3-bob. Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazish 8. Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari (bundan buyon matnda maktab deb yuritiladi) quyidagi mezonlar bo‘yicha 1500 ballgacha baholanadi:
a) tashkiliy-boshqaruv faoliyatining samaradorligi bo‘yicha (100 ballgacha):
ta’lim turi bo‘yicha amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning maktab boshqaruviga tatbiq etilganligi (20 ball);
maktabda ta’lim sifatini rivojlantirish bo‘yicha istiqbol rejasining mavjudligi va ijrosining ta’minlanganligi (20 ball);
maktab direktori, uning o‘rinbosarlari, pedagogik kengash, kuzatuv kengashi va uslubiy birlashmalari rejasining mavjudligi va ijrosi ta’minlanganligi (20 ball);
maktab faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha hamkorlik ishlarining (kuzatuv kengashi, ota-onalar hamda manfaatdor idora va tashkilotlar bilan) olib borilganligi (20 ball);
maktabda sifatli ta’lim berish uchun qo‘shimcha sharoitlarning yaratilganligi (20 ball);
b) ta’lim jarayoniga davlat ta’lim standartlarining joriy etilganligi bo‘yicha (100 ballgacha):
davlat ta’lim standarti, tayanch o‘quv rejalari, o‘quv dasturlari va fan o‘qituvchilarining ishchi taqvim-mavzuiy rejalari hamda dars jadvalining o‘zaro mutanosibligi (40 ball);
tugallangan o‘quv yilidagi 4, 9 va 11-sinf bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyalari belgilangan muddatlarda o‘tkazilganligi (30 ball);
dars jadvalining mavjudligi, tasdiqlanganligi va unda o‘quv jarayonining to‘liq aks ettirilganligi hamda uning amaliyotga tatbiq etilganligi (30 ball);
v) o‘quvchilar bilim darajalarining davlat ta’lim standartlariga muvofiqligi bo‘yicha (300 ballgacha);
g) o‘quvchilarning darslik hamda metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlanganlik darajasi bo‘yicha (100 ballgacha):
o‘quvchilarning fanlar kesimida darsliklar bilan to‘liq ta’minlanganligi (35 ball);
o‘qituvchilarning metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlanganligi (5 ball);
maktab kutubxonasining badiiy adabiyotlar va elektron resurslar bilan ta’minlanganligi (20 ball);
o‘quvchilar foydalanishi uchun kutubxonada sharoitlarning yaratilganligi (25 ball);
o‘quv-uslubiy ishlarning reja asosida olib borilganligi va bu borada fan o‘qituvchilari bilan hamkorlik ishlarining yo‘lga qo‘yilganligi (15 ball);
d) pedagog kadrlar salohiyati bo‘yicha (200 ballgacha):
maktabning pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlanganligi (50 ball);
maktabning salohiyatli pedagog kadrlar bilan ta’minlanganligi (50 ball);
o‘qituvchilarning dars o‘tish jarayoni dars ishlanmasidagi texnologik xaritaga mos kelishi (50 ball);
o‘qituvchilarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, jumladan Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish holati (50 ball);
e) ta’lim jarayoniga zamonaviy o‘qitish usullari va axborot texnologiyalarining joriy etilganligi bo‘yicha (100 ballgacha):
darsning texnologik xaritasi tuzilishida o‘qitish uslublarining interaktiv usullari va zamonaviy axborot texnologiyalarining inobatga olinganligi (50 ball);
namunaviy o‘quv dasturi va o‘quv-mavzuiy rejalarda tavsiya etilgan laboratoriya ishlarining ishchi taqvim-mavzuiy rejalarga kiritilganligi hamda bajarilgan laboratoriya ishlarining soni sinf jurnalida qayd etilganligi (50 ball);
yo) moddiy-texnik ta’minoti bo‘yicha (100 ballgacha):
maktab binosi va hududida o‘quvchilar uchun xavfsiz va qulay sharoit yaratilganligi (50 ball);
maktabda o‘quv jarayoni uchun qulayliklar yaratilganligi (50 ball);
j) ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish sifati bo‘yicha (100 ballgacha):
mustaqil fikrlaydigan, ma’nan yetuk va jismonan sog‘lom barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar rejasining bajarilganligi (40 ball);
o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun qo‘shimcha sharoitlarning yaratilganligi (40 ball);
o‘quvchilarning ko‘rik-tanlov va sport musobaqalarida erishgan natijalari (20 ball);
z) o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish ishlarining va ularga kasbiy ta’lim berilishining sifati bo‘yicha (100 ballgacha):
maktabda o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish ishlarining olib borilganligi (40 ball);
o‘quvchilarning kasbga bo‘lgan qiziqishlarini aniqlash yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazilganligi (30 ball);
texnologiya xonalarining mavjudligi va mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun sharoitlarning yaratilganligi va samarali foydalanilishi (30 ball);
i) xalqaro va respublika fan olimpiadalarida ishtirok etish holati va ularda sovrindor bo‘lgan o‘quvchilar salmog‘i bo‘yicha (30 ballgacha):
y) reyting baholash tizimining qo‘llanilish sifati bo‘yicha (100 ballgacha):
maktabda bilim sifati monitoringining tashkil etilganligi (30 ball);
o‘quvchi va bitiruvchilarning sinflar kesimida o‘quv fanlaridan to‘plagan reyting ballari monitoringining joriy etilganligi (30 ball);
o‘quvchilar bilimini reyting tizimida baholash sifatining belgilangan mezon va me’yorlarga mosligi (40 ball);
k) bitiruvchilarning oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirishi holati bo‘yicha (20 ballgacha);
l) maktabning faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalari bo‘yicha (150 ballgacha).
9. Maktab faoliyati bo‘yicha to‘plangan umumiy ballar mazkur Mezonlarning 2-ilovasidagi metodika asosida hisoblab chiqiladi.