Shuningdek, tadqiqotchilar ishchi oynadagi binar qiymatli obrazlarni turlarga ajratishgan. Tasvirdagi muhim belgilarni ajratish uchun “Tekis yo‘nalgan” (Uniform) obrazlardan foydalaniladi. “Uniform” obraz deb, 8 ta raqamdan iborat ikkilik kodlarda “0” dan “1” ga yoki aksincha o‘tishlar soni 2 tadan oshmagan holatlarga aytiladi. Masalan, 11000001 kodi - Uniform, chunki undagi o‘tishlar soni 2 ta, ya’ni unda “1” dan “0” ga, keyin yana “0” dan “1” ga o‘tish mavjud. 10011000 kodi esa Uniform emas, undagi o‘tishlar soni 3 ga teng.
3.9-rasmda “Tekis yo‘nalgan” 58 ta obrazlar keltirilgan. Unda ikkilik kodning “1” raqami miqdori hamda ularning qanday burchak ostida joylashganligini ko‘rishimiz mumkin.
3.9-rasm. “Tekis yo‘nalgan” (Uniform) 58 ta obrazlar.
LBO belgilar fazosini shakllantirish LBOga almashtirilgan tasvir matritsasi uchun gistogrammalar qurish orqali amalga oshiriladi. Ko‘pincha LBO tasvir matritsasi bir nechta bo‘laklarga ajratiladi va har bir bo‘lak uchun gistogrammalar quriladi. Masalan, yuz tasvirini 7×7 o‘lchamda bo‘laklab olish va 49 ta tasvir bo‘lagi uchun alohida LBOlarni hisoblash hamda ular asosida belgilar vektorini qurish mumkin (3.10-rasm). Shu tariqa raqamli tasvir ushun LBOga asoslangan belgilar fazosini qurish mumkin.
3.10-rasm. 7×7 bo‘lakli yuz tasviri uchun LBO gistogrmaalalarni qurish.
Tasvirda belgilarni izlab topishda ma’lum bir usullar bilan chegaralanib qolinmaydi. Ba’zan shunday masalalar uchraydiki, ularni hal etishda standart usullar ish bermay qolishi mumkin. Bunday paytlarda mavjud usullardan hamda o‘z ijod mahsulimiz - yangi usul va algoritmlar kombinatsiyalaridan samarali foydalanish talab etiladi.
Dostları ilə paylaş: |