Ishning bajarilishi: Tuganak bakteriyalar dukkakli o’simliklar bilan simbioz
holatda yashaydi. Bu bakteriyalarning shunday deb atalishiga sabab - ular o’simlik
ildiziga o’tganda ildiz to’qimalari kattalashib tuganaklar hosil bo’ladi.
Tuganak bakteriyalar Rhizobium avlodiga kiradi. Bakteriyalar asosan qaysi
o’simliklarda tuganak hosil qilishiga qarab, shu o’simlik nomi bo’yicha tur nomi beriladi:
Rh.phaseoli (loviya), Rh.trifolii (beda), Rh.meliloti (yo’ng’ichqa), Rh.leguminosarum
(no’xat).
Tuganak bakteriyalar, odatda, tuproqda uchraydi. Ular uzunasiga
3 mkm dan
oshmaydigan mayda, harakatchan, grammanfiy tayoqchalar bo’lib psevdomonadalarga
juda o’xshab ketadi. O’simliklar urug’i o’sayotganda tuganak bakteriyalar ildiz tukchalari
bilan to’qnashadi. O’simlik ildiz tizimining zararlanishi faqat yosh ildiz tukchalari orqali
bo’ladi. Bakteriyalar tukchalarining eng uchidan kiradi va ip shaklida o’sadi, bu ip
infektsion ip deb ataladi, so’ngra bunday ipchalar epidermis hujayralari devoridan ildiz
po’stlog’iga o’tadi. Ular shoxlanadi va ildiz to’qimasining tetraploid hujayralari bo’ylab
taqsimlanadi. Rhizobium ta’sirida va o’stiruvchi modda ishtirokida ildiz to’qimasi o’sib
ketadi, natijada tuganaklar hosil bo’ladi. Tuganaklarda bakteriyalar tez ko’payadi, hajmi
oshadi va shaklini o’zgartiradi: tayoqchalardan kolbasimon shishgan hujayralarga -
bakteroidlarga aylanadi. Turli dukkakli o’simliklarning tuganaklarining shakli va
o’lchamlari turlicha bo’ladi.
Simbiotik azotfiksirlovchi mikroorganizmlar bilan tanishish uchun mosh, no’xat,
vika, soya, lyupin kabi dukkakli o’simliklarning ildizini tuganaklari bilan umumiy
ko’rinishi chizib olinadi.
1. Tuganak bakteriyalarning preparati Rh.meliloti ni 3-4 sutkali kulturasidan
tayyorlanadi. Bular mayda, harakatchan
0,5-0,6 x 1,2-3 mkm li tayoqchalar spora hosil
qilmaydi, grammanfiy.
2. Tuganaklarning bakteroidli to’qimasidan preparat tayyorlash.
Buyum oynachasiga tuganak qo’yiladi va uning ustidan boshqa buyum oyna bilan
bosiladi. Ezilgan tuganakka bir tomchi suv qo’shilib aralashtiriladi, qoplagich oyna bilan
yopib mikroskopda ko’riladi. Preparatda bakteroidlar - harakatsiz, yo’g’onlashgan,
rogatkasimon, hamda kolbasimon shishgan, noksimon yoki sferik hujayralar ko’rinishi
kerak.