1243 yil, 18 dekabrь, Bag'dod.
Tomlardan uzun sumalaklar osilib turgan qish
kunlaridan birida qor bosgan yo'lda chopar
ko'rindi. U Qaysaridan keldim, dedi. Bundan
darvishlar hayajonga tushdilar: yilning bu
faslida mehmon kelishi yozda pishadigan
uzumning paydo bo'lishiday gap edi. Sovuq va
qorga qaramay, shoshilinch maktub bilan,
choparning yo'lga chiqqani ikki narsadan
dalolat bo'lishi mumkin edi: yo bir yomon
hodisa sodir bo'lgan, yoki bu endi sodir bo'ladi.
Ustozga keltirilgan bu maktubda nima
yozilgani barcha darvishlarni juda qiziqtirardi,
lekin ustoz bizning qiziqishimizni qondirishi
mumkin bo'lgan bironta ham so'z aytmadi,
ishora ham qilmadi. U ko'rinishdan sovuqqon,
xayolchan, fikrlarini hech kim bilan
bo'lishishni istamas edi. To'g'ri javob izlab, uni
topa olmayotganga o'xshardi.
Men ustozni shunchaki qiziqqanimdan emas,
jiddiy kuzata boshladim. Garchi aynan
nimaligini tasavvur eta olmagan esam-da,
ammo maktubning menga bevosita aloqasi
borday tuyulardi. Qalbimni mustahkam tutish
uchun xonaqoh machitida Xudoning to'qson
to'qqiz go'zal ismlarini takrorlab ko'p
kechalarni o'tkazdim. Har safar bu ismlar
ichida bittasi: Al Jabbor - hech nima uning
ixtiyorsiz sodir bo'lmasligi haqidagi ism
mening diqqatimni o'ziga boshqacha tortardi.
Boshqalar o'z vaqtlarini bahslashib va har xil
bema'ni taxminlar qilib o'tkazar ekanlar, men
bir o’zim qor bosgan bog'da aylanib yurardim.
Nihoyat, hammamiz bizlarni umumiy majlisga
chaqirgan mis qo'ng'iroq jarangini eshitdik.
Xonaqohning asosiy xonasiga kirganimda
hamma yig'ilib bo'lgan, aylana hosil qilib
o'tirishar edi. O'rtada ustoz turardi.
U bir yo'talib oldi-da, dedi:
- Bismillohir rohmanir rahim! Sizlar balki men
nima uchun hammangizni majlisga
chaqirganimga hayron bo'layotgandirsiz. Gap
menga olib kelingan maktubda. Uni kim
yuborganining ahamiyati yo'q. U mening
e'tiborimni juda muhim narsaga qaratganining
o'zi etarli.
Bobo Zamon biroz jim qoldi va derazaga qarab
turdi. U azoblangan, rangi oqargan va juda ozib
ketganday ko'rinardi, go'yo keyingi bir necha
kun ichida ko'p yillarga qarib qolganday edi.
Ammo gapira boshlagan zahoti u birdan
dadillashdi, ovozi qat'iyatli chiqdi:
- Bag'doddan uncha uzoq bo'lmagan bir
shaxarda juda bilimdon olim inson yashaydi. U
shoir bo'lmasa hamki, juda yaxshi notiq.
Minglab odamlar uni yaxshi ko'rishadi, hurmat
qilishadi, lekin uning o'zi hech kimni
sevmagan. Bizga noma'lum sababga ko'ra,
oramizdan kimdir uning huzuriga borishi va
suhbatdoshi bo'lishi mumkin.
Mening yuragim allanechuk siqildi. Keyin
sekin, juda sekinlik bilan nafas chiqardim. Bu
vaziyatda qoidalardan birini eslamay
bo'larmidi? «Yolg'izlik va xilvat bir xil
hodisalar emas. Kishi yolg'iz bo'lsa, o'zining
to'g'ri yo'ldaligiga o'zini oson ishontiradi. Biz
uchun xilvat yaxshi, chunki bu yolg'izlanib
qolishni anglatmaydi. Ammo senga ko'zgu
bo'la oladigan insonni topish undan-da
yaxshiroq. Yodingda bo'lsinki, sen o'zingni va
o'z qalbingdagi Xudoni faqat boshqa inson
yuragiga qarab, adashmasdan ko'ra olasan».
Ustoz gapida davom etdi:
- Menga orangizdan kimdir bu ruhiy sayohatga
borishni istaydimi, degan savolni berishdi.
Albatta, men o'zim bunga munosib darvishni
tanlashim mumkin edi, lekin faqat burch tufayli
bu ishga kirishgan odam uni uddalay olmasligi
mumkin. Bu ishni ishq tufayli va ishq uchun
bajaradigan odam kerak.
Bir yosh darvish gapirishga ruxsat so'rab dedi:
- Ustoz, bu olim kim o'zi?
- Men uning kimligini faqat yo'lga chiqish
uchun xohish bildirgan odamgagina ayta
olaman.
Buni eshitgach, hayajonga tushgan bir qancha
darvishlar shoshilinch qo'l ko'tarishdi.
Istaganlar soni to'qqizta edi. Men ham ularga
qo'shildim, o'nta bo'ldik. Bobo Zamon qo'li
bilan ishora qilib, hali gapi tugamaganini
bildirdi:
- Siz qaror qabul qilmasingizdan oldin men
sizga aytadigan yana boshqa gaplar ham bor.
Bu sayohat juda xatarli va mushkul, borgan
odam qaytib kelishi dargumon.
Mendan boshqa hamma qo'lini tushirdi.
Shuncha vaqt mobaynida Bobo Zamon birinchi
marta mening ko'zlarimga qaradi va
ko'zlarimiz uchrashganida u avvalboshdayoq
men yolg'iz o'zim ko'ngilli bo'lib chiqishimni
bilganini tushundim.
- Shame Tabriziy, - dedi ustoz sekin va go'yo
mening nomim uning og'ziga noxush ta'm
berganday achchiqli ohangda. - Men sening
qaroringni hurmat qilaman, lekin sen bizning
jamiyatimiz a'zosi emassan. Sen mehmonsan.
- Tushunmadim, nima farqi bor.
Ustoz uzoq o'ylab, jim qoldi. Keyin
kutilmaganda o'rnidan turdi va yana dedi:
- Hozircha bu gaplarni qo'ya turamiz. Bahor
kelgach, bu masalaga yana qaytamiz.
Mening qalbim isyon ko'tarardi. Axir Bobo
Zamon men ayni shu vazifani bajarish uchun
Bag'dodga kelganimni juda yaxshi bilardku, u
esa menga taqdir qilingan bu imkoniyatdan
meni mahrum qilayapti.
- Nima uchun, ustoz? Men hoziroq yo'lga
tushishga tayyor turgan bo'lsam, nima uchun
kutish kerak? Menga shaxarni va o'sha ulamoni
otini aytsangiz bo'ldi, shu zumdayoq meni bu
yerda ko'rmaysiz! - qichqirib yubordim men.
Lekin ustozning javobi, men bu yerda u bilan
yonma-yon yashaganimdan buyon sira
kutilmagan tarzda sovuq va qat'iy bo'ldi:
- Muhokamaga o'rin qolmadi. Majlis tamom.
Qish uzoq va sovuq keldi. Bog'dagi hamma
narsalar muzlagan, mening lablarim ham.
Keyingi uch o'y mobaynida men biron so'z
aytmadim. Har kuni uzoq sayrga chiqaman,
daraxt kurtak yozarmikin, deya izlayman, lekin
faqat qorni ko'raman. Bahorni faqat orzuda
ko'rish mumkin.
Dilim xira bo'lsa ham, hozirgi kayfiyatimga
juda muvofiq keladigan: «Hayotingda nimaiki
sodir bo'lmasin, juda katta baxtsizlikka duch
kelgan chog'ingda ham ruhingni cho'ktirma.
Hatto barcha eshiklar berkilib qolgan bo'lsa
hamki, Xudo faqat sen uchun yangi yo'llar
ochadi. Shukur qil! Hamma ishlar yaxshi
bo'ladigan vaqtlarda shukr qilmoq oson,
albatta. Lekin so'fiy berilgani uchun ham,
berilmagani uchun ham shukur qiladi», degan
qoidaga rioya etdim.
Nihoyat bir kuni tongda ajib kurtakni ko'rib
qoldim. U musiqiyday go'zal tarovat bilan
qalin qorlar ostidan bosh ko'tarib turardi. Bu
ushoqdakkina gullaydigan kichikkina
yo'ng'ichqa edi. Yuragim quvonchga to'lib
ketdi. Uyga qaytayotib mallasoch xizmatchiga
duch keldim va u bilan quvnoq salomlashdim.
U meni hamisha indamas va xafaqon
yurishimga o'rganib qolgan ekanmi, turgan
joyida qotib qoldi.
- Tabassum qil, bolakay! - qichqirdim unga. -
Ko'rmayapsanmi, axir bahor keldi?
O'sha kundan boshlab atrofda hamma narsa
zudlik bilan o'zgara boshladi. Qor tez eriy
boshladi, daraxtlarda kurtaklar bo'rta boshladi,
qushlar qaytib kelishdi va havo ham bahorning
shirin xush bo'ylari bilan to'ldi.
Bir kuni ertalab biz yana mis qo'ng'iroq
jarangini eshitdik. Bu safar men birinchi bo'lib
yugurib keldim Hammamiz yana doira yasab
o'tirdik va ustoz IShQ yo'lining xavfu xataridan
boshqa hamma narsani biladigan islom ulamosi
haqida gap ochdi. Yana hech kim o'z ixtiyori
bilan bu inson sari borishga xohish bildirmadi.
- Demak, Shams yakkayu yagona ko'ngilli
ekan, - e'lon qildi Bobo Zamon baland va
shamolniki kabi ingichka ovoz bilan. - Lekin
men qaror qabul qilish uchun kuzgacha
kutaman.
Men bundan larzaga tushdim. Quloqlarimga
ishonmadim. Uzun uch oyni kutish bilan
o'tkazdim, ustoz esa yana olti oy kutishni talab
qilardi. Men juda tang ahvolga tushdim, isyon
ko'tardim, iltijo qildim, lekin u rad etdi.
Ammo bu safar kutish yengilroq bo'lishini
tushunardim, chunki bundan bu yog'iga ortga
surish bo'lmaydi. Qishdan bahorgacha turib
bergach, mendagi otash kuzga qadar ham
sovimaydi, deya qat'iy ayta olardim. Bobo
Zamonning bu qarori mening hafsalamni pir
qila olmadi. Aksincha, men dadillashdim,
qat'iyatim yanada kuchaydi. Qoidalardan yana
birida aytilganidek, «Sabr degani nofaollik
degani emas. Sabr degani oqibatni ko'ra olish
va unga ishonish demakdir. Sabrning ma'nosi
nimada? Tikanga qarab turib, atirgulni
ko'rmoqlikda; tunda bo'la turib, tongni ko'ra
bilmoqlikda. Sabrsizlik esa uzoqni va kelajakni
ko'ra bilmaslikdir. Xudoni sevuvchilar aslo
sabrni yo'qotmaydilar, zero ularga oyning
to'lishi, to'lin oyga aylanishi uchun vaqt
kerakligi ma'lum».
Kuz kelgach, mis qo'ng'iroq uchinchi marta
jarangladi. Men endi hammasi hal bo'lishiga
ishongan holda, shoshmasdan bordim. Ustoz
odatdagidan zaifroq va rangparroq kurindi,
go'yo quvvati qolmagandek edi. Shunga
qaramasdan, u men yana qo'l ko'targanimni
ko'rib, yuzini teskari burmadi va qarorini
orqaga surmadi. U qat'iyat bilan menga bosh
irg'adi:
- Mayli, Shams, yo'lga tayyorlan. Inshoolloh,
ertaga tongda sen bizni tark etasan.
Men ustozning qo'lini o'pdim. Yo'lga qancha
vaqt ketmasin, ertami-kechmi men
suhbatdoshim bilan uchrashurman.
Bobo Zamon yakkayu yolg'iz o'g'lini jangga
kuzatayotgan ota kabi mehr va g'amginlik bilan
menga kulimsiradi. Keyin zangori uzun
to'nining cho'ntagidan muhrlangan maktubni
oldi, uni menga uzatib, xonadan chiqib ketdi.
Hamma darvishlar uning ortidan ergashdilar.
O'zim yolg'iz qolgach, xat muhrini sindirdim.
Unda o’z savollarimga javob topdim. Shunga
ko'ra men Konyaga borishim va Rumiy bilan
uchrashishim kerak edi.
Quvonchdan yuragim qinidan chiqayozdi. Men
avval bu ismni eshitmagan ekanman. Rumiy
balki buyuk ulamodir, lekin men uchun u katta
jumboq edi.
Men «Rumiy» so'zini qayta-qayta, toki bu so'z
obakidandon ta'miga, «suv», «non», «sut» kabi
odatiy so'zlarga aylanmagunicha, tinimsiz
takrorladim.
Ella
Dostları ilə paylaş: |