ntarishi, Markaziy Osiyoda jadidchilik harakatining rasmiylashuvi va kuchga kirishida katta ahamiyat kasb etdi. Ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy islohotlar yo’li bilan xalq va jamiyat hayotini yaxshilashga, madaniy yuksaklikka olib chiqishga qaratilgan dasturni bajarishga kirishdilar. Ular ta’sirida o’zbek zaminining boshqa go’shalarida ham jadidchilik harakati avj oldi.
Jadidchilik jamiyati to’ntarish yo’li bilan emas, islohotlar yo’li bilan rivojlantirishni o’zining asosiy vazifasi deb belgiladi. U o’zining bu vazifasini ado etishda, faqat bir sinfga – proletariatgagina tayanmadi. Umuman jadidchilik insoniyatni sinflarga bo’lib tashlash tarafdori emas. Jadidlar hatto qadimchilar bilan ham ittifoq tuzib, xalq va kelajak manfaati yo’lida baqamti ishlash, bugungi ifoda bilan aytganimizda turli siyosiy qarashlarga ega bo’lgan xalq qatlamlarining tinch-totuv yashashi va ishlashi g’oyasini ko’tarib chiqdilar. Behbudiy ana shu «muttahid» front tuzish g’oyasini bayon qilar ekan, «ulamo yoki ziyoli va taraqqiyparvarlarimiz boy va avomimiz birlashib, din va millat va vatanning rivoji uchun xizmat etsak»2, deb yozgan. Jadidlarning bunday muttahid frontni tuzishga intilganlarining boisi turli sharoit bilan belgilangandi. Avom ham, boylar ham, ulamo ham, ziyolilar ham chor hukumati qaramog’ida bo’lgan mustamlakaning biri oz, ikkinchisi ko’p siquvda bo’lgan kishilar edilar. Markaziy Osiyo bozorlarida rus savdo va sanoat burjuaziyasi hukmron bo’lib, mahalliy burjuaziya vakillari sina boshlagan edilar. Boshqacha aytganda, mustamlakachilik azobini mahalliy boylar va savdogarlar ham seza boshladilar. Ana shunday tarixiy sharoitda, jadidlarning fikr-mulohazalariga ko’ra, oddiy xalqning iqtisodiy-madaniy hayotini yaxshilash qanday zarur bo’lsa, chet el kapitali iskanjasidan, mustamlakachilik kishanlaridan qutilish ham shunchalik kechiktirib bo’lmas vazifa edi.