Temur davlati va unga qaram yerlarning mustahkamlanishi Mamlakatning siyosiy va iqtisodiy mavqeyini mustahkamlab, koʻpdan davom etib kelayotgan ichki tarqoqlikka barham berish, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish maqsadida Amir Temur (1361-yil iyunida) Samarqandda katta qurultoy chaqirdi. Unda markaziy davlat tizimini shakllantirish va qoʻshin tuzish masalalari muhokama etildi.
El-yurtni boshqarishda harbiy kuchning ahamiyatini yaxshi tushungan Amir Temur qoʻshinning tuzilishiga katta ahamiyat berdi. U „amir“ va „amir ul-umaro“ kabi yuqori darajali harbiy unvonlar joriy qildi. Qoʻshinni harbiy jihatdan isloh qilar ekan, u ayniqsa lashkarboshilarni tanlash va ularni tarbiyalash, harbiy qismlar va ularning joylashish tartibi, navkar va sarbozlarning qurollanishi hamda intizom masalalariga nihoyatda eʼtibor beradi (yana q. Temuriylar harbiy sanʼati).
Amir Temur hokimiyat tepasiga kelgach, dastlabki vaqtlardayoq mamlakatda roʻy bergan ogʻir iqtisodiy tanglikni bartaraf qilish uchun eng avvalo soliq tizimini tartibga soldi. Davlat soliqlarini yigʻishda aminlar, kalontarlar va soliq yigʻuvchilarni raʼiyatga nisbatan insof va adolatli boʻlishga, qonunga xilof ish tutmaslikka chaqirdi, chunki saltanatning barqarorligi koʻp jihatdan raʼiyatning hol-ahvoli, uning davlat va davlat boshligʻiga boʻlgan sadoqatiga bogʻliq. Raʼiyatni himoya qilish qonun bilan mustahkamlangan, qonun barchaga barobar boʻlgan. Amir Temur nafaqat oʻz xalqini, balki zabt etilgan mamlakatlarning aholisini ham imkoni boricha qonun himoyasiga olgan. Ularni asirlik va talon-torojlardan saqlagan.
Islom dini bilan aloqasi
Temur sunniy musulmon boʻlgan, ehtimol, Naqshbandiya tasavvufi, Hanafiy mazhabiga mansub boʻlib,u Mavarinnatda nufuzli boʻlgan. Uning bosh rasmiy diniy maslahatchisi va maslahatchisi hanafiy olimi Abdu l-Jabbor Xorazmiy edi. Termizda u Gur-amirda Temur bilan birga dafn etilgan Balxlik rahnamo Sayyid Barakaning ustozi taʼsiriga tushgan edi.
Temur hazrati Ali va Ahli-baytni yuksak qadrlashi bilan mashhur boʻlgan va turli olimlar tomonidan oʻzining "shiaparast" pozitsiyasi bilan eʼtirof etilgan. Biroq u shialarni ham sahobalarning xotiralarini tahqirlaganliklari uchun jazoladi. Temur, shuningdek, sunniylik uzrlari bilan shialarga hujum qilgani, boshqa paytlarda esa sunniylarga diniy sabablarga koʻra hujum qilgani ham eʼtirof etilgan. Aksincha, Temur saljuqiylar sultoni Ahmad Sanjarni Alamutda ismoiliylarga hujum qilgani uchun yuqori baholagan boʻlsa, Temurning oʻzining Anjudandagi ismoiliylarga qilgan hujumi ham xuddi shunday shafqatsiz edi.
Oq Oʻrda bilan jang
Amir Temur Movarounnahrni moʻgʻullar hukmronligidan ozod etib, bu qad. mamlakatda mustaqil davlat barpo etgan boʻlsada, hali mamlakatda barqaror tinchlik oʻrnatilgan emas edi. Bir tomondan ayrim viloyat hokimlari Amir Temur hakimiyatini tan olishdan bosh tortib turgan boʻlsalar, ikkinchi tomondan mamlakatning sharqiy va shim. hududlari notinch edi. Moʻgʻuliston bilan Oq Oʻrda hukmdorlari Fargʻona vodiysining sharqi, Oʻtror, Yassi (Turkiston) va Sayram sh.lariga xavf solib, bu hududlarga tez-tez hujum qilar va aholini talontoroj qilardi. Shuning uchun ham Amir Temur dastlabki yillarda mamlakat sarhadlari xavfsizligini taʼminlashga katta ahamiyat berdi. Isyonchi amirlarga qarshi shafqatsiz kurash olib bordi. 1370-yil kuzi va 1371-yil bahorida amir Zinda Chashmga zarba berib, Shibirgʻon viloyati boʻisundirildi. Balx va Toshkent viloyatlari ham Amir Temur hokimiyatini tan oldilar. Ammo Xorazm Oq Oʻrda hukmdorlariga suyanib, hanuz boʻysunishdan bosh tortib kelardi. Xorazmni Amir Temur Chigʻatoy ulusining ajralmas qismi deb hisoblab, uni oʻz davlatiga koʻshib olish siyosatini tutdi. Ammo bu masala elchilar vositasida tinch yoʻl bilan hal etilmagach, Amir Temur Xorazm hududiga besh marotaba yurish qildi. Birinchi yurishi 1371-yil yoz (iyul)ida Kot shahrini egallash bilan yakunlandi. Amir Temurning 1373-yil bahori va 1375-yil yozida Xorazm tomonga qilgan ikki yurishi natijasiz tugadi. Bu asnoda Oltin Oʻrda xoni Toʻxtamish bilan ittifoq tuzib olgan Xorazm hukmdori Yusuf soʻfi, uning yordamida Amir Temur davlati hududlariga bir necha bor yurish qilib, Qorakoʻl viloyati va Buxoro tumanlarini talon-toroj etdi. Bunday vaziyat shubhasiz, 1379-yilda Amir Temurni toʻrtinchi marotaba Xorazmga qoʻshin tortishga majbur etdi. Lekin, bu yurish ham avvalgilari kabi sulh tuzish bilan tugadi. Biroq shunga qaramay, Yusuf soʻfi ilgari Xorazmning Chigʻatoy ulusiga tegishli boʻlgan jan.-sharqiy (Kot va Xiva sh.lari birga) qismini yana qaytadan bosib oldi. Amir Temur davlatiga nisbatan Yusuf soʻfining tutgan bunday tajovuzkorona siyosati Xorazm ustiga Amir Temurning beshinchi marta yurish qilishiga sabab boʻldi. 1388-yilda Xorazmning poytaxti vayron etilib, uning hududlari Amir Temur davlatiga boʻysundirildi.
Mogʻuliston istilosi
Bu orada Amir Temur Moʻgʻuliston hokimi Qamariddin bilan ham toʻqnashib qoldi, chunki bu davrda uning Movarounnahrga boʻlgan talonchilik xurujlari kuchayib ketgandi. 1370 — 71 yillarda u Toshkent va Andijon ustiga bir necha bor bosqin qilib, talab qaytgandi. 1376-yilda esa Qamariddin hatto Fargʻona vodiysining talaygina qismini bosib oldi. Amir Temur mamlakatning shim.-sharqiy hududlariga nisbatan boʻlayotgan muttasil taxdidni bartaraf qilish uchun Qamariddinga jiddiy zarba berishga kirishadi. Yigirma yil (1371 — 90) mobaynida Sohibqiron Moʻgʻulistonga yetti marta yurish qilib, moʻgʻul hukmdorlari Anqotoʻra va Kamariddin ustidan gʻalaba qozondi. Shu zaylda Amir Temur Movarounnahr va Xorazmda ichki tarqoqlik, oʻzaro nizolar, shuningdek Moʻgʻuliston tomonidan boʻlib turgan tazyiqqa chek qoʻyib, ushbu hududda yashovchi elu elat va xalqlarni yagona davlatga birlashtirdi. Bu shubhasiz, Movarounnahr aholisi taqdirida ijobiy ahamiyat kasb etdi.
Eron va Kavkaz yurishlari
Ammo, Amir Temur bu bilan qanoatlanmadi. Tez orada u qoʻshni davlatlar va xalqlar ustiga yurish qilib, ularni oʻziga boʻysundirish va markazlashgan buyuk saltanat barpo etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi. Bu davrda Oltin Oʻrda, Xuroson va Erondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat uning uchun juda qoʻl keldi. Amir Temur harbiy yurishni Xurosondan boshladi. 1381-yil u Hirotni egalladi. Saraxs, Jom va Qavsiya sh.lari jangsiz taslim boʻldi. Xuroson, xususan uning poytaxti Hirot strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega boʻlib, Eron, Iroq, Shom va boshqa mamlakatlarga oʻtishda koʻprik vazifasini oʻtardi. 1381 — 84 yillar davomida Amir Temur Eronning katta qismini egalladi. Avval (1381) Kalot, Turshiz va Sabzavor, keyin (1383) Seistonning Zireh, Zova, Farah va Bust qalʼalari, 1384-yilda esa Astrobod viloyati va Ozarbayjonning Omul, Sori, Sultoniya va Tabriz shaharlari istilo qilindi.
Amir Temurning 3 yirik istilolari
Amir Temur Eron, Ozarbayjon, Iroq va Shom (Suriya) ustiga 3 marta lashkar tortdi. Bu yurishlar tarixda „3 yillik“, „5 yillik“ va „7 yillik“ urushlar nomi bilan mashhur. 3 yillik (1386 — 88) harbiy istilolar oqibatida Janubiy Ozarbayjon, Iroqning shimoliy qismi, Gurjiston va Van koʻli atrofidagi yerlar egallandi.