"Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida"gi qonun 17 moddadan iborat boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasining asosiy belgilarini aniqlab berdi. Qonunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi oʻz tarkibidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi bilan birga mustaqil demokratik davlat deb eʼlon qilindi. Oʻzbek xalqi oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqiga ega boʻldi, xalq davlat hokimiyatining birdanbir sohibi, egasi, xoʻjayini boʻlib qoldi. Oʻzbekiston mustaqilligi respublikada adolatli, demokratik, insonparvar jamiyat qurish uchun yoʻl ochib berdi, oʻz milliy davlatchiligini barpo qilishga imkoniyat yaratdi.
Mustaqillik tufayli Oʻzbekiston xalqaro miqyosda oʻzini tanitish, ayni chogʻda xalqaro huquq meʼyorlari asosida jahondagi barcha davlatlar bilan teng hamkorlik qilish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. Jahon haritasida Oʻzbekiston yangi, yosh mustaqil davlat sifatida oʻz oʻrniga ega boʻldi.
Iqtisodiyotda tub oʻzgarishlar qilish uchun imkoniyat yaratildi. Yaʼni jahon amaliyoti isbotlagan bozor iqtisodiyotiga oʻtish uchun sharoit barpo etildi. Mulkka munosabat tubdan oʻzgarib, jamiyatda yangi mulkdorlar sinfini shakllantirish uchun imkon ochildi.
Mustaqillik xalqning maʼnaviy uygʻonishi uchun toʻla imkoniyat yaratdi. Yurt tarixi, qadimiy madaniyat tiklana boshladi. Xalqining azaliy urf-odatlari, maʼnaviy qadriyatlari unga qaytarib berildi. Dinga munosabat mutlaqo ijobiy tomonga oʻzgardi. Shunday qilib, qoʻlga kiritilgan mustaqillik oʻzbek xalqi tarixida tamoman yangi davrni boshlab berdi, milliy dunyoqarashda yangicha tafakkur shakllana bordi. Xalq kelajakka ishonch bilan qaray boshladi. Oʻz yurtining toʻla xoʻjayini ekanligini, oʻz takdirini oʻzi belgilash imkoniyatini qoʻlga kiritganligini his qila boshladi.
2. MUSTAQILLIKKA ERISHISH OSTONASIDAGI IJTIMOIY-SIYOSIY O’ZGARISHLAR. Ma’lumki, birinchi prezident Islom Karimov respublikamiz rahbari sifatida ish boshlagan paytda (1989 yil 23 iyun) o‘lkamizda uzoq yillar davomida hukm surgan kommunistik mafkura va faqat xom ashyo yetkazib berishga asoslangan bir yoqlama iqtisodiy siyosat har bir sohada o‘zining halokatli salbiy ta’sirini keng miqyosda ko‘rsata boshlagan edi.
Bu davrning og‘ir va ayanchli ijtimoiy-siyosiy manzarasiga birinchi prezident Islom Karimov shunday baho beradi: «Shu narsa shak-shubhasiz va ochiq-oydindirki, respublika barcha asosiy iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Ittifoqdagi o‘rtacha darajadan ham ancha orqada bo‘lib, mamlakatda oxirgi o‘rinlardan birida turibdi. Biz bu raqamlarni ilgari ham necha martalab aytganmiz, ammo bugun ularni yana bir bor idrok etmoq kerak. O‘zbekiston har kishi boshiga yalpi ijtimoiy mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatda 12-o‘rinda turibdi, aholi jon boshiga milliy daromad ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatkich esa Ittifoqdagi o‘rtacha darajadan ikki hissa past. Sanoatdagi mehnat unumdorligi jihatidan respublika mamlakatdan 40 foiz, qishloq xo‘jaligidagi mehnat unumdorligi jihatidan esa ikki barobar orqada qolmoqda. Respublikada aholi jon boshiga xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish o‘rtacha Ittifoq darajasining atigi 40 foizini tashkil etadi. Biz daromad darajasi, asosiy turdagi mahsulotlarni iste’mol qilish jihatidan ittifoqdosh respublikalar orasida eng oxirgi O‘rinlardan birida turibmiz. O‘zbekiston aholisi o‘rta hisobda go‘sht mahsulotlarini, sut va sut mahsulotlarini, tuxumni, umuman mamlakat aholisiga nisbatan ikki barobar kam iste’mol qilmoqda. Oyiga o‘rta hisobda '5 so‘mdan kamroq yalpi daromad oladigan aholining ulushi mamlakatda 12 foizdan sal ko‘proq bo‘lsa, bizning respublikamizda 45 foizga boradi. Bir millionga yaqin kishi ijtimoiy ishlab chiqarishda o‘zining qo‘lidan keladigan ishni topa ol-mayapti.