1244 yil, 17 oktyabr, Konya.
Dehqon bilan xayrlashganimizdan so'ng eng
oldin o'zim va otim uchun boshpana axtarishga
tushdim. Karvonsaroyda menga to'rtta xonani
ko'rsatishdi, men eng kamtaronasini tanladim.
Menga ko'rpa-to'shak, shipillab yonib
turadigan eski moychiroq va bosh qo'yarga
yostiq o'rniga oftobda kuydirilgan bir g'isht
bo'lsa bas edi. Shu bilan birga xonam
derazasidan shaharning to tepaliklarga qadar
ajoyib manzarasi ko'rinib turardi.
Birinchi navbatda shu ishni tugatgach, bu yerda
turli dinlar va tillarning qaror topganiga hayron
bo'la-bo'la, ko'chalarni kezishga tushdim.
Yo'limda mashshoq-lo'lilarni, arab
sayohatchilarini, xristian ziyoratchilarini,
yahudiy savdogarlarni, buddaviy ruhoniylarni,
ovrupo trubadurlarini, eron hunarmandlarini,
xitoy akrobatlarini, ilon o'ynatuvchi hindlarni,
zardushtiy sehrgarlarni, yunon faylasuflarini
uchratdim. Qullar sotiluvchi bozorda terisi
sutga chayqab olinganday oppoq ayollarga va
quyoshda qoraygan gavdali bichilgan qullarga
ko'zim tushdi.
Bozorda bir soqol olish bilan birga qortiq bilan
qon oluvchi sartaroshlarni, yumaloq shishalari
bilan bashorat qiluvchilarni va olov yutadigan
masxarabozlarni ko'rdim. Ziyoratchilar
Quddusdan kelayotgan edilar, daydilar esa,
tushunishimcha, sarbadorlar qo'shinidan qochib
kelgan askarlar edi, ular Venetsiya, frank,
sakson, yunon, fors, turk, kurd, arman, yahudiy
va men bilmaydigan allaqanday tillarda
gaplashardilar.
Oralaridagi tafovut ko'pligiga qaramay,
ularning barchasida allaqanday noyetuklik
borligi tasavvuri yuzaga kelardi, nazdimda,
Usta ishni yarim yo'lda to'xtatgan-u, har biri
chala qolganday edi go'yo.
Shahar Bobilni eslatardi. Hamma yoq
harakatda. Men bu betartib qarakatlarning qoq
o'rtasida va atrofimdagi odamlarni kuzatar
ekanman, yana bir oltin qoidani esladim:
«Mukammal, benuqson va beayb Xudoni
sevish juda oson. Ammo qisqa umr kechiruvchi
o'z birodaringni barcha nuqson va
kamchiliklari bilan sevmoq mushkul. Inson
sevishga qobil zot ekani esingizda bo'lsin.
Sevgisiz hikmat yo'qdir. Esingizda bo'lsinki,
agar biz Xudoning yaratmishlarni seva
olmasak, Xudoni ham chinakamiga seva
olmaymiz va bila olmaymiz».
Men har xil yoshdagi hunarmandlar o'zlarining
tor, qorong'u ustaxonalarida mehnat qilayotgan
tor ko'chalarda aylanib yurdim. Va hamma
yoqda odamlar Rumiy haqida gapirar edilar.
Qiziq, uning o'zi bunchalik mashhurlikni
qanday his etar ekan? Bu uning «men»iga ta'sir
ko'rsatganmikin? Xayolga botgancha, Rumiy
xutba o'qiyotgan masjiddan nari ketdim.
Shahar manzarasi sekin-asta o'zgardi. Shimol
tomondagi uylar ancha eski, bog'larning
devorlari qisman vayron bo'lgan, bolalar ancha
sershovqin va serharakat edilar. Hidlar ham
o'zgardi, ancha chuchmalllashdi; bu erda sassiq
sarimsoqning isi kuchliroq edi. Oxirida men
havoda uch xil is: ter isi, atir-upa isi va hirs isi
kuchli anqiyotgan ko'chaga kelib qoldim.
Tosh yotqizilgan ko'cha oxirida devorlariga
bambukdan tirgak tirab qo'yilgan va tomi o't-
o'lanlar bilan yopilgan yarim vayrona uy bor
edi. Uy oldida bir nechta ayol gaplashib
turishardi. Ular yaqinlashayotganimni ko'rib,
qiziqsinib, yo hayron bo'lganday, yoki xursand
bo'lganday, menga qarab qolishdi. Men turli
rang va ko'rinishdagi atirgullar ochilib yotgan
bog'ga e'tibor berdim. Ularga kim qarashi meni
qiziqtirib qo'ydi.
Javobini uzoq kutishga to'g'ri kelmadi. Bog'ga
yaqinlashgan zahotim uyning eshigi lang
ochildi va baland bo'yli, bag'baqalari katta,
judayam semiz ayol chiqib keldi. Ko'zlarini
qissa, ular atrofdagi yog' qalqalari ichida
ko'rinmay ketardi. Ustki labi yuqorisida yupqa
qora mo'ylov borligini payqadim. Qarshimda
yarim ayol-yarim erkak turganini payqashim
uchun biroz vaqt ketdi.
- Nima kerak? - shubhalanib so'radi u mendan.
Uning qiyofasi tez o'zgaruvchan edi; bir
qarashda bu - ayolning yuzi bo'lsa, keyingi
qarashda erkakning yuziga aylanardi.
Men o'zimni tanitdim, keyin uning ismini
so'radim, lekin erkak-ayol savolimni chetlab
o'tdi.
- Bu sendeklar keladigan joy emas, - xuddi
pashsha haydaganday menga qo'l silkitdi bu
ayol-erkak.
- Nimaga?
- Bu yer islovotxonaligini ko'rmayapsanmi?
Sen shahvatga bo'ysunmaslikka qaror qilgan
darvish emasmisan? Odamlar meni gunohga
botgan, deb o'ylashadi, men esa xayru
sadaqalar qilaman va Ramazon oyida
eshiklarni yopaman. Va hozir seni ham
gunohdan halos etyapman. Bizdan nari yur. Bu
shaharning eng buzuq joyi bo'ladi.
- Buzuqlik insondan tashqarida emas, uning
ichida bo'ladi, - e'tiroz bildirdim men. -
Qoidada shunday deyilgan.
- Nima haqida gapirayapsan? - qag'illadi ayol-
erkak.
Qirq qoidadan bittasi shu haqida, -
tushuntirmoqchi bo'ldim men. - «Asosiy kir
insonning ichida bo'ladi. Qolgan barcha
kirlarni yuvsa ketadi. Faqat bir kirni toza suv
bilan yuvib ketkazib bo'lmaydi, Bu qalblarni
kemiruvchi nafrat va o'ta mutaassiblik kiri,
yuragingni faqat ishq poklay oladi».
- Siz darvishlar, hammangizning esingiz
joyida emas. Bu yerga har xil mijoz keladi.
Lekin darvish qachon kelishi mumkin? Faqat
qurbaqaning soqoli chiqqanda! Agar men seni
bu erga kiritsam, Xudo hamma yog'imizni yer
bilan bitta qiladi va o'zini Xudoga bag'ishlagan
kishini yo'ldan ozdirganimiz uchun bizga
tavqila'nat yuboradi.
Men o'zimni to'xtatolmay, kulib yubordim:
- Bu fikrlar qayoqdan kelgan o'zi? Xudo,
sizningcha, osmonda o'tirib olib, o'ziga
yoqmagan ishlarni qiluvchi kishilarga
qurvaqayu toshlar yog'dirib turadigan serjaxl
qabila boshimi?
Islovotxona egasi mo'ylovining uchini o'ziga
tortdi va menga xo'mrayib qaradi.
- Kirmayman, xavotir olma, - dedim men. -
Menga shunchaki atirgullaringiz juda yoqdi.
- Ha, shunaqami. Bu mendagi qizlardan
birining ishi. Cho'l Atirgulining.
U qo'li bilan ishratxonada yashovchi ayollar
orasida utirgan yosh ayolni ko'rsatdi. Uning
terisi sadafrang, bodomqovoq qora ko'zlariga
g'am soya solgan ayol edi. U juda chiroyli edi.
Men unga qarab, o'zgarish jarayonini boshdan
kechirayotganini his etdim.
Shundan keyin hech kim eshitmasligi uchun
bekaga sekin shivirladim:
- Bu yaxshi qiz. Va kunlardan bir kun u
Xudoni izlab, safarga chiqadi. Uning taqdiriga
sizning uyingizni butunlay tashlab ketish
bitilgan. Shu kun kelganda siz uni to'xtatib
qolishga harakat qilmang.
U hayratdan qotib qoldi, keyin shang'illab
tashladi:
- Sen bu yerda nimalarni aljirayapsan?
Qizlarga qanday muomala qilishni menga
o'rgatma! Yaxshilikcha ket bu yerdan. Yo'qsa,
hozir Shoqolboshni chaqiraman!
- Bu kim bo'ldi?
- Uni bilmaganing yaxshi, menga ishonaver, -
dedi ayol-erkak, so'zlarini tasdig'i o'laroq,
menga qo'llarini pesh qilarkan.
Bu notanish ismni eshitayotib titrab ketdim,
lekin qo'rqinch tezda o'tib ketdi.
- Xo'p, endi mening ketar vaqtim bo'ldi, -
dedim men. - Lekin hali qaytaman, shuning
uchun meni yana ko'rganingizda hayron
bo'lmang. Chunki men, garchi ko'z va qalblari
tashqi dunyo uchun yopiq bo'lsa hamki, butun
umrini joynamoz ustida bukchayganicha
o'tkazadigan darvishlar toifasidan emasman.
Ular yuzaki Qur'onni o'qisalar, men nish urib
o'sayotgan o'simliklardagi, uchib yurgan
qushlardagi ichki Qur'onni o'qiyman. Odamlar
qalbiga yashiringan jonli Qur'onni o'qiyman.
- Odamlarni o'qiyman, deyapsanmi? - xoxolab
qo'ydi u. - Bo'lmag'ur narsalarni valdirayapsan!
- Har bir inson misoli ochiq kitob, har birimiz
jonli Qur'onmiz. Xudoni izlamoqlik, xoh u
fohisha bo'lsin, xoh avliyo, har bir inson
qalbida jo bo'lgan. Har bir inson qalbida
tug'ilgandan boshlab IShQ yashaydi va u
ochilmoqni istaydi. Qirq qoidadan biri ayni shu
haqidadir: «Butun koinot insonda - senda jo
bo'lgan. Atrofingda nimalarni ko'rayotgan
bo'lsang, hatto sen nafratlanadigan,
yoqtirmaydigan odamlar ham, - hammasi
o'zingda jo bo'lgan. Shuning uchun shaytonni
tashqaridan izlama. Iblis o'zimizning ichimizda
yashiringan. Agar sen chin o'zligingni bila
olsang, o'zingdagi nurli va qorong'u
tomonlaringni ko'ra olsang, eng yuksak
anglashga erishasan. Har bir inson, xoh u erkak
bo'lsin, xoh yo ayol, o'zligini bila olsa, Xudoni
ham biladi».
Ko'llarini ko'kragiga qovushtirib olgan ayol-
erkak oldinga surildi va menga tahdidli tikildi:
- Fohishalarga ta'lim beruvchi darvish! Ehtiyot
bo’l, ahmoqona ta'limoting bilan bu
yerdagilarning yuragiga g'ulg'ula solishingga
men yo'l qo'yib berar ekanmanmi. Yaxshisi,
jo'na bu yerdan! Agar jo'namasang, qasam
ichib aytamanki, Shoqolbosh bu uzun tilingni
uzib oladi va men uni yamlamay yutaman.
Ella
Dostları ilə paylaş: |