7 yillik istilo Amir Temurning 1399—1404-yillarda olib borgan harbiy yurishlari natijasida Shomning Halab (Aleppo), Xums, Baalbek (Baʼalbak), Dimishq (Damashq) kabi yirik shaharlari va Iroqi Arabning Ubuliston oʻlkasi (qad. Kappadokiya) bilan Bagʻdod, shuningdek Turkiyaning katta qismi zabt etiladi. Anqara jangida Amir Temur jahonning buyuk sarkardalaridan biri Boyazid Yildirim ustidan gʻalaba qozondi. Turk sultoni asirga olindi. U bilan birga xotini serb malikasi Olivera, oʻgʻillari Muso va Iso Chalabiylar ham asirga tushdilar. Soʻng, Amir Temur Anadolu yarim orolini egallab, Oʻrta dengizning sharqiy sohilida joylashgan Izmir shahrini zabt etdi va salibchilarning Yaqin Sharqdagi oxirgi qarorgohiga barham berdi. Soʻngra, Egey dengizida joylashgan Xios va Lesbos orollaridagi Genuya mulklarining hukmdorlari unga taslim boʻldilar, Misr ham oʻz itoatkorligini izhor etdi. Amir Temur Anqara, Nikeya, Bursa va Izmir shaharlarini egallab, Vizantiya va butun nasoro olamining Boyazidga yigʻib bergan bojlaridan iborat katta boylikni qoʻlga kiritdi. Birgina Bursa shahridan olingan oltin va javohirlarning oʻzi kattagina karvonga yuk boʻlgan. Bandi qilingan Boyazid oʻrdugohga olib kelingach, Amir Temur unga hurmat va ehtirom koʻrsatdi. Uning vafotidan soʻng (1403-yil 9-mart) esa vorislariga himmat koʻzi bilan boqib, ularga beqiyos muruvvatlar qildi. Chunonchi Boyazidning toʻngʻich oʻgʻli Sulaymon Chalabiyni turklarning Yevropadagi viloyatlariga hokim etib tayinladi. Edirne (Adrianopol) shahri uning poytaxti qilib belgilandi. Anadoluning shimoliy-gʻarbiy qismi suyurgʻol sifatida Iso Chalabiyga inʼom qilinib, Bursa shahri uning poytaxtiga aylantirildi. Usmoniy turklar davlatining markaziy qismini boshqarishni Muso Chalabiyga topshirdi.
Amir Temur Usmoniy turklar davlatini butunlay bosib olish niyatida boʻlmagan, chunki u Yevropa davlatlarining Yaqin Sharq mamlakatlariga nisbatan tajovuzkorona niyatda ekanligini yaxshi tushunar edi. Shuning uchun ham Amir Temur Usmonli turklar davlatini saqlab qoldi va Boyazidning vorislariga muruvvat qoʻlini choʻzdi. Shunday boʻlsada, Boyazid ustidan qozonilgan bu gʻalaba bilan Amir Temurni Fransiya qiroli Karl VI (1380 — 1422), Angliya qiroli Genrix IV (1399 — 1407) tabriklab, unga maxsus maktub yubordilar. Chunki Amir Temur endigina uygʻonayotgan Yevropaga islom dinini yoymoqchi boʻlgan Usmoniy turklar davlatiga zarba berib, Yevropadagi nasroniylarning xaloskoriga aylangan edi.
Xitoyga yurishining boshlanishi
Amir Temur Kichik Osiyodan Samarqandga qaytgach, 1404-yil 27-noyabrda 200 ming qoʻshin bilan Samarqanddan Xitoy safariga chiqdi. Biroq Xitoy ustiga yurish Amir Temurning Oʻtrorda vafoti (1405-yil 18 fev.)amalga oshmay qoldi. Maʼlumki, Amir Temur 1405-yil kuchli shamollash sababli olamda oʻtdi deyiladi. Lekin, Amir Temurni vafotini tezlashtirgan boshqa sabablar ham bor. Ibn Arabshohning yozishicha (1436-yil yozilgan) kuchli sovuq natijasida " Temur ibrida (sovuqdan jismni zaiflashtiradigan kasallik)kasaliga chalinib, tabiblar uni dad etish maqsadida tayyorlagan tarkibida isitadigan moddalar, xushboʻyliklar va rezavorliklar boʻlgan xamr aragʻini isteʼmol qilgan. Tarixchi, Xondamirning fikricha Amir Temur oʻlimini tabiblar Dori sifatida tayyorlagan araq tezlashtirib yuborgan. Xondamir „ Habib us -siyar“ asarida shunday yozadi: "…sohibqiron shu asosda araqqa ragʻbat koʻrsatdi, unga javhar keltirishlarini buyurdi, koʻrinishidan suvdek boʻlsa ham sifati jihatidan olovdek edi. Oliyjanob Sohibqiron ikki kecha kunduz araq ichdi, ammo aslo ovqat yemadi. Shuning uchun mijozoda oʻzgarish yuz berdi. Bu oʻzgarishni tabiblar xumor belgisi boʻlsa kerak deb tushundilar. Yana unga bir -ikki qadah berdilar, harorati biroz taskin topdi, ammo vujudi va tabiatiga sharob taʼsir qildi shekilli, issigʻi Yana koʻtarilib ketdi. Sohibqiron sogʻligʻi yomonlashdi. Mazkur ichimlik bu vaqtda faqat tabobatda qoʻllanilib, mast qiluvchi funksiyasi oʻzlashtirilmagan edi. Temur kasalining kuchayishi va koʻp miqdorda isteʼmol qilingan araq sabab boʻlgani haqida oʻsha davr tarixchisi Hofiz Abru ham yozadi.[2] Amir Temurning vafoti haqidagi xabar garchi avvalda sir tutilsada, ammo koʻp vaqt oʻtmay bu noxush xabar mamlakat boʻylab tarqalib ketadi. Amir Temurning jasadi Samarqandga olib kelinib dafn qilinadi (qarang Amir Temur maqbarasi).