Ko‘rib turganimizdek bu materiallar turlicha bo‘lib, avvalo, ularning o‘ziga xos xususiyati, ta’lim-tarbiya jarayonidagi o‘rni bo‘yicha farqlash lozim. O‘qitishning didaktik vositalari yangi ma’lumotlarni o‘qituvchi tomonidan bayon qilish, o‘quvchilar tomonidan esa o‘zlashtirishning eng qulay manbai hisoblanadi. Didaktika fanida o‘qitish metodlari va o‘qitish vositalarining o‘zaro bog‘ligi, biri birisiz mavjud bo‘lolmasligi va ko‘zlangan maqsadga erishishning qiyin bo‘lishi qayd etib o‘tiladi. Chunki, o‘qitish metodlari, o‘quvchi-talaba erishmoqchi bo‘lgan fan cho‘qqisiga ko‘tarilishining yo‘li bo‘lsa, o‘qitish vositalari mana shu yo‘lda o‘quvchi va o‘qituvchiga suyanchiq bo‘ladigan, yo‘lni shamchiroq singari yoritadigan «kompas», «xarita» sifatida ishtirok etadigan qurol hisoblanadi. Mabodo shu qurol bo‘lmasa, yoki o‘tmas, ishga yaroqsiz bo‘lib qolgan bo‘lsa unda muddaoga erishish qiyin kechadi. Shuning uchun ta’lim-tarbiyada o‘qitish vositalari aniq maqsadga yo‘naltirilgan hodisadir.
Ma’lumki, tabiat hodisalari, jamiyatda ro‘y beradigan voqealar inson ongi orqali o‘zlashtirilganda odam va tabiat, jamiyat o‘rtasida qandaydir aloqa o‘rnatiladi. Mana shu aloqa rolini ta’limda o‘qitishning didaktik vositalari bajaradi. Shunga asosan o‘qish, o‘qitish jarayonini «inson–o‘qitish vositalari – muhit (ob’yekt)» kontekstida izohlash pedagogikada qabul qilingan. O‘quv-tarbiya jarayonida bu vositalardan keng foydalanish o‘qitishning mukammalligini, ishonchliligini kuchaytirib, o‘rganuvchilarning ob’yekt voqealarini tushunib etishini oshiradi va bilim sifatini yaxshilaydi.
Zamonaviy o‘qitish jarayonida qo‘llaniladigan didaktik vositalarning xilma-xilligini tasniflash va ularni qo‘llashda o‘quv jarayonining, shart-sharoitlarini inobatga olish maqsadga muvofiqdir. Hozirgi zamonda ta’lim va tarbiya imkoniyatlarini oshirishga yordam beradigan va ko‘p qo‘llaniladigan didaktik vositalar majmuining eng ko‘p tarqalgan turi–bu o‘qitishning texnika vositalaridir. O‘TV garchi ilmiy asosda qat’iy tavsiflangan texnika vositalari mavjud bo‘lmasada, ammo ularni tasniflashda pedagogikada ayrim yondashuvlar mavjud. O‘qitishning texnika vositalarining bunday guruhlanishi, avvalo, ularning sezgi organlariga, xotiraga, diqqatga ta’sirini va bajaradigan ish turini hamda ishlash printsipining inobatga olinganligidadir.
Bunda, O‘TVning avtomatlashtirilganlik darajasi, o‘qituvchilar tarkibi, texnika vositalarining tuzilishi, o‘quv jarayonida ularni qo‘llash imkoniyatlari e’tiborga olinmog‘i darkor. O‘qitishning texnik vositalari o‘quvchi-yoshlarning sezgi organlariga, diqqat va xotiraga ta’sirini inobatga olib, hamda O‘TV qo‘llash jarayonida, o‘qitishning oddiydan murakkabga, aniqdan noaniqqa tamoyili asosida ish tutishi va ularni o‘rganishda ham shu ketma–ketlikka rioya qilish muhim didaktik hodisa deb tavsiflanadi. endi ularni shu yo‘nalish bo‘yicha tasniflanishini ko‘rib chiqamiz.
Ko‘rishga moslashtirilgan vizual (ekranli) vositalar. Bu o‘quv–texnika vositalari o‘qitishning didaktik vositalar majmui orasida eng birinchilaridan biri hisoblanadi va o‘quv jarayonida ham eng ko‘p qo‘llaniladi. Chunki, ular oddiy bo‘lib foydalanish uchun eng qulay va ko‘p tarqalgan vositalardir. Bunday texnika vositalariga diapozitivlar, epidioskoplar, kodaskoplar, diafil’mlar, transparantlar, dioproek-torlar, grafoproektorlar, fil’moskoplar, kinoproektorlar, videoproek-torlar kiradi. Ularning ishlash texnologiyasi deyarli bir xil bo‘lib, ular shisha, shaffof plyonkalarda yozilgan ma’lumotlar va axborotlarni ekranda proektsiyalab beradi. Fikrlar aniq, lo‘nda qilib bayon etilgan, ammo tovushsiz. Tovushli eshittirish orqali ma’lumotlarni idrok etish zamonaviy o‘quv radiosi, tovush yozuvchi va tovushni kuchaytirib beruvchi apparaturalar orqali amalga oshiriladi.
Ko‘rish va eshitishga moslashtirilgan audiovizual vositalar. eshitish va ko‘rish yordamida ma’lumotlarni idrok etish. Audiovizual vositalar yordamida amalga oshadi. Bularga kinofil’mlar, teleko‘rsatuvlar, videoyozuvlar, diafil’mlar, videomagnitafonlar taalluqli bo‘lib, ular videoproektorlar yordamida video axborotlarni proektsiyalab beradi. Bugungi kunda videomagnitafonlar, kinofil’mlar, televidenie o‘quv jarayonida keng qo‘llaniladigan didaktik vositalar sirasiga kirib qoldi. Ilmiy-nazariy ma’lumotlar va maktab tajribasining ko‘rsatishicha o‘quv-ko‘rgazmali vositalar o‘qitishning didaktik vositalari majmui mazmunidagi eng oddiy, eng qulay va qo‘llash uchun har tomonlama oson hamda ko‘p tarqalgan vositalar hisoblanadi. O‘qitishning o‘quv-ko‘rgazmali vositalarini ba’zan vizual, ya’ni o‘qitishning tovushsiz vositalari deb ham atashadi. Chunki, o‘quvko‘rgazmali vositalarda axborotlar (ob’yekt) tasvirlangan bo‘lib, ularda tovush bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ularni faqat namoyish etish mumkin bo‘ladi.