Tarbiya jarayonining mohiyati, mazmuni, tarbiya tamoyillari va m (1)
TARBIYA JARAYONINING MOHIYATI, MAZMUNI, TARBIYA TAMOYILLARI VA METODLARI Reja: 1. Tarbiya jarayonining maqsadi, mazmuni, vazifalari va mohiyati.
2. Tarbiya jarayonining o’ziga xos xususiyatlari.
3. Tarbiya qonuniyatlari va tamoyillari.
4. Tarbiya turlarining umumiy tavsifi. Tayanch tushunchalar: tarbiya, tarbiya jarayoni, tarbiyaning maqsadi, tarbiya mazmuni, tarbiyaning umumiy vazifalari, tarbiya turlari, tarbiya qonuniyatlari, tarbiya tamoyillari.
Tarbiya — shaxsda muayyan jismoniy, ruhiy, axloqiy, maʼnaviy sifatlarni shakllantirishga qaratilgan amaliy pedagogik jarayon; insonning jamiyatda yashashi uchun zarur boʻlgan xususiyatlarga ega boʻlishini taʼminlash yoʻlida koʻriladigan chora tadbirlar yigindisi. tarbiya insonning insonligini taʼminlaydigan eng qad. va abadiy qadriyatdir. Tarbiyasiz alohida odam ham, kishilik jamiyati ham mavjud boʻla olmaydi. Chunki odam va jamiyatning mavjudligini taʼminlaydigan qadriyatlar Tarbiya tufayligina bir avloddan boshqasiga oʻtadi.
Pedagogik adabiyotlarda "tarbiya" atamasi keng va tor maʼnolarda ishlatiladi. Keng maʼnoda Tarbiya inson shaxsini shakllantirishga, uning jamiyat ishlab chiqarish.i va ijtimoiy, madaniy, maʼrifiy hayotida faol ishtirokini taʼminlashga karatilgan barcha taʼsirlar, tadbirlar, harakatlar, intilishlar yigindisini anglatadi. Bunday tushunishda Tarbiya faqat oila, maktab, bolalar va yoshlar tashkilotlarida olib boriladigan tarbiyaviy ishlarni emas, balki butun ijtimoiy tuzum, uning yetakchi goyalari, adabiyot, sanʼat, kino, radio, televideniye va boshqalarni ham oʻz ichiga oladi. Shuningdek, keng maʼnodagi tarbiya tushunchasi ichiga taʼlim va maʼlumot olish ham kiradi.
Tor maʼnoda tarbiya shaxsning jismoniy rivoji, dunyoqarashi, maʼnaviyaxloqiy qiyofasi, estetik didi oʻstirilishiga yoʻnaltirilgan pedagogik faoliyatni anglatadi. Buni oila va tarbiyaviy muassasalar hamda jamoat tashkilotlari amalga oshiradi. Taʼlim va maʼlumot olish tor maʼnodagi TARBIYAichiga kirmaydi. Lekin har qanday tarbiya taʼlim bilan chambarchas bogʻliq holdagina mavjud boʻladi. Chunki taʼlim va maʼlumot olish jarayonida shaxsning fakat bilimi koʻpayibgina qolmay, balki axloqiymaʼnaviy sifatlari qaror topishi ham tezlashadi.
Tarbiya har qanday jamiyat va har qanday mamlakat hayotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Yosh avlodning , umuman, jamiyat aʼzolarining Tarbiyasi bilan yetarlicha shugʻullanmagan mamlakat turgʻunlik va inqirozga mahkumdir. Negaki, oʻsishi va rivojlanishi uchun har qanday jamiyatda ham moddiy va maʼnaviy boyliklar ishlab chiqarish. toʻxtovsiz ravishda yuksalib borishi lozim. Buning uchun yosh avlod moddiy va maʼnaviy boyliklar yetishtirishni ajdodlari darajasida, ulardan ham yaxshiroq ishlab chiqara bilishlari kerak. Yosh avlodda ana shunday moddiy va maʼnaviy qobiliyatlarni shakllantira bilish uchun esa, jamiyat uzluksiz ravishda samarali faoliyat koʻrsatadigan tarbiyaviy intlar tizimiga ega boʻlishi lozim.
Tarbiyajamiyat taraqqiyotining turli davrlarida turlicha izoxdab kelingan. Shoʻro zamonida hukmron kommunistik mafkura Tarbiyaga sinfiy va partiyaviy hodisa sifatida yondashishni talab etgan. Shuning uchun ham sinfiy jamiyatda Tarbiyafaqat sinfiy xususiyatga ega boʻladi va turli sinflarning Tarbiyasi bir-biriga qaramaqarshi turadi degan qarash qaror topgan. Holbuki, dunyo ilmi, ayniqsa, Sharq tarbiyashunosligi va oʻzbek xalq ped.si tajribasi Tarbiyaning sinfiy koʻrinishga ega emasligini isbot etdi. Shuningdek, kommunistik mafkura tazyiki tufayli Tarbiyada ijtimoiy muassasalarning oʻrniga ortiqcha baho berildi, bu jarayonda irsiy va biologik xususiyatlar deyarli xisobga olinmadi.
Shoʻrolar ped.sida Tarbiya orqali xar kanday odamni istagan ijtimoiy kiyofaga solish mumkin degan karash hukmron boʻlganligi uchun ham uning shaxsni shakllantirishdagi oʻrniga oshiqcha baho berildi. Tarbiyalanuvchi shaxsining Tarbiyaga berilish yoki berilmaslik xususiyatlarining hisobga olinmasligi tarbiyaviy tadbirlarga maxliyo boʻlishdek pedagogik xatolikka olib keldi. Buning natijasida Tarbiya maqsadsiz boʻlib qoldi, tarbiyalanuvchilarga alohida shaxs sifatida emas, istalgan ijtimoiy yoʻnalishga solinishi mumkin boʻlgan qiyofasiz tuda, olomon tarzida qarash karor topdi, Bu hol Tarbiyaning samarasizligiga olib keldi. Chunki Tarbiyaning asosiy obʼyekta boʻlmish shaxs va uning oʻziga xoslik jihatlari unutilgan edi. Shoʻro pedagogik tizimidagi kamchiliklarning ildizi, asosan, mana shu yondashuv tarziga borib takaladi.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, tarbiya va unga bogʻliqjarayonlarga yangi hamda sogʻlom pedagogik tafakkurga tayangan holda yondashuv qaror topa boshladi. Uni izohlashda gʻayriilmiy sinfiypartiyaviy yondashuvdan voz kechildi. Tarbiyaning milliyligiga alohida eʼtibor karatilmoqda. Buning uchun xalq ped.si boyliklari, oʻzbek mutafakkirlarining pedagogik qarashlari sinchkovlik bilan oʻrganilayotir. Natijada, Oʻzbekiston ped. fani va amaliyotida oila Tarbiyasining ham, ijtimoiy Tarbiyaning ham oʻziga xos oʻrni borligi tan olina boshlandi. Shuningdek, Tarbiyada irsiy va biologik omillar ham hisobga olinadigan boʻldi. Ayni vaqtda, shaxsning shakllanishida Tarbiyaning oʻrniga keragidan ortiq baho berish ham barham topdi. Bu hol Tarbiyaga doyr hodisa va holatlarni toʻgʻri izohlash, tarbiyaviy tadbirlar tizimini toʻgʻri tayin etish imkonini berdi.
Talabalar kichik guruhlarga bo’linib, «Tarbiya» yoki «Tarbiyaning tarkibiy qismlari» mavzusiga oid klaster tuzishadi. Klasterning tarkibiga quyidagilar kirishi mumkin:
Aqliy tarbiya: bilim, ilm, malaka, ko’nikma; aql, ong, fahm;
Axloqiy tarbiya: axloq, odob, xulq, yaxshilik, adolat, insof, diyonat, sharm, hayo, vatanparvarlik va boshq.;
Mehnat tarbiyasi: faollik, ishchanlik, tadbirkorlik, ishbilarmonlik; aqliy ish, jismoniy mehnat, foyda, maosh;
Jismoniy tarbiya: chiniqish, sport, o’yinlar; sog’lom tan;
Estetik tarbiya: go’zallik, kiyinish, tozalik, yurish-turish, saranjom-sarishtalik;
Ekologik tarbiya: tabiat, atrof-muhit, daraxtlar, qushlar, o’rmonlar;
Iqtisodiy tarbiya: tejamkorlik, bozor iqtisodiyoti, sarf, isrof; foyda, mulk, mulkka egalik;
Huquqiy tarbiya: fuqaro, tenglik, to’g’rilik, halollik, jinoyat, jazo, huquq, burch.
(Har bir guruh tushunchalarni toifalab, tuzgan Klasterlarini taqdim etadi.)
Tarbiya nazariyasi nimalarni o’rganadi? degan savolga javob qidirsak. Tarbiya nazariyasi - pedagogika fanining bir qismi bo’lib, tarbiyaviy jarayonning mazmuni, usuli va tashkil etilishi masalalarini o’rganadi. U Markaziy Osiyo faylasuflarining va xalq pedagogikasining tarbiya borasidagi boy tajribasiga tayanadi.
Pedagogika tarixidan ma’lumki, ta’lim tarbiyadan, tarbiya rivojlanishdan ajratib tekshirilmagan. XVIII asrning ikkinchi yarmiga kelib Rossiya pedagogikasida tarbiya masalalarini alohida ko’rish hollari uchraydi. «1806 yilda chiqarilgan Rossiya Akademiyasi lug’atida birinchi bor tarbiya so’zi pedagogik tushuncha sifatida alohida keltiriladi», deb ta’kidlaydi I.Tursunov.
O’tgan mavzularda tarbiyaga berilgan ta’riflarni yodga olaylik: «Tarbiya - ma’naviy manbalar va hozirgi zamon talablari ehtiyojlarini nazarda tutgan holda o’qituvchining o’quvchi bilan aniq bir maqsadga qaratilgan o’zaro amaliy va nazariy muloqatidir».
«Tarbiya - tarbiyachi xohlagan sifatlarni tarbiyalanuvchilar ongiga singdirish uchun tarbiyalanuvchining ruhiyatiga muayyan suratda va tizimli ta’sir ko’rsatish jarayonidir».
Qat’iy ishonch bilan aytish lozimki, - degan edi Prezident I.Karimov O’zbekiston teleradiokompaniyasi muxbiri bilan muloqotda, - ma’naviy boylik moddiy boylikdan ming bor ustun, shu bois biz ta’lim - tarbiya masalasiga davlat siyosatining ustuvor yo’nalishi sifatida yondoshmoqdamiz. Kadrlar tayyorlash haqida qonun qabul qilingan milliy dastur ham mohiyat e’tibori bilan shu maqsadni amalga oshirishga qaratilgan.
Tarbiya jarayoni deganda nimani tushunamiz?
Tarbiya jarayonining mohiyati shu jarayon uchun xarakterli bo’lgan va muayyan qonuniyatlarda namoyon bo’ladigan ichki aloqa va munosabatlarni aks ettiradi.
Tarbiya jarayoni shaxsni maqsadga muvofiq takomillashtirish uchun uyushtiriladi va tarbiyalanuvchining shaxsiga muntazam va tizimli ta’sir etish imkoniyatini beradi. Tarbiya jarayoni o’zaro bog’liq ikki faoliyatni - o’qituvchi va o’quvchi faoliyatini o’z ichiga oladi. Tarbiya jarayonida o’quvchining ongi shakllana boradi, his-tuyg’ulari va turli qobiliyatlari rivojlanadi, g’oyaviy, axloqiy, irodaviy, estetik xislatlari shakllanadi, tabiatga, jamiyatga ilmiy qarashlar tizimi tarkib topadi, jismoniy kuch-quvvatlari mustahkamlanadi. Tarbiya jarayonida o’quvchida jamiyatning shaxsga qo’yadigan axloqiy talablariga muvofiq keladigan xulqiy malaka va odatlar hosil qilinadi. Bunga erishish uchun o’quvchining ongiga (ta’lim jarayonida) , hissiyotiga (darsda va turli sinfdan tashqari ishlarda), irodasiga (faoliyatni uyushtirish, xulqni idora qilish jarayonida) tizimli va muntazam ta’sir etib boriladi.Tarbiyalash jarayonida bulardan birortasi (ongi, hissiyoti, irodasi) e’tibordan chetta qolsa, maqsadga erishish qiyinlashadi.
Biror bir maqsadga qaratilgan tarbiya jarayonining mohiyati va vazifalari tarbiyachi tomonidan rejalashtiriladi va tartibga solinadi.
A) O’quvchining qaysi xislatini shakllantirish yoki yo’qotish maqsadida rejalashtiriladi.
B) Shu hislatlarni tarbiyalash yoki yo’qotish uchun xizmat qiluvchi manbalar izlab topiladi.
V) Belgilangan maqsad uchun xizmat qiladigan nazariy va amaliy manbalarni qaysisini va qayerda ishlatish rejalashtiriladi.
Bunday rejaga solinib olib borilgan tarbiya mohiyatini ta’lim - tarbiya tizimi jamiyat va insonlarning intellektual va jismoniy faoliyati tashkil qiladi. Tarbiya jarayoni qanday xususiyatlarga ega, u ta’limdan nimalari bilan farq qiladi?
Tarbiyaning birinchi xususiyati uning ko’p qirrali jarayon ekanligi bo’lib unda maktab, oila, bolalar va o’smirlar tashkilotlari, mahalla, keng jamoatchilik, kino-teatr, televideniye, adabiyot va san’at ishtirok etadi.
Tarbiyaning yana bir xususiyati uning uzoq muddat davom etishidir. Ta’limdan farqli ravishda u bola tug’ilganidan boshlanadi, maktab yillarida, undan keyin va butun umr bo’yi davom etadi.
Tarbiyaning ta’limdan farqlantiruvchi yana bir xususiyati shundaki, u yaxlit holda va konsentrik asosda amalga oshiriladi. Tarbiyaning turli tomonlari bir-biri bilan uzviy bog’langan. Boshlang’ich sinfda ham, o’rta va yuqori sinfda ham ayni bir narsa, masalan, do’stlik, ahillik, vatanparvarlik va boshqalarni tarbiyalash ko’zda tutiladi.
Tarbiyaning yana bir xususiyati shundaki, bu jarayon ikki tomonlama xususiyatga ega bo’lib, unda bolaning o’zi ham faol ishtirok etadi.
Tarbiyada qarama-qarshiliklarning ko’pligi yana bir xususiyatdir. Bu qarama-qarshiliklar bolalarda o’z tushunchalariga muvofiq dastlabki paydo bo’lgan sifatlar bilan tarbiyachi tomonidan tarkib toptirilayotgan sifatlar o’rtasida o’quvchilarga qo’yilgan talablar bilan uni bajarish imkoniyatlari o’rtasidagi kurashlarda namoyon bo’ladi.
Jamiyat taraqqiyotida tarbiya jarayonining qanday o’rni bor?
Tarbiya jarayonining jamiyat taraqqiyotidagi roli nihoyatda beqiyosdir. Mutafakkir olim Abu Nosir Forobiy ta’lim - tarbiyaning asosiy vazifasi jamiyat talablariga javob bera oladigan va shu jamiyat uchun xizmat qiladigan yetuk insonni tarbiyalashdan iborat deb biladi.
Jamiyat taraqqiyotida muhim o’rin egallagan insonni tarbiyalash, uni bilim olishga, mehnat qilishga undash va bu hatti harakatini sekin - asta ko’nikmaga aylantirib borish lozim. Insonning mushohada qilishi qobiliyatni tarbiyalaydi va aqlni peshlaydi. Aql ongni saqlaydi. Ong esa moddiy va ma’naviy manbaga aylanadi. Shu tarzda inson asta - sekin takomillashib, komillikka erishib boradi. ammo buning uchun tarbiyachi va tarbiyalanuvchilardan uzoq davom etadigan mas’uliyat, sharafli mehnat va qunt, irodani talab etadi. Bunda tarbiyachi bolalarning yosh xususiyatini e’tiborga olishi zarur.
Tarbiyaning samarali bo’lishi nimalarga bog’liq?
Ma’naviy va insoniy sifatlarning shakllanishida oiladagi, atrofdagi, jamiyatdagi muhit va munosabat muhim o’rin egallaydi. Bolalarni taqlidchanlik xususiyati mavjudligi tufayli ularni tarbiyalashda ota - onaning ongi, ma’naviyati, bilimi, tarbiyalanganligi muhim ahamiyatga egadir.
Aniq bir maqsadga qaratilgan tarbiyaning samaradorligi tarbiyachining qanday metoddan foydalanishiga bog’liq.
Metod, ya’ni usul axborotni uzatish va qabul qilish xarakteriga qarab:
1. So’z orqali ifodalash usuli.
2. Ko’rgazmalilik usuli.
3. Amaliy namuna usuli.
4. Rag’batlantirish va jazo usullariga bo’linadi.
Bu metodlar o’z navbatida quyidagi guruhlarga bo’linadi.
Birinchi guruh - so’z orqali uzatish, maslahat berish, ma’lumotlarni eshitish orqali qabul qilish, hikoya, ma’ruza, suhbat va boshqa usullarga.
Ikkinchi guruh - kinofilmlar, tasviriy san’at, badiiy san’at va boshqa ko’rish orqali tarbiyalash usullariga.
Uchinchi guruh - tarbiya jihatlarini amaliy mehnat harakatlari orqali berish, o’rnak ko’rsatish, boshqalar mehnatini misol tariqasida ko’rsatish.
To’rtinchi guruh - yaxshi bajarilgan ishlarni o’rtoqlari oldida ma’qullash, minnatdorchilik bildirish, iqtisodiy va ma’naviy rag’batlantirish.
Jazo - bu bolaning noto’g’ri qilgan ishiga o’zini iqror qildirish.
Tarbiya jarayoniga, milliy ma’naviyatimizga, mafkuraga oid tushunchalarni ko’rib chiqaylik:
Tarbiya - har bir insonning hayotida, yashashi mobaynida orttirgan saboqlari va intellektual salohiyatlarining ijobiy ko’nikmasini o’zgalarga berish jarayoni.
Tarbiyalanganlik - jamiyatda qabul qilingan axloqiy normalarga bo’ysunish va o’zgalarning nafratini qo’zg’atadigan hatti harakatlardan o’zini tiya bilish.
Beruniy insonning kamolatga yetishishida ilmu ma’rifat, san’at va amaliyot asosiy rol o’ynasada, nasl - nasab, ijtimoiy muhit va turmush qonuniyatlari ham katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaydi. Uning fikricha inson kamolga yetishuvining eng muhim omillari ilm ma’rifatli bo’lish va yuksak axloqlilikdir. Axloqlilikning belgilari yaxshilik, to’g’rilik, adolat, kamtarlik, saxovat, oliyjanoblik, do’stlik va hamkorlik, mehnat, poklik, go’zallikka intilish kabilardir.
Adolat - hayotiy masalalarni axloqiy va huquqiy normalarni rioya etgan holda hal etishdir.
Adolat tushunchasi bilan bog’liq jihatlar juda keng qamrovli bo’lib, adolatli inson, adolatli jamiyat kabi tushunchalar shunday jihatlar jumlasiga kiradi. Adolatparvarlik tushunchasi esa adolat tamoyili amal qilgan holda ish olib borish, yo’l tutish, faoliyat yuritish demakdir. Prezidentimiz I.A.Karimov "O’z kelajagimizni o’z qo’limiz bilan qurmoqdamiz" (1999 yil, 13 fevral) mavzusidagi "Turkiston" gazetasi muxbirining savollariga javoblari biz uchun dasturilamal bo’ldi.
· Vatan, millat taqdiri hal bo’ladigan qaltis vaziyatda to’g’ri yo’lni tanlash uchun avvalo tarixni yaxshi bilish, hayotning achchiq- chuchugini bilish kerak.
· Adolat biz qurayotgan jamiyatning mezoni bo’lmog’i darkor.
· Endi, eski jamiyatni inkor qilish yoki ma’qullash kayfiyatidan voz kechib, bunyodkorlik kayfiyatiga o’tish kerak.
· Millat, davlat, jamiyat taqdiri hal bo’layotgan pallada o’zligimizni anglash, ma’naviy ildizlarimizni unutmaslik.
· Insonlar tafakkurini boyitish, uni yangi ma’no va mazmun bilan to’ldirish lozim.
Mamlakatimizning huquqiy demokratik davlat qurish jarayonida o’tmishimizning hali o’rganilmagan sahifalarini tadqiq etish, davlat va siyosiy arboblarimiz nomlarini xalqimizga qaytarish, huquqiy qadriyatlarimizni tiklashga alohida e’tibor berilmoqda. « Biz uchun mustaqillik-eng avvalo, o’z taqdirimizni qo’limizga olish, o’zligimizni anglash, milliy qadriyatlarni, urf-odatlarni tiklash, mu’tabar shu zaminda, tinchlik-osoyishtalikni, barqarorlikni saqlashdir».
Shu nuqtai nazardan, yoshlarda ijtimoiy adolat haqidagi tushunchalarni shakllantirish ijtimoiy adolat mavzui doirasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, «adolat» keng qamrovli tushuncha sifatida ijtimoiy munosabatlarning barcha jabhalarini qamrab oladi. « Adolat, axloq va huquq kategoriyasi sifatida axloqiy-huquqiy munosabatlarni nazorat qilib turuvchi, odamlarning faoliyatiga baho beruvchi zaruriy o’lchovdir»,-deb yozadi F. Nizomov.
Har qanday jamiyat ijtimoiy adolat normalariga rioya qilishi bilan yuksalish darajasi belgilanadi. Tarixga nazar tashlasak, turli jamiyatlarda adolat nizomi yaratishda xilma-xil yondashuvlarga amal qilib kelinganligining guvohi bo’lamiz.
Istiqlol sharofati bilan ko’plab ajdodlarimizning ilmiy merosi va ularda ilgari surilgan adolat to’g’risidagi g’oyalar atroflicha o’rganish zamon talabi bo’lib qolmoqda. Ayniqsa , O’zbekiston Respublikasida chuqur huquqiy bilimlarga ega, sotsiomadaniy darajasi rivojlangan, amaliy ko’nikma-malakalarni egallagan, raqobatbardosh kadrlar talab qilinadi. Shu sababli yoshlarda ijtimoiy adolat to’g’risidagi tushunchalarni kamol toptirish uchun zamin yaratish lozim. Kelajakda mutaxassis bo’lib yetishuvchi kadrlar, bugungi kun uzluksiz ta’lim qatnashchilari huquqiy davlat muammolarini to’g’ri baholay oladigan, chuqur huquqiy bilimlarga ega, ijtimoiy hayot sohalari ichki qonuniyatlari to’g’risidagi tushunchalarni egallab borishlari zarur. Hozirgi zamon talablaridan kelib chiqqan holda yoshlar rivojlanayotgan huquqiy demokratik davlatdagi ijtimoiy sohadagi islohatlar, ahloqiy-huquqiy munosabatlar kabi masalalarga alohida e’tibor berishlari lozim.
Mazkur tushunchalarni shakllantirishda uzluksiz ta’lim tizimi shaxsning ijtimoiy munosabatlarga kirishishida asosiy bo’g’in bo’lib hisoblanadi. Hayotda adolat me’yorlariga rioya etish ijtimoiy-axloqiy, ma’naviy-ruhiy jarayondir.
Xuquqiy tarbiya muammolari va ularni ta’lim-tarbiya jarayoniga tadbiq qilish muammolariga bag’ishlab ilmiy izlanish olib borgan olimlar: A. Saidov, B. Karimov, I. Ergashev, A. Begmatov qarashlari qimmatli ahamiyatga molikdir.
Ma’lumki, inson jamiyatda erishishi mumkin bo’lgan narsalar-mulk, daromad, ijtimoiy maqom, hokimiyat, huquqlar insonlararo munosabatlaridagi adolatga bog’liq. Moddiy ne’matlar va xizmat turlari, ijtimoiy (obro’, hurmat-ehtirom),siyosiy ne’matlar ( siyosiy erkinliklar, shaxs huquqi), sog’liqni saqlash kishilarning ijtimoiy ahvoli kabi sohalarda odamlar adolat muammolariga katta e’tibor beradilar. Mutafakkir Shahobiddin Am’aqi odil shoh g’oyasini ilgari surar ekan, ayni paytda hukmdorga adolat me’yorlariga rioya qilish lozimligini o’qtiradi. Jamiyatdagi mavjud sotsial guruhlar, sinflar, tabaqalarga nisbatan moddiy ma’naviy ne’matlarni ulashishiga «chun xurshed meboyat zist», ya’ni quyosh singari barchaga baravar, barchani birday ko’rib, adolat yuzasidan taqsimlash lozimligini ta’kidlaydi. Alloma o’z madhiyalarida ilm ahli, ziyolilar dehqon, hunarmand xizmatchilariga alohida ahamiyat qaratish, jamiyat barqarorligi va taraqqiyot yo’lida qilayotgan mehnatlarini qadrlash kerakligini aytib, o’z faoliyatida ham shunga erishishga intiladi.
«Mutafakkir Am’aqi Buxoriy adolat-Ollohning benazir inoyatidir, undan barchani bahramand qiling-degan g’oyani ilgari surgan. Bu borada mashvarat (kengash)ga alohida ahamiyat berib, jamiyatni adolatli bojarishda uning vazifasi muhim ekanligiga e’tibor qaratadi». Bu bilan davlatning kuch qudrati faqatgina iqtisodiy imkoniyatlar, kuchli qushin, mirshab va qozilarga emas, balki adolat tamoyilining amal qilishga hamda uning amaliy faoliyatiga ham bog’liqligini ko’rsatib beradi.
Tarbiya jarayonida o’qituvchi, tarbiyachilarning asosiy vazifasi ta’lim - tarbiya berish, o’kuvchilar bilim, ko’nikma malakalarini muttasil oshirib borish, ularda tafakkur, ilmiy dunyoqarash va mafkuraviy tushunchalarni shakllantirishdan iboratdir.
Mafkura - inson ruhiyati, tafakkur va dunyoqarashini o’zgartiradigan kuchli vositadir. Uning g’oyalari xalqning ishonch - e’tiqodi, intilish va manfaatlari ifodasiga aylansa yetarlicha samara beradi. Shuning uchun ham mafkura sohasidagi targ’ibot va tashviqot ishlarini, o’quvchilarning tushunchasi, aql - idroki va tafakkur darajasini inobatga olgan holda marifiy yo’l va usullar orqali amalga oshirish taqoza etiladi.
Tarbiya usuli tarbiyachi va tarbiyalanuvchilarning hamkorlikdagi faoliyat va o’zaro ta’sir ko’rsatish usullaridir.
Nimalarni tarbiya vositasi deb hisoblash mumkin?
Tarbiya vositalari biron - bir tarbiyaviy masalani maqsadga muvofiq yo’l bilan hal qilishni tashkil etish uchun ishlatiladi. (Ko’rsatmali ko’nikmalar, kitoblar, radio,televideniye). Bundan tashqari o’quvchilar jalb qilingan faoliyat turlari kinofilmlar, san’at asarlari, o’kuvchining jonli so’zi, bolalar o’yini, sport, badiiy havaskorlik to’garaklari va boshqa faoliyat turlari tarbiya vositalari bo’lishi mumkin.
Tarbiya vositalari tarbiyaviy maqsadlarni amalga oshirish uchun o’qituvchi - tarbiyachining tarbiya tizimiga kiritilishi lozim. Masalan, maktab kutubxonasi tarbiya vositasi bo’lishi uchun o’qituvchi va kutubxonachi yozuvchilar bilan uchrashuv, o’qilgan va yangi kitoblarning muhokamasini, taqdimotini uyushtirishi lozim.
Tarbiya usullarini to’g’ri tanlashning tarbiya jarayonidagi ahamiyati qanday?
Tarbiya natijasi tarbiya jarayonining usullari, uslubi, vositalari va shakllaridan mohirona foydalanishga bog’liq. Tarbiyachilar ta’sir etishning bola shaxsiyatiga mos usulini eng maqbul usulini tanlab olishi, uning shaxsini o’zgartirishi uchun kerakli shart - sharoit yaratishlari lozim. Tarbiya usullari har bir bolaga har qaysi bolalar jamoasiga alohida munosabatda bo’lishni nazarda tutadi.
Xalq pedagogikasi o’zbekona axloq, odob va tarbiyaning murakkab barcha qirralarini o’zida mujassamlashtiradi. Xalq pedagogikasida turli xil tarbiya usullari va vositalaridan foydalaniladi. Bu usul vositalar nihoyatda rang - barang bo’lib, ko’p tomonlari bilan ilmiy pedagogikaning shakllanishida ham o’z ta’sirini ko’rsatgan.
Xalq pedagogikasida qo’llanilgan juda xilma-xil tarbiya usullari quyidagi tarzda umumlashtirilgan.
1. Tushuntirish (maslahat berish, uzr so’rash, yaxshiliklar haqida so’zlash, o’rnak bo’lish).
2. Nasihat berish (o’git, undash, ko’ndirish, iltimos qilish, oq yo’l tilash, yaxshiliklar haqida so’zlash, rahmat aytish, duo qilish).
3. Namuna bo’lish (maslahat so’rash, o’rnak bo’lish).
4. Jazo (ta’kidlash, ta’na - gina, tanbeh berish va h.k.)
Tarbiya usullarini o’rganish, tahlil qilish bu usullardan pedagogik jarayonda foydalanish ko’nikma va malakalarni egallashni osonlashtiradi. Ularni shartli ravishda quyidagi guruhlarga bo’lish mumkin:
1) ijtimoiy ongni shakllantiruvchi usullar, 2) faoliyat jarayonida ijtimoiy xulq va tajriblarni shakllantirish usullari, 3) o’z - o’zini tarbiyalash usullari, 4) rag’batlantirish usuli va jazolash usullari.
Ijtimoiy ongni shakllantiruvchi usullar. Bu guruhga o’quvchilarda ilmiy dunyoqarash, e’tiqodni ma’naviy va siyosiy g’oyalarni shakllantirish maqsadida ularni ongi, hislari, irodasiga ta’sir ko’rsatish usullari kiradi. Bu guruh usullarining mohiyati shundan iboratki ular orqali jamiyat o’quvchilar ongiga qanday talablar qo’yayotgani yetkaziladi. Yoshlarning dunyoqarashini shakllantirish, hayot mazmunini tushunib olishlariga ko’maklashishishi uchun ijtimoiy ongni shakllanti-ruvchi usullar ishlatiladi. O’quvchilarda siyosiy onglilik va ijtimoiy faolligini tarbiyalash lozim. Tushuntirish bu ijtimoiy ongni shakllan-tirishda eng muhim ishlatiladigan omildir.
Tushuntirishning vazifasi o’quvchilarni yuksak madaniyatli milliy g’ururli qilib tarbiyalashga yordam berishdan iborat.
Tushuntirishda o’quvchilarda mamlakatimiz fuqarosining o’z davlatiga nisbatan huquqlar va burchlar bilan bog’langanligi borasida ma’lumotlar beriladi. Bunda davlat bayrog’i, gerbi, madhiyasi, konstitutsiyasiga sadoqat ruhida tarbiyalashning roli katta.
Suhbat va hikoya. O’quvchi shaxsini g’oyaviy - axloqiy shakllantirishda o’qituvchining jonli so’zi eng ta’sirli usul hisoblanadi. Suhbat turli mavzularda uyushtirilishi mumkin. Axloqiy mavzular (kishilarning jamiyatdagi axloq mezonlari, o’zini tutish qoidalari), estetik mavzularda (tabiat go’zalligi hamda inson go’zalligi), siyosiy mavzularda (davlatning ichki va tashqi siyosati), ta’lim va bilimga oid mavzularda (koinot hayvonot dunyosi).
Suhbat davomida o’quvchilarni qalbidagi fikrlarini aytishga jasoratini uyg’otishga, o’quvchilarni fikrlashga majbur qiluvchi savollar berish juda muhimdir. Bu borada bahs va munozaralarning ahamiyati katta.
Hikoya. O’quvchilar, odatda hayotdan va boy badiiy adabiyotdan olingan aniq misol bilan to’liq hikoyalarni tinglaydilar. Ularga axloq mezonlari, tarix qoidalari, Vatanimizning tarixiy, tabiiy boyliklari, san’at haqida hiqoya qilib berish mumkin. Badiiy adabiyot, radio, televideniye, Internet tarmoqlaridagi, gazeta va jurnallardagi maqolalar ham qimmatli material bo’ladi. Suhbat ham, hikoya ham o’kuvchilarning yoshiga mos mavzularda ular tushunadigan so’zlar orqali ravon va jonli o’tkazilishi kerak.
Namuna. O’quvchilar o’z atrofidagi kishilarda hamma yaqin axloqiy sifatlarni ko’rishlari va namuna olishlari nihoyatda muhimdir. O’qituvchining shaxsan o’zi namuna bo’lishi ayniqsa yoshlarga katta ta’sir ko’rsatadi. Ular o’qituvchining darsida va hayotda o’zini qanday tutishini, muomala qilishini, o’z vazifalarini qanday bajarishini kuzatib yuradilar. O’quvchilar o’zlariga yaqin kishilarning xulq atvoriga taqlid qiladilar. Xulq atvor bolalarda yaxshi sifatlarning, ba’zan esa yomon sifatlarning ham tarkib topishiga ta’sir ko’rsatadi. Shuning uchun o’qituvchi va ota - onalar har qanday holatda ham o’zlarini tuta bilishlari kerak. Maktablarda ishlab chiqarish ilg’orlari bilan uchrashuvlar o’tkaziladi. Bolalar o’z ota - onalarining ishlab chiqarishdagi muvaffaqiyatlari bilan faxrlanadilar. Ularga taqlid qilishga intiladilar. Namuna xalq pedagogikasida ham keng foydalanilgan. Ota - bobolarimiz o’z farzandlarini hamisha yaxshilardan, donolardan, ulug’ kishilardan ibrat olishga da’vat qilib kelganlar. Masalan, «Qush inida ko’rganini qiladi», «Onasini ko’rib qizini so’ra», «Axloqni axloqsizdan o’rgan», «Bola oldida birovlarning g’iybatini qilma, bolang g’iybatchi bo’ladi». Shu oddiy iboralar ostida qancha fikrlar jamlanib yotganligining guvohi bo’lamiz.
Faoliyat jarayonida ijtimoiy xulq tajribalarini shakllantirish usullari. Bola rivojlanishining o’zligini bilishning asosiy omili bu faoliyatdir. Faoliyat nuqtai nazaridan yondoshilgan qoida maktab hayotining hamma jabhalarida ta’lim - tarbiya jarayonlariga singib ketadi. Faoliyat o’quvchilar bilimlarini mustaqil egallashga undaydi, ularni qay ixtisosga moyilliklarini aniqlashga ijodiy faoliyat tajribasini hissiy qadriyat munosabatlarini o’zlashtirishlariga yordam beradi. O’quvchilarni birinchi sinfdan boshlab imkoniyat darajasidagi foydali mehnat bilan shug’ullanishlariga erishish lozim. Bunday mehnat ko’pchilik jamoa bo’lib bajarilganida yaxshi natija beradi.
Mashq va o’rgatish usullari. Bolalar faoliyatini oqilona maqsadga muvofiq ravishda va har tomonlama tashkil qilish mumkin. Mashq- bolalarni axloq mezonlari va xulq- atvor qoidalarini bajarishga odatlantirishdir. O’quvchilar odatlarni yaqinlaridan meros qilib olmaydilar, balki ular bilan muntazam muloqotlari tufayli taqlid qilish tarbiya orqali hosil qilinadi. Oxir oqibatda odat ehtiyojga aylanadi.
Mashq - muayyan hatti- harkatlarni ko’p marotaba takrorlashni o’z ichiga oladi. Mashq natijasida ko’nikma, odat, yangi bilimlar hosil qilinadi. Mashq va odatlantirish o’quvchi uchun ongli ijodiy jarayondir.
O’rgatish. Ijodiy xulq- atvorning odatiy shakliga aylantirish maqsadida o’quvchilarning bajarishlari uchun rejali izchil tarzda tashkil qilinadigan turli harakatlar amaliyot ishlaridir. O’rgatish bir necha izchil harakatlar yig’indisidir. O’qituvchi bu harakatlarni ko’rsatib berishi, tushuntirishi lozim. Tarbiya amaliyotida mashq qilishning turli xillari mavjud. Faoliyatda mashq qilish mehnat ijtimoiy faoliyat, jamoadagi faoliyat, o’zaro munosabat odatlarini tarbiyalashga qaratilgan. Kun tartibi mashqlari maktabda, oilada o’rnatiladigan kun tartibiga amal qilish, shu bilan bog’liq o’z istak va harakatlarini boshqarish va bo’sh vaqtdan to’g’ri foydalanish odatiga o’rgatadi.
Topshiriq. O’quvchilarning mehnat topshiriqlarini jamoa bo’lib bajarishlari ularda ijtimoiy xulq tajribalarini shakllantirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Pedagogik talab - bu usul tarbiyaning eng muhim usullaridan biridir. Talab - bu o’quvchining turli vazifalarni bajarishi; ijtimoiy xulq atvor mezonlarini ifodalashi; u yoki bu faoliyatla qatnashib bajarilishi zarur bo’lgan aniq bir vazifa sifatida namoyon bo’lishi; u yoki bu haraktda rag’batlantiruvchi yoki uni to’xtatuvchi bo’lishi; oqilona harakatlarga undovchi bo’lishi mumkin[1].
O’z - o’zini tarbiyalash usullari. O’quvchida o’z - o’zini tarbiyalashga, ya’ni o’z ustida ongli batartib ishlashga ehtiyoj paydo bo’lgandagina tarbiya jarayonini samarali deb hisoblasa bo’ladi. O’z - o’zini tarbiyalash o’quvchilarning o’zini - o’zi idora qilishi organlari faoliyatida qatnashishlari, ularning ijtimoiy faollik mavqeini shakllantirishning ta’sirchan vositasidir. O’quvchilar o’qishda, tarbiyada, dam olishda o’z -o’zini tarbiyalash usullaridan foydalanadilar, o’z-o’zini tarbiyalash tashabbuskorlik va mustaqillikka undaydilar. O’z - o’zini tarbiyalash sifatlari bola bunga tayyor bo’lganda, u o’zini shaxs deb anglay boshlagach, amaliy ishlarga mustaqillik ko’rsata boshlagan vaqtda paydo bo’ladi.
O’z - o’zini tahlil qilish- o’z shaxsini, fazilatlarini tahlil qilishga xatti - harakatlari haqida o’ylashga o’rgatadi. O’z - o’zini nazorat qilish uchun o’quvchi o’zining yurish -turishi, intizomi, ijobiy odatlarining ortib borishi va aksincha salbiy odatlarining kamayib borishi haqida muntazam ravishda kundaligiga yozib boradi.
O’z- o’zini baholash- o’quvchining qobiyalitini o’z kuchi bilan yuzaga chiqishiga yordam beradi. O’z - o’zini baholash o’zining imkoniyatlarini hisob - kitob qilish, baholash, chetdan turib xolisona baho berish, o’zidan qoniqish hosil qilishda yordam
beradi.
Tarbiyada rag’batlantirish usulidan qanday foydalaniladi, uning qanday turlari va ahamiyati bor? degan savol ko’pchilikni qiziqtirsa kerak. O’quvchi bolalarning har biri o’sib kamol topib borayotganidan xursand bo’layotganini sezish kerak. Faqat shundagina bola o’zining olg’a siljib borayotganini ko’ra biladi. Bunga erishish uchun rag’batlantirish usulidan foydalaniladi. Rag’batlantirish bolaga ishonishga, unga bo’lgan ijobiy qobiliyat va fazilatlarning kuchini e’tirof etishga asoslangan. Rag’batlantirish o’quvchining ko’nglini oladi, uni quvontiradi, yanada yaxshiroq bo’lishga undaydi.
Rag’batlantirishning quyidagi turlari mavjud.
O’quvchining kuchi yetadigan mas’uliyatli topshiriq berish orqali bolaga ishonch bildirish; Maqtash: (ota - ona, jamoa oldida); Esdalik sovg’a berish; Maqtov yorlig’i berish; Stipendiya bilan taqdirlash; teleko’rsatuvlarda maqtash; Hurmat taxtasiga rasmini qo’yish; Qo’llab-quvvatlash; Ma’muriyat va jamoaning minnnatdorchiligi; Musobaqalarda bayroq ko’tartirish; Gazetada e’lon qilish ; Televideniyeda ko’rsatuv uyushtirish; Rag’batlantirish pedagogik talab asosida bo’lishi lozim. Tarbiyalovchi oshirib maqtashi, boshqa o’quvchi- yoshlarga taqqoslab kesatishga yo’l qo’ymasligi, rag’batlantirishga bo’lgan talabchanligini oshirish lozim.
Pedagogikada jazolash usuliga qanday qaraladi, uning qanday turlari qo’llaniladi degan savolning tug’ilishi tabiiy.
Tanbeh berish - eng yengil jazo chorasi bo’lib hisoblanadi.
Ogohlantirish - noma’qul xatti - harakatlarning oldini olish uchun ishlatiladi.
Hayfsan berish - tanbeh va ogohlantirish kutilgan natija bermasa, o’quvchi intizomni buzaversa, hayfsan beriladi.
Uyaltirish - odamning eng nozik sezgilaridan biri uyat, or - nomus sharmu hayodir.
Odamda izzat - nafs, odamiylik qancha kuchli bo’lsa, o’zini - o’zi avvalo hurmat qilsa unda or - nomus kuchli bo’ladi.
Xalqimiz uyat - o’limdan qattiq deb bejiz aytmagan. Shu sababli bolani ha deb uyaltirmasdan boshqa vositalarni ham qo’llash kerak.
Jazo haqqoniy me’yorda qo’llanilsa samarali bo’ladi.
Shunday qilib: Tarbiya jarayoni inson hayotida rivojlanib, takomillashib boradi. Yuqorida ta’riflab berilgan tarbiya tamoyillari va umumiy metodlari o’quvchilarga pedagogik ta’sir ko’rsatish sohalarining hammasini qamrab olmaydi.
Pedagogika fani va amaliyoti har doim rivojlanib boradi, shuning uchun ham tarbiya jarayoni ham, uning qoida va usullari ham takomillashib boraveradi. Tarbiyaning samarasi bu qoida va usullarning to’g’ri qo’llanishiga, bu vosita va usullar muayyan ijtimoiy guruhda tarbiya tizimidan qanchalik o’rin olganiga, ularning tarbiya vazifalari va maqsadlariga qanchalik javob berishiga bog’liqdir.