2008 yil, 22 may, Nortgempton.
Oppoq paryostiq og'zidagi bemaza ta'mni va
qattiq charchoq hissini arita olmadi. Kech
yotish va me'yordan ortiq ichish nimaga olib
kelishini Ella bilar edi, albatta. U o'zini
o'rindan turishga, pastga tushishga, nonushta
tayyorlashga, egizaklari va eri bilan birga
nonushta stoli atrofida o'tirishga majbur etdi.
Yotoqdagi o'rniga qaytib borish va uxlashni
qanchalik istayotgan bo'lmasin, bor e'tiborini
ularning o'quvchilarni maktabga olib
kelayotgan zo'r hashamatli mashinalar haqidagi
suhbatlariga qaratishga urindi.
To'satdan Orli onasining yuziga qarab so'radi:
- Avi endi opam uyga qaytmaydi, deyapti, oyi,
to'g'rimi?
Ella uning ovozidagi ayblov ohangini tuydi.
- To'g'ri emas, albatta. Biz opang bilan
janjallashib qoldik, lekin bilasan-ku, biz bir-
birimizni yaxshi ko'ramiz.
- Siz Skottga telefon qilib, Janetni o'z holiga
qo'yishini so'raganingiz rostmi? - masxaraomuz
so'radi Avi bu gaplardan oshkora huzur
qilarkan.
Ella ko'zlarini katta ochib, eriga qaradi, Devid
bu keraksiz detallarni bolalarga o'zi
aytmaganini bildirish uchun qoshlarini yuqori
ko'tardi va elkasini qisib qo'ydi.
Ella yillar mobaynida orttirilgan tajribalaridan
kelib chiqib, o'z ovoziga har doimgidek
qat'iyatli tus bergan holda, bolalarga nasihat
qila ketdi:
- Unday emas. Men Skott bilan gaplashdim,
lekin undan opangizdan voz kechishini
so'raganim yo'q. Men faqat nikohdan o'tishga
shoshilmasliklarini so'radim, xolos.
- Bo'lmasa-chi: kim ham senga uylanaman deb
turgan ekan? - uning gapini kesdi Avi.
Bu ikki tirranchasi bir-biri bilan qanday
cho'qishishlariga quloq solarkan, Ella asablanib
zaharxandali kuldi, lekin o'sha zahoti jiddiy
ko'rinish oldi. Lekin bu uncha o'xshamadi va u
bolalarni eshikka kuzatib qaytayotganida ham
lablarida bu kulgu zimdan saqlanib qolgan edi.
Faqat stol yoniga qaytib kelganidan keyingina
u o'zini qo'ydi. Oshxona xuddi kalamushlar
armiyasi hujum qilganday holatda edi.
Oxirigacha yeyilmagan tuxumlar, tishlab
qoldirilgan non bo'laklari, yuvuqsiz idishlar.
Buning ustiga Spirit aylantirib kelishini
kutganicha ortidan ergashib yuripti. Ikki finjon
qahvani va bir stakan multivitaminli ichimlikni
ichib olganidan keyin ham Ellaning kuchi uni
(itini) faqat bir necha minutgagina bog'ga olib
chiqishga kuchi yetdi.
Uyga qaytib kelgach, telefon avtojavob
beruvchisining qizil chirog'i yonib turganini
ko'rdi. Tugmani bosdi va uni behad xursand
qilib, Janetning xushohang ovozi xonani
to'ldirdi.
- Oyi, uydamasmisiz?.. Shunaqaga o'xshaydi,
bo'lmasa, trubkani olardingiz. - Hmm... Men
sizdan juda qattiqranjigan edim va sizni boshqa
ko'rgim kelmay qolgandi. Hozir biroz sovidim.
Yo'q, baribir, siz noto'g'ri ish qildingiz, men
buni yaxshi bilaman. Siz Skottga telefon
qilmasligingiz kerak edi. Lekin men nima
uchun bunday qilganingizni tushunaman. Lekin
quloq soling, endi meni inkubatorda
saqlaganday saqlashni bas qiling. Meni
tinimsiz himoyalashni bas qiling! Meni qanday
bo'lsam shundayimcha bo'lishimga qo'yib
bering, xo'pmi?
Ellaning ko'zlariga yosh qalqidi. Janet yangi
tug'ilganida qanday bo'lgani esiga tushib ketdi.
Qip-qizil jish, ojizgina, serajin, barmoqlari juda
ingichka, og'zida nafas oldiradigan trubka - bu
dunyoda yashashga sira moslasha
olmaydiganday ko'ringan edi u.
Ella murg'akning nafasi to'xtab qolmasa edi,
yashab ketarmikin yo yashay olmasmikin,
degan tahlikada necha kechalarni uyqusiz
o'tkazdi.
- Oyi, yana bir narsani aytay, - Janet bir narsa
esiga tushib qolganday dedi. - Men sizni yaxshi
ko'raman.
Ella chuqur xo'rsindi. U Azizning maktubini
esladi. Xohishlar daraxti uning iltimosiga javob
qilipti-da. Hech bo'lmasa, qisman. Janet telefon
qilib buning bir qismini amalga oshirdi. Endi
qolganini Ella qilishi kerak edi. U qiziga
qo'ng'iroq qilganida u universitet
kutubxonasiga boradigan yo'lda ekan.
- Qizalog'im, men hammasini eshitdim. Meni
kechir, sening oldingda aybdorman va
kechirim so'rayman.
Bir daqiqalik, lekin xatarli sukutdan keyin
Janet javob qildi:
- Mayli, qo'yavering, oyi.
- Yo'q, mayli emas. Men sening tuyg'ularingni
hurmat qilishim kerak edi.
- Keling, bu haqida boshqa gaplashmaylik,
xo'pmi? - iltimos qildi Janet, endi ularning o'rni
almashib qolganday - Janet onasiga, onasi esa
Janetga aylanib qolganday edi.
- Xo'p, azizam.
Janet xuddi o'zi ham Elladan so'rashga
qo'rqayotganday, ovozini pasaytirib shivirladi.
- Siz o'shanda aytgan bir gapingizdan men
qattiq o'kinib ketdim. Bu rostmi? Siz rostdan
ham baxtsizmisiz?
- Yo'g'-e, albatta, yo'q, - shosha-pisha javob
qildi Ella. - Uchta ajoyib farzand ko'rgan
bo'lsam, qanday qilib baxtsiz bo'lishim
mumkin?
Lekin bu javob Janetni qoniqtirmadi.
- Men dadam bilan sizni nazarda tutayapman?
Ella nima deyarini bilmas edi va to'g'risini
aytishga qaror qildi.
- Dadang bilan biz ko'pdan beri birga
yashaymiz. Shuncha yil mobaynida avvalgi
otashinlik saqlanib qolarmidi.
- Tushunarli, - dedi Ella va taajjubki, Ella qizi
uni chindan ham tushunganini his etdi.
Trubkani joyiga qo'ygach, Ella o'zini erkin
qo'ydi va ishq haqidagi fikrlarga berildi.
Tebranuvchi kreslosiga o'rnashib olib xayolga
cho'mdi: nahotki hech nimaga qaramay, unda
ishqni his etish qobiliyati hamon saqlanib
qolgan? Ishq bu telba dunyoda ma'no
izlaganlar uchun-ku! Allaqachonlar izlamay
qo'yganlar uchun u nimaga kerak?
Kech kirishini kutmasdan, Ella Azizga xat
yozdi.
Dostları ilə paylaş: |