1244 yil, oktyabr, Konya.
Hech bir tashqi sababsiz - faqat shu shaharda
yashagan va yashayotgan, tanish va notanish
aziz-avliyolarga ta'zim qilish uchungina - bu
notanish shahar darvozasi qarshisida to'xtadim.
Hayotimda sira ham aziz-avliyolar ruhlaridan
oq fotiha tilamasdan yangi joyga
kirmaganman.
Bu joy musulmonlarga tegishlimi,
xristianlargami yoki yahudiylargami,
ahamiyatsiz bo'lgan. Avliyolar oddiy insonlar
orasidagi bunday tafovut doirasidan tashqari
(yuqori) turishlariga ishonaman. Avliyolar
barchaniki.
Alqissa, Konyani birinchi bor uzoqdan
ko'rishim bilanoq, har doimgiday ta'zim bajo
qildim. Lekin menga javoban har safargidek
fotiha berish o'rniga, ular xuddi mozor ustidagi
tosh kabi jimjitlik saqladilar. Men ikkinchi
marta va bu safar balandroq ovozda ulardan
fotiha so'radim. Yana jimjitlik. Shunda
tushundim: ular eshitib turishgan edi. Faqat
fotiha bergilari kelmayapti.
- Ayting, aybim nimada? - so'radim men
shamoldan, qayoqqa esayotgan bo'lsa shu
yoqdagilarga savolimni yetkazsin uchun.
Shamol tez orada javob olib keldi:
- O, darvish, bu shaharda sen ikki bir-biriga
qarama-qarshi holga duch kelasan. Musaffo
ishqqa va ashaddiy nafratga. Biz seni ogoh
etmoqdamiz. Shunga qaramay, o'z qaroringdan
qaytmasang, tavakkal qil.
- Ogohlantirishingiz sira shart emas edi, -
dedim men. - Sof ishqni uchratishning o'zi
menga yetardi.
Bu so'zlarimdan keyin Konya avliyolari menga
fotihalarini berdilar. Ammo men darhol
shaharga kirishni istamadim. Otim o'tlab
yurgunicha, eman daraxti ostida o'tirib,
uzoqdan shahardagi binolarning tashqi
ko'rinishlarini tomosha qildim. Minoralar
quyosh nurlari ostida yaraqlab turardi. Ora-sira
itlar vovullar, eshaklar hangrab qo'yar, bolalar
kulgisi eshitilar, savdogarlar baqir-chaqir
qilishardi - oddiy shaharga xos shovqin-suron
edi bu. Qiziq, bu yopiq eshiklar va
panjaralangan derazalar ortiga qanday quvonch
va anduxlar yashiringan ekan? Darbadar
darvish sifatida bu yangi hayot bo'sag'asida
o'zimni bir qadar noqulay his etar edim, lekin
shunda quyidagi muhim qoidani esladim:
«Yo'lingda uchraydigan to'siqlarga qarshilik
qilma. Hayot o'z o'zanida oqishiga qo'yib ber.
Hayoting o'zgarib ketsa, bundan diling vayron
bo'lmasin. O'tmish kelajakdan yaxshiligini
qayoqdan bilasan?»
- Assalomu alaykum, darvish, - degan do'stona
ovoz meni xayolot olamidan chiqarib oldi.
O'girilib qarab, uzun mo'ylovli dehqonni
ko'rdim. U har daqiqa o'lib qolishi mumkin
bo'lgan qovurg'alari sanasa bo'ladigan ozg'in
buqaga qo'shilgan aravada ketardi.
- Vaalaykum assalom! Alloh sizdan rozi
bo'lsin! - javob berdim men.
- Nima uchun bu yerda yolg'iz o'tiribsiz? Yo'l
yurib charchadingizmi? Istasangiz, birga
ketaylik.
Men kulimsiradim:
- Rahmat, men, yaxshisi, buqangizga yuk
bo'lmasdan, piyoda ketaman.
- Mening buqamni kamsitdingizmi? - dedi
xafalanib dehqon. U qari va holsiz bo'lgani
bilan men uchun qadrli.
Dehqonning so'zlaridan hushyor tortdim.
O’rnimdan irg'ib turib, ta'zim qildim. O'zing
ham Xudo yaratgan bu olamning kichik bir
zarrasi bo'laturib, U yaratgan jonzotlarga, bu
inson bo'ladimi yo hayvonmi, baribir, nechuk
bunday bepisandlik qilding?
Dehqonning chehrasiga bir lahza ishonchsizlik
soya soldi. Uning yuzida bir fursat hech
nimaning ifodasi bo'lmadi, mening kulayotgan
yo kulmayotganimni bila olmay qolgan edi
go'yo.
- Umrimda bunaqasi bo'lmagan, - dedi keyin
hushiga kelib va menga xushnud jilmaydi.
- Hech kim ho'kizingizdan uzr so'ramaganmi?
- Bu ham. Men o'zimdan hech kim hech
qachon uzr so'ramagani haqida o'ylayotgan
edim. Odatda men kechirim so'rayman. Hatto
boshqalar menga adolatsizlik qilsalar ham,
kechirimni hamisha men so'rayman.
Uning so'zlari meni mahzun qildi.
- Qur'onda barchamiz va har birimiz yagona va
eng yaxshi shakl asosida yaratilganimiz
aytilgan. Bu qoidalardan biri, - dedim
sekingina.
- Qanaqa qoida? - so'radi dehqon.
- «Xudo hamisha sen bilan mashg'ul. Har bir
inson Xudoning yaratmishidir va u sekin-asta,
lekin og'ishmasdan barkamollashish sari
harakatlanadi. Bizlar Xudoning tugallangan
yaratiqlari emasmiz, biz to'liq mukammallik
ishtiyoqidagi yaratiqlarmiz. Xudo har birimiz
bilan alohida ishlaydi, zero insoniyat - har bir
qismning umumiyatda muhim o'rni borligini
bilguvchi buyuk me'mor san'atining asaridir».
- Siz ham bu erga xutbani tinglash uchun
keldingizmi? - qiziqib so'radi dehqon. - Odam
juda ko'p bo'ladiganga o'xshaydi. U juda
mashhur.
Mening yuragim qinidan chiqayozdi: gap kim
haqida ketayotganini tushundim.
- Ayting-chi, Rumiy ma'ruzalarida o'ziga xos
nima bor?
Dehqon hech nima demasdan osmonga tikildi.
Uning fikrlari qayerlardadir uzoqlarda
uchayotganmidi yoki umuman
uchmayotganmidi, bilib bo'lmaydi.
- Men qishloqdan kelayapman, u yerda hayot
juda og'ir, - dedi u nihoyat. Oldin ocharchilik
bo'ldi, keyin mo'g'ullar. Ular o'z yo'lida
uchragan qishloqni talon-toroj qilishdi va
yondirishdi. Lekin shaharlarda bundan ham
yomon bo'ldi. Ular Arzurumni, Sivesni,
Qaysariyni bosib olishdi, hamma erkaklarni
qirib tashlashdi va ayollarni o'zlari bilan olib
ketishdi. Menku uyim va xotinimni
yo'qotmadim. Lekin halovatimni shunday
yo'qotdimki, bir daqiqa ham tinchlik
bo'lmayapti.
- Bunga Rumiyning qanday aloqasi bor? -
so'radim men.
Dehqon ko'zlarini ho'kizi tomonga qaratdi va
o'sha bir taxlitdagi ovozda dedi:
- Rumiy xutbasini eshitganda, barcha g'am-
qayg'ular tarqab ketadi, - deyapti hamma.
- Siz bilan Konyaga borganim bo'lsin, - dedim
men.
- Yo'lda Rumiy haqida gapirib berasiz.
Men otimni aravaga bog'ladim va o'zim
dehqonning yoniga o'tirdim va bu qo'shimcha
yuk ho'kizga sira bilinmaganini sezib, xursand
bo'ldim. U oyoqlarini avvalgiday bir maromda
qo'ygancha sekin ketaverdi. Dehqon menga
non bilan echki pishlog'idan uzatdi. Biz
ovqatlanib, tamaddi qilib ketdik. Shu tariqa
men ko'm-ko'k osmonda charaqlab turgan
quyosh va shahar avliyolarining diqqat-e'tibori
ostida Konyaga kirib keldim.
- Salomat bo'ling, birodarim, - dedim men
aravadan tushib va otimni yechib oldim.
- Xudo xoxlasa, namozda ko'rishgunimizcha! -
dedi javoban dehqon.
Men bosh irg'adim va xayrlashib qo'limni
ko'tarib qo'ydim.
- Inshoolloh.
Garchi xutbaga juda borgim kelayotgan esa-da
- axir Rumiy bilan uchrashish otashin orzuyim
edi - lekin eng oldin shaharni aylanishga va
odamlar mashhur xatib haqida nimalar
deyishlarini eshitishga qaror qildim. O'z
ko'zlarim bilan ko'rishdan oldin unga
boshqalarning - yaxshi va yomonning, yaxshi
ko'radigan va yaxshi ko'rmaydiganlarning
ko'zlari bilan qaragim keldi.
Dostları ilə paylaş: |