2008 yil, 21 may, Nortgempton.
Devid qochib qutulib bo'lmaydigan janjal
oldidan o'ziga dalda bera-bera azonda uyga
qaytganida xotini o'z o'rnida uxlab yotganini
ko'rdi. Yonida «Shirin shakkoklik»
qo'lyozmasi yotar va vino ichilgan bo'sh stakan
turardi.
O'n minutlardan keyin Ella uyg'ondi.
Devidning vannaxonada dush qabul
qilayotganidan hayron bo'lmadi. Eri boshqa
ayollar bilan o'ynashishga o'ynashishi qatto
tunni ular bilan o'tkazishi ham mumkin edi-yu
va lekin ertalab dushni hamisha o'z uyida qabul
qilar edi. Devid yotoqxonaga qaytib kirganida,
uning uyga kelmagani borasidagi
tushuntirishlaridan qochish uchun o'zini
uxlayotganga soldi.
Bir soatcha o'tar-o'tmas Devid va bolalar o'z
ishlariga tarqab ketishdi va Ella yana
oshxonada yolg'iz qoldi. Hayot oqimi yana
o'zining odatdagi o'zaniga tushganday edi. Ella
o'zining sevimli «Pazandalik san'ati - oson va
tez» oshpazlik kitobini ochdi va bir nechta
reseptni o'qib ko'rib, o'zini kun bo'yi ish bilan
band qilishi mumkin bo'lgan ancha murakkab
menyuni tanladi.
Dengiz mollyuskalaridan za'faron, kokos va
apelsin solib tayyorlanadigan yovg'on sho'rva.
Qo'ziqorin, xushbo'y ko'katlar va besh xil
pishloq bilan pishiriladigan spagetti.
Xo'shbo'y olma moyi, sirka va sarimsoqpiyoz
shimdirib pishiriladigan buzoq qovurg'alari.
Layma sokidagi yashil loviyadan va
gulkaramdan tayyorlanadigan salat.
Keyin desert (shirinlik) tanladi: iliq shokolad
suflesi.
Ella ovqat tayyorlashni yaxshi ko'rardi. Eng
oddiy masalliqlardan shirin taomlar
pishirishdan u nafaqat huzur qilardi, balki,
qizig'i shuki, kayfiyati ham ko'tarilib ketardi.
Boz ustiga bu ish juda a'lo darajada chiqishi
unga yana ham ko'proq huzur berardi. Bundan
tashqari, ovqat tayyorlash uni tinchlantirardi
ham. Oshxona uning hayotida o'zini dunyodan
ajratib olishi va vaqt tezligini go'yo
qisqartirishi mumkin bo'lgan joyi edi. Ba'zi
odamlar uchun intim munosabatlar shunday rol
o'ynaydi, fikrlar edi Ella, lekin buning uchun
ikki kishi bo'lishi kerak, oshxona uchun esa
vaqt, ishga mehr va masalliq bo'lsa, bas.
Televideniyadagi pazandalik dasturlari
boshlovchilari kishidan ruhiy ilhom va ijodiy
qobiliyat talab qilishini uqtiradilar. Ular
hamisha "eksperiment" so'zini takrorlaydilar.
Ella ularning fikrlariga qo'shilmaydi.
Eksperimentni olimlarga g'aroyibotlari esa
rassomlarga havola etish joizroq emasmi? Bu
yerda esa an'analarga rioya etish va sira ham
eksperiment qilmaslik kerak. Taom
tayyorlashni bilish bu urf-odatga na qoidalarga
rioya etish degani. Xozirgi davrda ahamiyati
qanchalik kam qadrlanayotgan bo'lmasin,
oshxona yumushlarida ularga rioya etish sira
ayb emas, Ella o'zining uy yumushlarini
eskicha yuritish odatini qadrlardi. Ertalablari
butun oila deyarli hamisha bir vaqtda nonushta
qilar, dam olish kunlarini hamisha bir yerda
o'tkazishar, har oyning birinchi yakshanbasida
qo'shnilarini tushlikka (mehmonga)
chaqirishardi. Devidning o'z ishidan sira vaqti
ortmagani uchun butun ro'zgor ishlari:
xarajatlar, uy-ro'zg'orni, bolalarni tartibda
tutish, ularning dars tayyorlashlarini kuzatib
borish - barchasi faqat Ellaning zimmasida.
Payshanba kunlari Ella Pazandalik klubiga
borardi, u yerda klub a'zolari o'zaro pazandalik
retseplarini bo'lishar edilar. Har jumaning bir
necha soatini bozorda, fermerlar bilan, ularning
mahsulotlarini muhokama qilish va ta'mini
totish va tajribasi kam yosh bekalarga
maslahatlar berish bilan o'tkazardi. Qolgan
narsalarni u uyga qaytishda magazindan olar
edi.
Shanba kunlari kechqurun Devid Ellani
restoranga (odatda yapon restoraniga) olib
borardi - shunda agar uncha charchamagan
bo'lishsa va unchalik mast bo'lishmasa uyga
qaytishgach, birga bo'lishardi. Qisqagina
o'pichlar va erkalashlar ehtirosning emas, balki
shunchaki bog'lanishning ifodasi edi. Nikohlari
barqaror va odatiy tusga kirganidan keyin
birgalik o'z jozibasini yo'qotgan edi. Ular
ba'zan haftalab bir-biriga yaqinlashmas edilar.
Ella hatto bir vaqtlar er-xotinlik munosabati
uning hayotining muhim qismini tashkil
etganiga hayron bo'lardi, endi esa yengil
tortgan, o'zini deyarli erkin his etardi.
Unga ko'p yillar nikohda yashagan va
keyinchalik boshqa ishonchliroq va muhimroq
munosabatlar uchun yashashga o'tib, jismoniy
quvonchlardan uzoqlashadigan juftlar haqidagi
fikrlar yoqar edi.
Bunda birdan-bir muammo Devidning
umuman shahvatdan emas, faqatgina o'z xotini
bilan bo'ladigan munosabatdan voz
kechayotganida edi. U bu sarguzashtlari uchun
erini hech qachon ochiqchasiga ayblamas,
hatto o'z taxminlarini unga aytmas edi ham.
Yaqin do'stlari bunday taxminlardan uzoq
ekanliklari uchun, o'zini bilmaganga solish
uning uchun osonroq kechar edi. Hammasi
yashirin edi, hech qanday janjalsiz,
g'iybatlarsiz. Ella bu ishlarni Devid qanday
yo'lga qo'yishini xayoliga ham keltira olmas
edi. Uning ayollar bilan, ayniqsa, yoshgina
assistent ayollar bilan tez-tez muloqotda
bo'lishi hisobga olinsa, bu ish uncha murakkab
emasday ko'rinadi. Lekin eri hamisha
hushyorlik va vazminlikni boy bermas edi.
Shunga qaramay Ella buni bilardi. Zero,
xiyonatning o'z isi bo'lar ekan.
Ella bunda gap nimada ekanini aniq ayta olmas
edi. Xiyonatning sababi Ellaning
befarqligidami yoki boshqa bir sabab bormi?
Nahotki avval Devid yo'ldan ozdi-yu, keyin
Ella o'z vujudini va xohishlarini yoqtirmay
qoldimi?
Nima bo'lganda ham, natijasi bitta. Uch
farzand tug'ilgan yigirma yillik nikoh
mobaynida avvalgi ehtiroslardan asar ham
qolmagan edi. Uch soat mobaynida Ellani
shunday fikrlar o'rtar ekan, qo'llari o’z ishini
bilib qilardi. U pomidor to'g'rar,
sarimsoqpiyozni maydalar, piyoz to'g'rar, sous
qaynatar, apelsin po'chog'ini archar, bug'doy
noni uchun xamir qorardi. Devidning onasi
bergan oltin nasihatga binoan, nonni u hamisha
o'zi yopardi.
- Hech nima erning esiga uyi borligini yangi
yopilgan nonchalik solib tura olmaydi, - degan
edi Devidning onasi ular unashtirilgan kunda. -
Hech qachon nonni magazindan sotib olma.
Hamisha nonni o'zing yop, azizam, bu uyingda
mo'jizalar yaratadi.
Kun bo'yi shu tariqa ishlarni qilgach, Ella stol
ustini chiroyli bezashga tushdi. Salfetkalarni,
xushbo'y shamlarni, sariq va qovoqrang
guldastalari bor guldonlarni stolga qo'ydi.
Salfetkalar o'tkazil- gan yaltiroq uzukchalar,
ayniqsa, zo'r chiqdi.
Charchagan, lekin mamnuniyat his etgan holda
Ella mahalliy yangiliklarni eshitish uchun
televizorni yoqdi. Yosh ruhshunosni o'z uyida
pichoqlab ketishipti; qisqa tutashuv tufayli
kasalxonada o't chiqipti; maktabning katta sinf
o'quvchilaridan to'rttasi maktab mulkini talon-
toroj qilishda ayblanib qamalishipti. Bularni
tinglarkan, uydan tashqarida odamni qanday
xatarlar kutib turishini o'ylab, bosh chayqadi.
Amerikaday mamlakatning shahar yaqinidagi
joylarda yashash shunchalik xatarli bo'lib
qolgan vaqtda, Aziz Z. Zaxaraga o'xshagan
odamlarda shunday yovvoyi mamlakatlarda
sayohat qilish istagi qanday paydo bo'lar ekan-
a?
Uni va u kabi boshqa ko'pchilikni ham to'rt
devor orasiga qamab qo'ygan bu noma'lum,
xatarli va tushunarsiz shu hayot, Aziz kabi
kimsalarni sarguzasht istagida dunyo kezdirishi
g'alati edi.
Rubinshteynlar (oila a'zolari) chiroyli
bezatilgan stol atrofiga to'planganlarida soat
roppa-rosa yetti yarim bo'lgan edi. Xushbo'y
shamlar yemakxonaga qandaydir mo'tabarlik
baxsh etib turardi. Begona odamga bu oila
namunaviy bo'lib ko'rinishi mumkin edi. Hatto
Janetning yo'qligi ham manzarani buzmadi.
Ovqat vaqtida Orli bilan Avi o'zlarining
maktabdagi ishlari haqida tinimsiz
valaqlashardilar va Ella ularning bu bir daqiqa
ham tinib-tinchimasliklari va sho'xliklari uchun
ulardan minnatdor edi, aks holda eri bilan u
azobli sukunat qa'riga cho'kib ketishlari
mumkin edi.
Ella ko'z qiri bilan Devid sanchqini
gulkaramga qanday sanchganini, uni og'ziga
olib borganini va sekin chaynay boshlaganini
kuzatardi. Ko'zi uning yupqa rangpar lablariga,
oppoq yaltiroq tishlariga tushdi. Bir vaqtlar u
bu og'iz bilan o'pishishni yaxshi ko'rar- di... U
erini boshqa ayol bilan o'pishayotganini
tasavvur etdi. Uning xayolidan yosh va
ko'kraklari durkun, tor ko'ylak kiygan,
tizzasigacha chiqadigan baland poshnali etik
kiygan, kosmetik krem qalinligidan yuzlari
yaltiragan assistentka o'tdi. Ella Devidni
hozirgiday oilaviy stol oldida o'tirib,
shoshmasdan gulkaram eyayotganiday emas,
shosha-pisha ochko'zlik bilan uni o'payotganini
tasavvur etdi.
Aynan o'sha payt, eri o'z sarguzashtini
boshlagan o'sha ayolni ko'z oldiga keltirganida,
Ellaning ichida nimadir uzilib ketdi. O'zining
tajribasizligi va jur'atsizligiga qaramay, u
birdan ertami-kechmi bularning hammasini: o'z
oshxonasini, itini, bolalarini, qo'ni-
qo'shnilarini, erini, o'zining pazandachilik
kitoblarini va uyda yopadigan nonlarini tashlab
ketishini qo'rqinchli bir aniqlik bilan tushundi...
U hamisha qo'rqinchli narsalar sodir bo'ladigan
o'sha dunyoga shunchaki ketvoradi, vassalom.
Ustoz
Dostları ilə paylaş: |