Pedagogik adabiyotlarda "Tarbiya" atamasi keng va tor maʼnolarda ishlatiladi. Keng maʼnoda tarbiya inson shaxsini shakllantirishga, uning jamiyat ishlab chiqarishi va ijtimoiy, madaniy, maʼrifiy hayotida faol ishtirokini taʼminlashga qaratilgan barcha taʼsirlar, tadbirlar, harakatlar, intilishlar yig'indisini anglatadi. Bunday tushunishda tarbiya faqat oila, maktab, bolalar va yoshlar tashkilotlarida olib boriladigan tarbiyaviy ishlarni emas, balki butun ijtimoiy tuzum, uning yetakchi g'oyalari, adabiyot, sanʼat, kino, radio, televideniye va boshqalarni ham oʻz ichiga oladi. Shuningdek, keng maʼnodagi tarbiya tushunchasi ichiga taʼlim va maʼlumot olish ham kiradi.
Tor maʼnoda tarbiya shaxsning jismoniy rivoji, dunyoqarashi, maʼnaviy-axloqiy qiyofasi, estetik didining oʻstirilishiga yoʻnaltirilgan pedagogik faoliyatni anglatadi. Buni oila, tarbiyaviy muassasalar hamda jamoat tashkilotlari amalga oshiradi. Taʼlim va maʼlumot olish tor maʼnodagi tarbiya ichiga kirmaydi. Lekin har qanday tar- biya taʼlim bilan chambarchas bogʻliq holdagina mavjud boʻladi. Chunki taʼlim va maʼlumot olish jarayonida shaxsning nafaqat bilimi koʻpayibgina qolmay, balki ahloqiy-maʼnaviy sifatlarining qaror topishi ham tezlashadi.
Ahamiyati
Tarbiya har qanday jamiyat va har qanday mamlakat hayotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Yosh avlodning , umuman, jamiyat aʼzolarining tarbiyasi bilan yetarlicha shugʻullanmagan mamlakat turgʻunlik va inqirozga mahkumdir. Negaki, oʻsishi va rivojlanishi uchun har qanday jamiyatda ham moddiy va maʼnaviy boyliklar ishlab chiqarish toʻxtovsiz ravishda yuksalib borishi lozim. Buning uchun yosh avlod moddiy va maʼnaviy boyliklar yetishtirishni ajdodlari darajasida, ulardan ham yaxshiroq ishlab chiqara bilishlari kerak. Yosh avlodda ana shunday moddiy va maʼnaviy qobiliyatlarni shakllantira bilish uchun esa jamiyat uzluksiz ravishda samarali faoliyat koʻrsatadigan tarbiyaviy intizomlar tizimiga ega boʻlishi lozim.
Tarbiya jamiyat taraqqiyotining turli davrlarida turlicha izoxlab kelingan. Shoʻro zamonida hukmron kommunistik mafkura tarbiyaga sinfiy va partiyaviy hodisa sifatida yondashishni talab etgan. Shuning uchun ham sinfiy jamiyatda tarbiya faqat sinfiy xususiyatga ega boʻladi va turli sinflarning tarbiyasi bir-biriga qarama-qarshi turadi degan qarash qaror topgan. Holbuki, dunyo ilmi, ayniqsa, Sharq tarbiyashunosligi va oʻzbek xalq pedagogikasi tajribasi tarbiyaning sinfiy koʻrinishga ega emasligini isbot etdi. Shuningdek, kommunistik mafkura tazyiqi tufayli tarbiyada ijtimoiy muassasalarning oʻrniga ortiqcha baho berildi, bu jarayonda irsiy va biologik xususiyatlar deyarli xisobga olinmadi.
Shoʻrolar davrida tarbiya orqali har qanday odamni istagan ijtimoiy qiyofaga solish mumkin degan qarash hukmron boʻlganligi uchun ham uning shaxsni shakllantirishdagi oʻrniga oshiqcha baho berildi. Tarbiyalanuvchi shaxsining tarbiyaga berilish yoki berilmaslik xususiyatlarining hisobga olinmasligi tarbiyaviy tadbirlarga mahliyo boʻlishdek pedagogik xatolikka olib keldi. Buning natijasida tarbiya maqsadsiz boʻlib qoldi, tarbiyalanuvchilarga alohida shaxs sifatida emas, istalgan ijtimoiy yoʻnalishga solinishi mumkin boʻlgan qiyofasiz tuda, olomon tarzida qarash qaror topdi, Bu hol tarbiyaning samarasizligiga olib keldi. Chunki tarbiyaning asosiy obyekti boʻlmish shaxs va uning oʻziga xoslik jihatlari unutilgan edi. Shoʻro pedagogik tizimidagi kamchiliklarning ildizi, asosan, mana shu yondashuv tarziga borib taqaladi.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, tarbiya va unga bogʻliq jarayonlarga yangi hamda sogʻlom pedagogik tafakkurga tayangan holda yondashuv qaror topa boshladi. Uni izohlashda gʻayriilmiy sinfiy-partiyaviy yondashuvdan voz kechildi. Tarbiyaning milliyligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun xalq pedagogikasi boyliklari, oʻzbek mutafakkirlarining pedagogik qarashlari sinchikovlik bilan oʻrganilayapti. Natijada, Oʻzbekiston pedagogikasi fani va amaliyotida oila tarbiyasining ham, ijtimoiy tarbiyaning ham oʻziga xos oʻrni borligi tan olina boshlandi. Shuningdek, tarbiyada irsiy va biologik omillar ham hisobga olinadigan boʻldi. Ayni vaqtda, shaxsning shakllanishida tarbiyaning oʻrniga keragidan ortiq baho berish ham barham topdi. Bu hol tarbiyaga doyr hodisa va holatlarni toʻgʻri izohlash, tarbiyaviy tadbirlar tizimini toʻgʻri tayin etish imkonini berdi.
“Tarbiya” fani manbalari va ularni o‘rganish bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi uchun zaruriyat hisoblanadi. Biz quyida "Tarbiya" fani manbalaridan ayrimlarini namuna sifatida keltirib o‘tamiz. “Avesto” kitobida yosh avlodni Ezgu niyatli, Ezgu fikrli va Ezgu faoliyat(amal)li shaxslar sifatida voyaga yetkazish alohida ta’kidlangan. Masalan, yangi milliy g‘oyamizning ikkinchi tamoyili Ezgulikdir. Qur’oni Karimda va Hadisi shariflarda yoshlarni e’tiqodli, yaxshilik va yomonlikni farqlash ruhida tarbiyalash ta’limi berilgan. Buning natijasida VIII asrdan boshlab to hozirgi kunga qadar Pedagogika fanimizda mazkur tamoyillar tarbiyaning asoslaridan biri bo‘lib kelmoqda. Chunki e’tiqodli, yaxshilik va yomonlikni farqlovchi shaxs insonparvar, xalqparvar va vatanparvar kishi sifatida faoliyat yuritadi. XI asr mutafakkiri Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida yoshlarni adolatli, qanoatli va bilimli qilib voyaga yetkazish metodologiyasini asoslab bergan. Uning yozishicha, bunday fazilatlarga ega inson eng yetuk hisoblanadi. Sohibqiron Amir Temur “Tuzuklar” asarida shaxsni ijtimoiy tarbiyalash masalasini talqin qilgan va bunda shaxsda murosa (kompramiss) fazilatini shakllantirish lozimligini ta’kidlaydi. Alisher Navoiy “Hamsa” asarida bir qator komil insonlar timsolini tavsiflab bergan. Misol uchun, “Farhod va Shirin” dostonida Farhodni 9 yoshida komil inson bo‘lib yetishganini va buning uchun u eng yetuk ustozlardan saboq olganligini tasvirlaydi. Jadid mutafakkiri Mahmudxo‘ja Behbudiy “Padarkush” pedagogik dramasida bilim olmagan bolaning padarkush bo‘lib yetishini tasvirlab bergan. Chunki bilim tarbiyaning ilmiy va nazariy asosi hisoblanadi. Chex pedagogi Yan Amos Komenskiy “Buyuk didaktika” asarida yosh avlodni o‘qitish vositasida tarbiyalashni asoslab bergan. Fransuz pedagogi Jan Jak Russo “Emil” asarida oila tarbiyasi masalasini talqin qilib bergan. Uning fikricha, oilada bola tarbiyasi bilan oilaning eng yetuk a’zosi shug‘ullanishi kerak. Pedagog bu borada onalarning tarbiyaviy o‘rnini alohida ta’kidlaydi va Emil ismli onaning o‘z farzandini qanday tarbiyalaganligini, bu bu ayol ,,Kundaliklar,, tutib borganligini ko‘rsatib beradi. Shu ma’noda tarbiya ishi bilan shug‘ullanuvchi shaxsning kundaliklari bo‘lishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shved pedagogi Iogan Genrix Pistalotsi “Erudiga maktablar” asarida yoshlarni ijtimoiy tarbiyalash va bunda ularni savodxon qilish masalasiga alohida tayanish lozimligini asoslab bergan. Hozirgi kunda butun dunyo xalqlarida amalda bo‘lgan savodxonlikni Alifbedan boshlash tizimini aynan Pistolotsi asoslab bergan. AQSH pedagoglari, masalan Jon Jems, tarbiyada pragmatizm, ya’ni tarbiyaning amaliy natijalarini ustuvor qo‘yishadi. Unga ko‘ra, shaxsga kelgusi faoliyatida zarur bo‘lgan bilim, fazilatlar va ko‘nikmalar shakllantirilishi kerak. Keltirilgan manbalardan ma’lum bo‘ladiki, tarbiya jarayonida shaxsda bir talay fazilatlar, tamoyillar va g‘oyalarni shakllantirish lozim bo‘ladi. Har qanday tarbiya jarayonida bu pedagogik merosga tayaniladi. Shaxsga kelgusi faoliyatida zarur bo‘lgan bilim, fazilatlar va ko‘nikmalar shakllantirilishi kerak. Bugungi kunda ham bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ana shu tajribalarni o‘rganishi, o‘zlashtirishi va amaliy faoliyatda qo‘llay olishi taqozo etiladi. Bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ana shu tajribalarni o‘rganishi, o‘zlashtirishi va amaliy faoliyatda qo‘llay olishida “Tarbiya” fani manbalari muhim ahamiyatga ega. O‘qituvchi “Tarbiya” fani manbalaridan amaliyotda o‘z o‘rnida, oqilona foydalansa albatta yuqori natijalarga erishdi.