Tarix fanlari kafedrasi ummatov mirzohid zokirjonovich


Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati



Yüklə 351,5 Kb.
səhifə6/10
tarix16.12.2023
ölçüsü351,5 Kb.
#183439
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Tarix fanlari kafedrasi ummatov mirzohid zokirjonovich

Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati. Bitiruv malakaviy ishidan kasb hunar kollejlari va akademik liseylarda “O’zbekiston tarixi” fanidan hamda oliy o’quv yurtlari Tarix fakul’tetlari bakalavrlari uchun “O’zbekiston tarixi”, “O`rta Osiyoning qadimgi va o’rta asr shaharlari tarixi” va “Tarixiy toponomika” fanlaridan ma’ruza matnlari tayyorlashda, amaliy mashg’ulotlar olib borishda foydalanish mumkin.
Tadqiqotning tuzilishi va hajmi. Bitiruv malakaviy ishi kirish, ikki bob, xulosa, foydalanilgan manba va adabiyotlar ro`yxati hamda ilovalardan iborat.
I BOB. FARG’ONA VODIYSI, TOSHKENT VA ZARAFSHON VOHASI SHAHARLARI TOPONIMIKASI
1.1. Farg’ona vodiysi shaharlari toponimikasi
Mamlakatimiz juda uzoq tarixga ega ekanligi hech kimga sir emas. Yurtimizning qadimiy Buxoro, Samarqand, Xiva, Toshkent, Qo’qon shaharlari kabi ko’plab qadimiy shaharlarimiz mavjud. Yoshi 2000 yildan kam bo`lmagan shaharlar O`zbekiston hududida juda ko`plab topiladi.
Yurtimizda o’ziga xos mavqega ega bo’lgan hududlaridan biri bo’lgan Farg’ona vodiysi qadimiy va hamisha navqiron shaharlarga boy hisoblanadi. Farg’ona vodiysi shaharlari toponomikasida ham o’ziga xosliklar mavjud.
Xususan, O`zbekistonning yirik shaharlaridan biri, hozirda Farg’ona viloyatining markazi hisoblanadigan Farg’ona shahriga 1877 yilda asos solingan bo`lib, 1907 yilgacha Yangi Marg’ilon, 1907 – 1924 yillarda Skoblev nomlari atalgan bo`lsa-da, Farg’ona toponomikasi tarixi ancha qadimiy bo`lib, Farg’ona vodiysi nomi bilan uzoq tarixiy yo’lni bosib o`tgan.
“Farg'ona” toponimi haqida ham rivoyatlar bor. Masalan, rivoyatlarga ko’ra, Farg’onani sosoniy hukmdori Nushirvon (Anushirvon) bunyod qilgan va podsho bu yerga har bir joydan bittadan qabila olib kelgan ekan. Shunday qilib, turli joylardan kelgan kishilar imoratlar qurib, ekinlar ekkan. Kishilar ularni turli joylardan kelganligidan “Az har xona”“turli xonadonlardan kelganlar” (qurama) deb atay boshlaganlar. So’ngra az qo’shimchasi tushib qolib, Harxona bo'lib ketgan, bu esa bora-bora Farg’ona shaklini olgan emish. Huddi shu rivoyat arab geografi Ibn Xurdodbehning “Kitob ul-masolik val-mamolik” asarida (X asr), Hamidullah Qazviniyning “Nuzhat ul-qulub” asarida (1340 yil) va boshqa tarixiy yodgorliklarda ham keltirilgan6.
Yurtimizdagi qadimiy shaharlar qatoriga Marg’ilon shahrini ham kiritishimiz mumkin. Ayniqsa Marg’ilon shahrini YUNESKO e`tiboriga tushib, uning 2000 yillik yubileyini nishonlashga qaror qilinganligi alohida e`tiborga loyiq.
Marg’ilon Farg’ona vodiysi sharqiy yarmining janubiy qismida joylashgan. Marg’ilon va uning o`tmish tarixiga oid ma`lumotlar juda kam.
Marg’ilonning toponomikasi haqida so`z ketganda Isoqxon Ibratning “Farg’ona tarixi” asari etiborlidir. Bu asarda Marg’ilon shahrining paydo bo`lishida “Forsistondan muhojir bo`lib kelib, o`ltirg’on bechora dehqoni bodyashinlar” ning roli katta bo`lganligi ta`kidlanadi. Shahar nomining kelib chiqishini ham forsiy tilidagi “murg’u non”, ya`ni “tovuq va non” so`zi bilan bog’laydilar. Isoqxon Ibratning “Farg’ona tarixi” asarida Marg’ilon shahriga aynan mana shu forsistonliklarning talabi bilan asos solingan, deb keltiriladi va Marg’ilonga asos solinishini Iskandar Zulqarnayn bilan bog’laydi. Emishki, Iskandar Zulqarnaynning sharqqa qilgan yurishlari davrida Farg’ona yerida ishlovchi forsistondan kelgan aholi uning yo`liga tovuq va non bilan peshvoz chiqib, undan bir shahar bunyod etib berishini so`raganlar. Makedoniyaliklarning “bu nima?” degan savoliga ular “Murg’u non” deb javob bergan ekanlar7.
Ammo tarixiy manbalardan bizga ma`lumki, makedoniyalik Iskandar sharqqa yurishlari davrida Xo`jandga kelgani aniq. Ammo undan sharqqa Farg’onaning ichiga o`tolmagan. Shuning uchun ham yunon-makedon manbalarida Farg’ona viloyati haqida aniq ma`lumotlar uchramaydi. Faqat “Yaksart orqasida” allaqanday o`troq aholi borligi qayd etilgan xolos8.
Ayrim kishilar Iskandarning Marg’ilonga kelganligini Marg’ilondagi Iskandar qabri bilan isbotlashga urinadilar. Bu qabriston haqida Ibratning “Farg’ona tarixi” asarida shunday ma`lumot bor: “...Marg’ilonda podsho Iskandar degan iyidgoh mozor bordur, ul kishi tushgan yerlardur”9.
Ammo Farg’ona Iskandar saltanatiga kirmagan hudud sifatida sanaladi. Bizning muddaomiz Iskandarning Marg’ilonga kelgan-kelmaganligini aniqlash emas, balki Marg’ilonni o`sha davrda mavjud bo`lganligidir.
A. Nabiyevning “Tarixiy o`lkashunoslik” kitobida Marg’ilon haqida antik dunyo tarixchilarining ma`lumotini keltiradi. Unga ko`ra parfiyaliklar bir paytlar skif qabilalari orasidan quvilgan qabila edilar. “Parf” so`zi skifcha “quvilgan kishilar” degan ma`noni anglatadi. Ularning kiyinishi, tillari bir-biriga juda yaqin. parfiyaliklar ham, marg’ilonliklar ham mohir chavandoz bo`lganlar. Ular gaplashganda bir-birlarini tushunganlar. Shundan kelib chiqib muallif “Farg’ona” nomi Parfiyona – Parfona – Farg’ona bo`lmaganmikan, degan fikrni beradi.
Manbalar, Marg’ilon shahrining paydo bo`lish davrini miloddan oldingi davrlarda ekanligini ko`rsatadi. Marg’ilon shahri haqidagi aniq ma`lumotlar X asrdan boshlab yozma manbalarda yozilgan bo`lsada, bu shaharning bino bo`lgan davrini yuqoridagi dalillarga asoslanib 2000 yildan oshiqroq deb ayta olamiz.
Shuningdek, H. Xasanov o`zining “Tarixiy-geografik nomlar izohoti” nomli asarida “Marg’ilon” so`zini Mari, Marg’ilon, Murg’ob toponimlari sistemasida izohlaydi va kitob muallifi shunday yozadi: “Murg’-ob” ni “Qo`sh-suv” deb izohlash mumkin. Aslida unday emas. Murg’ob, Mari, shuningdek, Marg’ilon nomlarining asosi qadimiy “marg’” so`zidan yasalgan10.
Tarixda marg’i qabilasi ham bo`lgan. Ular o`tloq, suvlik yerlarda yashaganlar, Marg’zor deganda o`rmoncha, yashil yer, o`tloq joy tushuniladi. Marg’ilon nomi tarixda ko`p shakllarga ega bo`lgan. Masalan: Marg’inon, Marg’ilon, Murg’inon kabilar shular jumlasidandir.
Toponimist E.M. Mirzayevning ma`lumotiga qaraganda, Marg’ilon “Marg’inob” shakliga ham ega bo`lgan. E.M. Mirzayev Marg’ilon nomini tojikcha “marg’”, ya`ni “o`tloq” so`zidan olingan degan fikrni bildiradi va uni Marg’, Murg’ob, Marg’on, Marg’itta, Marg’ub singari toponimlar bilan o`zakdosh deb hisoblagan.
Suyun Qorayevning fikricha, Marg’inon nomining Marg’ilon shakli o`zbeklar talaffuzi natijasida keyinchalik vujudga kelgan. Samarqand yaqinida ham Marg’ilontepa deb yurituvchi toponim bo`lgan. Marg’ so`zi qadimgi so`g’d tilida “buloq” ma`nosini ham anglatadi. Tojik mumtoz adabiyoti tilida qadimdan mavjud bo`lgan murg’ so`zi: o`t, maysa, alaf, maysazor, ya`ni marg’zor, chamanzor ma`nolarini anglatgan. Shuningdek, murg’ o`sha shaklda Murg’ob shahrining nomini ham ifodalagan. Marg’, marg’zor so`zi eski o`zbek tilida, jumladan Alisher Navoiy asarlarida ham uchraydi: marg’ – o`t, hayvonlar yeydigan o`simlik, marg’zor – o`tloq, hayvonlar o`tlaydigan joy. “Navoiy asarlari lug’ati”da marg’, marg’zor so`zlarining arabcha deb belgilanishiga qo`shilib bo`lmaydi.
Marg’ilon, Marg’inon toponimlarini marg’ – o`tloq so`ziga bog’lash ba`zi shubhali tomonlarga ham ega. Chunki, o`sha joy marg’ – o`tloq deb nomlangan bo`lsa, uning atroflarida boshqa marg’ – o`tloqlar bo`lmaganmi? Shuningdek, Marg’ – o`t, o`tloq bo`lsa, Marg’inondagi Marg’-i-non, Marg’i-non, Marg’-inon – non komponentlari nimani anglatadi?
Bordi-yu, Marg’ilon, Marg’inon, marg’ nomli qabila nomi bilan aloqador bo`lsa, unda toponimning ikkinchi komponenti fors-tojikcha – on (yon) ko`plik qo`shimchasiga aloqador deb taxmin qilinishi mumkin. Bu holda Marg’inon – Marg’iyon – Marg’on – Marg’ion – Marg’inon – Marg’ilon, ya`ni marg’lar yashovchi joy , marg’lar shahri ma`nosini anglatgan bo`lishi ehtimol11.
Ba`zi rivoyatlarga ko`ra, Marg’ilonda go`yo Iskandar Zulqarnayn qabri bo`lib, uning bayrog’i masjidda saqlangan emish. Shu paytgacha bir ko`chaning podshoi Iskandar degan nomi saqlanib qolgan. Ayrim kishilar “Marg’ilon” so`zi Makedonskiy (Makedoniyalik Iskandar) nomidan kelib chiqqan deb tahmin qilishadi: Makedon – Makenon – Marginon – Marg’ilon.
Xulosa qilib shuni qayd qilish mumkinki, Marg’ilon toponimining etimologiyasi hozircha noma`lum va yana qo`shimcha ilmiy tekshirishlarni talab qiladi.
Farg’ona vodiysining eng qadimgi shaharlaridan yana biri Qo`qon shahri hisoblanadi. Xo'qandi latif azaldan madaniyat va maorifat maskani bo'lib rivojlanib kelgan, ota-bobolarimizdan bizga meros bo'lib qolgan va bugungacha sayqallanib, kelayotgan urf-odatlarimiz, milliy qadriyatlarimizning rivojlanishda qadimiy shahrimizning o'rni beqiyos.
Qo`qon shahri toponomikasi xaqida ham turli xil ma`lumotlar mavjud. Xususan, qirg’iz xalqining “Manas” eposida Toshkent, Samarqand, Jizzax hamda vodiyning Qo’qon, Andijon va Namangan shaharlari hamda ularning aholisi, xo’jalikning ayrim turlari xaqida ma`lumotlar beriladi.
Shuningdek, Qo'qon shahri X asrda bitilgan “Hudud ul-olam” qo'lyozma asarida, arab geograflaridan Istahriy, Ibn Havqal, Muqaddasiy asarlarida Ho'qan (Xuvoqand), Ho'qand (Xuvoqand) shakllarida qayd qilingan. Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida Xo'qon viloyati tilga olingan. Hozirgi Qo'qon shahri tarixiy Xo'qand o'rnida XVIII asrda boshlarida o'zbeklarning ming urug'i boshlig'i, Qo’qon xonligi asoschisi Shohruhbiy tomonidan barpo etilgan. Akademik V.V. Bar’toldning fikricha, shaharning adabiy nuqtai nazardan to'g'ri shakli Xo'qand bo'lib, Qo'qon jonli tilda talaffuz etilishidir12.
Qo'qon shahri xaqida ma’lumotlar XII asrga oid ma`lumotlar marokashlik sayyoh Al-Idrisiyning “Nuzxat af-mushtoq fi xtirak ul-afoq” (“Jahon bo’ylab kezib xoldan toyganning ovunchig’i”) asarida ham uchraydi. XIII asrga oid bir asar sayyoh Yoqud Hamaviyning “Mu`jam al-buldon” (“Mamlakatlar ro’yxati”) asaridagi Xavoqand (Qo’qon) xaqidagi ma`lumoti biz uchun muhimdir. E`tiborli tomoni shundaki, dastlabki manbalarda Qo’qon, Xavoqand, Xuvaqan, Xuvakent, Quqand kabi nomlar bilan uchraydi. O’z navbatida Qo’qon atamasining ma`nosi xaqida esa, asosan 3 xil faraz mavjud:
1. “Xuk kand” tojikcha “to’ng’iz kavlagan” ma`nosini anglatadi. Bunday qarashning paydo bo’lishiga sabab manbalarda ko’rsatilishicha shahar o’rni qamishzor bo’lib bu yerda yovvoyi cho’chqa (to’ng’iz) lar ko’p bo’lgan.
2. “Yaxshi”, “latif” ma`nosini anglatadi. Chunki shahar baxavo, chiroyli joyda joylashgan.
3. “Yaxshi”, “latif” shahar aholisiga nisbatan ishlatilgan bo’lib, qo’qonliklarning fe`li yaxshi bo’lgan.
Shuningdek, Qo`qon toponimiga nisbatan, “Xavokent” – “shamollar shahri”, “Ko`pqon” – “ko`p qon to`kilgan joy”, “Qopqon” – “pistirma” va boshqa nomlar uchraydi.
Rivoyatlarga ko`ra, shaharni “Xuk kand”, ya`ni “to’ng’iz kavlagan” deb atalishining asosiy sababi, shahar barpo etilmasdan bu joylar botqoqlik bo`lgan, bu yerda ko`p to`ng’izlar yashagani uchun shunday nomlangan degan qarashlar mavjud13. Bu xaqida rivoyat Isoqxon Ibratning “Tarixi Farg’ona” asarida ham keltirgan14.
Qo`qon toponimining “Xo`qand” (yoqimli, latif shahar, yaxshi shahar) so`zlaridan kelib chiqqanligini isbotlovchi bir afsona bor. Shaharni qurish zarurati paydo bo`lganda tajribali ustalar – shahar quruvchi va ularning rejalarini tuzish bo`yicha mutaxassislar o`zlarining hokimiga eng qulay bo`lgan toza suvli va soy orasidagi joyni tanlab olish kerakligini maslahat qilganlar. Bu joyda ko`plab bog’lar va polizlar bor edi. Yerning o`zi esa xosildor edi. Dushmanlarni bosib olishdan shaharni tabiiy to`siq – ikkita soy himoya qilgan. Bundan tashqari bu hududda Xitoy va boshqa mamlakatlarga boruvchi karvon yo`llari tutashgan edi. Bularning hamasi shaharni Xo`qand deb atashga asos bo`ladi15.
Boshqa bir rivoyatga ko`ra shahar nomi “Xavokent” (shamollar shahri) so`zidan kelib chiqqan. Chunki, shahar qurilgan paytda istiqomat qiluvchi aholi shamolning tez-tez bo`lishini, poyalar, daraxt tanalaring doimiy kuchli shamollar ta`sirida bir tomonga egilganligini ta`kidlashadi. Shuning uchun shahar “Xavokent” (shamollar shahri, tez-tez xavoni o`zgartiruvchi, iqlimni salqin qiluvchi, baxri-dilni ochadigan, sof bo`lishini ta`minlovchi ma`nosida) deb atalgan.
Boshqa bir rivoyaga ko`ra shaharning nomi “Qopqon” (ko`p qon to`kilgan joy) so`zidan kelib chiqqaligi ta`kidlanadi. Afsonaga ko`ra, uzoq o`tmishda, bu hududda shahar qurilgan paytda tez-tez urushlar bo`lib turgan. Bu urushlar natijasida ko`plab insonlar xalok bo`lgan va ko`p qon to`kilgan. Shu sababli shaharni qonli “ko`pqon” ataydilar. Keyinchalik talaffuzda “P” tushib qolib, Ko`kon, so`ngra, “K” ning “Q” ga o`zgarishi natijasida Qo`qon deb atay boshlaydilar.
Boshqa rivoyatda esa, shahar “Qopqon” (qopqon, tuzoq, pistirma) deb atalganligi ta`kidlanadi. Ilgarigi vaqtlarda ajnabiylar shaharni talon-taroj qilish va uning aholisini qulga aylantirish uchun tez-tez xujum qilganlar. Lekin ularning barcha urinishlari behuda ketgan. Bir so`z bilan aytganda bosqinchilar pistirmaga uchrab mag’lub bo`lganlar. Shuning uchu ham shaharni “Qopqon”, ya`ni tuzoq deb ataydilar. Keyinchalik “Qopqon” fonetik o`zgarishlar natijasida “Qo`qon”, “Qo`qand” bo`lgan.
Qo’qon hududlari va shaharlari, aholisi va xo’jaligi xaqidagi ma`lumotlar mo’g’illar, temuriylar, shayboniylar va ashtarxoniylar davrida yozilgan manbalarda ham uchrab turadi. Lekin bu ma`lumotlar yaxlit tarzda emas.
Farg’ona vodiysining qadimiy shaharlaridan yana biri Quva hisoblanadi. Quva shahri yozma manbalarda “Kubo” va “Kubod” singari ikki xil nom bilan tilga olinadi. Shaharni Kubo nomi bilan atalganligi xaqidagi dastlabki ma`lumotlar IX – X asrlardan boshlab, arab manbalarida uchraydi. Jumladan, Tabariy, Istahriy, Abdulxakim ibn Xavqal, Muhammad al-Muqaddasiy asarlarida shu nom bilan tilga olinadi. XIII asrda yozilgan yozma manbalarda Kubodan yetishib chiqib “Kuboviy” nisbasi bilan mashhur bo`lgan allomalar xaqida ma`lumotlar keltiriladi. Xususan, Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarini arab tilidan fors tiliga tarjima qilgan Abu nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr al Kuboviy bunga misol bo`la oladi.
Isxoqxon Ibratning “Farg’ona tarixi” asaridagi ma`lumotlarga ko`ra, Quva shahrini sosoniylar hukmdori Nushirvon (Anushirvon)ning otasi Kubod barpo etgan va shahar uning nomiga Kubod deb qo`yilgan. Keyinchalik shahar xalq orasida Quva nomi bilan atalgan va Quvaga aylanib ketgan16. Quva toponimining ma`nosi haqida xech qanday ma`lumot yo`q. Biroq bu xaqiqatdan yiroq. Chunki, Firdavsiyning “Shohnoma” asarida yozilishicha Eron hukmdori kayoniylar sulolasidan Kay Kubod eramizdan avvalgi 782 yilda tug’ilgan va 100 yil podsholik qilgan. Kay Kubod nomi qadimdan mashhurligi uchun shaharlarni uni nomi bilan atash o`rta asrlarda an`anaviy tus olgan. Shuningdek, sosoniylar hukmdori Kubod (488 – 531) Farg’onada o`z nomiga shahar barpo etganligi ham xaqiqtdan ancha yiroq. Chunki, Kubod o`sha davrda O`rta Osiyoda hukmronlik qilayotgan eftaliylar yordamida taxtni qo`lga kiritgan bo`lib, O`rta Osiyoda shahar qurdirishi mumkin bo`lmagan. Chunki O`rta Osiyo Eronga qaram emas edi.
Shuningdek, Quvani Kubo deb atalishini arxeolog B. Matboboyev qadimgi Quva xudosi bilan bog’laydi. Uning fikriga ko`ra, “...turkiy xalqlardan biri no`g’aylarda Quva xudosi bo`lgan. Unga ma`lum vaqtlarda samoviy otlarni qurbon qilganlar. Shulardan kelib chiqib “Kubo” – “Quva” nomi anashu Quva ilohiga bog’liq bo`lishi mumkin.
Shuningdek, turkiy xalqlardagi qo`ng’irot qabilasining Oytamg’ali aymog’i tarmog’idan biri ham Quva deb atalgan. Biroq bu fikrlar xaqiqatda yiroq. Chunki shahar IX asrdan Quva deb atala boshlagan.
Ba`zi bir ma`lumotlarga ko`ra, shaharni “Kubo” nomi bilan atalishi arablarning Movarounnahrga qilgan yurishlari bilan bog’liq bo`lishi mumkin. Chunki, shaharning go`zalligi va kengligi arabcha “Kubo” – “keng” degan sifatlar bilan mashhur bo`lishiga olib kelgan.
Abu Mansur as-Saolibiy o`zining “Kitob latoif al maorif” asarida keltirgan ma`lumotlarga ko`ra, Quva o`zining geografik joylashuvi jihatidan Farg’ona vodiysidagi shaharlarni o`rtasida joylashganligini nazarda tutsak arabcha “Kabo”, ya`ni “o`rtasidagi, oraliqdagi” shahar degan ma`nolarni ham bildirishi mumkin.
Shu o`rinda A. Muhammadjonovning “Kubo – Quva demakdir” nomli maqolasida keltirilgan fikrlar e`tiborga loyiq. Unga ko`ra, Quva – Farg’onaning qadimgi poytaxti. Quvaning qadimgi nomi Kubo deb atalganligi ham xaqiqatga yaqin. Chunki, fors tilida “Quva” so`zi “kuch quvvat” degan ma`noni bildiradi. Shuningdek, “Quvo” so`zi “mustahkam qal`a” ma`nosini anglatadi.
Shuningdek, A. Xodjayev tadqiqotlariga ko`ra, xitoy manbalarida eramizdan avvalgi II asrlarda Davan (Farg’ona) davlatining poytaxti bo`lgan Guyshuan, Gesay nomlari qayd etilgan shahar aslida Quvasoy bo`lish mumkin17.
Yurtimizning qadimiy shaharlaridan yana biri Andijon hisoblanadi. Ma`lumotlarga ko`ra, “Andijon” toponomikasi turk-mo`g’ulcha “soy bo`yidagi makon” degan ma`noni bildirgan. Xaqiqatdan ham Andijon shahri shu nom bilan ataluvchi soy bo`yida joylashgan.
Andijon shahri xaqida arab geograflari asarlarida va boshqa ko'hna tarixiy manbalarda Andiyon, Andikon, Andigon shakllarida tilga olingan, Zahiriddin Muhamma Bobur zamonida Andijon deb “turkiy” shakl olgan.
Isoqxon Ibratning “Tarixi Farg’ona” asarida Andijon toponomiyasiga oid qiziqarli ma`lumotlar mavjud: “Bu Andijon avvalda Andigon bo`lib, arabiyga olganda Andijon bo`lur, chunonchi “kofi” forsiy arabda “jim” o`qilur. Mana, farangi lafzi arabda afranjiy, bangni banj. Kofi forsiy arabda “j” bo`lib, Andigon bo`lgan bo`lsa kerak. Andigon andlar degan so`z. Anda turklar urug’ini o`zbeklar aytur. Andijon O`g’uzxon davrida ham mashhur ekan. Tarixi “Qutadg’u” dan mustazod bo`lurki, Afrosiyob Turon shohi bo`lib, Andijonnin poytaxt qilib, Ko`nikdo`z shahridan Toshkand va Andijon kelib yurar ekan. Ammoki, afvohi nosda qariyalar so`zidurki, Andijon aslida Odinajondur. Odinajon Afrosiyobni qizidurki, anga o`rda va bog’ bino qilib berib, ani ismiga tasmiya qilib edi. Odinajonnini tilda buzib, Andijon qilg’on deydilar”18.
Farg’ona vodiysida joylashgan shaharlarda yana biri Asakadir. Asaka nomining kelib chiqishi haqida turli xil ma`lumotlar mavjud. Professor T. Tursunov ma`lumotlariga ko`ra, “Asaka” nomini Farg’onada miloddan avvalgi VI – V asrlarda yashagan sak qabilalari bilan bog’laydi. Chunki bu qabila ba`zi joylarda “assakenlar” nomi bilan ham yuritilgan, ularda “asvaka” – ot, “assaka” – otliqlar ma`nosini bildiradi.
Axeolog B. Matboboyev yuqoridagi fikrni vodiyning sharqiy qismida topilgan toshlardagi otlar tasviri bilan asoslashga xarakat qilgan va shu joylarda nasldor otlar yetishtirilgan degan fikrni ilgari surgan.
Shuningdek, toponomist olim S. Qorayev Asaka tumanidagi “Axtachi” qishlog’i nomi mo`g’ulcha bo`lib, “ot tabibi (sinchi)”, “otboqar” degan ma`noni bildiradi deb ta`kidlab, yuqoridagi fiklarni tasdiqlaydi.
Asaka xaqida ma`lumotlar XIX asr tarixchisi Avaz Muhammad Attorning “Tarixi jahonnoma” va “Tarixi Xo`qand” asarlarida tilga olingan. Uning yozishicha Asaka shahri hududida Qo`qon xoni Xudoyorxon qal`a qurdirgan va bu yerda xonning dala hovlisi ham bo`lgan. Qo`qon xonligi davrida qazilgan Shahrixonsoy kanali shaharning rivojlanishiga katta ahamiyat kasb etgan19.
Farg’ona vodiysining yirik shaharlaridan biri Shahrixondir. Shahrixon Qo`qon xonligi davrida asos solingan va asta-sekin yirik iqtisodiy markazlardan biriga aylangan. Qo`qon xoni Umarxon (1810 – 1822)ning zamondoshi Dilshodi Barnoning “Tarixi Muhojiron” asaridagi ma`lumotga ko`ra, Umarxon Shahrixonga 1821 – 1822 yillarda asos solgan. Umarxon yangi shaharga asos solganidan so`ng, xonlikning turli hududlaridan hunarmandlarni ko`chirib keltirgan va bu yerda savdoni rivojlantirish maqsadida savdogarlardan bir necha yil boj olmaslikni buyurgan. Shuningdek, Umarxon Shahrixonsoy kanalini qazdirganidan so`ng, ko`p yerlar o`zlashtirilgan va Shahrixon yanada kengaygan. Tarixchi Mirzo Olim Mushrif, “Shahrixon obod bo`lib, g’allasi Xo`qand askariga kifoyat qilib, yana ziyodasi ombor qilinur edi”, – deb yozgan edi. Shahrixon toponimi ham asos solgan hukmdor nomi bilan bog’liq – “Shahrixon”, ya`ni “xon shahri”.
Farg’ona vodiysining qadimiy shaharlaridan yana biri Xo`jobod shahri hisoblanadi. Shu nomdagi tuman markazi. Shahar nomining kelib chiqishini mahalliy tarixchi va toponomistlar Xoja Abdullo Mavloniy Qozi nomi bilan bog’laydilar.
Farg’ona vodiysining yirik shaharlaridan biri Namangan O`zbekistonning qadimiy va navqiron shaharlaridan hisoblanadi. Shahar ko'chmanchi chorvadorlar va dehqonchilik bilan shug'ullanuvchi o'troq aholi yashaydigan chegarada vujudga kelgan. Namangan qishlog'i haqidagi dastlabki ma'lumot XIV asr oxiriga tegishli. 
Zahiriddin Muhammad Bobur o'zining “Boburnoma” asarida Namanganni qishloq sifatida eslatib o'tgan. 1620 yil Farg'ona vodiysining qadimgi poytaxti Axsi (Axsikant) zilzilardan vayron bo'lgach, uning aholisi yaqinroq joylashgan Namanganga ko'chib o'tadi va Namangan kengayib, mavqei ortib boradi. Xususan, Namangan 1643 yilgi vaqf hujjatida shahar deb ma’lumot berilgan.
Qo`qon xonligi davrida Namangan xonlikning yirik siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaziga aylangan. Qo’qon xoni Umarxon hukmronlik yillarida, ya’ni 1819 – 1822 yillari Namanganda Yangiariq kanali qazilib, shaharning suv ta'minoti ancha yaxshilanadi. 1842 – 1845 yillarda shahar atrofi mustahkam devor bilan o'rab olindi20.
Namangan nomining paydo bo`lishi to`g’risida uzoq yillar davomida aniq bir to`htamga kelinmagan bo’lib, ilmiy talqin hanuzgacha yo`qligini afsus bilan ta`kidlashga to`g’ri keladi. Hamon ilmiy adabiyotlarda “Namangan” so`zining etimologiyasi umumiy ma`lumotlarga, turli talqinlarga ega hisoblanadi. Xususan, shu paytga qadar Namangan nomi “Namakkon”, ya`ni forscha “tuz koni” talqini bilan ko`p tarqalgan. Isoqxon Ibrat ham o`zining “Tarixi Farg’ona” asari Namangan toponimi xaqida quyidagicha ma`lumot beradi: “Namangon aslida namongon emasdur. Forsiy lafzi birla namakon – namak kondur. Muni ma`nisi shuki, bizni Chig’atoy tilida asli gon yo`q ekan, bu shevai forsiydir. Namangon avvali holda, ya`ni mundan to`qqiz yuz yil ilgari yerlarda hech kim bo`lmay yotgan biyobon-ko`ltuz bo`lib, ul vaqtda Buxoro xonlaridan Abdullohxon bu Farg’ona taraflarga kelib, har yerga goh sardobalar kavlab, saqqoyi mo`minga chohlarni tepasiga gumbazlar qilib, ko`p xalqqa naflik ishlarni qilgan xon ekan. Ul kishi bul Namongonni yeriga kelib, alholda darxol sardoba kavlatib, necha kunlar tutib, bir tarafi daryo va bir taraf tog’ xavosi yaxshi uchun bir shahar bino qilmoq bo`lib o`z ichlaridan bir og’oliq mansabida turgan kishini amr qilib, shahar qilmoq bo`lganda, o`shal yerni daryo tarafi butun sho`r ko`l bo`lib tuz yotgan ekan. Binobarin namak kon deb, ya`ni tuz kon deb atagan ekan. Bu namak kon lafzini forsiyda gon qilib yozub, namakkonni namangon deb, bir nuni zoida ilan namangon bo`ldi, asli namakondur”21.
Ammo XX asr 70 – yillarida olib borilgan arxeologik qazishlar chog’ida va mustaqillik yillaridagi shahar obodonchiligi bilan bog’liq qazishmalarda hech qanday tuz koni qoldiqlari yoki alomatlari topilmadi. Ammo bu degani tuz koni talqiniga oxirgi nuqta qo`yildi degani ham emas. Ayrim tarixchilar Namangan so`zini etimologik jihatdan “Novmakon”, ya`ni “yangi joy” talqinida izohlaydilar22.
Qadimdan Namangan hunarmandlar shahri hisoblangan va bu yerda munchoq, ko’zmo’nchoq ishlab chiqarish, marjonga ishlov berish tarqqiy etgan. Shu ma’noda, Namanganga “Namang-marjon”, “Namangon-marjon koni” tariqasidagi izohlar ham bor. Venger tarixchichi A. Vamberi Namangan toponimi “Namang – marjon”, Namangon – marjon” degan ma`nolarni bildiradi degan fikrlarni bildirgan. Yuqorida keltirilgan turli talqinlarga asoslangan Y. Qosimov “Namangan”ga nisbatan qora marvarid, marjon yoxud ko`zmunchoq tayyorlovchilarga nisbatan aytilgan deyish bilan birga, yana ramziy jihatdan “qora ko`zlilar yurti” degan ma`no degan o`z talqinini keltiradi23.
Shuningdek, Namangan toponimining “Namoyon” – “o`zini ko`z-ko`z qilgan”, “Navmangan” – “Soy bo`yidagi yangi saroy” , “Daryo bo`yidagi yangi qasr” degan ma`nolari ham mavjud.
Sharqshunos A. Juvomardiyev Namangan toponimi – “Nomiygon” , ya`ni “nomdor va aziz kishilar shahri” degan so`zdan olingan fikri ham e`tiborga loyiq. Zahiriddin Muhammad Bobur va Mashrab Namanganni – G’aznai Namangon deb ulug’laydilar. Qadimdan Qo`qon shahrini – Xo`qandi Latif, Buxoro shahrini – Buxoroi Sharif deb sharaflaganlari kabi, Namangan shahrini Namangoni Eshoniy nomi bilan atalgani tarixdan ham ma`lum24.
Yuqorida keltirilgan tarixiy talqinlar qanchalik “haqiqat”ga yaqin ekanligi shu kunga qadar o`z ilmiy asosiga ega emas. Shuning uchun ham, shu paytga qadar turli talqinlarga ega bo`lib kelayotgan “Namangan” so`zining etimologiyasi tarixi jumboqligicha qolmoqda.
Namangan viloyatida joylashgan qadimiy shaharlardan biri Chust hisoblanadi. Chust shahri toponomikasini kelib chiqishi to`g’risida turli ma`lumotlar mavjud. Ma`lumotlarga ko`ra, shahar Chust, Tuss nomlari bilan uchraydi. Chust toponomikasiga oid dastlabki ma`lumotlar sharqshunos olim A. Middendorf (Farg’ona vodiysi ocherklari. – Sankt-Peterburg, 1882.) asarida keltirilgan. Uning ma`lumotlariga ko`ra, shahar yaqinida tuz qazib chiqarilgan bo`lib, shuning uchun shahar nomi “Tuss” deb atalgan.
Shuningdek, mahalliy tilshunoslar fikricha, Chust so`zi forscha “tez”, ”tezkor” manolarini bildiradi25. Rivoyat qilishlaricha, mashhur alloma Pop yaqinidagi Chodak qishlog’ida tug’ilgan Mavlona Lutfilloh Chodakdan Axcha qishlog’i orqali Karnonga, ma`lum muddatdan so`ng Chust shahriga kelib istiqomat qiladi. Chustda bir qancha muddat yashaganidan so`ng keksalar u kishini ranjitgan emish. Mavlono Lutfilloh Chustdan chiqib Namangan tomonga ketayotganlarida chustlik yoshlar bundan xabar topib, u kishini Rezaksoyga bormasdan, beriroqdagi aylanma dovon etagidagi Beltosh oldida uchratadilar va Chustga qaytishlarini iltimos qiladilar. Shunda Mavlono Lutfilloh “Chust amaded”, ya`ni “tez keldingiz” degan ekanlar. Shu bilan shaharga Chust nomi berilganmish26.
Qariyib ikki ming yillik tarixga ega bo`lgan qadimiy Kosonsoy yurtimiz tarixida o`ziga xos o`rin tutadi. Kosonsoy shahri nomining paydo bo`lishi borasida turli xil ma`lumotlar mavjud. Xususan, muallifi noma`lum bo`lgan “Hudud ul olam” asarida (X asr) Kason, Sam`oniy va Yoqut Xamaviy (XII – XIII) asarlarida Kosan tarzida keltirilgan. Ma`lumotlarga ko`ra, ushbu so`z Kushon so`zining o`zgartirilgan shakli bo`lib, IX asrgacha so`z o`rtasida tovush o`zgarishi yuz bergan, deyiladi.
H. Xasanovning ma`lumotlariga ko`ra, Kushon so`zi aslida xalq nomi bo`lib, Koshon – Kushon nomining o`zgarganidir27.
Isoqxon Ibrat o`zining “Tarixi Farg’ona” asarida “Koson” so`zi so`g’d tilida “sultonlarini zikr qilgan” degan ma`noni bildiradi, ya`ni Bog’dod shahridan islom dinini targ’ib qilish maqsadida kelgan kishilarni hurmat qilib, mahalliy aholi qadimgi so`g’d tilida “Kason” deb aytganlar28.
Eronlik olim Said Nafisiy, doktor Muin, o`zbek olimi N. Mahmudov va I. Yo`ldoshev “Koson” “kosibon” so`zining assimilyatsiyaga uchragan shaklidir degan xulosaga kelganlar. Demak, “Koson” – “kosiblar shahri”, “hunarmandlar manzili” degan ma`nolarni bildiradi29.
Pop – yurtimizdagi qadimiy shaharlaridan biri, Farg’ona vodiysi “darvozasi” hamdir. Pop toponimi xaqida ham turli xil ma`lumotlar mavjud. IX – X asrlarda yashagan arab tarixchisi ibn Xardadbek va Istarxiy tomonidan yozilgan asarlarda “Pop” so`zi “Bob” deb tilga olingan bo`lib, bu arabcha “darvoza” ma`nosini anglatadi.
983 yilda yozilgan noma`lum muallifning qalamiga mansub “Hudud-ul-olam” (“Olam chegaralari”) nomli asarning “Movarounnahr viloyati va uning shaharlari” deb nomlangan qismida “Pob” toponimi yozilib, bu o`lka Farg’onaning savdo yo`lida joylashgan obod shaharlardan biri sifatida ta`riflangan. Zahiriddin Muhammad Bobur o`zining “Boburnoma” asarida ham Pop qo`rg’oni haqida so`z yuritiladi: “Axsining berk qo`rg’onlaridan biri Pop qo`rg’onidir....”30.
Chortoq – Namangan viloyatidagi shaharlardan biri bo`lib, IX – X asrlarda yashagan arab sayyohlari Ibn Xardadbek va Istarxiy tomonidan yozilgan yozma manbalarda “Chortoq” so`zi “to`rt taxt” deb atalgan. Zahiriddin Muhammad Bobur o`zining “Boburnoma” asarida “Chortoq” toponomiga to`xtalib, bu so`z o`zaro aloqalarni mustahkamlash vositasi ekanligiga ishora qilgan: “Muhammad Maxsi Mir edi. Qandaxorni unga berib edi. Xariga keltirganda ulug’ to`y qilib yaxshi Chortoq bog’ladi”. Bu yerda “Chortoq” atamasi “to`rt burchakli chodir”, “to`rt gumbaz” ma`nolarini bildirishi ifoda etilgan31.
To`raqo`rg’on – Farg’ona vodiysidagi qadimiy shaharlardan biri, shu nomdagi tuman markazi. To`raqo`rg’on toponimi to`g’risida Isoqxon Ibrat “Farg’ona tarixi” asarida quyidagi fikrlarni keltirgan – “Namanganning g’arbida bir bozorlik qasaba bu muallif vatani asliysidurki, muni Dashti Qipchoq xonlaridan Ahmadxon, ya`ni Shig’ayxon bino qilgan ekan. U vaqt muarrixlari Ahmadxon ismiga qal`a qilib, Qal`ayixon deb ism qo`yib, bu lafz binosiga ta`rix bo`lgan ekan. Ammoki, To`raqo`rg’on demaк ma`nosi Shig’ayxonning Yusuf To`ra va Ya`qub To`ra degan o`g’illari ismlariga To`raqo`rg’on deb shuhrat bo`lgan edi”32.
Uchqo`rg’on – Namangan viloyatidagi shahar. Shu nomdagi tuman markazi. Ma`lumotlarga qaraganda, qadimda Norin daryosi o`ng qirg’og’ida uchta qo`rg’on mavjud bo`lgan. Bu qo`rg’onlar ikkitasining xarobalari Mug’ degan maskanda (xozirgi Qirg’iziston hududi) va Qizilrovot qishlog’i (Uychi tumani) hududida bo`lgan va ularning qoldiqlari xozirgacha saqlanib qolgan. Uchqo`rg’on toponimi mana shu uchta qo`rg’on nomidan olingan33.
Jomashuy – Namangan viloyatidagi shaharlardan biri. Mingbuloq tumani markazi. “Jomashuy” toponomiyasiga e`tibor beradigan bo`lsak, ma`lumotlarga ko`ra, qoraqolpoqlarning “jamansha” urug’i nomidan olingan34.
Xulosa sifatida shuni qayd etish mumkinki, Farg’ona vodiysida O`zbekistoning boshqa hududlariga nisbatan shaharlar soni nisbatan ko`proqni tashkil etadi. Vodiy shaharlari jumlasiga, Qo`qon, Namangan, Andijon, Farg’ona, Asaka, Shaxrixon, Xo`joobod, Pop, Chust, Quva, Kosonsoy, Chortoq, Rishton, To`raqo`rg’on va boshqalarni kiritishimiz mumkin. Farg’ona vodiysi shaharlari toponomiyasida O`zbekistonning boshqa hududlariga nisbatan o`ziga xosliklar ham uchrab turadi. Vodiy shaharlari aksariyatining nomlanishi to`g’risida bir nechtadan afsona va rivoyatlar mavjud. Shuningdek, turli urug’lar nomi bilan ataladigan hamda joylashgan o`rnidan kelib chiqqan xolda atalgan shaharlar va shaharchalar yetarli. Shuni alohida qayd etish joizki, Farg’ona vodiysi shaharlarining aksariyatini toponomiyasi xanuzgacha jumboqligicha qolmoqda.



Yüklə 351,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin