Sotsiologiyada sotsiologik tadqiqotlar shartli ravishda nazariy va amaliy turlarga ajratiladi. Chunki ular o‘rtasida qat'iy chegarani o‘tkazish mushkul. Zero har qanday fundamental sotsiologiya nazariydir, empirik tadqiqotlar esa nazariya bilan jipslashgan holda amalga oshiriladi. Ammo ular o‘rtasida farq mavjud. Sotsiologiyada nazariy tadqiqotlar natijasida nazariyaning turli darajasini ajratib ko‘rsatish mumkin: umumsotsiologik nazariyalar, mahsus nazariyalar, xususiy nazariyalar. Umumsotsiologik nazariyalar jamiyatni yaxlit qamrab oladigan muammolarni hal etadi. Masalan, jamiyatning rivojlanish davlari va strukturasi, uning faoliyat qonunlari va bq. Maxsus nazariyalar sotsiologiya ob'ektining muhim tomonlarini o‘rganadi. Sotsial struktura nazariyasi, institular nazariyasi sotsiologiyada maxsus sohalar sifatida shakllandi. Maxsus nazariyalar mavhum tushunchalardan foydalanadilar, ammo ular ko‘pincha faktlarga asoslanadilar Xususiy nazariyalar ko‘proq empirik tadqiqotlarga tayangan holda quyi darajadagi sotsial jarayonlarni o‘rganadi. Misol uchun referent guruhlar nazariyasi, kichik guruhlar nazariyasi va hk. Bu nazariyalar inson fe'l atvorining mustahkam mexanizmlarining har xil sharoit va holatlardagi ko‘rinishini aniqlashga harakat qiladi. Empirik tadqiqotlar. Dastlabki empirik tadqiqotlar XVII asrdayoq o‘tkazilgan bo‘lsada, XX asrning birinchi yarmida AQShda ommalashdi. Empirik tadqiqotlar deyilganida, bilimlarni tajriba orqali olish tushuniladi. Empirik sotsiologik tadqiqotlarning ob'ekti – ijtimoiy hayotning mikrojaaryonlari, insonlarning harakatlari, tafakkur tarzi, fikri va munosabatlari. Ularning asosiy maqsadi sotsial guruhlar, individlar, tashkilotlar muammolarini, ya'ni jonli sotsial muammolarni bevosita o‘rganishdan iborat.
Empirik tadqiqotlarni sotsiologiyaning muhim qismi sifatida empirizm konsepsiyasi bilan solishtirish mumkin emas, chunki empirizm konsepsiya sifatida nazariy bilimlarni butkul inkor qiladi. Hissiy idrokning bevositaligi empirizm konsepsiyasida fanning asosini tashkiil etadi. Empirik tadqiqotlarning ob'ekti mikrojarayonlar, predmeti esa individlar, sotsial guruhlar, sotsial tashkilotlar, mehnat faoliyatining sermahsulligi, shaxs xususiyatlari va hk. Ularning vazifasi kuzatish, eksperiment, hujjatlarni o‘rganish va so‘rov metodlari orqali sotsial jarayonlar borasida faktlar va ma'lumotlar yig‘ishdan iborat. Empirik tadqiqotlar natijalarini ham amaliy, ham nazariy maqsadlarda ishlatish mumkin. Tarixiy rivojlanishga nazar tashlasak, empirik tadqiqotlarni o‘tkazish chog‘ida ko‘plab metodologik xarakterga ega bo‘lgan muammolar: sotsial faktning mohiyati, nazariy bilimning empirik ma'lumotlar bilan o‘zaro munosabatlari, so‘rov, kuzatish va ma'lumotlarni qayta ishlash jarayonida sub'ektiv omilning roli kabilar paydo bo‘ldi. Empirik tadqiqot usullari amaliy sotsilogiya doirasida shakllanib, mukammallashdi. Bular: so‘rov, kuzatish, hujjatlarni tahlil qilish va eksperimet usullari. Amaliy sotsiologiya doirasida qaysi metod qay tarzda va qay vaziyatda qo‘llanilishi kerakligi, metodlarning yutuq va kamchiliklari o‘rganib, ishlab chiqilgan. Misol uchun eng keng tarqalgan so‘rov metodi insonlarning ichki dunyosini, sub'ektiv fikrini o‘ragnishga yo‘naltirilgan Amaliy sotsiologiyaning oldida bugungi kunda sotsiologik tadqiqotlar davomida olinayotgan empirik axborotlarning haqqoniyligini va ob'ektivligini ta'minlashga hizmat qiluvchi optimal tamoyillarni ishlab chiqish muammosi dolzarbligicha qolmoqda. Amaliy sotsiologiya tarkibiga empirik metodlar bilan bir qatorda metodologiya, ma'lumotlar tizimi va empirik ma'lumotlarni qayta ishlash tizimi kiradi. Shuning uchun odatda empirik tadqiqotlar turli xil mutaxassislar tmonidan ham olib borilishi mumkin.