Tarbiya fanining predmeti, maqsad va vazifalari. Tarbiya
Tarbiya fanining maqsad va vazifalari. Yoshlarini barkamol insonlar qilib tarbiyalash borasida qaysi yo‘lni tanlamoq, nimalarga diqqat-e’tiborni qaratmoq lozim? Nima qilganda ijobiy natijaga erishiladi? Bu savollar tarbiya fanining eng muhim muammolari hisoblanadi. O‘zbekistonning hozirgi davri, bundan keyingi taraqqiyoti va istiqboli hamda mustaqilligining ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, madaniy-ma’naviy zaminlarini mustahkamlash uchun yosh avlodga dunyo standartlari talabi darajasida bilim berishimiz suv va havodek zarurdir. Demak, oldimizda turgan eng muhim va dolzarb muammolardan biri - O‘zbekiston hududida yashovchi har bir fuqaroni, har bir millat, elat kishilarini va ularning farzandlarini barkamol insonlar qilib tarbiyalash, mustaqil respublikamizning ongli fidoiysiga aylantirishdir. Chunki jamiyat manfaati yo‘lida o‘zidagi barcha bilim, qobiliyat va iste’dodini baxshida etishga tayyor turgan yetuk insonlar, uddaburon yoshlar, fidoiylar bo‘lmasa, O‘zbekistonni dunyodagi eng ilg‘or davlatlar safiga qo‘shish qiyin kechadi. Yoshlarimizni tarbiyalash uchun birinchi galda sharq mutafakkirlarining duru javohirga teng ma’naviy meroslari dasturilamal bo‘la oladi. Abu Nasr Forobiy, Axmad Yassaviy, Baxovuddin Naqshband, Ismoil Al-Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Firdavsiy, Amir Temur, Navoiy va Bobur singari jahonga taniqli va shular singari boshqa aql egalarining ijtimoiy-siyosiy, falsafiy ta’limotlariga tayanib ish ko‘rilsa tarbiya ta’sirchanligi yanada mukammallik kasb etadi. O‘zining o‘tmish madaniy merosini chuqur bilmagan va e’zozlamagan odam, o‘z shajarasini, avlod-ajdodlari bosib o‘tgan yo‘lni, milliy istiqlolimiz, erkimiz va ozodligimiz yo‘lida jasorat ko‘rsatgan Shiroq, To‘maris, Jaloliddin Manguberdi va boshqa buyuk zotlar, xalq qasoskorlarining nomlari, kurashlarining tub mohiyatini ilg‘ay olmaydi. Yuqoridagi fikrlardan ko‘rinib turibdiki, yosh avlodlarni tarbiyalab yetishtirish – muqaddas burchimiz, or-nomusimiz. Lekin, ijobiy axloqiy xislatlarni tarbiyalab yetishtirish oddiy, jo‘n ish emas. U kunlab, oylab, yillab va hatto o‘n yillab oliy maqsad yo‘lida sabr-toqat, chidam va qat’iyatlilik, irodaviy sifatlarni safarbar etishimizni taqozo etadigan insoniy vazifamizdir. Hozirgi paytda mamlakatimizda yoshlar orasidan eng iqtidorli, salohiyatlilarini tanlab, saralab olib, ularning ilmiy, madaniy-ma’naviy jihatdan kamolotga erishishlari, zamonaviy fan-texnika asoslarini chuqur o‘zlashtirib olishlari uchun g‘amxo‘rlik qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining ertangi hayoti, porloq istiqboli nazarda tutilib, ko‘pgina yoshlar bir qanchi xorijiy mamlakatlarga tahsil olish uchun yuborilishi fikrimizning isbotidir. Respublikamizda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunni hayotga joriy etish, ta’lim-tarbiyani, sog‘liqni saqlash ishlarini, umumiy tibbiyot muammolarini zamonaviy talablar darajasida olib borish, maktablarni takomillashtirish, o‘rta maxsus bilim yurtlari va oliy o‘quv yurtlariga kirish imtixonlarini test usulida o‘tkazish borasidagi ishlar ham madaniy-ma’naviy taraqqiyotimizda o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Jamiyat taraqqiyoti va shaxc kamoloti uchun bo‘lgan ma’naviy va axloqiy poklanish, iymon, insof, diyonat, or-nomus, mehr-oqibat, keksalarga hurmat singari insoniy fazilatlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Hammasining zaminida yosh avlodga oilada, umumiy ta’lim maktablarida, xalq ta’limi tizimining boshqa tarmoqlarida beriladigan ta’lim-tarbiya yotadi.
Umuman olganda, o‘sib kelayotgan yosh avlodni zamonamiz ruhiga mos, barkamol inson bo‘lishlari uchun, tarbiyaning tarkibiy qismlari (aqliy, axloqiy, jismoniy, mehnat, estetik tarbiya va politexnik ta’lim) ga yangicha nigoh tashlash va o‘sha ta’limni amalga oshirish yo‘llarini ishlab chiqmoq lozim.