Ushbu Kodeks Universitetning barcha xodim, talaba va doktorantlariga nisbatan tatbiq etiladi.
2-bob. Kodeksning prinsiplari
4-modda. Universitet xodim, talaba va doktorantlari xulq-atvorining asosiyprinsiplari Mazkur Kodeks qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, vatanparvarlik, xizmat va o‘qish burchiga sodiqlik, adolat, halollik va xolislik, samaradorlik va tejamkorlik prinsiplariga asoslanadi.
5-modda. Qonuniylik prinsipi
Universitet xodim, talaba va doktorantlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga so‘zsiz rioya qiladilar hamda o‘z xizmat va o‘qish majburiyatlarini lavozim yo‘riqnomalari, mehnat shartnomalari, ushbu Kodeks qoidalari, Universitet Ichki tartib qoidalari hamda ta’limga oid boshqa me’yoriy hujjatlarga muvofiq bajaradilar.
6-modda. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi prinsipi
Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari Universitetning oliy qadriyati bo‘lib hisoblanadi. Universitet xodim, talaba va doktorantlari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaydilar va bunday buzilishlar ro‘y bergan hollarda ularni tiklashga ko‘maklashadilar.
7-modda. Vatanparvarlik, xizmat va o‘qish burchiga sodiqlik prinsipi
Universitet xodim, talaba va doktorantlari o‘z o‘qish va xizmat faoliyatlarini ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, Vatanga sadoqat, xizmat va o‘qish burchiga sodiqlik asosida jamiyatning Universitetga bo‘lgan talabi va ishonchini ifodalagan holda amalga oshiradilar. Xodim, talaba va doktorantlar o‘z o‘qish va xizmat burchlarini o‘zaro xayrixohlik, o‘z manfaatlari va mafkuraviy qarashlaridan qat’iy nazar lozim darajada bajaradilar.
8-modda. Adolat, halollik va xolislik prinsipi
Universitet xodim, talaba va doktorantlari o‘z xizmat va o‘qish faoliyatlarini amalga oshirishda adolatli, halol va xolis bo‘lishlari hamda Universitetga, unga tegishli bo‘lgan saytlar va ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilgan barcha yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan ushbu prinsip talablari asosida munosabatda bo‘lishlari shart.