Cho'l atirguli, fohisha
1244 yil, 17 oktyabr, Konya.
Tor kucha bo'ylab ortga qarashdan ham
qo'rqqancha, bor kuchim bilan chopdim.
Bozorga yetganimda o'pkalarim olovdek
yonardi. Hushimdan ketayozib, devorga
suyandim. Shundagina atrofga qarashga jasorat
topdim. Hayrat va quvonch bilan izimdan faqat
bitta odam chopib kelayotganini ko'rdim. Bu
Sezam edi. Nafasi bo'g'ilgan, jahli chiqqan va
nima uchun mening Konya ko'chalari bo'ylab
bunday telbalarcha chopganimni so'ray ham
olmasdan, holsiz qo'llarini osiltirgancha
yonimda to’xtadi.
Hammasi shunchalik tez bo'lgan ediki, men
faqat bozorga etib kelganimdan keyingina, bu
qanday bo'lganini tushunib etdim. Masjidda
dunyodagi hamma narsani unutib, Rumiyning
hikmatlarga to'la xutbasini eshitib o'tirgan
edim. Shunday o'tirgan ekanmanki,
yonginamda o'tirgan yosh yigitcha mening
yuzimni o'rab turgan matoning uchini tasodifan
bosib olganiga ham e'tibor qilmabman. Men
buni sezib ulgurmasimdan sallam yon tomonga
og'ib ketib, yuzim va sochlarim ochilib qolgan
edi. Darhol matoni tortib, sallamni to'g'rilab,
hech kim hech nima payqab qolmaganiga
ishonch hosil qilib va'zni eshitishda davom
etdim. Lekin shu zahoti birinchi qatordagi bir
kishi irjayib qarab turganiga ko'zim tushdi.
Yuzi to'rtburchak, qirraburun, og'zi qulog'iga
etgudek bo'lib kulib turardi. Bu Beybars edi.
Bizning ishratxona mijozlari ichida eng
yaramasi shu Beybars edi, qizlardan hech biri u
bilan birga bo'lishni istashmas edi. Ba'zi
erkaklar fohishalarni yoqtirish bilan bir vaqtda,
ularni qattiq xafa qilishni ham yaxshi
ko'rishadi. Beybars shundaylardan edi.
Hamisha behayo hazillar qilardi. Bir marta
qizlardan birini shunday urgan ediki, hatto
pulni juda yaxshi
ko'radigan bekamiz ham uni haydab solgan va
boshqa bu yerning ostonasiga yaqin
kelmaslikni buyurgan edi.
Lekin u bir emas, yana ko'p marta kelavergan
edi. Bir necha oy shu tarzda qatnagan edi.
Lekin keyin qandaydir noma'lum sababga
ko'ra, ishratxonamizga kelmay qolgan va biz u
haqida boshqa hech nima eshitmagan edik.
Hozir esa soqol o'stiripti, eng birinchi qatorda
haqiqiy musulmon qiyofasida o'tiripti, faqat
ko'zlari avvalgiday jirkanch yiltirar edi.
Men darhol yuzimni o'girdim, lekin kechikkan
edim. Beybars tanib qoldi. O'z yonida o'tirgan
odamga pichirlab nimalardir dedi, keyin ikkisi
ham menga qarashdi. Undan keyin meni yana
kimgadir ko'rsatishdi va masjiddagi hamma
erkaklar birin-ketin o'girilib, menga qaray
boshlashdi. Men qip-qizarib ketayotganimni
sezdim. Qo'rqqanimdan yuragim tez urardi,
lekin o'rnimdan qo'zg'ala olmas edim. Go'yo
atrofdagilardan meni yashira oladiganday va
baloni daf eta oladiganday ko'zlarimni yumib
oldim. Ko'zlarimni ochganimda Beybars
o'tirganlarni itar-sitar qilgancha men tomonga
kelardi. Men sapchib eshik tomon otildim,
lekin zich o'tirgan erkaklar orasida bo'lganim
uchun tez qocha olmasdim. Beybars esa men
tomon sakrab yaqinlashardi va shunchalik
yaqin kelib qoldiki, hatto nafasini his etdim.
Keyin u qo'limni mahkam ushladi va tishlari
orasidan gapirib dedi:
- Bu yerda fohisha nima qilayapti? Senda uyat
yo'q ekan!
- Iltimos... iltimos, meni qo'yib yubor, - deya
g'o'ldiradim men, lekin u eshitmadi ham,
menimcha.
Sherigi ham unga qo'shildi. Kuchli, qo'rqinchli,
takabbur, o'zining haqligiga qattiq ishongan
erkaklar g'azab bilan menga haqoratlar yog'dira
ketishdi. Boshqa yon atrofdagilar ham
shovqinga o'girilib qaray boshlashdi. Bir necha
odam bularni tartibga chaqirishga
urinib kurishdi, lekin hech kim ularga quloq
solmadi. Meni tashqariga sudrab
chiqishayotganlarida hech qanday qarshilik
ko'rsatmadim. Ko'chaga chiqqanda atigi bir
daqiqa, agar eng yomon narsa boshlansa,
Sezam qochishimga yordam beradi degan umid
miltilladi. Lekin masjid ichida va'zchiga
hurmat yuzasidan o'zlarini tiyib turgan va meni
urmagan odamlar ko'chada o'zlarini bemalol
qo'ya olishlarini angladim.
Hayotimda ko'p ishlarni boshdan
kechirganman, lekin hech qachon bunchalik
nochor ahvolga tushmagan edim. Juda uzoq
yillar shubha-gumonlar ostida yurib birinchi
marta Xudo sari birinchi qadamni qo'ysam-u,
Uning javobi shu bo'ldimi? Meni dargohidan
quvib chiqardi!
- U yoqqa bormasligim kerak ekan, - dedim
Sezamga va o'z ovozimni o'zim tanimay
qoldim. - Ha, ular ham o'zlaricha haqli.
Masjidda ham, Uning boshqa dargohlarida ham
fohishaga nima bor?!
- Unday dema!
Buni kim aytganini bilish uchun o'girildim va
ko'zlarimga ishonmadim. Bu o'sha besoqol
darbadar darvish edi. Sezam uni qayta ko'rib
turganidan juda xursand, og'zi qulog'ida
kulardi. Men uning qo'llarini o'pish uchun
intildim, lekin u meni to'xtatdi:
- Unday qilma, iltimos.
- Lekin minnatdorligimni qanday izhor etay?
Meni o'limdan saqlab qoldingiz.
U befarqlarcha yelkalarini qisdi.
- Sen mendan hech nima qarzdor emassan, -
dedi darvish. - Biz faqatgina Uning oldida
hammasi uchun qarzdormiz.
U menga o'zini Shams Tabriziy deya
tanishtirdi, keyin g'alati narsalarni gapirib
ketdi:
- Ba'zi insonlar ajoyib aura (ruhiy quvvat
rangi) bilan tug'ilishadi, lekin keyinchalik bu
rang xiralashadi. Menimcha, sen ham
shundaylardansan. Bir vaqtlar sening aurang
sariq va pushtirang xolli oq lolagulnikidan ham
tiniqroq bo'lgan, lekin birmuncha vaqtdan
keyin u o'zgargan. Endi uning rangi och
jigarrang bo'lib qolgan. Nahotki oldingi
holatingga qaytishni istamasang?
Men nima deyishni bilmay, unga qarab qoldim.
- Sening aurang avvalgi rangini yo'qotgan,
chunki uzoq vaqt mobaynida senga ichkaridan
ham, tashqaridan ham iflos fohisha, deb qarab
kelishgan.
- Men rostdan ham iflosman, - dedim
lablarimni bir-biriga bosib. - Men qanday yo'l
bilan tirikchilik qilishimni bilmaysizmi?
- Quloq sol, bir narsani hikoya qilib beray, -
dedi Shams.
Bir kuni fohisha daydi itning yonidan o'tib
ketayotgan ekan. It bechora jaziramada
chanqovdan qattiq azob chekayotgan ekan.
Fohisha yaqin oradagi quduqqa borib
oyog'idagi kavushini echib, suv solib itning
chanqog'ini qondiripti. Keyin o'z yo'lidan
ketipti. Ertasi kuni u so'fiyni uchratipti, u
buyuk donishmand ekan. U ayolning qo'lini
o'pipti. Ayol hayron bo'lipti. So'fiy ayoldagi
itga bo'lgan rahmdillik chin qalbdan bo'lganini
va bu uning barcha gunohlaridan kuchli
ekanini va ularning barchasini o'sha zahoti
yuvib yuborganini aytipti.
Men Shamsning nima haqida gapirayotganini
tushunib turardim, lekin negadir unga
ishonmas edim.
- Men hatto Konyadagi barcha itlarning qornini
to'yg'azsam ham, gunohlarimni yuvish uchun
yetarli bo'lmaydi, - dedim men.
- Sen buni bila olmaysan, buni faqat Xudo
biladi. Nima, seni masjiddan haydab chiqargan
erkaklarni Xudoga o'zingdan ko'ra yaqinroq,
deb hisoblaysanmi?
- Agar ular Xudoga yaqin bo'lmasalar, - dedim
men ishonqiramay, - buni ularga kim aytadi?
Senmi?
Darvish bosh chayqadi:
- Yo'q, bu to'g'ri kelmaydi. Sen o'zing ularga
aytishing kerak.
- Ular meni eshitishadi, deb o'ylaysanmi? Ular
mendan nafratlanishadi-ku!
- Ular eshitishadi, - dedi qat'iy qilib Shams
Tabriziy. - Chunki «men» degan tushuncha
bo'lmagani kabi «ular» degan tushuncha ham
yo'q. Butun olam, undagi hamma narsalar
o'zaro bog'langan. Biz - yuzta yoki mingta har
xil mavjudotlar emasmiz. Biz hammamiz Bir
butunmiz.
Men uning o'z fikrini tushuntirib berishini
kutib turardim, lekin buning o'rniga dedi:
- Qirq qoidaning bittasi shu. «Agar
odamlarning senga munosabatlari o'zgarsin
desang, avval o'zingning o'zingga
munosabatingni o'zgartir. O'zing o'zingni chin
qalbdan sevishni o'rganmaguningcha, seni hech
kim seva olmaydi. Lekin bunga erishganingdan
keyin ham odamlar senga qarshi otadigan
barcha tikanlardan minnatdor bo'lishing kerak.
Zero, bu sening yaqin orada atirgullar ichiga
tushmog'ingdan nishonadur». Darvish biroz
vaqt jim qoldi. - Agar o'z qadringni o'zing
bilmasang, boshqalar sening qadringni qanday
bilsin?
Unga bir og'iz so'z ayta olmadim, lekin men
fahmiga yeta olmagan bir narsaga mahkam
yopishib olgan edim. Men bilan birga bo'lgan
erkaklarni eslab ketdim - ularning hidlarini,
qo'llarini, o'sha vaqt... Qanday baqirishlarini...
Yuvoshgina yigitchalarning maxluqqa aylanib
ketishlarini va maxluqqa o'xshaganlarning
yuvosh bolalarga aylanib qolishlarini
ko'rganman. Ayollar bilan birga bo'lganida
unga tuflaydigan bir erkakni ham esladim.
- Iflos, - degan edi u mening yuzimga tuflab, -
iflos fohisha.
Endi mana bu darvish menga bahor jilg'asiday
musaffoligimni uqtirmoqchi bo'layapti. Bu
xuddi achchiq hazilga o'xshaydi. Men kulishga
harakat qildim, lekin xo'ngrab yig'lab
yuborishimga sal qoldi.
- O'tmish - bu girdob. Agar uning hozirni o'z
soyasida qoldirishiga yo'l qo'yib bersang, u
seni o'z tubiga tortib ketadi, - dedi Shams
xuddi mening fikrlarimni o'qiganday. - Vaqt -
bor-yo'g'i sarob. Sen hozirgi damda yashashni
o'rganishing kerak. Faqat hozirgi on
ahamiyatga ega. Shu gaplarni ayta turib u ichki
cho'ntagidan ipak ro'mol oldi.
- Buni ol, - dedi u. - Bag'dodda bir yaxshi kishi
buni menga bergan edi, lekin u mendan ko'ra
senga ko'proq kerak. U senga yuraging
tozaligini va qalbingda Xudo borligini eslatib
turadi.
Shularni aytgach, darvish hassasini qo'liga oldi
va ketish uchun o'rnidan turdi.
- Lekin sen avval fohishaxonadan ketishing
zarur.
- Qanday qilib? Qayoqqa boraman.
- Bu muammo emas, - dedi Shams ko'zlari
chaqnab. - Men senga ko'rsatgan yo'l bexavotir.
Sen buning o'rniga eng birinchi qo'yadigan
qadaming haqida o'yla. Eng qiyini shu. Lekin
birinchi qadamni qo'ygan zahoting qolgani o'z-
o'zidan bo'ladi. Oqimda suzma, oqimning o'zi
bo'l.
Men bosh silkitdim. Shamsdan hech nima
so'rash kerak emas edi. Bu uning navbatdagi
qoidasi ekanini tushungan edim.
Dostları ilə paylaş: |