Tarix fanlari kafedrasi ummatov mirzohid zokirjonovich


Toshkent va Zarafshon vohalari shaharlari toponimikasi



Yüklə 351,5 Kb.
səhifə7/10
tarix16.12.2023
ölçüsü351,5 Kb.
#183439
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Tarix fanlari kafedrasi ummatov mirzohid zokirjonovich

1.2. Toshkent va Zarafshon vohalari shaharlari toponimikasi
Toshkent va Zarafshon vohalari shaharlarga boy hududlar hisoblanadi. Ular orasida qadimiy va yangi barpo etilgan shaharlarni ham uchratish mumkin. Bu shaharlar orasida poytahtimiz Toshkent alohida ahamiyat kasb etadi.
Qadimiy va hamisha navqiron Toshkent shahri mamlakatimiz hayotida katta o'rta tutadi. Avvalambor, u Vatanimizning poytaxti, ulkan iqtisodiy, siyosiy, madaniy markaz. Poytaxtimizni turlicha ulug'laydilar: “Toshkent – non shahri”, “Toshkent – tinchlik shahri”, “Toshkent – bog'-rog'lar shahri”, “Toshkent – do'stlik shahri”, “Toshkent – jasorat shahri” va hokazo.
Toshkent o`rta asr yozma manbalarida Choch (arabcha Shosh yoki Joj), Tarbend, Tarkan va Binkent nomlari bilan atalgan35.
Toshkent toponimini ko'p adabiyotlarda “Tosh shahar” deb izohlanadi. Shu so'zda ma'lum ma'noda shahar tarixi ham o'z aksini topgan. Arxeologik izlanishlar natijasida shahar hududida tosh asriga oid buyumlar ko’plab uchragan. Toshkentdagi qabristonlardan birida topilgan haft jo'sh (bronza) ko'zgular, turli mamlakatlaming tangalari shaharning kamida 2000 yillik tarixidan darak beradi. Xususan, Vatanimiz poytahti Toshkent shaharining YUNESKO e`tiboriga tushib, 2009 yilda 2200 yillik tavallud kunining nishonlanishi alohida e`tiborga loyiq.
Toshkent haqidagi birinchi tarixiy ma'lumotlar milodning dastlabki asrlariga to'g'ri keladi. Chunonchi, shaharning geografik o'rniga oid ma'lumotlar yunon olimi Klavdiy Ptolemeyning “Geografiyadan qo'llanma” asarida uchraydi. Ptolemey bu asarida yer sharining obod qismini 26 xaritada tasvirlagan. Shu xaritalardan birida O'rta Osiyo va uning atrofidagi o'lkalar tasvirlangan. Unda Xitoyga boradigan savdo yo'li ustida, aniqrog’i Yaksart (Sirdaryo) havzasining sharqida Terri Lapideya degan joy ko'rsatilgan. Olimlar ana shu yunoncha nomni “Tosh qo'rg'on” deb tarjima qilib, Toshkentga nisbat berishgan.
Toshkent shahrining nomi yozma manbalarda Choch, Chochiston, Shosh, Shoshkent shakllarida ham uchraydi. “Choch” so'zi ham sug'd tilida “tosh” demakdir. Shosh esa Choch nomining arabcha shaklidir. Choch yoki Shosh deganda Toshkent hamda uning atroflari tushunilgan36.
Yozma manbalarda kelltirilishicha, Toshkentning qadimgi nomi “Choch” bo`lgan. Toshkent arablar tomonidan bosib olingach, arab alifbosida “ch” xarfining yo`qligi bois, asarlarda “Shosh” deb yuritilgan. Ilk o`rta asrlarda shahar “Choch”, “Shosh”, “Shoshkent” deb nomlangan37.
X asrda noma'lum muallif tomonldan fors-tojik tilida yozib qoldirilgan “Hudud ul-olam” (“Dunyoning sarhadlari”) nomli asarda bunday deyiladi: “Choch katta viloyat, xalqi jangovar, boy va sahiydir. U yerda o'q-yoy tayyorlanadi. Binkat Chochnmg poytaxti. Bu katta shahar, ayni vaqtda podshoning qarorgohidir”.
Arabinavis olimlardan Istahriy, Ibn Havqal, Muqaddasiy va boshqalar (IX – X asrlar) o'z asarlarda Shosh viloyatining markazi Binkat shahri deb ko'rsatganlar. Binkat hozirgi Eski jo'va va Chorsu oraligida bo'lgan. Binkat nomi forscha-tojikcha bo'lib, “ko'rimli shahar demakdir (“bin” –ko'rinish, “ko'zga tashlanish”, “kat”sug'dcha “ shahar, qishloq, manzilgoh” degan ma'noni bildirgan).
Buyuk Abu Rayhon Beruniy o'zining “Qonuni Mas'udiy” asarida “Binkat – bu Shoshning poytaxti, turkiy tilda “Toshkand”, yunonchadan arabchaga tarjima qilsang, – “Buri al-hijori” (“Tosh mino­ra”) deb yozgan. Beruniyning so’zlarini boshqa olimlar ham tasdiqlagan. Masalan, Mahmud Qoshg'ariy o’zining “Devonu lug'otit turk” asarida “Tarkan – Shoshning nomi, uning asli nomi Toshkand bo’lib, “g’ishtdan qurilgan shahar demakdir”, deb yozgan. Demak, poytaxtimiz nomining “Toshkent” shakli birinchi bor Abu Rayhon Beruniy asarlarida uchraydi va shahar boshqa nomlar bilan ham atalgan, nihoyat hozirgi nomi tilimizda qat’iy o’rin olgan.
Toshkent haqida ozmi-ko'pmi ma'lumotlar XIV – XIX asrlarda O'rta Osiyoning siyosiy, harbiy va madaniy hayoti haqidagi asarlarda ham uchraydi.
Shaharning XIX asr tarixi, topografiyasi (geografiyasi), jumladan uning toponimlari haqida ma'lumotlar Muhammad Solihning “Tarixi jadidayi Toshkand” (“Toshkentning yangi tarixi”) asarida uchraydi. Qo'lyozma fors-tojik tilida bitilgan bo'lib, xozirda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Asar asli Toshkent viloyati tarixi haqida bolib, muallif shahar tarixini butun o’lkada kechgan voqealar ko’lankasida yoritgan.
Toshkent shahrining tarixi va toponimiyasiga oid mukammal ma'lumotlami O'rta Osiyoni Rossiya bosib olgandan keyingi davrdagi rus mualliflari Ye.T. Smirnov (“Drevnosti v okrestnostyax Tashkenta”. 1895), A. Mayev (“Aziatskiy Tashkent. 1876), I.I. Dobrosmo'slov (“Tashkent v proshlom i nastoyashem”. 1912) N. Lokoshin (“Poljizni v Turkestane”. 1922), A.Shishov (“Sarti”. 1911) kabilar asarlaridan topish mumkin.
O`zbekistonning yirik iqtisodiy markazlaridan biri – Ohangaron Toshkent viloyatining yirik shaharlaridan biri. Ohangaron toponimi forscha-tojikcha – “ohangar”temirchi” degani, - on - ko'plik affiksi (“Ohangaron” “temirchilar”).
Ohangaron toponimi dastlab Xoja Ahrorning vaqf hujatlarida (XV – XVI asr boshlari) – Soyi Ohangaron, Daryo Ohangaron shakllarida tilga olingan. Zahiriddin Muhammad Bobur Ohangaron julg’asi (vodiysi) deb yozgan. Mo’g’ullar kelmasdan oldingi manbalarda Iloq daryosi deb atalgan. Bu vodiyda qadimdan temirchilik rivojlangani uchun daryo Ohangaron – “temirchilar” deb nom olgan38. Keyinchalik vodiyda tashkil topgan shaharga ham Ohangaron nomi berilgan.
Parkent – Toshkent viloyatining yirik shaharlaridan biri bo’lib, Parkent tumani markazi. Mahalliy talaffuzi Parkat. Arab geograflari asarlarida (IX – XI asrlar) Barskat shaklida tilga olishgan. Yoqut Hamaviyning “Mu’jam ul-buldon” lug'atida (XII – XIII asrlar) qayd qilingan. Shuningdek, sharqshunos V.V. Bar’told o’rta asrlarda tilga olingan Sarskat shahrini hozirgi Parkent bo’lsa kerak, deydi. O’z navbatida “Parkent” toponimi Bars (tog’ yo’lbarsi) nomidan olingan degan fikr ham bor. Parkent tarixiy manbalarda “Faraakas” holida ham uchraydi.
Toshkent viloyatining shaharlaridan yana biri Piskent hisoblanadi. Dastlab arab geograflari Istahriy, Ibn Halqal, Muqaddasiy (X – XI asrlar) asarlarida Biskat shaklida tilga olingan, mahalliy xalq hozir ham Piskat deydi. U “bis” (tojikcha) “yigirma” so'zidan kelib chiqqan degan fikrlar ham bor. Bu xaqida mahalliy aholi orasida quyidagicha rivoyat bor: “Bobur Hindistonga yurishidan boshlashidan bir oz oldin qo`shni Piskent tumaniga kelib to`htaydi. Bu yerda 20 kanizagini 20 nafar xizmatkorga nikohlab beradi. Bobur Hindistonga yo`l olgach, 20 nafar xizmatkor shu yerda qoladi va Piskent (forscha “bis” – “yigirma”, “kent” – “qo`rg’on”) vujudga kelishiga sababchi bo`ladilar39.
Bekobod shahri – Toshkent viloyati tasarrufidagi yirik shahar, iqtisodiy markaz. Bekobod shahri qadimda Begovot deb yozilar edi. Begovot nomli qishloqlar O'zbekistonda bir nechta bo'lgan. Hozirgi o'zbek adabiy tilida bek shaklida talaffuz qilinadigan so’zning to'g'risida asli beg bo'lgan. Mahmud Qoshg'ariyning “Devonu lug’otit turk” asarida, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” asarida bu so'z beg shaklida yozilgan. Akademik V.V. Bar’told ham bu so’zni beg shaklida yozish va talaffuz qilish to’g’riroq deb yozadi. Bu kabi misollar toponimlaming hozirgi o’zbekcha yozilishi mukammal emasligini ko'rsatadi. Umumiy olganda “Bekobod” – “Bek obod qilgan maskan” deb izohlanadi.
Angren – Toshkent viloyati tasarrufidagi yirik shahar, iqtisodiy markaz. Angren toponimi Ohangaron “temirchilar” so’zining buzilgan shakli. Ko’plar buni ruscha talaffuz oqibati deyishadi. Aslida quramalar shunday talaffuz qilganlar. Zomin tumanida xam Angren degan joy bor40.
Toshkent viloyati tasarrufidagi shahardan biri – Bo’ka hisoblanadi. Qadimgi turk tilida, hozirgi ba’zi bir turkiy xalqlar (qozoqlar, qirg'izlar) tilida “bo’ka” – “pahlavon” degan ma’noni anglatadi. Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida “Bo`ka” toponimi xaqida quyidagicha ma`lumot keltirgan: Sulton Ahmad Mirzoning eshik og’asi Jonibek Do`ldoy g’arib ahloq va atvorlik kishi bo’lib, u haqida xalq orasida turli rivoyatlar yurar edi. Kunlarning birida Samarqandga Sulton Ahmad Mirzo qoshiga o’zbek Shayboniyxondan elchi keldi. “O`zbek zo`r kishini bo`ka der emish. Jonibek derkim: Bo`kamusen. Bo`ka bo`lsang, kel kurashamiz”41.
Shuningdek, Bo'ka degan unig’ ham bo'lgan. Masalan, qang’lilarning bo’ka-qangli urug’i qayd qilingan.
“Bo`ka” toponimi “qudratli”, “paxlavon” ma`nolarini bildirib, qadimgi turkiy qabila nomidan kelib chiqqanligi xaqiqatga yaqinroq. Chunki, bu hududda Bo’ka, Murotali, Achamayli kabi bir qator qabilalar yashagan. Xozir ularning nomi o`zlari yashagan joy nomlari bilan ataladi. Ya’ni etnonimlar yillar o`tishi bilan toponimga aylangan42.
Shuningdek, tarixchi Ye. Shavanin “Bo`ka” toponimini “dono, bilimdon” deb tarjima qilgan bo`lsa, taniqli rus olimi L.N. Gumelev va xitoy olimi M.V. Xvan bir qator turkiy unvonlarni birga o’rganib, “Bo`ka” toponimi ma`nosini “qudratli” deb tarjima qilgan43.
Chinoz – Toshkent viloyatidagi sahardan biri. Arab geograflari Istahriy, Ibn Havqal, Muqaddasiy asarlarida tilga olingan Jinanjkat (Chinochkat) shahrini V.V. Bar’told hozirgi Chinoz deb qayd etgan. Manbalarda Chinos varianti ham uchraydi. Shuningdek, “Chinos” degan urug’ ham bo’lgan (mo’g'ulchada “chin”– “bo'ri”). Rashiduddin Fazlulloh (XIV asr)ning “Jome – ut-tavorih” tarixiy asarida yozishicha “Chinoz” atamasi mo’g’ullarning tayjuit qabilasi tarkibidagi urug’lardan birini anlatadi. Keyinchalik chinozlar tayjuitlardan ajralib, mustaqil qabila bo`lganlar. XIII – XIV asrlarda Chinoz qabilasi ham boshqa bir qancha mo`g’ul qabilalari kabi Dashti Qipchoqning sharqiy tomoniga, so`ngra Qarshi va Toshkent vohasiga kelib o`troqlashganlar44.
Toshkent viloyatidagi shaharchalardan biri Qibray hisoblanadi. Qozoqlarning dulat qabilasining bir urug’i qibiray deb atalgan. Bu urug’ vakillari afsonaviy Qibiray botirdan tarqagan ekan. Sadir Sadirbekovning 1994 yilda “O'zbekiston” nashriyotida qozoq tiiida bosilgan “Qozoq shajarasi” kitobida shu haqda gap boradi.
Qo'yliq – Toshkent shahri mavzelaridan biri. H. Xasanov Qo'yliqni “quyilik”, “pastlik” deb izohlagan. Yana shuni aytish mumkinki, o'zbeklarda ham, qozoqlarda ham qo'yli degan urug’ bo'lgan. Qo'yli keyinchalik Qo'yliq bo’lib ketgan bo'lishi ham mumkin.Bundan tashqari, mo'g'ul sarkardalaridan birining ismi Qo'yliq bo'lgan ekan. Mo'g'ul sarkardalarining nomlari O'rta Osiyo toponimiyasida uchrab turadi (Chig’atoy, Ko’kcha, Bo’ka va b.) 45.
G’azalkent – Toshkent viloyatidagi shahar, Bo'stonliq tumani markazi. Ayrim olimlar arab geograflari asarlarida qayd qilingan Gazak shahri hozirgi G'azalkent bo'lsa kerak, degan fikr bildirishadi. Professor H. Xasanov G’azalkent toponimi “g’izol” – “ohu” so’zidan tarkib topgan degan fikrni bildirgan.
Toshkent viloyatidagi mashhur hududlardan biri – Chimyon bo’lib, Chimyon toponimi va umuman Toshkent viloyatining tog’li qismidagi ko’pgina joy nomlari Farg’ona vodiysidan ko'chib kelgan aholi tomonidan qo’yilgan degan ma’lumot bor. Zarkat (Zarkent), Parkat (Parkent), Nanay, Burchmulla kabi nomlar shular jumlasidan. Farg'ona tumanida Chimyon shaharchasi, Qo’rg’ontepa tumanida Chimyon qishlog’i bor. Farg’onadagi Chimyonni tojikcha talaffuz asosida ruslar Chimion, Bo’stonliqdagi Chimyonni esa o’zbekcha talaffuz asosida Chimgan yozib kelishadi. Chim-chem unsuri o’zbekchada ko'p marta takrorlanadi. Chem (chim) sug'd tilida “g’ov”, “to’siq”, “ihota”, “qo’rg’on” degani. H. Xasanov Mahmud Qoshg’ariyning “Devonu lug’otit turk” asaridagi “o’tloq” ma’nosidagi “chim­gan” so’ziga nisbat berib, Chimyon toponimini “serchim joy” deb izohlagan.
Zarafshon vohasi shaharlari toponomikasiga to`xtalishdan oldin, Zarafshon toponimiga to’xtalishni joiz deb topdik. Zarafshon vohasining nomi Tojikiston va O`zbekiston hududidan o`tuvchi shu nomdagi daryoning nomidan olingan. Bu hududlarni o`zlashtirilishida va taraqqiyotida Zarafshon daryosining o`rni katta. “Zarafshon” daryosi XVIII asrdan boshlab tilga olingan bo`lib, qadimda bu daryo yunonlar tomonidan “Politemit” (hurmatli, ulug’, azim), o`rta asrlarda arab muarrihlari asarlarida “Mosaf” yoki “Mosif”, “Vodiy us- Sug’d”, “Naxr us Sug’d”, “Naxr ul- Buxoro”, va “Ko`hak” nomlari bilan ham atalib kelgan.
“Zarafshon” toponimi fors tilida “zar” – “oltin”, “afshon” – “sochuvchi” degan ma`nolarni bildiradi. Daryoning Zarafshon deb atalishi yuzasidan quyidagi afsona bor: “Qadim zamonlarda hozirgi Buxoro shahri joylashgan hudud va uning atroflari Zarafshon daryosining toshqin suvlari qoplagan ko`l va botqoqliklardan iborat bo`lgan. Makedoniyalik Iskandar bu hududlarni quritish maqsadida daryoning bosh olgan qismiga oltindan to`g’on qurdirib, suvni bog’lagan. Natijada daryoning oqimida katta ko`l xosil bo`lib, uni quyi oqimidagi botqoqliklar qurigan. Ammo oltin qo`rg’ondan oqib o`tgan suv, uni yuvib mayda oltin zarrachalarini o`zi bilan quyiga olib ketgan. Shuning uchun daryo “Zarafshon” – “oltin keltiruvchi” nomini olgan46. Zarafshon nomi qanday kelib chiqqanligidan qa`tiy nazar, daryoning “oltin keltiruvchiligi” faqat uning nomiga asoslanmay, balki suvining voha uchun hayotbaxsh roliga monanddir.
Shuningdek, yurtimizning Navoiy viloyatida Zarafshon nomidagi shahar ham mavjud. Zarafshon Sho`ro hukumati davrida, ya`ni 1967 yilda Muruntov oltin koning ishga tushirilishi munosabati bilan, shaharcha tarzida vujudga kelgan47.
Zarafshon vohasining eng qadimiy shaharlaridan biri Samarqand shahridir. Samarqand jahonning eng qadimiy shaharlaridan bo`lib, 2700 yildan ortiq tarixga ega hisoblanadi. Xususan, Prezidentimizning “Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonlash to`g’risida” gi qaroriga ko`ra, ana shu qutluq sana 2007 yilda bayram qilingan.
Samarqand shahri Aleksandr Makedonskiy (Iskandar Zulqarnayn) yilnomaliarida Maroqanda, sug’d yozuvlarida Smarakans, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Qoshg’ariy, Zahiriddin Mahammad Bobur, Mirxond (XV asr, Amir Temur saroyiga kelgan ispan elchisi Ruyi Gonsales de Klavixo (XV asr) asarlarida Semizkent, Chingizxon haqidagi mo’g’ul hikoyasida Semizgen kabi bir qancha variantlarda uchraydiki, bularning hammasi Samarqand nomi juda qadimiy ekanligini va uning kelib chiqishi (etimologiyasi) hamon uzil-kesil hal bo’lmaganligini ko’rsatadi. Bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin48.
Shuningdek, Samarqand to`g’risida o`rta asr mualliflari Muhammad al- Nasafiy “al-Qand zikri ulamoi Samarqand”, Xaydar as- Samarqandiy “Qandiyai Xurd”, Abu Toxirxo`ja Samarqandiy “Samariya”, Xitoy tarixchisi Chjan Syan, yunon va rimlik tarixchilar Arrian, Kvint Kurtsiy Ruf asarlarida ham ma`lumotlar mavjud.
“Samarqand” toponomikasining kelib chiqishi to`g’risida turli xil qarashlar va ma`lumotlar mavjud. Xususan, Sharq mualliflari “Samarqand” so`zining birinchi qismi “Samar” so`zi shu shaharga asos solgan yoki shaharni bosib olgan shaxsning nomi bilan bog’liq deb hisoblab, bir qancha suniy ta`riflarni bildirganlar. Biroq tarixda bunday ismli kishi xaqida ma`lumotlar uchramaydi. So`zning ikkinchi qismi “kent” (qand) – “qishloq, shahar” degan ma’noni bildiradi.
Abu Toxirxo`ja Samarqandiyning “Samariya” asarida (XIX asr) “Samarqand” toponomikasi to`g’risida “Burxoni Qote`” kitobidagi ma`lumotlarni keltirib o`tgan: Samar ismli bir kishi kelib, o`z atrofiga xalqini to`plagan. Shuning uchun bu yer “Samarkent” deb atalgan. Shuningdek, “Samariya” asarida sayyoh Abu Isxoq Ibrohim Istahriyning “Masolik ul mamolik” (X asrda yozilgan) asarida yozilgan “Samarqand” toponimining paydo bo`lishi xaqidagi ma`lumotlar ham keltiriladi. Asarda Samar bokir ismlik bir xon Farg’ona va Qashqar tomondan kelib, bu viloyat xalqiga dushmanlik yuzasidan shaharning devorini buzgan edi. Shuning uchun shahar “Samar qozdi” ma`nosida bo`lgan49.
Ba`zi yevropalik olimlar “Samarqand” toponomikasi – bu qadimdan qolgan sanskritcha “Samariya”ga yaqin, ya`ni “yig’ilish, yig’in” degan so`zlardan kelib chiqqan deb izohlaydilar.
Antik muarrihlarning asarlarida shahar Maroqanda deb atalgan. Bu xaqiqatga ancha yaqin, Maroqanda – Samarqand atamasining yunoncha atalishidir. Xususan, yunon mualliflari Arrian, Strabon va Kvint Kurtsiy Ruflarning ma`lumotlariga ko`ra, miloddan avvalgi 329 yilda Aleksandr Makedonskiy qo`shinlari Hindikushdan oshib o’tib, Maroqandani zabt etib, vayron qilgan. Samarqandning Maroqanda nomi XVII asrdan so’ng Yevropa tarixchilarining asarlari orqali kirib kelgan.
Samarqand shahri yunon tarixchilari asarlarida Maraqanda ko’rinishida yozilgan. Biroq undan keyingi barcha manbalarda bu shahar nomi S harfi bilan boshlangan. Chunonchi, sug’d hujjatlarida bu tarixiy shahar nomi Smarakans deb bitilgan.
XI asr olimlari Abu Rayxon Beruniy va Mahmud Qoshg’ariyning Samarqand nomini kelib chiqishini “Semizkent”, ya`ni “Semiz qishloq” deb buzib talaffuz qilinishi bilan tushuntiradilar50.
Jomboy – Samarqand viloyatidagi shaharlardan bir bo`lib, shu nomdagi tuman markazi. Ma’lumotlarga ko`ra, “Jomboy” tumani turkiy tilda so’zlashuvchi shu nomdagi urug’ nomidan kelib chiqqan51.
Urgut – Samarqand viloyatidagi qadimiy shaharlardan biri, shu nomdagi tuman markazi. Urgut – Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida, XVIII asrga oid tarixiy hujjatlarda “Arkut” qishlog’i sifatida tilga olingan. “Urgut” – O`rkent so`zining keyinroq o`zgargan yasamasi, “o`r” – “balandlik”, “kent” – “shahar”, ya`ni balandlikdagi shahar ma`nosini anglatadi degan ma`nolar bor. Tarixchi Muhammad Ya’qub Buxoriy o`zining “Gulshan ul-mulk” asarida 1797 – 1798 yillardagi kuchli zilzila oqibatida Urgut qo`rg’onini vayron bo`lganligini yozadi52.
Bulung’ur – Samarqand viloyatidagi shaharlarning biri, shu nomdagi shahar markazi. “Bulung’ur” – mo`g’ulcha “loyqa” suv” degan ma`noni bildiradi. Hududda Bulung’ur nomli Zarafshon daryosidan suv oluvchi qadimgi kanal ham mavjud.
Toyloq – Samarqand viloyatidagi shaharcha bo`lib, Toyloq tumani markazi. “Toyloq” toponimi o`zbeklarning shu nomdagi urug’i nomidan kelib chiqqan53.
Buxoro shahri ham yurtimizning qadimiy va hamisha navqiron shaharlaridan biri hisoblanadi. Arxeologik ma`lumotlarga ko`ra, Buxoro shahriga miloddan avvalgi birinchi ming yillik o`rtalarida asos solingan. Ma`lumotlarga ko`ra, uning nomi ilk o`rta asr Xitoy manbalarida An, Ansi, Buxu, Buku, Buxe, Buxer, Buxala va boshqa nomlar bilan atalgan.
“Buxoro” atamasi sanskritcha “Vixora” so`zining turk-mo`g’ulcha shakli “Buxor”, ya`ni “ibodatxona” nomidan kelib chiqqan deb tahmin qilinadi. Shuningdek, ba`zi tadqiqotlarda bu atama so`g’dcha “bug’”, yoki “bag’”, ya`ni “tangri” hamda “jamol” so`zlaridan iborat bo`lib, “tangri jamoli” degan ma`nolarni bildiradi degan fiklar ham ilgari surilmoqda. Darxaqiqat, Zarafshon daryosining quyi oqimida joylashgan Buxoro va uning atrofidagi yerlar qadimda nihoyatda hushmanzara bo`lgan va bu ma`lumotlarni tarixchi Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asaridagi ma`lumotlar ham tasdiqlaydi54.
Gazli – Buxoro viloyati Romiton tumanidagi shahar. O’zbekistonning yirik iqtisodiy markazlaridan biri. Shahar 1977 yilda Qizilqum sahrosida yirik gaz konlarining topilishi natijasida poydo bo`lgan. “Gazli” nomi ham “gaz topilgan hudud”, “gazli joy” degan ma`nolarini bildiradi.
G’ijduvon – Buxoro viloyatidagi shaharlardan biri, shu nomdagi tuman markazi. “G’ijduvon” toponimining kelib chiqishi haqida mahalliy aholi orasida turli rivoyatlar mavjud. Shulardan “Kish tuvon” ( tojikcha “kish” – “ekin ekuvchi”, “tuvon” – “manzil”), ya`ni ekin ekiladigan dehqonlar manzili yoki “G’ujudehqon” – “ko`p qishloqlardan tashkil topgan joy” degan ma`nolar bilan izohlaydilar. G’ijduvon qishloq sifatida X asrdan boshlab tilga olinadi55.
Vobkent – Buxoro viloyatidagi shaharlardan biri, shu nomdagi tuman markazi. Yurtimizdagi ko`hna shaharlardan biri. XIV asr hujjatlarida o`z qozisiga ega bo`lgan qasaba, ya`ni shahar sifatida Vobkana nomi bilan tilga olinadi. XVI asrdan boshlab Vobkent ikki nom – Vobkana va Kamot nomlari bilan yuritila boshlagan. “Vobkent” toponimi o`g’uz shevasida “vob” yoki “vahobkent” – “bo`z, qo`riqdagi qishloq” ma`nolarida qo`llaniladi56.
Xulosa sifatida shuni qayd etish mumkinki, Toshkent va Zarafshon vohalari toponomiyasida ham boshqa hududlarda kam uchraydigan va o`ziga xosliklar mavjud. Xususan, bu hududlardagi shaharlar xaqida afsona va rivoyatlar ko`plab uchraydi. Bu hududlar toponomiyasida turli urug’lar nomi bilan ataluvchi va joylashgan geografik o’rnidan kelib chiqqan xolda shu nom bilan atalgan shaharlar yetarli. Shuningdek, bu hududlar shaharlari toponomiyasiga arablar va mo`g’ullar istilosi jiddiy ta`sirini ko`rsatgan. O`z navbatida Rossiya imperiyasi va sho`rolar davrida qurilgan va o`sha davr nomlari bilan atalgan shaharlar ham mavjud.


Yüklə 351,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin