24. O‘zbek terminologiyasining leksik-genetik tavsifi. Ma’lumki, o‘zbek xalqi davrlar osha ko‘pgina jihatdan etuk yozma yodgorliklar barpo etdi. Turli davr va sharoitlarda yaratilgan mazkur manbalarda o‘zbek tilining leksik boyligi, shu jumladan, terminologiyasi o‘z aksini, ifodasini topgan.
Ma’lumki, Turkiy xalqlar ichida va O‘rta Osiyoda O‘zbekiston qadimgi va keng rivoj topgan ma’naviy va ma’rifiy o‘choqlardan biridir. Buni biz qadimgi yozma yodgorliklar, jumladan, “Avesto” kitobi, shuningdek, xalq og‘zaki ijodi yozma manbalaridan bilamiz. O‘zbek xalqi madaniyati va uning tarixi ko‘p asrlardan buyon shakllanib, sayqal topib kelayotgani hech kimga sir emas.
Aslida, o‘zbek tili lug‘at boyligini kuzatish shundan dalolat beradiki, uzoq yillar, aniqrog‘i, uzoq asrlar davomida tilimizga juda ko‘plab arabcha-forscha so‘zlar, terminlar kirib kelgan. Bularning dastlabki manbalari muqaddas “Avesto” kitobi bo‘lsa, keyinchalik turkiy xalqlar, ayniqsa, o‘zbek xalqi uchun rivojlangan davr IX- XIX asrlardagi badiiy va ilmiy asarlardagi manbalar hisoblanadi. O‘sha davrlarda bularning katta qismi ilmiy termin sifatida yuqori darajaga ko‘tarilgan. Bunday so‘z va terminlar o‘zbek tili terminologiyasi tarkibiga shu darajada singib ketganki, ularni faqat mutaxassislargina bu so‘z arabcha, bu so‘z forscha deb ajrata oladilar. Masalan, kitob, daftar, maktab, giyoh, siyoh, pul, tandir kabi ko‘plab so‘zlarni oddiy o‘quvchi o‘zbekcha o‘zbek so‘z va termin sifatida asrlar davomida qo‘llab kelmoqda.
Masalan, ajdodlarimiz tarixini qanchalik chuqur o‘rganar ekanmiz, tildagi turli terminlar tabiati, ularning taraqqiyot yo‘llari va prinsiplari hamda semantikasi shunchalik tushunarli bo‘la boradi. Adabiy til sifatida XV asrdayoq asos solingan o‘zbek tili XX asrning boshlarigacha qanchalik rivojlangan va, pirovardida, turli fan hamda sohalarda qanchalik boy terminlarga ega bo‘lmasin, ammo bari bir, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy-texnik sohalarda ro‘y bergan o‘zgarishlar tufayli yuzaga kelgan minglab yangi tushunchalarni ifodalash uchun ular kamlik qilardi.
Masalan, ajdodlarimiz tarixini qanchalik chuqur o‘rganar ekanmiz, tildagi turli terminlar tabiati, ularning taraqqiyot yo‘llari va prinsiplari hamda semantikasi shunchalik tushunarli bo‘la boradi. Ko‘pchilik uchun ba’zi tarixiy terminlar umuman tushunarsizdir. Haqiqatan ham ayrim ibtidoiy mehnat qurollari to‘g‘risida atroflicha tasavvurga ega emasmiz. Albatta, bular haqida ma’lumot olish uchun tarixiy hujjatlarni titkilash, arxeologik topilmalarni ko‘zdan kechirish yoki boshqa manbalarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Bu xususida Oftobxon Umarxo‘jaeva shunday yozadi: “O‘zbek xalqining uzoq o‘tmishi bilan bog‘liq bo‘lgan charx, omoch, juvoldiz kabi mehnat qurollari qadimgi davr moddiy madaniyati in’ikosidir”3.