4. Yangi imkoniyatlarni taqdim etish. Belgilangan maqsadlarga erishish uchun qadriyatlar va rag‘bat omillarining o‘zigina yetarli bo‘lmaydi, insonlarga imkoniyat ham kerak. Misol uchun, suv va energiyani tejovchi texnologiyalar, muqobil energiya manbalari. Karbon yonilg‘ida harakatlanuvchi avtoulovlarning shaharlarda ko‘payib ketishiga muqobil tarzda jamoatchilik transportini rivojlantirish, velosiped infratuzilmasi, elektromobillarni ko‘paytirish mumkin.
U yoki bu muammolarni yechish bo‘yicha boshqalar tomonidan to‘plangan tajriba ham ko‘pincha yangi imkoniyatlar yaratadi. Amaliyot ko‘rsatishicha, axloqning yangi andozalariga va yangi texnologiyalarga o‘tish, odatda, shu kabi o‘zgarish qo‘shni davlatlarda amalga oshirilgan bo‘lsa, muvaffaqiyatliroq kechadi. Boshqalardan namuna olib, o‘zgalarning yutuqlari va xatolarini hisobga olgan holda, ilhomlanib o‘zgarish, yakka-yolg‘iz va bo‘shliqda harakat qilgandan ko‘ra doimo qulayroq va osonroqdir. Sotsiologlar buni innovatsiyalarni tarqatish deb nomlaydilar.
5. Hukumatlar va fuqarolik jamiyatining qo‘shma harakatlari Hisobotda katta e'tibor hukumatlarning va fuqarolik jamiyatining umumjahon va milliy muammolarni yechishdagi o‘rniga qaratilgan.
Shubhasiz, faqat hukumatlargina umumiy muammolarni yechish bo‘yicha jamoaviy harakatlarni tashkillashtirish uchun rasmiy vakolat va hokimiyatga ega. Ammo hukumatlar o‘z majburiyatlarini tegishli ravishda amalga oshirishlari uchun shaffoflik, mas'uliyat va hisobdorlikni ta'minlovchi amaliy mexanizmlar zarur. Shuningdek, «pastdan» tashabbuslar ham muhim: nodavlat tashkilotlar, tashabbus guruhlari, aholining keng qatlamlari tomonidan.
Muallifning fikricha, O‘zbekistonda hukumat va jamoatchilikning birgalikdagi sa'y-harakatlari yordamida hal etish lozim bo‘lgan muammolar quyidagilar: • Kambag‘allikka qarshi kurash nafaqat aholi daromadlarini oshirish uchun sharoitlarni yaratish, balki sifatli sog‘liqni saqlash va ta'lim xizmatlaridan foydalanish uchun imkoniyat yaratish, mamlakatda ekologik vaziyatni yaxshilashni qamrab olishi lozim;
• Qishloq xo‘jaligi sohasining va qishloq hududlaridagi aholining ulkan, hozirgi kunda oxirigacha amalga oshirilmagan salohiyatini yuzaga chiqarishga imkon beradigan hamda mulk egaligi (jumladan yerni ijaraga olish) huquqlarini kengaytirish va mustahkamlash, bozor munosabatlarini joriy etish va investitsiyalarni jalb qilish orqali tuproq unumdorligining pasayishini to‘xtatishga yordam beradigan qishloq xo‘jaligidagi islohot;
• Suvdan oqilona foydalanish va eskirgan infratuzilmani yangilash uchun sharoitlarni yaratishga qaratilgan Suv xo‘jaligi sektoridagi islohot;
• Hanuz davlat korxonalari ustun bo‘lgan sohalarda raqobatchilik munosabatlarini rag‘batlantirish maqsadida davlat mulkining salmoqli qismini keng ko‘lamli va shaffof xususiylashtirishni amalga oshirish;
• Xususiy mulk huquqlarini himoya qilish va mustahkamlash, jumladan, sud-huquq islohoti – chunki busiz bozor iqtisodiyotining normal ishlashi va rivojlanishi, samarali, shu jumladan, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish haqida qayg‘uradigan mulkdorlar sinfini shakllantirishning imkoni yo‘q;
• Biznes-muhitni takomillashtirish va raqobatchilik muhitini rivojlantirish, shu jumladan sun'iy monopoliyalarga barham berish, bu raqobatbardosh ishlab chiqarishlarni rivojlantirish hamda mamlakat iqtisodiyotiga keng ko‘lamli investitsiyalarni jalb qilish uchun sharoitlar yaratib beradi.