8-bob. Alohida qoidalar 90. Karantin yoki shu kabi xodim oʻz mehnat vazifalarini ish joyi (oliy taʼlim muassasasi binosi)da amalga oshirishni imkoni boʻlmaganda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda cheklovlar oʻrnatilgan hollarda ish beruvchi xodimning roziligi bilan uni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish jadvalida yoki uyda ishlash rejimiga oʻtkazishi mumkin. Bunda: xodimning mehnat majburiyatlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan jihozlar va/yoki texnika vositalari zaruriyatga koʻra xodimning yozma talabiga muvofiq ish beruvchi tomonidan taʼminlanadi;
ish beruvchi tomonidan xodimga berilgan jihozlar va texnikalar xodimning aybi bilan buzilganda yetkazilgan zarar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq xodim tomonidan ish beruvchiga qoplab beriladi; xodim oʻz mehnat vazifalarini bajarish uchun shaxsiy jihozlar va/yoki texnika vositalaridan, shuningdek, aloqa vositalari, jumladan, internet tarmogʻidan foydalangan taqdirda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan oshmagan miqdorda xarajatlar ish beruvchi tomonidan xodimga qoplab beriladi; ishlab chiqarish zaruriyati tugʻilganda ish beruvchi xodimni bir kun oldin aloqa vositalari orqali ogohlantirib, uni buyruq asosida doimiy ish joyiga oʻtkazadi; xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi elektron hujjat almashish yoʻli orqali aloqalar oliy taʼlim muassasasining ichki lokal hujjatlari hamda boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. masofaviy ish usuli (uyda ishlash)ga oʻtkazilgan xodimning taʼtillar jadvaliga muvofiq mehnat taʼtili, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqa olish hamda qonun hujjatlarida va oliy taʼlim muassasasi jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquqlari saqlanib qolinadi. Masofadan ish deganda xodimning mehnat shartnomasida koʻrsatilgan mehnat majburiyatlarini ish beruvchining joylashgan hududidan tashqarida, bevosita yoki bilvosita nazoratida boʻlgan doimiy ish joyi, hudud yoki obyektdan tashqarida bajariladigan ish usuli tushuniladi.
91. Masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish jadvalida yoki uyda ishlashga oʻtish huquqidan birinchi navbatda homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan shaxslar va surunkali kasalliklarga chalingan xodimlar foydalanadi.
92. Xodimni masofaviy ishga vaqtinchalik oʻtkazishda ish beruvchi tomonidan vaqtinchalik masofaviy ish rejimiga oʻtkazish haqida muddati koʻrsatilgan buyruq chiqariladi.