Trixomalar. O‘simliklarning epiderma qavatida hosil bo‘ladigan tuklar, bezlar, kiprikchalar trixomalar deb ataladi. Ularning shakli, uzunligi, tuzilishi va bajaradigan vazifalari har xil. Eng uzun trixoma paxtaning chigitida (5-6 sm) bo‘ladi. Trixomalar o‘rama qipiq, qoplama qipiq va bezlar shaklida uchraydi. O‘rama qipiq shaklidagi trixomalar - bir hujayrali, ko‘p hujayrali, Shoxlangan va yulduzsimon bo‘ladi. Bezsimon tuklar o‘simlik organizmidan ajratiladigan moddalarni to‘playdi va tashqariga chiqaradi. Buni trixomalar faoliyati haqida ajratuvchi to‘qimalar to‘g‘risida ma’lumot berilganda ko‘rib o‘tamiz. O‘rama trixomalarning shakli turli tuman. Ularning tuzilishi va shakli har bir tur, turkum va oilaga xos bo‘lgan belgilardan iborat. Shuning uchun, o‘simlikni sistemaga solishda, farmakogneziyada, ayniqsa, dorivor o‘simliklarni mikroskopda aniqlashda epiderma trixomalari muhim ahamiyatga ega.
O‘simlik tanasi ustki qismidagi tuklarning hosil bo‘lishida epidermadan tashqari, ichki to‘qimalar ham qatnashadi, bularga emergenslar (lot. “emergens”-turtib chiqgan) deb ataladi (masalan, qichitqi tikanning achituvchi tuki, atirgul, malina (maymunjon), ejevika tikanlari misol bo‘la oladi).
Periderma. O‘simliklarning tana, ildizlaridagi tashqi birlamchi qoplovchi to‘qimalarning o‘rnini egallaydigan, ko‘p qavatli murakkab tuzilishga ega bo‘lgan to‘qimalarga periderma deyiladi. Bu to‘qima tuzilishi va bajaradigan vazifalari jihatidan bir necha hujayralarda iborat (fellema, fellogen, felloderma).
Fellema- o‘lik hujayralardan tashkil topgan ko‘p qavatli to‘qima. U himoya vazifasini bajaradi.
Fellogen - asosiy parenxima hujayralardan hosil bo‘lgan bir qator meristema hujayralari bo‘lib, epiderma ostida joylashgan. Ba’zan u to‘g‘ridan-to‘g‘ri epidermaning o‘zidan ham hosil bo‘lishi mumkin. Fellogen o‘zidan tashqarida po‘kak qatlamini, ichkarida esa tirik hujayralarni - fellodermani hosil qiladi va bir qavatligicha qoladi (masalan, buzina- marjon daraxtida).
Fellogendan hosil bo‘lgan po‘st (po‘kak hujayralari) dastlab yupqa bo‘lib, keyinchalik ikkilamchi po‘st hosil qiladi va uning qatlamlarida suberin, mum to‘planib, asta-sekin to‘yinib, po‘kaklanish sodir bo‘ladi. Shu vaqtdan boshlab hujayralar tiriklik xususiyatini yo‘qotadi va ichi havo bilan to‘lib qoladi.Po‘kak hujayralari orasida hujayralararo bo‘shliq bo‘lmaydi. Ular deyarli emirilmaydi, uzluksiz paydo bo‘laveradi.
Po‘kaknning asosiy ahamiyati po‘stloq hujayralari tarkibidagi suvning bug‘lanib, qurib qolishdan saqlaydi. Po‘kak har xil (kasalliklarni chaqiruvchi) organizmlarni tananing ichki qatlamlariga o‘tkazmaydi. Ko‘p yillik po‘kak daraxti va Shoxchalarning tanasiga mustahkamlik berib turish vazifasini bajaradi. Fellogen shikastlangan tanani yangi po‘kak qavat bilan ta’minlaydi. Po‘kak hujayralari havo bilan to‘lib issiqlikni juda ham o‘tkazadi. Shu sababli o‘simliklarning tanasida harorat doimiy ravishda bir xilda saqlanadi. Ba’zan po‘kak hujayralari tarkibida kristallar shaklidagi moddalar to‘planadi. Masalan, besh-olti yillik qayinning poya va novdalaridagi po‘kak hujayralarida betulin degan modda to‘planib oq rang beradi. Uzoq vaqt davomida qalinlashgan poya va ildizlarning peridermasi deformatsiyaga uchrab, po‘kakning o‘lik hujayralari cho‘ziladi va bo‘rtib qoladi. Shu vaqtda turgor bosimi holatidagi fellogendan hosil bo‘lgan yosh po‘kak hujayralar, o‘lik qatlam bo‘lib, yorilib ajraladi, ularning o‘rnini yangitdan hosil bo‘lganlari egallaydi. Po‘kak ostidagi yosh parenxima hujayralarda doimo gaz almashinuvi bo‘lib turadi. Bu jarayon periderma to‘qimasi shakllanishidan boshlab daraxt va butalarning tashqi po‘sti ostidagi maxsus teshikchalar - yasmiqchalar orqali hosil bo‘ladi. YAsmiqchalar odatda, xlorofilli parenxima hujayralarning o‘sishi va bo‘linishidan yuzaga keladi. Hosil bo‘lgan hujayralar epidermani ko‘tarib, yorib yuboradi va yasmiqcha fellogen yuzaga keladi. Kuzga borib hosil bo‘lgan hujayralar bir-biri bilan aloqasini yo‘qotadi, po‘kaklashadi, yumaloqlashib g‘ovak hujayralar hosil bo‘ladi. Po‘stloqning hosil bo‘lishi va emirilib tushishi o‘simliklarning turi va yoshiga bog‘liqdir. Masalan, tolda poyasining ikkinchi yoshida , olma va nokda 6-8 yoshda, grabda kamida 50 yoshga kirganda bu jarayon boshlanadi. CHinor, evkaliptda po‘stloq umuman hosil bo‘lmaydi. Po‘stloq daraxtlarni mexanik ta’sirlardan, quyosh nuridan, Yuqori haroratdan, yong‘indan saqlaydi.
SAVOLLAR:
1.Meristematik to‘qimalar o‘simlikning qaysi qismida joylashadi?
2.Uchki meristema bilan yon meristemalarning farqi bormi?
3. Qoplovchi to‘qimalarning fiziologik funksiyalari nimalardan iborat?
4. Necha xil qoplpvchi to‘qimalar bor?
5.Qachon ikkilamchi qoplovchi to‘qima hosil bo‘ladi?
6.Epiderma nima uchun birlamchi qoplovchi to‘qima deb ataladi?
7.Epidermaning asosiy vazifasi nima?
8.Kutikulaning eng muhim xususiyati nimadan iborat