VIII bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar 66. Konsepsiyaning joriy qilinishi uzluksiz ma’naviy tarbiya jarayonining tizimli tashkil etilishiga, tarbiya sohasining ilg‘or innovatsion texnologiyalar asosida takomillashuviga, yoshlarning Vatanga sadoqat, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibatlilik, mas’uliyatlilik, bag‘ri kenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik kabi tayanch kompetensiyalar bilan mustaqil hayotga kirib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.
67. Oilalar, ta’lim muassasalari, mahallalar va korxonalarda mustaqil fikrlash va qaror qabul qilish layoqatiga ega bo‘lgan yoshlarning ma’naviy kamol topishi uchun zarur bo‘lgan innovatsion ijtimoiy-pedagogik sog‘lom va barqaror muhit yaratiladi.
68. Jamiyatda jinoyatchilik, ekstremizm, terrorizm, korrupsiya, firibgarlik, ko‘zbo‘yamachilik, yolg‘onchilik, egotsentrizm, axloqiy buzuqlik, oilaviy ajrimlar, mehr-oqibatning kamayishi, “ommaviy madaniyat”ga ko‘r-ko‘rona taqlid, loqaydlik, begonalashuv, o‘zibo‘larchilik, farzand tarbiyasida mas’uliyatsizlik, oilaviy qadriyatlar inqirozi, el-yurt taqdiriga befarqlik kabi illatlar keskin kamayadi. Band bo‘lmagan yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishga, kelajakka bo‘lgan ishonchi oshadi. Mamlakat dunyoda raqobatbardosh, boy inson kapitaliga ega bo‘ladi.
69. Oila, ta’lim muassasalari, davlat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar, ota-onalarda boy milliy tarbiyaviy merosimiz to‘g‘risida bilimlar shakllanadi, ularni o‘rganish, saqlash, targ‘ib qilish, o‘rgatish orqali milliy fazilatlarning avloddan-avlodga bezavol o‘tib borishi ta’minlanadi.