Tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish yo‘lida ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish va qulay sharoit yaratish O‘zbekistonning iqtisodiy strategiyasidagi ustuvorliklardan biri bo‘lib hisoblanadi
Tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish yo‘lida ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish va qulay sharoit yaratish O‘zbekistonning iqtisodiy strategiyasidagi ustuvorliklardan biri bo‘lib hisoblanadi. O‘zbekiston hukumati tomonidan investitsion holatni yaxshilash, eksportni kuchaytirish va ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish borasida bir qator qonun va normativ xujjatlar qabul qilingan.
Bu bilan birga, halqaro tajribalarning tahlili shuni ko‘rsatadi-ki, biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish va tashqi savdo tartiblarini soddalashtirishda biznes jarayonlarni taxlil qilish va takomillashtirish konsepsiyasi asosidagi Business Process Modeling Notation (BPMN-biznes jarayonlarini modellashtirish uchun shartli belgilar/notatsiyalar tizimi) metodolgiyasini qo‘llanilishi eksport/import uchun ruhsat xujjatlarini berish jarayonini takomillashtirishda samarali usullardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Mazkur yo‘nalishda 2015 yilning 8-sentyabr kuni BMT Rivojlanish Dasturining “Savdo rivojlanishiga ko‘maklashish” loyihasi tomonidan “Markaziy Osiyoda mintaqaviy savdoni rivojlantirish” GITs Dasturi hamkorligida halqaro mutaxassis A. Kuznetsovni (Latviya) jalb qilgan holda eksport/import jarayonlari bo‘yicha ruxsatnomalar berishga qaratilgan biznes jarayonlarini soddalashtirish va reinjiniring qilish masalalariga qaratilgan davra suhbati tashkil qilindi.
Davra suhbati mobaynida xalqaro mutaxassis tomonidan BPMN metodologiyasi qo‘llash orqali fitosanitariya sertifikati, sanitar-gigiyenik xulosa, muvofiqlik va kelib chiqish sertifikatlarini olish jarayonlarini soddalashtirilgan variantlari taqdim etildi. Biznes jarayonini soddalashtirish uchun ekspert tomonidan qo‘llanilgan uslub va jihatlar ishtirokchilarda alohida qiziqish o‘yg‘otdi.
Yuqorida qayd etilgan sertifikatlarni takomillashtirilgan berish jarayoni variantlarni ko‘rib chiqish natijasida ularni soddalashtirish borasida bir qator imkoniyatlar mavjudligi aniqlandi. Bular, murojaat etuvchilar bilan muloqot, moliyaviy-xo‘jalik masalalari yechimiga ketadigan vaqtni qisqartirish va umuman olganda, butun jarayon bandlarini soddalashtirish kabilardir.
Xususan, reinjiniring uslublarini qo‘llash natijasida kelib chiqish sertifikatlarini 30%ga (avtomatizatsiyada - 87%), muvofiqlik sertifikatini -38%ga (avtomatizatsiyada-77%), sanitariya-epidemioldogik hulosani - 6%ga (avtomatizatsiyada -81%), fitosanitariya sertifikatini -34%ga (avtomatizatsiyada -81%)gacha berish jarayonlarini soddalashtirish mumkinligi e’tirof etildi.
Davra suhbatida Qishloq va suv xo‘jaligi Vazirligi qoshidagi Respublika o‘simliklar karantini bosh davlat inspeksiyasi, Sog‘liqni saqlash Vazirligi qoshidagi davlat sanitariya-epidimiologiya nazorati Markazi, “O‘zstandart” agentligi, “O‘zbekekspertiza” OAJ, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish Markazi hamda BMTTDning “Savdo rivojlanishiga ko‘maklashish”, “O‘zbekiston biznes forumi” va “Elektron hukumatni rivojlantirish orqali davlat xizmatlarining sifatini oshirish” loyihalarining mutaxassislari ishtirok etishdi.
Davra suhbatining natijalariga binoan, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish Markazining bo‘lim boshlig‘i I. Nasrullayev halqaro ekspert olib borgan ishlarni yuqori baholab, biznes jarayonlarni takomillashtirish hisobiga vazirlik va idoralarning faoliyatini samaradorligini oshirish bo‘yicha taqdim etilgan takliflarni kelgusida amaliy qo‘llanishida qiziqish bildirdi.
“Savdo rivojlanishiga ko‘maklashish” loyihasi “Markaziy Osiyoda savdo rivojlanishiga ko‘maklashish – III bosqich” mintaqaviy loyihasining O‘zbekistodnagi milliy komponenti. Ushbu loyiha davlat organlarini xalqaro va mintaqaviy savdoni rivojlantirish bo‘yicha salohiyatini yanada oshirish, savdoga ko‘maklashuvchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash, aholining savdo va ishlab chiqarish bo‘yicha salohiyatini va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or usullarni amaliyotga tadbiq qilish orqali aholi daromadlarini oshirish va yangi ish joylarini yaratishda yordam berishga qaratilgan.