Termiz muhandislik-texnologiya instituti


– mavzu. O’zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o’rni va nufuzining ortib borishi



Yüklə 1,14 Mb.
səhifə39/43
tarix13.08.2022
ölçüsü1,14 Mb.
#63109
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   43
2022 O\'ZB tarix ma\'ruza matni

13 – mavzu. O’zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o’rni va nufuzining ortib borishi


Reja:

  1. Jahon mamlakatlarining reyting va indekslarini aniqlovchi xalqaro tashkilotlar faoliyati.

  2. O’zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o’rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy etish borasidagi davlat siyosativanormativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi.

  3. O’zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo’lgan xalqaro reyting va indekslar bo’yicha samaradorlikning eng muhim ko’rsatkichlarini oshirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar.

Aholi turmush darajasini oshirish, davlat organlarining xalq manfaatlari uchun xizmat qilishida davlat siyosatidagi ustuvorligini ta’minlash hamda mamlakatga kirib kelayotgan investisiyalar oqimini jadallashtirish va investor mulkini davlat tomonidan himoya qilish kabi mamlakatda turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub o’zgarishlarni dunyo hamjamiyatiga namoyon etish maqsadida turli sohalar bo’yicha xalqaro tashkilotlar tomonidan tuziladigan xalqaro reyting va indekslar muhim ahamiyat kasb etadi. Ko’rsatkichlari bo’yicha yuqori baholangan har qanday xalqaro reytinglar samarasi sifatida ishbilarmonlardan tortib dunyo aholisi barcha qatlamining e’tibori shu mamlakatga qaratiladi: investision muhit, turizm, xizmat ko’rsatish sohasi rivojlanadi, buning natijasida aholining turmush darajasi va farovonligi yaxshilanadi. Xalqaro reyting va indekslarni faoliyat yo’nalishiga qarab ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarga ajratish mumkin. Bunda iqtisodiyot, ishbilarmonlik, byudjet, sanoat, investisiya va barqaror rivojlanish maqsadlarini ijtimoiy-iqtisodiy sohaga, huquq, korrupsiya, demokratiya hamda boshqaruv sifatini siyosiy-huquqiy sohalarga kiritish maqsadga muvofiqdir.


Insoniyat taraqqiyoti, barcha sohalarda kechayotgan globallashuv jarayonlar, sifat va tarkibiy o’zgarishlar xalqaro hamkorlik va aloqalarni yangi bosqichga ko’tarish barobarida har bir mustaqil mamlakatning ushbu holatlarga yangicha qarashga, ular bilan birga odim tashlash vazifasini ko’ndalang qo’ymoqda. Bu esa, eng avvalo, o’sha mamlakatning jahon miqyosidagi o’rni, xalqaro reyting va ko’rsatkichlarda tutgan mavqyei bilan belgilanadi.Xalqaro reyting va indekslar dunyodagi institusional muhitning sifatini baholashda iqtisodiy rivojlanishning asosiy sharti sifatida jahon hamjamiyati tomonidan qabul qilingan vositadir.
Bugunga kelib jahonda reyting va indekslar nafaqat ekspertlar, balki davlatlar darajasida ham islohotlar va iqtisodiy siyosatning muvaffaqiyati mezonlari sifatida qo’llanila boshlandi. BMTning Inson kamoloti indeksi (Human Development Index), Jahon iqtisodiy forumining Global raqobatbardoshlik indeksi (Global Competitiveness Index), Jahon bankining biznes yuritish reytingi (Doing Business) va shu singari boshqa qator omillar bo’yicha natijalar davlatlarda, shu jumladan O’zbekistonda turli darajadagi dasturlar ishlab chiqilishida maqsadli yo’nalish sifatida xizmat qilmoqda. Indeksni tuzuvchi xalqaro tashkilotlar tegishli davrlar bo’yicha davlat organlari tomonidan e’lon qilingan ochiq ma’lumotlar hamda turli xalqaro tashkilotlarning (World Economic Forum, World Bank, International Monetary Fund, UN, Transparency International va boshqalar) reyting hisobotlari natijalariga asoslanib, indikatorlar natijalarini hisoblaydi hamda o’zining rasmiy veb saytlarida e’lon qilib boradi. Xalqaro reyting va indekslar har bir mamlakatning rivojlanish jarayonini o’zida namoyon etib, davlat boshqaruvi sifati, aholining turmush darajasi, inson huquqlari muhofazasi, tadbirkorlik faoliyati va xorijiy investorlar uchun qulay muhit, barqaror iqtisodiy o’sish va ­raqobatbardoshlik kabi muhim jihatlarning ko’zgusidir.Tashkilot tomonidan mamlakatda rasmiy so’rovnoma o’tkazish uchun hamkor, ya’ni nodavlat notijorat tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari tanlab olinadi va so’rovnoma o’tkaziladi. Ikkinchi yilda so’rovnoma natijalaridan kelib chiqib, davlatning indeksdagi norasmiy o’rni belgilanadi hamda ularning mamlakat ko’rsatkichlarining haqiqiy tendensiyalari bilan qay darajada mos kelishi tekshirib ko’riladi. ­Tendensiyalar maxsus ekspertlar tomonidan 2 yil mobaynida muntazam kuzatilib boriladi va tahlil qilinadi.Hamjamiyatning asosiy talablaridan biri — tadqiqot o’tkazishdagi mahalliy hamkor sifatida mustaqil fuqarolik jamiyati institutlari (nodavlat notijorat tashkilotlar) bo’lishi zarurdir. So’ngi yillarda reyting indikatorlari natijalariga ko’ra kuchli o’nlikka Yangi Zelandiya, Singapur, Gonkong (Xitoy), Daniya, Koreya Respublikasi, AQSh, Gruziya, Buyuk Britaniya, Norvegiya va Shvesiya kirdi. Odatda reyting yetakchilari ro’yxatdan o’tkazish va mulkni topshirishda onlayn jarayonlarga, shuningdek, soliq deklarasiyalarini topshirish uchun elektron platformalarga ega bo’ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan uzoq istiqbolni ko’zlovchi pragmatik siyosat natijasida keyingi qisqa davr mobaynida mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro’-e’tibori ancha mustahkamlandi. Dadil islohotlar, kreativ yondashuvlar, kutilmagan qarorlar va shiddatli odimlar tufayli O’zbekistonning tashqi siyosati jahon hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bo’ldi. Xorijiy davlatlar bilan o’zaro manfaatli aloqalarimiz keskin kengayib, yurtimizning dunyo miqyosidagi ijobiy imiji shakllandi. O’zbekistonning bosib o’tgan taraqqiyot yo’lining chuqur tahlili, bugungi kunda jahon bozori kon’yunkturasi keskin o’zgarib, globallashuv sharoitida raqobat tobora kuchayib borayotgani davlatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va ro’yobga chiqarishni taqozo etmoqda.Ayniqsa, jahon miqyosidagi xalqaro ijtimoiy-iqtisodiy reytinglar orasida, birinchi navbatda, Jahon bankining “Biznes yuritish” (“Doing Business”) reytingi biz uchun alohida ahamiyatga ega. Ma’lumki, mazkur reyting hisoboti Jahon bankining har yili o’tkazadigan tadqiqotlari natijasi hisoblanib, unga ko’ra, 190 mamlakatda 10 ko’rsatkich bo’yicha biznes yuritish qulayligi baholanadi. Hisobot kichik va o’rta biznesning hayotiy faoliyati davomida uni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni baholashga, amaliyotda qo’llash tartibiga yo’naltirilgan. Ushbu hisobot Jahon banki tomonidan 2003 yildan buyon tayyorlanib kelinadi va har yili kuzda e’lon qilinadi.
So’ngi 5 yil mobaynida “Biznes yuritish” reytingida O’zbekiston jahonning 190 mamlakati orasida 2012 yildagi 166-o’rindan 2019 yilda 69-o’ringa ko’tarilib, biznes yuritish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish ko’rsatkichi bo’yicha islohotchi mamlakatlarning birinchi o’ntaligidan joy olgani yurtimizda amalga oshirilayotgan mutlaqo yangi yo’nalishdagi dadil va izchil islohotlar samarasidir.
Bu borada Harakatlar strategiyasiga muvofiq davlatimiz rahbarining 2019 yilning fevral oyidagi “Jahon banki va Xalqaro moliya korporasiyasining “Biznes yuritish“ yillik hisobotida O’zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida“gi qarori muhim omil bo’ldi. Qarorga muvofiq, O’zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash bo’yicha “Yo’l xaritasi“ hamda 2022 yilga kelib respublikaning kuchli yigirmalikdan o’rin egallashini nazarda tutuvchi “Biznes yuritishni yaxshilash – 2022“ maqsadli ko’rsatkichlari tasdiqlandi.
Shundan kelib chiqib, O’zbekiston 2022 yilga qadar Jahon banki va Xalqaro moliya korporasiyasining “Biznes yuritish“ hisobotidagi jahon mamlakatlarining birinchi yigirmataligi darajasiga mos keladigan eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga intildi. Bu maqsad Prezidentimizning 2018 yil 13 iyuldagi “Jahon banki va Xalqaro moliya korporasiyasining “Biznes yuritish“ yillik hisobotida O’zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to’g’risida“gi qarorida ham o’z ifodasini topdi.
Mamlakatimizda tadbirkorlik va ishbilarmonlik harakatini keng quloch yoydirish, yurtimizning investisiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijlik investorlar uchun o’z yurtidagi mavjud sharoitlardan ham qulayroq imkoniyatlarni yaratib berish, ularning faoliyatida qonunning so’zsiz ustuvorligini ta’minlash borasida juda katta ko’lamdagi chora-tadbirlar amaliyotga joriy etilmoqda. Bu sa’y-harakatlardan maqsad, birinchi navbatda, iqtisodiyotimizni yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirish bo’lsa, O’zbekistonning jahon hamjamiyatidagi imijini yanada yuksaltirish, xalqaro maydondagi obro’-nufuzini baland ko’tarish ham pirovard vazifadir.
Mamlakatning investisiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imidjini ko’tarish, davlat organlari va tashkilotlarida xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashning yangi tizimini tadbiq qilish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasining Xalqaro reyting va indekslardagi o’rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to’g’risida”gi 2020 yil 2 iyundagi farmoni qabul qilindi.
Shuningdek, O’zbekiston Iqtisodiy xamkorlik va taraqqiyot tashkilotining “Mamlakatlarga xos xatarlarni tasniflash” tizimidagi 6-guruh mamlakatlari qatoridan 5-guruh mamlakatlari qatoriga chiqdi.
Mamlakatimizda jahon mqiyosidagi biznes yuritishni halqaro reyting va indeksi KPI tizimini joriy etish maqsadida bir qancha ilg’or qadamlar bilan islohotlar amalga oshirilmoqda.
2020 yilda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo’yicha respublika kengashi tashkil etildi.
Kengashning asosiy vazifalari kuyidagilar etib belgilandi:
Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot darajasini tizimli tahlil qilib borish hamda ushbu yo’nalishlar bo’yicha to’siq bo’layotgan muammolarni bartaraf etish;
Xalqaro reyting va indekslar da mamlakatning o’rnini yaxshilash maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, xorijiy tajribaga ega bo’lgan davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish bo’yicha tashabbuslarni ilgari surish;
Davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarini tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini O’zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo’lgan halqaro reyting va indekslardagi mamlakatning o’rniga ta’siri nuqtai nazaridan kompleks baholab borish.
Kengashning asosiy vazifasi taqsimlangan O’zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo’lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o’rnini yaxshilashga qaratilgan ta’sirchan choralari shlab chiqilishi va amalgaoshirilishi hamda ushbu yo’nalishda tizimli xalqaro xamkorlik olib borilishi ustidan Kengash tomonidan nazorat qilishdan iborat.
So’ngi yillarda mamlakatimizning Jahon banki, Birlashgan millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Jahon iqtisodiy forumi, Xalqaro byudjet hamkorligi, INSEAD xalqaro biznes-maktabi va Economist Intelligence Unit kabi xalqaro reyting agentliklari va tashkilotlari bilan rasmiy aloqalar yo’lga qo’yildi.O’tgan davr mobaynida xalqaro reyting agentliklarining 2019-2020 yillarda chop etilgan hisobotlariga binoan respublikaning iqtisodiy reytinglardagi o’rni sezilarli darajada o’sdi. Xususan “Fitch Ratings” va “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentliklarining bahosiga ko’ra 2019 yilda mamlakatning suveren kredit reytingi «BB–» barqaror darajada saqlanib qolmoqda. Jahon bankining «Biznes yuritish 2020» (Doing Business 2020) yillik reytingida O’zbekiston 2019 yil yakunlari bo’yicha 100 baldan 69,9 ball to’plab, 190 mamlakat orasida 69-o’rinni egalladi. O’tgan yilgi reytingga nisbatan mamlakat 76-o’rindan 7-o’ringa ko’tarildi. Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi boshqa to’rtta davlat, shu jumladan Tojikiston, Ozarbayjon, Qirg’iziston va Kosovo bilan birgalikda O’zbekiston 2019 yilda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda eng katta yutuqlarga erishgan 20 mamlakat qatoridan o’rin egalladi.
Jahon banki ekspertlarining fikriga ko’ra, O’zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashdagi asosiy islohotlar quyidagilar:
eng muhim korporativ qarorlarda aksiyadorlar huquqlari va rolini kengaytirish, mulkchilik va boshqaruv tuzilmalarini aniqlashtirish, shuningdek korporativ shaffoflikni oshirish orqali minoritar investorlar himoyasini kuchaytirish;
ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soliqlarini daromad solig’i bilan birlashtirish orqali soliqqa tortishni soddalashtirish;
xavfga asoslangan bojxona nazorati mexanizmini joriy etish orqali xalqaro savdoni soddalashtirish, shuningdek, import hujjatlariga talablarni yengillashtirish;
ixtiyoriy mediasiya to’g’risidagi qonunni qabul qilish orqali shartnomalar ijrosini soddalashtirish, shuningdek, taraflarni nizolarni mediasiya orqali hal qilishga undash uchun moliyaviy rag’batlar yaratish.
«Biznes yuritish» hisobotida 190 mamlakatdagi vaziyatni tahlil qilish asosida 10 ta sohadagi qonunchilikdagi o’zgarishlar qayd etilgan.Hisobot mamlakatda biznes yuritish qulayligini baholovchi quyidagi ko’rsatkichlarni tahlil qiladi: 1) korxonalar (biznes) tashkil etish, 2) qurilish uchun ruxsat olish, 3) elektr ta’minoti tizimiga ulanish, 4) mulkni ro’yxatga olish, 5) kredit olish, 6) minoritar investorlarni himoya qilish; 7) soliq solish, 8) xalqaro savdo, 9) shartnomalarning bajarilishi va 10) to’lovga qodir bo’lmaslik.
O’zbekiston «To’lovga layoqatsizlikni hal qilish» indikatoridan tashqari reytingning deyarli barcha ko’rsatkichlari bo’yicha ko’rsatkichlarni yaxshiladi:
Korxonalarni ro’yxatdan o’tkazish — 96,2 ball, Q 0,2% (global reytingda 8-o’rin);
Qurilish uchun ruxsatnomalarni olish — 61,7, Q 0,3% (132-chi);
Elektr ta’minoti tizimiga ulanish — 86,9, Q 0.9% (36-chi);
Mulkni ro’yxatga olish — 67,9, Q 0,9% (72-chi);
Kredit olish — 65, o’zgarishsiz (67-chi);
Minoritar investorlarini himoya qilish — 70, Q 8% (37-chi);
Soliqqa tortish — 77,5%, Q 0,6% (69-chi);
Xalqaro savdo — 58,2, Q 8,4% (152-chi);
Shartnomalarning bajarilishini ta’minlash — 71,9, Q 3,7% (22-chi);
To’lov qobiliyatsizligiga ruxsat berish — 43,5, -1,7% (100-chi).
2019 yilning sentyabr oyida Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorlarining 2018 yil uchun e’lon qilgan hisobotida O’zbekiston Respublikasi bir qator indikatorlardan yaxshilanganligini ma’lum bo’ldi. Xususan, mamlakatimiz Meros jamg’armasining “Iqtisodiy erkinlik” indeksida 52, Jahon bankining “Logistika samaradorligi” indeksi 19 hamda “Biznes yuritish” indeksida esa 18 pog’onaga ko’tarildi.«Korrupsiyani nazorat qilish» indeksida 1 pog’onaga, «Hukumat samaradorligi» indeksida 3 pog’onaga, «Normativ sifat» indeksida 7 pog’onaga, «Qonun ustuvorligi» indeksida 4 pog’onaga, «So’z erkinligi va hisobdorlik» indeksida 5 pog’onaga ko’tarildi.
Shu bilan birga asosan siyosiy-huquqiy reyting va indekslarda mamlakatimiz o’rinlari nisbatan quyi pog’onalarda. Masalan, So’z erkinligi va hisobdorlik indeksida 191-o’rinda, Normativ sifat indeksida 184-o’rinda, Korrupsiyani nazorat qilish indeksida 183-o’rinda, Qonun ustuvorligi indeksida 182-o’rinda, Jahon matbuot erkinligi indeksida mamlakatimiz 156-o’rinda turibdi.
BMT tomonidan ishlab chiqilgan, inson salohiyatining asosiy xususiyatlari sifatida turmush darajasini, savodxonlikni, ta’limni va uzoq umr ko’rishni o’zaro taqqoslash va baholashni o’z ichiga oluvchi Inson kamoloti indeksida O’zbekiston o’tgan yili 189 davlat orasida 105-o’ringa munosib topilgan. Vaholanki, bu hisobotda Rossiya Federasiyasi – 49, Qozog’iston – 59-pog’onada turibdi. Shunday ekan, mamlakatimizda iqtisodiy o’sishning ishonchli bazasini yaratish va aholi farovonligini oshirish biz uchun, hozirgi kundagi jahon iqtisodiyotidagi zamonaviy jarayonlar fonida, ayniqsa, dolzarb ahamiyatga ega. Binobarin, investisiyalar oqimini sezilarli darajada oshirish, institusional va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasidagi muammolarni hal qilishning samarali usullaridan biri bu yurtimizning umume’tirof etilgan xalqaro reytinglarda faol ishtirokini ta’minlash va ushbu tadqiqotlarda muayyan natijalarni qo’lga kiritishdir. Bu, o’z navbatida, nafaqat O’zbekistonga bo’lgan ishonchning ortishiga, balki dolzarb masalalarni aniq belgilab olib, eng maqbul xalqaro amaliyotga asoslangan biznes va innovasion faoliyat sharoitlarini shakllantirish borasida ham muvaffaqiyat omili bo’ladi.Shuning uchun ham 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishlari bo’yicha Harakatlar strategiyasida “O’zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar to’g’risida jahon hamjamiyatiga xolis axborot yetkazish” nazarda tutilgan.
Mamlakatimizda so’z erkinligi hamda ommaviy axborot vositalarining cheklov va to’siqlarsiz faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Ommaviy axborot vositalari uchun media bozorida teng sharoit yaratish va ularni yanada rivojlantirish hamda jurnalist va blogerlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida 2019 yilda Milliy mass-mediani qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashkil etildi. Ommaviy axborot vositalari, fikrlar xilma-xilligi va so’z erkinligini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda Ayniqsa, jurnalistning qonuniy professional faoliyatiga to’sqinlik qilishga oid huquqbuzarliklarga nisbatan javobgarlik kuchaytirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohadagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risida”gi qonun qabul qilindi. Bu boradagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etish, turli organlar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tashkil etildi. Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini yurituvchi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzildi.
2018 yilda AQSh Davlat departamenti O’zbekistonni “Diniy erkinlikni tizimli, davomiy va jiddiy ravishda buzishda ishtirok etuvchi mamlakatlar ro’yxatidan” chiqardi. Yoxud 2018 yil oxirida BMT Bosh assambleyasining yalpi sessiyasida «Ma’rifat va diniy bag’rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyusiyaning qabul qilinishi Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan xalqaro tashabbusning dunyo hamjamiyati tomonidan qo’llab-quvvatlanganligining yaqqol isbotidir.
Darhaqiqat, mamlakatimizda savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish modellarini ishlab chiqish, dunyoning yetakchi xalqaro tahlil va ilmiy-tadqiqot, ishlab chiqarish muassasalari bilan aloqalarni mustahkamlash orqali O’zbekistonning xalqaro maydondagi imijini yanada yuksaltirish dolzarb masaladir. Bu borada samarali va keng ko’lamli targ’ibot-tashviqot ishlarini yo’lga qo’yish, milliy turistik brendni yaratish, xorijiy nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari bilan o’zaro manfaatli kelishuvlarga erishish, xalqaro tashkilotlar vakillarini yurtimizga taklif qilish va ularni yuz berayotgan o’zgarishlar bilan tanishtirish kabi jihatlar alohida o’rin tutadi. Zero, O’zbekistonni dunyoga ko’rsatish, xalqaro reytinglar va indekslardagi o’rnini yuksaltirish faqat va faqat xalqimiz farovonligi, mamlakatimizning barqaror taraqqiyoti hamda davlatimiz kuch-qudratining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.



Yüklə 1,14 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   43




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin