Temirova Ma'rifat Mamadiyor qizi Ona tili va adabiyot ta'limi fakulteti 2-bosqich talabasi
Badiiy asarlarda Vatan timsoli
"Badiiy asarlarda Vatan timsoli" haqida fikr yuritar ekanmiz, bu mavzu kishini chuqurroq, teranroq tafakkur qilishga undaydi, chunki Vatan timsoli doirasida yaratilgan asarlar badiiy adabiyotda juda katta va salmoqli o‘rin egallaydi. Ular orasida bir necha qismlardan iborat bo’lgan romanlarni ham uchratish mumkin, lekin men bugungi esseyimda hajmi haminqadar kichik, biroq o‘qilganda insonni uzoq vaqt o‘ylantirib qo‘yuvchi “Hellados” hikoyasida to‘xtalmoqchiman.
Hikoya Chalbash daryosi bo’yidagi Venetsian ko’chasiga Jamol ismli bolaning ko‘chib kelishi va o‘zining mag‘rurligi tufayli Yanguli ismli mushtumzo‘r bolada o’ziga nisbatan qiziqish uyg‘otish bilan boshlanadi. Xo‘sh, muallif nega aynan shuncha bolalar orasidan Jamolni Yanguliga raqib qilb tanlab oldi? Keling, bu savolga javob topish uchun asardagi ikki qahramon mushtalashuvi oldidan aytilgan Yangulining so’zlariga e’tibor qaratimiz:
“ – Bolalar! Men, Yanguli Aleksandridi, sizlar saylagan sardor, sizlarga, Venetsian ko’chasining hur farzandlariga murojaat qilaman! Ro‘parangizda tbilisilik rangpar laqma bilan uning jiyani – Vatan va qabila xoini, mishiqi Koka turibdi. Mana bu rangpar kelgindi bizning mehmondo‘stligimiz va muruvvatimiz-dan bahramand bo‘lish o‘rniga – xudo siylagan yerimizni, dengizimizni, jamiki daryolarimiz, oltin va kumushlarimiz, o’tloqlarimizni o’ziniki qilib olmoqchi…”
Ko‘rinib turibdiki, o‘smir bola qalbida o‘zi yashaydigan yer, uning atrofidagi dengiz va daryolar, bir so‘z bilan aytganda, Vatan deb biladigan qadrdon go‘shasini yot kishilarga berib qo‘ymaslik uchun kurash alangasi lovullayapti, chunki boshqalarga Jamolni “rangpar laqma” deya tanishtirgani bilan uning aslida aql borasida ham, kuch borasida ham o‘zi bilan tenglasha olishini juda yaxshi biladi. Aynan o‘zidan kichik bo‘lgan kelgindi Jamolning anchayin abjir chiqqani Yangulini biroz sarosimaga ham solib qo‘yadi. Ammo shunday bo‘lsa ham sardorlikni, yo‘lboshchilikni ,ayniqsa, vatanni o‘zgaga berib qo‘yish yo‘q. Bolalar orasida ketma-ket janglar, olishuvlar, mushtlashuvlar bo‘lib o‘tadi. Vaholanki, bir Yanguli g‘olib bo‘lsa, bir Jamol yutar, deyarli kuchlar doim teng kelar edi. Keyin esa Vatanni saqlab qolish yo‘lida so‘nggi ilinj qoladi. Yanguli taklifiga ko‘ra endi ular o‘zaro haqorat so‘zlar bilan bir-birlarini haqoratlashardilar. Bu olishuvda esa Jamol bisotida bor so‘zlarni sarflaydi. Vaziyat shunga olib boradiki, endi ular bir-birlarini onalari orqali haqoratlashardi. Bu holat o‘smirlar orasida olti oycha davom etadi. Biroq bir kuni shunday voqea yuz beradiki, aynan shu voqea Yanguli va Jamol orasidagi masofani anchayin yaqinlashtiradi:
“ Oftob charaqlab turardi. Koka ikkalamiz maktabdan qaytardik. Temiryo‘l kesib o‘tiladigan joyda, odatdagidek, Yanguli o‘rtoqlari bilan ivirsib o‘tirardi. Meni ko‘rdi-yu shartta o‘rnidan turib istiqbolimga yura boshladi.
– Yanguli , sheni deda vatire! – deya o‘zg‘irlik qildim men.
U to‘xtab, ma’yus nigoh bilan uzoq tikilib turdi.
– Sheni deda vatire, Yanguli! – deb takrorladim yana.
Yanguli boshini egdi, keyin burilib, asta… uyi tomon keta boshladi. Men dong qotib qoldim.”
Yanguli Jamolning onasi haqida surishtirib ko‘radi. Va uning onasi vafot etganini bilgach, u bundan buyog‘iga Jamolning onasini haqoratlamaydigan bo‘ladi. Va bu orqali Jamol nigohida o‘n chandon ulg‘ayadi.
Yangulining aynan mana shu xatti-harakatlari o‘smir yuragida o‘sib kelayotgan bag‘rikenglik va haqiqiy millatparvarlik namunasi edi. Yangulining vatanparvar ekanligi uning Jamol bilan qilgan so‘nggi suhbatida namoyon bo‘ladi. Jamol yuzlari kaltaklanaverib momataloq bo‘lib ketgan Yangulidan nima uchun bunday bo‘lganini so‘raydi. Yangulining aytishicha, barcha greklar o‘z yurti bo‘mish Elladaga qaytishayotgani, ularga qo‘shilib otasi Yangulini ham olib ketayotgani, o‘zi esa sira buni xohlamayotganini aytadi:
“– Nega birga ketmoqchimassan? – deb so‘radim astoydil taajjublanib.
Yangulidan ancha vaqtgacha sado chiqmadi. Nuqul eshagining qulog‘ini silardi. Silab turganida quloq kaftiga yotar, ammo qo‘yib yubordi deguncha, xuddi suhbatimizni eshitolmay qolishdan qo‘rqqanday, darrov yana dikkayib olardi.
– Qandoq tushuntirsamikin… – deya gap boshladi u nihoyat. – Onam yo‘q hatto eslolmayman ham. Otam uzzukun tomorqada yoki tirikchilik tashvishida… Men ko‘chada, Venetsian ko‘chasida katta bo‘ldim… Mening Vatanim, mening Elladam bu – Suxumi, ko‘cha, Chalbash; bu Koka, Petya, Kurlika, Fema, Qora dengiz, ko‘prik… – U bir yutinib olib, davom etdi: – Bu – Mida… qolaversa, sen…
– Tushundingmi endi?
A’zoyi badanim jimirlashib ketdi. Bunaqa so‘zlarni umrimda birinchi marta eshitayotgan edim.
– Bu nima bo’lmasa?
– Men Yangulining ko‘kragini ochib, baland ovozda o‘qidim: – Hellados.
– Bu – naqsh, Jamol. Vatan – ichkariroqda, naqd yurakning o‘zida! – Yanguli qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.”
Yanguli uchun barcha greklar yurti Gretsiya emas, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Venetsian ko‘chasi, Chalbash daryosi sohili haqiqiy Vatan edi. Hattoki, uning kemadan turib Jamol bilan xayrlashish chog‘ida ham otasi qo‘lidan mahkam ushlab turgani shundoq ko‘rinib turgandi, chunki qanchadan qancha kurashlar evaziga saqlab qolingan Vatanni tark etib ketish Yanguli uchun haqiqiy judolik edi. To‘g‘ri, muallif asar yakunida Yangulining o‘limiga nima sabab ekanligini sirliligicha qoldirgan, ammo uning Vatanga qaytish yo‘lida o‘zini dengizga otganligiga shak-shubha yo‘q. Men Yanguli bunday ishda aslo jur’atsizlik qilmasligiga tom ma’noda ishonaman.
Xulosa o‘rnida shuni aytishim mumkinki, biz ham Yanguli kabi Vatan ishqi, Vatan muhabbati deya yonib-kuyib yashamog‘imiz kerak. Zero, bizning ona yurtga bo‘lgan muhabbatimizni ko‘rib qolganlarning "etlari jimirlasin". Vatanga bo‘lgan muhabbat faqtgina og‘izda-yu qog‘ozda emas, amalda ham o‘z aksini topsin. Bu borada qilayotgan ishlarimiz, aytayotgan gap-so‘zlarimiz Yanguli ko‘kragidagi yozuv kabi “naqsh” bo‘libgina qolmasin, chunki “Vatan ichkariroqda bo‘ladi, naq yurakning o‘zida!”