Axborot xavfsizligini ta’minlashning biometrik usullari. Hozirgi vaqtga kelib, kompyuter-kommunikatsiya texnologiyalari kundan-kunga tez rivojlanib bormoqda. Shu sababli ham kompyuter texnologiyalari kirib bormagan sohaning o’zi qolmadi, desak xato bo’lmaydi. Ayniqsa ta'lim, bank, moliya tizimlarida ushbu zamonaviy texnologiyalarni qo’llash yuqori samara bermoqda. Shu bilan birga axborot havfsizligiga bo’lgan tahdid ham tobora kuchayib borayotgani hech kimga sir emas. Demak, hozirgi davrning eng dolzarb muammolardan biri axborot havfsizligini ta'minlashdan iborat.
Hozirga qadar tizimga ruxsatsiz kirishni taqiqlashning eng keng tarqalgan usuli sifatida «parol» qo’yish printsipi hisoblanib kelmoqda. Chunki ushbu usul juda sodda, foydalanish uchun qulay va kam harajat talab etadi. Lekin, hozirga kelib «parol» tizimi to’laqonli o’zini oqlay olmayapti. Ya'ni ushbu usulning bir qator kamchiliklari ko’zga tashlanib qoldi.
Birinchidan, ko’pchilik foydalanuvchilar sodda va tez esga tushadigan parollarni qo’llaydilar. Masalan, foydalanuvchi o’z shaxsiga oid sanalar, nomlardan kelib chiqqan holda parol qo’yadilar. Bunday parollarni buzish esa, foydalanuvchi bilan tanish bo’lgan ixtiyoriy shaxs uchun unchalik qiyinchilik tug’dirmaydi.