10-modda. Profesional ta’lim Profesional ta’lim egallanadigan kasb va mutaxasislik bo‘yicha quyidagi darajalarni o‘z ichiga oladi:
boshlang‘ich profesional ta’lim;
o‘rta profesional ta’lim;
o‘rta maxsus profesional ta’lim.
Boshlang‘ich profesional ta’lim kasb-hunar maktablarida IX sinf bitiruvchilari negizida bepul asosda kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumta’lim fanlarining va mutaxasislik fanlarining ikki yillik integratsiyalashgan dasturlari asosida amalga oshiriladi.
O‘rta profesional ta’lim kollejlarda davlat buyurtmasi yoki to‘lov-shartnoma asosida kasblar hamda mutaxasisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda, davomiyligi ikki yilgacha bo‘lgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim hamda boshlang‘ich profesional ta’lim negizida amalga oshiriladi.
O‘rta maxsus profesional ta’lim texnikumlarda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, boshlang‘ich profesional va o‘rta profesional ta’lim negizida davlat buyurtmasi yoki to‘lov-shartnoma asosida kasblar hamda mutaxasisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda, davomiyligi kamida ikki yil bo‘lgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi (to‘qqiz yillik umumiy o‘rta va uch yillik o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi) olgan fuqarolar ham o‘rta profesional va o‘rta maxsus profesional ta’lim olish huquqiga ega.
Kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar ta’lim oluvchilarning o‘zi tanlagan kasbga va mutaxasislikka ega bo‘lishini ta’minlaydi.
Fuqarolar shartnoma asosida ikkinchi va undan keyingi profesional ta’limni olish huquqiga ega.
11-modda. Oliy ta’lim Oliy ta’lim bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxasisliklari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlanishini ta’minlaydi.
Oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash oliy ta’lim tashkilotlarida (universitetlar, akademiyalar, institutlar, oliy maktablar) amalga oshiriladi. Umumiy o‘rta (o‘n bir yillik ta’lim), o‘rta maxsus (to‘qqiz yillik tayanch o‘rta va ikki yillik o‘rta maxsus ta’lim), boshlang‘ich profesional ta’lim (to‘qqiz yillik tayanch o‘rta va ikki yillik boshlang‘ich profesional ta’lim) olgan shaxslar, shuningdek ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi (to‘qqiz yillik umumiy o‘rta va uch yillik o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi) olgan shaxslar oliy ma’lumot olish huquqiga ega.
Oliy ta’lim ikki bosqichga — bakalavriat va magistratura bosqichiga ega.
Bakalavriat oliy ta’lim yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha chuqurlashtirilgan bilim, malaka va ko‘nikmalar beradigan, o‘qish davomiyligi kamida uch yil bo‘lgan tayanch oliy ta’limdir.
Magistratura tegishli bakalavriat negizidagi aniq mutaxasislik bo‘yicha o‘qish davomiyligi kamida bir yil bo‘lgan oliy ta’limdir.
Magistratura mutaxasisliklarining va ularga muvofiq bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining ro‘yxati ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organi tomonidan belgilanadi.
Fuqarolar shartnoma asosida ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotni olish huquqiga ega.