MUSTAQIL OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING TASHKIL TOPISHI VA UNING TARIXIY AHAMIYATI. RЕJА: 1.1991-yil fevral voqelari
2.Mustaqillik buyuk ne’mat
3.O’zbekiston Respublikasining Mustaqilligini e’lon qilinishi.
Tаyanch ibоrаlаr: Mustaqillik Deklaratsiyasi, Oliy kengash, chakana narxlar, Mustaqillik
«Mustaqillik Deklaratsiyasi» deputatlar tomonidan moddama-modda, bandma-band muhokama qilindi, har bir millat o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, Deklaratsiya qoidasi bilan kafolatlanishi qayta-qayta ta’kidlandi. Unda o‘zbek xalqining asrlar davomida qo‘lga kiritgan davlat qurilishi va madaniy taraqqiyot borasidagi boy tarixiy tajribasi va an’analari hisobga olinishi uqtirildi.
Natijada sessiyada qabul qilingan «Mustaqillik Deklaratsiyasi» kirish qismiga quyidagicha yozib qo‘yildi:
«O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Kengashi o‘zbek xalqining davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va tarkib topgan boy an’analari, har bir millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini ta’minlashdan iborat oliy maqsad haqi, O‘zbekistonning kelajagi uchun tarixiy mas’uliyatni chuqur his etgan holda xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya prinsiplariga asoslanib, O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qiladi».
Shuningdek, birinchi moddada: «O‘zbekiston SSRning demokratik davlat mustaqilligi respublikaning o‘z hududida barcha tarkibiy qismlarni belgilashda va barcha tashqi munosabatlarda tanho hokimligidir», – deb belgilab qo‘yildi. Sessiya qabul qilgan bu «Mustaqillik Deklaratsiyasi» xalqimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi.
Surxondaryo viloyati, Kuybishev saylov okrugidan saylangan deputat I.Fayzullayev o‘z his-tuyg‘ularini ifodalab: «Xalqimiz qarsak chalib, joyimizdan turib, butun vujudimiz bilan berilib, Mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qildik. Butun O‘zbekiston xalqi ko‘rib turdi. 70 yil davomida O‘zbekiston ishlab topgan mahsulotlarini, bor xom- ashyosini o‘zi yemay boshqa respublikalarga berib keldi. Endi mustaqillikni qo‘lga kiritay deganda... orqaga qaytmaslik lozim».
Shu kundan boshlab respublikada O‘zbekistonning iqtisodiy va siyosiy hayotiga doir masalalar mustaqil tarzda hal qilina bordi.
Bu borada ba’zi misollarni keltirish o‘rinli. Jumladan, 1991-yil 22- yulida O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumi «O‘zbekiston SSR hududida joylashgan Ittifoqqa bo‘ysunuvchi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarini «O‘zbekiston SSRning huquqiy tobeligiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilib, jumladan, unda «O‘zbekiston SSRning «Mustaqillik Deklaratsiyasi»ga amal qilib, bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida mehnat jamoalari manfaatlarini himoya qilish va ularning xo‘jalik mustaqilligini ta’minlash maqsadida respublika hududida joylashgan ittifoqqa bo‘ysunuvchi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari O‘zbekiston SSRning huquqiy tobeligiga o‘tadi», – deb qayd qilindi.
Shuningdek, ushbu qarorda «O‘zbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga Ittifoqqa bo‘ysunuvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning O‘zbekiston SSR huquqiy tobeligiga o‘tishi tartibini belgilash vazifasi topshirildi».
Yana bir misol: respublika Oliy Soveti Prezidiumi «Chakana narxlar amalga oshirilayotgan bir davrda mehnatni rag‘batlantirishni kuchaytirish va mehnatkashlarning ijtimoiy himoyalanganligini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston SSRning «Mustaqillik Deklaratsiyasi»ga hamda «O‘zbekiston SSRdagi korxonalar to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq «1991-yilgi Ittifoq budjeti» to‘g‘risidagi SSSR Qonuni 8-moddasining «korxonalar iste’mol fondini ko‘paytirishni cheklashga oid qismi amal qilishini O‘zbekiston hududida to‘xtatishi» to‘g‘risida ham qaror qabul qildi. Shunday qilib, 90-yillarning dastlabki davrlarida O‘zbekiston SSR Prezidenti I.A.Karimov, O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi va Hukumati O‘zbekistonning siyosiy-iqtisodiy mustaqilligi, uning milliy suvereniteti uchun dadil qadamlar qo‘ydilar. Bu keng jamoatchilik tomonidan ham qoniqish bilan kutib olina boshladi. Masalan, Toshkent siyosatshunoslik va boshqaruv instituti 1991-yili fevral oyida Toshkent, Samarqand, Farg‘ona shaharlarida 10 ta sanoat korxonasida 400 ishchi bilan sotsiologik so‘rov o‘tkazdi. So‘ralganlarning 67,8 foizi mamlakatdagi iqtisodiy ahvol yaxshilanmaydi, deb, 72 foizdan ortig‘i esa hayotdan qoniqmayotganini aytdi. Ishchilarda sobiq markazning sotsial-siyosiy tartibotlariga ishonmaslik vujudga keldi. Masalan: «Umumittifoq va mahalliy hokimiyat hamda boshqaruv organlariga sizning munosabatingiz qanday?», – deb berilgan savolga 4,5 foiz kishi «O‘z umidimni umumittifoq davlat idoralari bilan bog‘layman», 32,5 foiz ishchi esa «Respublika davlat organlari bilan bog‘layman», – deb javob berdi. Ushbu javoblardan ham ko‘rinib turibdiki, fuqarolarda umumittifoq idoralariga emas, balki respublika davlat idoralariga, tabiiyki, respublikaning mustaqil rivojlanishiga ishonchi tobora orta boshladi. I.A.Karimov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XII chaqiriq oltinchi sessiyasida (1991-yil) jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlarni ta’riflab shunday fikr bildirgan edi: «Mamlakatda bugun mavjud bo‘lgan keskin qarama-qarshilik vaziyati bir kunda paydo bo‘lgani yo‘q. Novo-Ogorevoda Ittifoq shartnomasi ustida ish olib borilayotgan bir paytda SSSR Oliy Kengashining rahbarlari pozitsiyasi ma’lum bo‘ldi. Ular har xil siyosiy niqoblar ostida davlatni, markaziy boshqaruvni eski holicha saqlab qolishga, Ittifoq shartnomasini tayyorlash va imzolashda esa Ittifoq Oliy Kengashiga eng oliy, ya’ni hal qiluvchi huquqlar berilishiga harakat qildilar. Jumhuriyatlar o‘zlari xohlagan vakolatlarini Ittifoqqa emas, balki Ittifoq xohlagan vakolatlarini jumhuriyatlarga berar emish. Biz esa Ittifoqni faqat uning tarkibiga kiruvchi davlatlarning to‘liq mustaqilligi va teng huquqliligi bilan yangilash mumkin, degan fikrda qat’iy turdik. Asosiy kelishmovchilik ana shundan iborat edi». Sobiq Markazni kuchaytirish, hokimiyatni yana markazda to‘plash tarafdorlari o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun ommaviy axborot vositalari va sessiya minbarlaridan keng foydalandilar. Masalan, akademik V.Kudryavsev «Pravda» gazetasida «Suverenitet haqida Deklaratsiyalar va Ittifoq Shartnomasi» deb nomlangan maqola bilan chiqib, Ittifoqni respublikalar suverenitetini toraytirish hisobiga yangi Ittifoq Shartnomasi tuzish g‘oyasini ilgari suradi. Jumladan, uning fikricha: «Markaz ixtiyorida mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishni belgilash, moliya, bank, bojxona tizimini nazorat qilish huquqlari qolishi kerak. Umumittifoq qonunlari respublikalar qonunlaridan ustun turmog‘i lozim». Bunday qarashlar I.A.Karimov boshchiligida O‘zbekistonda vujudga kelayotgan siyosiy tamoyillarga mos kelmas edi. O‘zbekistonning yetakchi olimlari V.Kudryavsevning milliy respublikalar suverenitetini cheklash g‘oyasiga qarama-qarshi mamlakatda milliy masalani hal qilishning uch oqilona yo‘li, ya’ni demokratiyalashtirish, desentralizatsiya, deideologizatsiyani amalga oshirishni taklif qildilar.
Biroq, markazni kuchaytirish tarafdorlari boshqa usullardan: namoyishlar o‘tkazish, mitinglar tashkil qilish, hatto, g‘ayri konstitutsion yo‘llar bilan davlat to‘ntarishi qilish bilan bo‘lsa-da, barcha huquqni Markazda to‘plash, avvalgi buyruqbozlik usulini qaror toptirishga harakat qilaverdilar.
1991-yil 19 – 21 avgustida Moskvada davlat to‘ntarishi qilishga urinib ko‘rildi. Ularning maqsadlari Ittifoq hududida yashovchi barcha xalqlarning mustaqillikni qo‘lga kiritishlariga, o‘z taqdirlarini o‘zlari hal qilishlariga yo‘l qo‘ymaslik edi.
Shuni ham aytish kerakki, to‘ntarishni uyushtirgan kishilar mamlakatda yuz bergan boshboshdoqlik va parokandalik cho‘qqisiga chiqqan bir paytdan foydalanib qolmoqchi bo‘lishdi. Ammo qayta qurish yillarida ko‘zi ochilgan xalqni endi eski tuzum doirasiga kiritishga, unga eskicha buyruqbozlik qilishga urinish behuda edi. Butun mamlakat uchun fojiali bo‘lgan o‘sha kunlarda O‘zbekiston rahbariyati korxona va xo‘jaliklarning rahbarlari xalq saylagan deputatlar, barcha sofdil kishilar, xalqni sabr-toqat va osoyishtalikka da’vat qildilar. Ular barqaror ijtimoiy-siyosiy vaziyatni saqlash, jumhuriyat hududida favqulodda holat joriy etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, Konstitutsiyaga qarshi davlat to‘ntarishini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi ig‘vogarona harakatlarga uchmaslik uchun o‘zlarining butun imkoniyatlaridan foydalandilar.
Faollar bilan uchrashuvlarda, O‘zbekistonning davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Deklaratsiya va konstitutsion tuzum qoidalariga rioya qilinajagi aytildi. Xalqqa markazdan har qanday ko‘rsatmalar, turli va’dalar berilishi, dag‘dag‘alar qilinishiga qaramay, respublika o‘z siyosiy yo‘lidan qaytmasligi aytildi.
O‘zbekiston Prezidenti I.A.Karimov Hindiston safaridan qaytgani hamonoq – 19-avgust kuni kechqurun respublika rahbarlari va Toshkent shahri faollari bilan uchrashib, qat’iy tarzda O‘zbekiston nuqtayi nazarini ma’lum qildi. Respublika rahbariyati: «Markazdan, kim bo‘lishidan qat’i nazar, qonunga xilof ko‘rsatmalarni bajarish mumkin emas», – deb hisobladi. 20-avgustda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosati, O‘zbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri rahbarlari ishtirokida qo‘shma majlis bo‘ldi. Unda O‘zbekistonning mustaqillikka erishish yo‘li o‘zgarmasligi haqida Bayonot qabul qilindi.
Shu kuni O‘zbekiston Prezidenti I.A.Karimov respublika aholisiga murojaat bilan chiqdi. Ushbu murojaatda O‘zbekistonning o‘z mustaqilligiga erishish yo‘li qat’iy ekanligini yana bir bor alohida uqtirildi. Jumladan, unda «O‘zbekiston jumhuriyati, uning rahbariyati qayta qurish davrida ham hech qachon birovning gapiga kirib ish tutgan emas. Markazdan, boshqa ba’zi bir jumhuriyatlardan qanday qarorlar chiqmasin, va’dalar berilmasin, har qanday chaqiriqlar, da’vatlar, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga harakatlar bo‘lmasin, biz o‘zimiz tanlagan yo‘limizdan va belgilab olgan maqsadimizdan qaytganimiz yo‘q. Bu yo‘l bizning xalqimiz tarixiga, urf-odatlariga, tabiatimiz shart-sharoitlariga, xullas, xalqimiz manfaatlariga mos yo‘ldir», – deb qat’iy ta’kidlandi. Shuningdek, turli ijtimoiy-siyosiy guruhlar o‘rtasidagi ixtiloflarni hal etish uchun kuch ishlatish, eng avvalo, harbiy kuch ishlatish ochiq-oydin qoralandi.
O‘zbekiston Prezidentining Farmoni bilan Favqulodda Holat Davlat Komitetining g‘ayri konstitutsiyaviy, huquqqa qarshi qarorlari va boshqa ko‘rsatmalari noqonuniy deb e’lon qilindi.
Ana shunday sharoitda, ya’ni markaz va respublikalar o‘rtasidagi munosabatlar tobora taranglashib, markaz boshqaruv qobiliyatini yo‘qotgan, har bir mintaqa, har bir respublika o‘z holiga tashlab qo‘yilgan bir sharoitda tarixiy vaziyatni to‘g‘ri baholay bilish qobiliyatiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov Oliy Kengash sessiyasini chaqirish va unda O‘zbekiston mustaqilligi haqida Qonun qabul qilish masalasini keskin qo‘ydi. Chunki har bir milliy respublikaning chinakam teng huquqliligi va mustaqilligi ta’minlangandagina tanazzuldan chiqish mumkin edi. Buning uchun mustaqillik yo‘lidagi barcha to‘siqlar olib tashlanishi, har bir respublika so‘zda emas, balki amalda tenglar orasida teng bo‘lishi lozim edi.
Ayni shu maqsadlarni ko‘zlab, O‘zbekiston Oliy Kengashining XII chaqiriq navbatdan tashqari sessiyasi 1991-yil 31-avgustda o‘z ishini boshladi.
O‘zbekistonning mustaqil davlat deb e’lon qilinishida mazkur sessiya katta tarixiy ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlash lozim. Unda «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi masalalar kun tartibiga qo‘yilib, qizg‘in muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida Prezident I.A.Karimov ma’ruzasi tinglandi. U o‘z nutqida 1991-yil o‘rtalarida markaziy hukumat olib borayotgan ichki siyosatni tahlil qildi. 19 – 21-avgust kunlari Moskvada Favqulodda Holat Davlat Komiteti a’zolarining fuqarolar boshiga azob-uqubatlar solishga intilishganini, butun-butun xalqlarning ozodligini, respublikalar mustaqilligini yana kishanlamoqchi bo‘lganliklarini ro‘yirost ochib tashladi. Alg‘ov-dalg‘ovli kunlarda ham O‘zbekistonning o‘z yo‘li va maqsadi borligini, bu xalq manfaatiga mos yo‘l ekanligini, qanday qilib bo‘lmasin, undan qaytmaslik lozimligini aytdi. Shuningdek, ma’ruzada mustaqil davlatlar maqomiga to‘xtalib: «Bo‘lajak Mustaqil davlatlar... erkin, mustaqil va teng huquqli bo‘lib qolishlari, o‘zlarining milliy davlat tuzish, tashqi bozorga chiqish, o‘zi ma’qul topgan barcha mamlakatlar bilan xalqaro munosabat o‘rnatish, diplomatik va konsullik aloqalari masalalarini mustaqil hal etishlari kerak. Yana ta’kidlab aytaman, bu hech kimning buyrug‘isiz va aralashuvisiz mustaqil amalga oshirilishi kerak. Mana shu sharoitga, sabablarga asoslanib, xalqimiz xohish-irodasini bajo keltirib, Oliy Kengash diqqatiga faqat bir masalani qo‘ymoqchiman: O‘zbekistonning mustaqilligi haqidagi Qonunni muhokama etish va uni qabul qilishni taklif etaman. Bu qonunda qadimiy va yangilanayotgan diyorimizda istiqomat qilayotgan barcha kishilarning xohish-irodasi o‘z ifodasini topgan. Xalqimizning bu ezgu xohish-irodasi biz uchun muqaddasdir»,– degan fikr bildirildi.
Oliy Kengash deputatlari moddama-modda muhokamadan so‘ng «O‘zbekiston Respublikasining Davlat Mustaqilligi to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildilar. So‘ngra Respublika Davlat Mustaqilligi to‘g‘risidagi Bayonot qabul qilindi. O‘zbekiston SSRning nomi O‘zbekiston Respublikasi deb o‘zgartirildi. Mustaqillik e’lon qilingan kun 1-sentabr 1991-yildan boshlab milliy bayram va dam olish kuni, deb e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi haqidagi bu hujjatlar o‘zbek xalqining asriy orzusi ro‘yobga chiqqanligining huquqiy ifodasi bo‘ldi.
«O‘zbekiston Respublikasining Davlat Mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi qonun g‘oyat katta ahamiyatga ega bo‘lganligi uchun bu muhim hujjat haqida batafsil to‘xtash lozim. Mazkur qonun asosida O‘zbekistonning huquqiy holati tubdan o‘zgardi. O‘z mohiyatiga ko‘ra bu hujjat respublika uchun vaqtincha konstitutsiya rolini ham o‘ynaydigan bo‘ldi. 17 moddadan iborat bu qonun suveren O‘zbekiston Respublikasining asosiy belgilarini aniqlab berdi.
1-moddada O‘zbekiston Respublikasi o‘z tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan birga mustaqil demokratik davlat, deb e’lon qilinadi.
2-moddada O‘zbekiston Respublikasining xalqi suveren ekanligi va u respublika davlat hokimiyatining birdan-bir sohibi ekanligi haqida gapiriladi.
3-moddada O‘zbekiston Respublikasi to‘la davlat hokimiyatiga ega, o‘zining milliy davlat va ma’muriy-hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil belgilash qonunlashtirildi.
5-moddada O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiya, uning qonunlari ustun ekanligi va davlat idoralarining tizimi, hokimiyatni qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatiga ajratish tartibi asosida ko‘rilganligi haqida gapirildi.
8 – 12 – 14-moddalar O‘zbekiston mustaqilligining iqtisodiy asoslarini izohlab berdi.
13-14-moddalarda O‘zbekistonning tashqi siyosiy aloqalaridagi mustaqilligi sharhlandi.
15-moddada O‘zbekiston Respublikasi hududida inson huquqlari umumiy deklaratsiyasiga muvofiq holda respublika fuqaroligi joriy etilishi, u fuqarolar millati, elati, ijtimoiy kelib chiqishi, qaysi dinga mansubligidan qat’i nazar, bir xil huquqlarga egaligi va ular respublika Konstitutsiyasi va qonunlari himoyasida bo‘lishlari qonunlashtirilgan.
16-moddada davlat ramzi bo‘lgan gerb, bayroq va madhiya hamda davlat tili haqida gapirilsa, 17-moddada esa O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston bilan munosabatlari xususida so‘z borib, O‘zbekiston Qoraqalpog‘istonning hududiy yaxlitligini tan olishi haqida fikr yuritiladi, u O‘zbekiston tarkibida ekanligi e’tirof etiladi (bu moddada O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston o‘zaro munosabatlari ikki tomonlama tenglik asosida tarkib topishi kerakligi qonunlashtirilgan). Shuningdek, bu moddada Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan tegishli qonunlar asosida chiqib ketishi mumkinligi ham e’tirof etilgan.
Bunday Qonunning qabul qilinishi mustaqillik davrida qo‘lga kiritilgan yutuqlarning natijasi hisoblanadi. Bu esa huquqiy, iqtisodiy hamda ma’naviy-axloqiy munosabatlar natijasi sifatida muhim ahamiyatga ega.
Shuning uchun ham, ushbu Qonunga O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining 1991-yil 30-sentabr qarori bilan Konstitutsiyaviy maqom berildi. Jumladan, unda shunday deyiladi:
1. «O‘zbekiston Respublikasining Davlat Mustaqilligi asoslari to‘g‘risida» 1991-yil, 31-avgustida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga konstitutsiyaviy maqom berilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi amaldagi Konstitutsiya moddalari «O‘zbekiston Respublikasining Davlat Mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi Qonunning qoidalariga zid kelgan hollarda mazkur Qonunga amal qilinsin.
3. Konstitutsiya komissiyasi tayyorlanayotgan «Respublika Konstitutsiyasining Davlat Mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi Qonunning qoidalariga amal qilinsin.
Shu tariqa qonun tarzida huquqiy jihatdan rasmiylashtirilgan O‘zbekiston mustaqilligi barchaning dilini quvonchlarga to‘ldirdi. Toshkentdagi Podyomnik ishlab chiqarish birlashmasining ishchisi, 21-saylov okrugidan O‘zbekiston xalq deputati Botir Qosimov sessiya yakunida so‘zga chiqib, shunday dedi:
«Yashirmayman, mustaqillik haqida gap-so‘z ko‘p edi-ku, lekin ishning amaliy qismiga kelganda siljish yo‘q edi. Nihoyat respublikamiz Oliy davlat hokimiyati juda muhim qonun, davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi hujjatni qabul qildi. Endi mana shu har birimizga quvonch va iftixor tuyg‘ularini olib kelgan qarorni amalda quvvatlashimiz zarur».
Shu tariqa xalqimizning uzoq yillar kurashib, intilib qo‘lga kiritgan mustaqillik erki qonun bilan mustahkamlab qo‘yildi.