TA’LIMGA ZAMONAVIY O‘QUV ADABIYOTLARI KERAK Xayitboyeva Sh.N., Doschanov M.R. – O‘zR FVV YOXI
“...oldimizda turgan birinchi va asosiy vazifa zamon talablariga mos o‘quv darslik va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etishdir. O‘quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratmasdan turib, ta’lim tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etib bo‘lmaydi”.
Shavkat Mirziyoev Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, yoshlarga zamonaviy bilimlarni berish orqali ularning intellektual salohiyatini oshirish, xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda jahon bozori konyukturasi keskin o‘zgarib, globallashuv sharoitida raqobat tobora kuchayib borayotgani davlatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va amalga oshirishni taqozo etmoqda.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil
8-oktabrdagi farmoyishi bilan tashkil qilingan ishchi guruh tomonidan oliy ta’lim tizimidagi holatni o‘rganish natijalariga ko‘ra, bir qator oliy ta’lim muassasalarida hali ham ilmiy-pedogogik salohiyatning pastligi, ta’lim jarayonlarini axborot-uslubiy va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash zamonaviy talablarga javob bermasligi, ularning moddiy-texnika bazasini tizimli yangilashga ehtiyoj mavjudligi aniqlandi.
Shu maqsadda mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishda ilm-fanning rolini kuchaytirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni takomillashtirish, ilg‘or ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etish, joylarda tashkil etilgan ilmiy maktablar faoliyatini kengaytirish hamda muassasalarini zamonaviy o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish va xalqaro miqyosda mamlakat ilm-fani nufuzini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda yetarli intellektual salohiyatga ega, ilm-fanning zamonaviy yutuqlari asosida fikr va mushohada yurita oladigan shaxslarni tarbiyalash hamda raqobatbardosh, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash masalasi o‘quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratishni talab qilmoqda.
Mafkuraviy hamda mazmun va mohiyati jihatdan eskirgan, to‘liq an’anaviy (bosma) usulda nashr etilayotgan darsliklarning ma’lum qismi yangi ta’lim tizimining talab va ehtiyojlariga javob bermay qoldi.
Ilm-fan jadal taraqqiy etayotgan zamonaviy jamiyatda rivojlangan axborot-kommunikatsiya tizimlari vositasida turli fan sohalarida erishilgan yutuqlarning tez yangilanib borishi ta’lim oluvchilar oldiga yangi bilimlarni jadal egallash bilan bir qatorda, muntazam ravishda mustaqil bilim izlash vazifasini qo‘ymoqda.
O‘quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratish, ularni tayyorlash borasidagi ilmiy-uslubiy va tashkiliy masalalarni hal qilish Kadrlar tayyorlash milliy dasturi maqsadlariga erishishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishni talab qiladi.
Biz aynan shu sohada faoliyat ko‘rsatayotganligimiz sababli, institut professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlanayotgan ayrim o‘quv adabiyotlarida tizimli kamchiliklar yo‘lga qo‘yilayotganligini e’tiborga olib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-oktabrdagi “Oliy ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi 816-sonli qarori talablaridan namunalar olishga va jamoatchilikka yetkazishga, keng targ‘ibot ishlarini olib borishga qaror qildik. Biz ushbu maqolada bironbir yangilik yaratishga emas, balki mavjud huquqiy hujjat talablarini professor-o‘qituvchilarga, keng jamoatchilikka va o‘quvchilarga yetkazishni maqsad qildik.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq o‘quv jarayonini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash tasdiqlangan davlat ta’lim standartlari (davlat talablari) asosida, muayyan fanning o‘quv adabiyotlari mazkur yo‘nalishda o‘qitiladigan fanlar bilan o‘zaro bog‘liqlikni va uzviylikni ta’minlagan holda tayyorlanadi. Tayyorlangan o‘quv adabiyotlar belgilangan tartibda har tomonlama ekspertizadan o‘tkaziladi.
Har bir fan bo‘yicha yaratilayotgan o‘quv adabiyotlariga psixologik-pedogogik, uslubiy-didaktik, sanitariya-gigenik va boshqa talablar alohida belgilab qo‘yiladi. Fundamental bilimlar bo‘yicha tayyorlangan o‘quv adabiyotlari asosan an’anaviy bosma shaklda tayyorlanadi.
Elektron o‘quv adabiyotlari bilim oluvchilarning tasavvurini kengaytirishga, dastlabki bilimlarni rivojlantirishga va chuqurlashtirishga, qo‘shimcha ma’lumotlar bilan ta’minlashga mo‘ljallangan bo‘lib, ko‘proq chuqurlashtirib o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha yaratiladi.
O‘quv adabiyotlarning mazmuni bilim oluvchilarda mustaqil va erkin fikrlash, olingan bilimlarni bosqichma-bosqich boyitish, mukammallashtirib borish, mustaqil ta’lim olish, yangi bilimlarni o‘quv adabiyotlardan izlab topish ko‘nikmalarini hosil qilishni ta’minlashi kerak.
O‘quv adabiyotlarining shakllari va turlari.
O‘quv adabiyotlari – o‘quv rejasida qayd etilgan fanlar bo‘yicha tegishli o‘quv dasturlari asosida zarur bilimlar majmuasi keltirilgan, o‘zlashtirish uslublari va didaktikasi yoritilgan (jumladan, xorijiy tarjimalar) manba bo‘lib, ikki xil shaklda tayyorlanadi:
An’anaviy (bosma) o‘quv adabiyotlar – ta’lim oluvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlari, ma’lumotlar hajmi, shriftlari, qog‘oz sifati, muqova turi va boshqa ko‘rsatkichlarni hisobga olgan holda qog‘ozda chop etiladigan manba;
Elektron o‘quv adabiyotlar – zamonaviy axborot texnologiyalari asosida ma’lumotlarni jamlash, tasvirlash, yangilash, saqlash, bilimlarni interaktiv usulda taqdim etish va nazorat qilish imkoniyatlariga ega bo‘lgan manba.
Uzluksiz ta’lim tizimi o‘quv-tarbiyaviy jarayonida o‘quv adabiyotlarning quyidagi turlari qo‘llaniladi: darslik, o‘quv qo‘llanma, lug‘at, izohli lug‘at, ma’lumotlar to‘plami, leksiyalar kursi, leksiyalar to‘plami, metodik ko‘rsatmalar, metodik qo‘llanmalar, ma’lumotlar banki, dayjest, sharh va boshqalar.
Darslik – davlat ta’lim standarti, o‘quv dasturi, uslubiyati va didaktik talablari asosida belgilangan, milliy istiqlol g‘oyasi singdirilgan, muayyan o‘quv fanining mavzulari to‘liq yoritilgan, tegishli fanning asoslarini mukammal o‘zlashtirilishiga qaratilgan hamda turdosh ta’lim yo‘nalishlarida foydalanish imkoniyatlari hisobga olingan nashr.
Har bir ta’lim turining maqsad va vazifalarini qamrab olgan, bilim oluvchilarning yoshi va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan o‘z darsliklari bo‘ladi. Darslikda nazariy ma’lumotlardan tashqari, amaliy-tajriba va sinov mashqlari bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar beriladi.
O‘quv qo‘llanma – darslikni qisman to‘ldiruvchi, muayyan fan dasturi bo‘yicha tuzilgan va fan asoslarining chuqur o‘zlashtirilishini ta’minlovchi, ayrim bob va bo‘limlarni keng tarzda yoritishga yoki amaliy mashq va mashg‘ulotlar yechimiga mo‘ljallangan nashr.
O‘quv qo‘llanmada muayyan mavzular darslikka nisbatan kengroq yoritiladi. Masalan, "Mexanika" – fizika fanining mexanika qismiga bag‘ishlangan o‘quv qo‘llanma. "Fizikadan masalalar to‘plami" – fizika fani bo‘yicha masala va mashqlar yechishga mo‘ljallangan o‘quv qo‘llanma va hokazo.
Lug‘at – aniq bir tartibda joylashgan so‘zlar (yoki so‘z birikmasi, idiomalar va hokazo) to‘plami, ularning mazmuni, ishlatilishi, kelib chiqishi, boshqa tildagi tarjimasi to‘g‘risida ma’lumot beruvchi yoki so‘zning tushunchasi, u bilan belgilanuvchi predmetlar haqida axborot beruvchi nashr.
Izohli lug‘at – so‘zlarning mazmunini izohlaydigan, har bir so‘zning grammatik, etimologik va stilistik tavsifi berilgan, ularni qo‘llashga oid misollar va boshqa ma’lumotlar keltirilgan, qo‘shimcha adabiyot sifatida foydalaniladigan nashr.
Ma’lumotlar to‘plami – foydalanishga qulay shaklda yaratilgan muayyan fanni yoki ta’lim yo‘nalishini o‘zlashtirish uchun zarur bo‘lgan, isbot talab qilmaydigan ma’lumotlar, ilmiy ko‘rsatkich va o‘lchamlar, turli belgi va raqamlardan, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy, amaliy, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalardagi qisqa ma’lumotlardan tashkil topgan nashr.
Ma’lumotlar to‘plamida bir qator muhim ilmiy-amaliy masalalarni yechish namunalari keltirilishi mumkin.
Ma’ruzalar kursi – fanning o‘quv dasturi bo‘yicha undagi barcha mavzularning asosiy mazmuni qisqa yoritilgan, birlamchi yangi bilimlarni olishga qaratilgan, foydalaniladigan asosiy va qo‘shimcha o‘quv adabiyotlar ko‘rsatilgan, o‘z-o‘zini nazorat qilishga oid savollar turkumi, mavzuga tegishli tayanch atama va iboralar keltirilgan nashr, ma’ruzalar kursining nomi tegishli fan nomi bilan ataladi.
Ma’ruzalar to‘plami – muayyan fanning‘ o‘quv dasturi bo‘yicha undagi ayrim mavzularning asosiy mazmuni qisqa yoritilgan, birlamchi yangi bilimlarni olishga qaratilgan, foydalaniladigan asosiy va qo‘shimcha o‘quv adabiyotlar ko‘rsatilgan, o‘z-o‘zini nazorat qilishga oid savollar turkumi, mavzuga tegishli tayanch atama va iboralar keltirilgan, davriy ravishda ilmiy-tadqiqot izlanishlar asosida yangilanib turiladigan, ta’lim muassasalarining ilmiy (pedagogik) kengashi tavsiyasi bo‘yicha chiqariladigan kichik adadli tarqatma material.
Uslubiy ko‘rsatma – muayyan fanning o‘quv dasturi bo‘yicha kurs ishlari (loyihalari), laboratoriya va amaliy ishlarni bajarish tartibi aniq va batafsil ifodalangan hamda ushbu fan bo‘yicha tinglovchilarda zarur amaliy ko‘nikmalar hosil qilishga mo‘ljallangan, ta’lim muassasalarining ilmiy (pedagogik) kengashi tavsiyasi asosida chiqariladigan kichik adadli tarqatma material.
Uslubiy qo‘llanma – o‘qituvchilar (professor-o‘qituvchilar) va bilim oluvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda bir darsning maqsadi, dars o‘tish vositalari va ulardan foydalanish usullari, darsning mazmuni, amaliy mashg‘ulotlar, qo‘shimcha topshiriqlar va boshqalar haqida tavsiyalar bayon qilinadigan, ta’lim muassaslarining ilmiy (pedagogik) kengashi tavsiyasi asosida chop etiladigan nashr.
Sharh – jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadigan me’yoriy-huquqiy hujjatlarni, shuningdek, bahsga loyiq asarlarni, g‘oyalarni, fikrlarni va ta’riflarni izohlovchi, muayyan masalalar yechimini ko‘rsatuvchi, keng ommaga mo‘ljallangan qo‘shimcha adabiyot sifatida foydalaniladigan nashr.
Dayjest – ilmiy, ilmiy-uslubiy, o‘quv, davriy adabiyotlar, hukumat va turli tashkilotlar faoliyatiga tegishli qonunlar, qarorlar, Nizomlar mazmunining qisqacha bayoni va sharhi keltirilgan, sohalarga oid ma’lumotlar to‘plami sifatida foydalaniladigan doimiy nashr.
Elektron darslik – kompyuter texnologiyasiga asoslangan o‘quv uslubini qo‘llashga, mustaqil ta’lim olishga hamda fanga oid o‘quv materiallar, ilmiy ma’lumotlarning har tomonlama samarador o‘zlashtirilishiga mo‘ljallangan bo‘lib:
–o‘quv va ilmiy materiallar faqat verbal (matn) shaklda;
– o‘quv materiallar verbal (matn) va ikki o‘lchamli grafik shaklda;
– multimedia (multimedia – ko‘p axborotli) qo‘llanmalar, ya’ni ma’lumot uch o‘lchamli grafik ko‘rinishda, ovozli, video, animatsiya va qisman verbal (matn) shaklda;
– taktil (his qilinuvchi, seziladigan) xususiyatli, o‘quvchini "ekran olamida" stereo nusxasi tasvirlangan real olamga kirishi va undagi obyektlarga nisbatan harakatlanish tasavvurini yaratadigan shaklda ifodalanadi.
Ma’lumotlar banki – axborot texnologiyalarning imkoniyati va vositalari asosida yaratilgan, statik va dinamik rejimda tuzilgan, tovush va rangli tasvirlar bilan ta’minlangan, katta hajmdagi axborotlarni o‘z ichiga qamrab olgan va ularni turli ko‘rinishda (jadval, diagramma, gistogramma, matn, rasm va hokazo) bera oladigan, o‘quv jarayonida bilim oluvchilar tomonidan o‘z ustida mustaqil ishlashi va o‘z bilimlarini nazorat qilishi uchun qo‘llaniladigan, doimiy ravishda to‘ldirib boriladigan, keng doirada foydalanishga mo‘ljallangan, tegishli vakolatli davlat tashkilotida qayd etilgan sohalar bo‘yicha ma’lumotlar to‘plami.
Xulosa o‘rnida shuni yana bor ta’kidlab o‘tishimiz darkor: biz ushbu maqolada professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlanayotgan o‘quv qo‘llanmalar aslida qanday talablarga javob berishi kerakligi, ular tomonidan yozilayotgan qo‘llanmani nima deb nomlash mumkinligini va adabiyot yaratishda qo‘shimcha ma’lumotlar zarurligi yuzasidan ayrim talablarni keltirib o‘tdik. Bular bor talablar, o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-oktabrdagi “Oliy ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi 816-sonli qarori bilan tasdiqlangan talablar hisoblanadi.
Demak, har bir yaratilayotgan o‘quv adabiyoti ta’lim oluvchi kursant va tinglovchilarda mustaqil va erkin fikr yuritish ko‘nikmalarini hosil qilishi va mas’uliyatli qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan shaxslarni tarbiyalashga, shuningdek, kasbga qiziqishni kuchaytirish, uni mustahkam egallash va zamonaviy bilimlar asosida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilmog‘i lozim.