Ssuda hisob varaqalarini ochish tartibi. Kredit olish uchun bankda har bir kredit bo‘yicha alohida ssuda hisobvarag‘i ochiladi. Mijoz kredit olish uchun bankga belgilangan tartibda hujjatlar paketini rasmiylashtirib topshiradi. Kredit komissiyasining qaroriga ko‘ra kredit berish lozim deb topilsa, bank va kredit oluvchi o‘rtasida kredit shartnomasi tuziladi. Kredit shartnomasida kreditning nima maqsadda olinishi, muddati, summasi, qaytarilish tartibi, kredit uchun to‘lovlar, tomonlarning majburiyatlari, javobgarligi, boshqa shartlar ko‘rsatiladi.Kredit bo‘limining farmoyishiga ko‘ra, hisob operatsion bo‘limida kredit oluvchi korxonaga ssuda hisobvarag‘i ochiladi. Qaysi turdagi xo‘jalik yurituvchi subyektligiga qarab tegishli balans hisobvarag‘i bo‘yicha kredit hisobvarag‘i ochiladi. Masalan: jismoniy shaxslarga 12500, yuridik maqomga ega bo‘lmagan yakka tadbirkorlarga kredit berish uchun 12600 balans hisobvarag‘i bo‘yicha ssuda hisobvarag‘i ochiladi. Davlat korxonalariga kredit berishda esa 12700 balans hisobvarag‘i ochiladi. Kredit hisobvarag‘i ham 20 ta razryaddan iborat bo‘lib, uning ichida kredit olmoqchi bo‘lgan korxonaning xos raqami bo‘lishi lozim. Masalan, mijozga berilgan unikal xos raqam 04952452 bo‘lsa so‘mda berilgan kreditni hisobga olish uchun qarz oluvchi davlat korxonasi ekanligini hisobga olgan holda quyidagi hisobvaraq ochiladi. 12701000K04952452001Bu hisobvaraqda bank tomonidan davlat korxonalariga berilgan qisqa muddatli kreditlarning hisobi yuritiladi. Hisob raqamining debetida davlat korxonalariga berilgan ssudalar summasi aks ettiriladi. Hisob raqamining kreditida esa qarzdorlar tomonidan qaytarilgan ssudalarning summasi aks ettiriladi. Bu hisobvaraq bo‘yicha analitik hisob har bir qarzdor va kreditlarning turlari bo‘yicha alohida shaxsiy hisobvaraqlarda olib boriladi.Xuddi shunday tartibda boshqa mulkchilik shakllariga tegishli bo‘lgan, qarz olmoqchi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ssuda hisobvaraqlari ochiladi va ular bo‘yicha kredit berish va qaytarib olish bo‘yicha operasiyalar bajariladi.. Kredit berish va qaytarish operasiyalarining hisobi.Korxona va tashkilotlarga yoki alohida olingan jismoniy shaxslarga ssuda hisobvarag‘i ochilgandan so‘ng ular bo‘yicha kreditning berilishi va qaytarilishi bo‘yicha operasiyalarni amalga oshirish mumkin. Har bir kredit berilishi kredit komissiyasining farmoyishi asosida amalga oshiriladi, ya’ni kredit bo‘limi tomonidan hisob-operatsion bo‘limga mijozga ssuda hisobvarag‘i ochish va kredit berish to‘g‘risidagi yozma farmoyishi beriladi. Mas’ul ijrochilar farmoyishda ko‘rsatilgan rekvizitlar asosida hisob-kitob hujjatlarini to‘lash orqali kredit berish bo‘yicha buxgalteriya provodkalarini bajaradilar. Quyida biz xususiy korxonalarga kredit berish bo‘yicha buxgalteriya provodkalarni ko‘rib chiqamiz. Xususiy korxonalarga xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlarga qisqa muddatli kredit berish uchun 13100 – “Xususiy korxonalar, xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlarga berilgan qisqa muddatli kreditlar” nomli balans hisob raqami ochiladi. Bu hisob raqam bir qator subhisob raqamlarni o‘z ichiga oladi. Pul tushirilishi lozim bo‘lgan korxonaga boshqa bank bo‘limi xizmat ko‘rsatsa, kredit summasi kredit berayotgan bankning vakillik hisobvarag‘i orqali tegishli bankga o‘tkaziladi.Kredit berilayotganda quyidagi buxgalteriya provodkasi bajariladi:
Debet 13101 – “Xususiy korxonalar, xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlarga berilgan qisqa muddatli kreditlar”Kredit 10301 – “Bankning vakillik hisobvarag‘i yoki mahsulot sotuvchi korxona hisobvarag‘i”13101 – hisob raqamida bank tomonidan xususiy firmalar, shirkatlar va jamoa xo‘jaligi va shu kabi xususiy mulkchilik shakliga ega bo‘lgan korxonalarga berilgan qisqa muddatli kreditlarning hisobi yuritiladi. Bu hisob raqam bo‘yicha analitik hisob har bir qarzdor va kredit turlari bo‘yicha alohida shaxsiy hisobvaraqlarda olib boriladi.Kredit oluvchi va bank o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasiga binoan kreditni qaytarish muddatlari belgilanadi. Kreditning qaytarish muddati tugagandan so‘ng ssuda qaytarish bo‘yicha buxgalteriya provodkalari bajariladi. Kreditni qaytarish bo‘yicha buxgalteriya provodkalari quyidagicha ko‘rinishda bo‘ladi.Debet 20208 “Xususiy korxona, shirkat va jamoalarning talab qilinguncha saqlanadigan depozitlari”Kredit 13101 “Xususiy korxonalar, xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlarga berilgan muddati o‘tgan kreditlar”.Bu buxgalteriya provodkasi agar mijozning talab qilinguncha saqlanadigan depozit bo‘yicha hisobvarag‘ida kreditni qaytarish uchun yetarli pul mablag‘lari bo‘lgan holda bajariladi. Agar qarzdorning hisobvarag‘ida ssudani qaytarish uchun mablag‘i yo‘q bo‘lsa, ssuda summasi 13101 – “Xususiy korxonalar, xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlarga berilgan muddati o‘tgan kreditlar” hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Bu operasiya bo‘yicha quyidagi buxgalteriya provodkasi amalga oshiriladi:Debet 13105 “Xususiy korxonalar, xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlarga berilgan muddati o‘tgan kreditlar”
Kredit 13101 “Xususiy korxonalar, xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlarga berilgan qisqa muddatli kreditlar” .Qaytarish muddati kelganda to‘lanmagan va shundan so‘ng 90 kun o‘tgandan so‘ng ham qaytib kelmagan ssudalar 13109 “Xususiy korxona va nodavlat korporasiyalariga berilgan qisqa muddatli shartlari qayta ko‘rib chiqiladigan kreditlar” balans hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Kreditlarning qaytishi ma’lum riskni talab qiladi. Shu sababli banklarda kreditlar bo‘yicha zararlarni qoplash zaxirasi tashkil etiladi. Xususiy korxonalariga va jamiyatlarga berilgan qisqa muddatli kreditlar bo‘yicha zararlarni qoplash zaxirasining hisobini olib borish uchun 13199 balans hisob raqami ochiladi. Unda bankning xususiy firmalar, shirkatlar, jamoa xo‘jaliklari hamda korxonalari, korporasiyalariga bergan qarzlari undirib olinmay qolishi mumkin bo‘lgan qismi bo‘yicha ko’riladigan zararlarni qoplash uchun yaratilgan zaxiralar hisobi olib boriladi. Analitik hisob har bir mijoz va kredit turlari bo‘yicha alohida shaxsiy hisobvaraqlarda aks ettiriladi. Boshqa mulkchilik shakllariga tegishli bo‘lgan korxona, tashkilot, firma, bank va boshqalarga kredit berish va berilgan kreditlarni qaytarish bo‘yicha operasiyalar ham xuddi shu tarzda amalga oshiriladi. Faqat tegishli hisobvaraqlar tizimi ishlatiladi.