Ijtimoiy- iqtisodiy sohada: insonning ishlab chiqarish vositalaridan begonalashuvidan, rejali-taqsimotchilik tizimidan kechish va ko’p ukladli iqtisodiyotga hamda bozor munosabatlariga o’tish. Ma’naviyat sohasida: aqidabozlik va o’ta siyosatlashtirilgan mafkura hukmronligidan qutulish, milliy ma’naviyatni shakllantirish. Halqaro munosabatlar sohasida: butun dunyo taraqqiyotidan ajralib qolishdan, o’zni chetga olishdan va unga qarshi turishdan voz kechish, jahon hamjamiyatiga kirib borish va teng huquqli hamkorlikka yo’l ochish. Islohotlarning mazkur asosiy yo’nalishlari orqali respublikamizda amalga oshirilayotgan o’zgarishlarning murakkabligi va ulkan miqyoslarini tasavvur qilish mumkin. O’zbekiston o’z taraqqiyot yo’lini o’z xalqi tarixi va uning ongi-ruhiyatidan, aniq sharoitlaridan kelib chiqib tanladi. Bu modelning mohiyati O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan ishlab chiqilgan islohotlarning besh tamoyilida ta’riflab berildi. Mamlakatimiz aholisi uz davlat mustaqilligining yigirma to’rt yilligini butun jahon jamoatchiligi bilan tantanali ravishda nishonlayotgan bugungi kunda, to’la ishonch bilan aytish mumkinki, bu yo’l tajriba sinovidan o’tdi. Tarixan qisqa, ammo zafarli natijalarga boy bo’lgan taraqqiyotimiz, tanlangan modelning to’griligini isbotladi. Ma’lumki, taraqqiyotning “o’zbek modeli”ning mohiyati asosiy g’oyalari eng dastlab Davlatimiz rahbarining “O’zbekistonning o’z istiqlol va taraqqiyot yo’li” nomli fundamental asarida ko’rsatib o’tilgan edi. Keyinchalik mazkur taraqqiyot modeli haqidagi g’oyalar takomillashtirilib borildi. Taraqqiyotning “o’zbek modeli” zaminida mamlakatimizda keng qamrovli siyosiy islohotlar amalga oshirildi. Bunda quyidagi muhim jihatlarga e’tibor qaratildi: Birinchidan, siyosiy islohotlarni amalga oshirishda milliy davlatchilik asoslari bosqichma-bosqich ravishda barpo qilina boshlandi. Ikkinchidan, bu jarayonda jamiyatimiz demokratik taraqqiyoti manfaatlariga to’liq mos keluvchi siyosiy institutlarni shakllantirish, uning huquqiy asoslarini yaratish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.