O’quvchilar texnik-ijodkorligi mazmunini asosiy yo\'nalishlarini rivojlantirish
2.2. O’quvchilarning texnikijodkorligini rivojlantirish O’quvchilarning texnikijodkorligini rivojlantirish yo’nalishlari va asosiy bosqichlari. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» ning bosh maqsadi barkamol shaxsni shakllantirishdan iboratdir. «Barkamol inson» deganda ham aqliy, ham axloqiy, amaliy va jismoniy kamol topgan shaxs tushuniladi. Milliy o’zlikni anglashga e’tibor kuchaygan hozirgi sharoitda mustaqil fikrlash hamda ijodkorlik sifatlari barkamollikning aosiy belgilari sifatida qaror topmoqda. Insonning o’z-o’zini anglashida hayotida tutgan o’rnini belgilashda, hayotning mohiyatini tushunishga nisbatan munosabat o’zgarmoqda. Zero, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da ta’kidlanganidek: «Inson, uning har tomonlama uyg’un kamol topishi va farovonligi shaxs manfaatlarini ro’yobga chiqarishning sharoitlarini va ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, eskirgan tafakkur va ijtimoiy xulq-atvorning andozalarini o’zgartirish respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi va harakatlantiruvchi kuchidir». Mustaqillik sharoitida shaxsni rivojlantirishning asosiy yo’nalishi mustaqil fikrlash va ijodkorlik sifatlarini shakllantirish, shaxsiy va ijtimoiy faolligini oshirish, tanqidiy fikrlash, shaxsiy g’urur va o’z intellektual imkoniyatlariga ishonch hissini tarbiyalashdan iborat bo’lmoqda. Ushbu jarayonlarning barchasi bugungi kunda rivoj topayotgan xalqaro globallashuv sharoitida alohida dolzarblik kasb etmoqda.Respublikamizda shaxs sifatlarini shakllantirish muammosining yechimini topishga qaratilgan aksariyat tadqiqotlarda mustaqil fikr yuritish shaxsning mustaqil ta’lim olishi bilan bog’liq holda qaraladi, ijodkorlik faoliyati esa asosan moddiy buyumlar yaratishni va takomillashtirish bilan bog’liq yaratuvchilik jarayoni sifatida o’rganilgan. Ushbu tadqiqotlarda mustaqil-ijodiy fikrlash sifatlarining o’quvchilar xulqida, ularning boshqalar bilan muloqotida, amalga oshiradigan kasbiy faoliyatida barqaror aks ettirilish masalalari yetarlicha hal etib berilmagan.
Bugun biz insoniyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ko’z oldimizga keltiradigan bo’lsak, xalqaro globallashuv bu jarayonning eng yaqqol namoyon bo’luvchi xususiyati ekanligini ko’ramiz. Hozirda xalqaro globallashuv iqtisod, siyosat va shu kabi ijtimoiy hayotning barcha muhim sohalari qatorida ta’lim tizimini ham o’z ta’sir doirasiga olgan. Shunday ekan, jahonda o’zining munosib o’rniga ega bo’lib borayotgan respublikamiz ta’lim tizimiga tatbiqan shaxs sifatlarining muhim qirralari bo’lgan mustaqil hamda ijodiy fikrlash sifatlarini faollashtirishning metodologik asoslarini tadqiq qilish muhim zamonaviy muammo hisoblanadi.
Barcha mamlakatlarda, shu jumladan O’zbekistonda ham shaxsni tarbiyalash unda axloqiy va intellektual sifatlarni rivojlantirish orqali amalga oshiriladi. Respublikamizda joriy etilayotgan va jahon miqyosida tan olingan kadrlar tayyorlash milliy modelining bosh sub’ekti va ob’ekti sifatida o’quvchi shaxsining olinganligi bu boradagi muammolarning muvaffaqiyatli hal etilishi uchun zamin yaratib bergan.Respublikamizda yoshlar mustaqil – ijodiy fikrlashini faollashtirish masalalarining dolzarbligi quyidagi muammolarni hal etish zarurati bilan belgilanadi:
- shaxs sifatlarining bugungi kundagi shakllanganlik darajasi va uni tarbiyalashga qaratilgan mavjud metodlar zamonaviy talablarga javob bera olmasligi;
- ta’lim tizimida an’anaviy tarbiya va bilim «berish» metodlarining salmog’i hamon yuqori darajada saqlanib qolayotganligi;
- umumiy o’rta ta’lim, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hamda oliy ta’lim o’quv rejalarida ko’zda tutilgan ta’lim predmetlarining yoshlarda mustaqil-ijodiy fikrlashini faollashtirish imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotganligi;
- yoshlarda mustaqil-ijodiy fikrlashni shakllantirishga oid ishlab chiqilgan nazariy ishlanmalarni amaliyotga keng ko’lamda joriy etish yo’llarining asoslab berilmaganligi.
Bu esa o’quvchi va talaba yoshlar shaxs sifatlarini faollashtirishning metodologik asoslarini yaratish, uni amalga oshirish yo’llarini ishlab chiqishga qaratilgan tadqiqotlarni amalga oshirish zaruratini yuzaga keltiradi.
Qayd etilgan muammolar yechimini topishning ikki yo’nalishini taklif etish mumkin:
Muammoni hal etishning birinchi yo’nalishi quyidagicha mazmunga ega: Mustaqil-ijodiy fikrlash sifatlarini faollashtirishda boshlang’ich ta’lim muhim o’rin tutadi, chunki xuddi shu davrda shaxs, uning qiziqishlari, moyilliklari shakllanishi uchun poydevor yaratila boshlaydi. Jamiyat uchun mustaqil, tanqidiy fikrlaydigan, harakat qila oladigan ijodkor shaxslar juda asqotayotgan hozirgi kunda o’quvchilar ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish pedagogikaning dolzarb muammosi bo’lib turibdi.
O’quvchilarning ijodiy faoliyati tajribalarini o’zlashtirishlari uchun talim jarayonida faol aqliy izlanishni talab qiladigan muammoli vaziyatlarni vujudga keltirish zarur. Ijodiy faoliyat tajribalarini o’qituvchini tayyor axboroti orqali hosil qilish mumkin emas, chunki o’qituvchi muammolarni o’zi hal qilsa, o’quvchilardagi qiziqish, muammolarni hal qilishga bo’lgan intilish, so’nadi, o’z bilimlarini yangi kutilmagan vaziyatlarda qo’llash imkoniyatidan mahrum bo’ladi.
Noan’anaviy ta’lim o’quvchilarni faqat bilim, ko’nikma, malakalar bilan qurollantirishni ko’zda tutmasdan, balki darsda vujudga keltiradigan muammoli vaziyatlarni o’quvchilar avval o’zlashtirgan bilim, ko’nikma, malakalarni kutilmagan vaziyatlarda ijodiy qo’llashlari orqali ijodiy faoliyat tajribalari, o’quvchilarning mustaqilligi, o’quv-bilish motivlarini, mantiqiy fikrlashni rivojlantirishga, mustaqil izlanish yo’lini o’zlashtirishga imkon beradigan murakkab jarayondir.
O’quvchilar mustaqil fikrlash ko’nikmalarini shakllantirishi noan’anaviy ta’lim jarayonida muvaffaqiyat bilan qo’llanib kelayotgan ta’lim printsiplari: ilmiylik, tushunarlilik, sistemalilik, o’quvchilarning ongligi va faolligi, ko’rgazmalilik, o’quvchilarni puxta bilim, ko’nikma va malakalar bilan qurollantirish, uzviylik, ketma-ketlik, o’quvchilarning ijodiy mustaqil ishlari printsipi, o’quvchilarga individual va tabaqalashtirilgan yondoshuv printsipi, o’quv ishlarini insonparvarlashtirish printsiplaridan foydalanishni taqozo etadi.
Umumiy o’rta ta’limda yuqori sinf o’quvchilarining ijtimoiy hodisalarni mustaqil va ijodiy tahlil qilishga tayyorlik darajasiga oid bilim va ko’nikmalarini o’rganishda an’anaviy metodlar bilan birgalikda interfaol metodlar ham katta yordam berishi mumkin. Bir tomonlama muloqotni ko’zda tutuvchi savol-javob usulidan farqli ravishda faol ta’lim metodlari yoshlarning o’zlashtiriladigan bilimlarga munosabati to’g’risida ham xulosa chiqarishga imkon beradi. Natijada o’quvchilarning turli ijtimoiy-siyosiy hodisalarni qanday tushunayotganliklarini ham aniqlab olish mumkin. Shu bilan birga ularning yangi vaziyatlarni, vaqt va hodisalarni baholash uchun mazkur bilimlardan foydalanishga qay darajada tayyor ekanliklari to’g’risida ham ma’lumot imkoniyati yaratiladi.
O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limida qaralayotgan muammoni hal qilish uchun axborotning tarbiyaviy samarasini oshirish bilan birga izlanish, bahs-munozaralari, o’zaro bilim almashish kabi faol shakl va uslublaridan ham foydalanish maqsadga muvofiqdir. Ular o’quvchilarni yangi bilim va tushunchalarni mustaqil topishiga, o’z qarashlari va g’oyalarini himoya qilishga, dunyoqarashi va tasavurlarini o’rtoqlari bilan almashinishga o’rgatadi. Bunda ijodiy fikrlash, tasavvurlarni rivojlantirish, fikrlar tafovuti va xilma-xilligi, kuzatuvchanlik, xotirani mustahkamlash, topqirlik, idroklilik, zukkolik va zehnni tarbiyalash talab etiladi.
Talaba-yoshlarda mustaqil-ijodiy fikr yuritish, ma’lum masalalar bo’yicha muhokama yuritishning qoida va mezonlarini bilish, o’z fikrini to’g’ri, izchil, asosli bayon eta olish, mushohada yuritish, o’zi bayon etgan fikridan xulosalar chiqara olishni tarkib toptirish mustaqil-ijodiy fikrlashni rivojlantirishning asosiy yo’nalishini tashkil etadi.
Muammoni hal etishning ikkinchi yo’nalishining mazmuni quyidagicha:
Ma’lumki, dars ta’lim muassasalaridagi o’quv-tarbiya jarayonini tashkil qilishning asosiy shakli hisoblanadi. Biroq, aksariyat o’qituvchilar o’zlari rahbarlik qiladigan dars mashg’ulotining asosiy va yagona maqsadi sifatida ish rejaga ko’ra qayd etilgan mavzuga doir bilimlarni «o’quvchilarga berish»ni tushunadilar. Bunda, hamma vaqt ham ta’lim-tarbiya birligi mezoniga amal qilinmaydi va yanayam ko’pchilik holatlarda darsda o’quvchilarning mustaqil-ijodiy fikrlashi uchun sharoit yaratilmaydi. Shu sababli dars mashg’ulotlarida mavzuga oid bilimlarni o’quvchi mustaqil-ijodiy fikrlashini faollashtirish bilan omuxtalashgan holda amalga oshirish metodlarini tadqiq qilish alohida dolzarblik kasb etadi.
Darsdan va ta’lim muassasasidan tashqari mashg’ulotlar asosan individual, guruh hamda ommaviy shakllarda amalga oshiriladi. Shuni ta’kidlab o’tish kerakki, darsdan tashqari faoliyat o’quvchilarda dunyoqarashning nafaqat g’oyaviy asoslarini shakllantiradi, balki uni amaliy harakatiga aylanishini ta’minlaydi. Bunda sust tinglovchi va kuzatuvchi rolida qolib ketmaydi; u bilimlarni mustaqil va erkin egallashga kirishadi, ilmiy va ijtimoiy-siyosiy axborotlarni tushunishga harakat qiladi, o’zi o’zlashtirilgan sifatlarning tengdoshlari orasidagi faol targ’ibotchisiga aylanadi.
O’quvchilarning mustaqil-ijodiy izlanishlariga yo’naltirilgan to’garaklarda, turli birlashmalarda, mazmun va shakli jihatidan turlicha bo’lgan faoliyat turlari ham estetik ijtimoiy fikrlash bilan birga o’zaro muvofiqlikni keltirib chiqaradi. Muammoli masalalarni qo’yish, ularni mustaqil ijodiy hal qilish yoshlarning qo’shimcha bilimlarga ega bo’lishiga, dunyoqarashga oid masalalarni rivojlanishiga o’zlarini fikrlarini isbotli himoya qilish ko’nikmalari va mahorati shakllanishga yordam beradi.
Muammo yechimining taklif etilgan yo’nalishlar asosida hal etib borilishi o’quvchi va talaba yoshlar tayyorgarligining davlat ta’lim standarti talablariga javob berish darajasining ortishi, yuksak darajada shakllangan, faol mustaqil-ijodkorlik sifatlariga ega shaxs sifatida yuqori akademik harakatchanlik darajasiga erishishi uchun nazariy-metodologik asoslarning yaratilishiga asos bo’ladi. Shuningdek, bu boradagi vazifalarni samarali hal etish uchun mustaqil fikrlovchi ijodkor shaxs to’g’risidagi tushunchalarni umumlashtirish hamda uning yagona strukturasini ishlab chiqish jarayonini boshqarishning axborot ta’minoti texnologiyasini ishlab chiqish talab etiladi.
O’quvchilarning texnik ijodkorligini tashkiliy sistemasi. O’quvchilarning texnik ijodkorligini tashkiliy sistemasi juda ko’p qirrali. Hozirgi kunda bolalar va yoshlar ijodiy faoliyati bilan har xil vazirliklar xalq ta’limi xodimlari, kasaba uyushmasi, “Kamolat” yoshlar ijtimoiy harakati, Vatanparvar tashkiloti va boshqalar shug’ullanadilar. Bolalar va yoshlarning ommaviy ravishda ijodiy faoliyat bilan shug’ullanishida umumiy o’rta ta’lim maktabi, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari, markazlar va maktabdan tashqari muassasalar (yosh texniklar stantsiyasi, uylari, o’quvchilar markazlari, yosh texniklar klubi, madaniyat markazi, madaniyat va texnika markazi) shug’ullanadi.
Texnik ijodkorligining mazmuni o’quvchilarning yoshlariga qarab tanlanadi. I-IV sinflarda elementar bilimlarga, V-IX sinflarda asosiy chuqur texnik tayyorgarlikka ega bo’lgan bilimlar shakllantiriladi. Egallangan bilimlar va asosiy ko’nikmalariga tayangan holda o’quvchilarning texnik ijodkorligi mazmuni kengayib boradi. Kasb-hunar kollejlarida o’quvchilar tanlagan kasbi bo’yicha ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatlarida ishtirok etadilar. Bunda ular texnik, texnologiya, ishlab chiqarishni tashkil qilish bo’yicha ilmiy tekshirish, konstruktorlik ishlarni amalga oshirishda xizmat qiladilar.
2. Texnik ijodkorlikning rivojlanishi. Bizning asrimiz fan-texnika yutuqlarining mislsiz darajada taraqqiy etishi, hamda bu taraqqiyot natijalarining oddiy insonlar hayotiga juda qisqa muddatlarda keng kirib kelayotganligi bilan tavsiflanadi. Mana shunday taraqqiyot omillaridan biri bu shubhasiz yangi axborot texnologiyalaridir. Bugungi kunda hayotimizning hech bir sohasini, jumladan ta’lim tizimini ham axborot texnologiyalari hamda uning asosi bo’lgan kompyuterlarsiz tasavvur etib bo’lmaydi.
Axborotlarni qabul qilish, qayta ishlash va yangi axborotni yaratish bilan shug’ullanuvchi texnologiyalarni kompyuterlar asosida joriy etish, ya’ni belgilangan faoliyat turini amalga oshiruvchi kompyuter va unda joriy etilgan dasturiy ta’minotni yuritish majmuasi yangi axborot texnologiyasi deb yuritiladi. Axborotlar davri hisoblangan bugungi kunda tarixda birinchi marotaba insoniyat faoliyatining ko’plab sohalari moddiy buyumlar bilan emas, balki axborotlarni qayta ishlash bilan bog’liq bo’lmoqda. Shu sababli, bugungi kunda yoshlarni axborot davrida yashash va ishlashga o’rgatish, ularda axborotlarni yig’ish, tartib va tahlil qilish, uni uzatish ko’nikmalarini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bular o’z navbatida o’quvchilarning ko’plab qobiliyatlarini, shu jumladan, ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlantirishda ham muhim asos vazifasini o’taydi, chunki har qanday yangi g’oyani taklif qilishdan ilgari qaralayotgan sohani batafsil o’rganib chiqish, yangi axborotlarni topish va uni tavsiya etilayotgan yechim bilan bog’lashni o’rganish lozim bo’ladi. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun bo’lsa, albatta oddiy inson xotirasida saqlab bo’lmaydigan darajada katta hajmdagi axborotlarni qayta ishlash talab etiladi. Axborot texnologiyalari imkoniyatlari ushbu muammoni avtomatlashgan o’quv-axborot tizimlari, bilimlar banki va ma’lumotlar banklari vositasida oson va samarali hal qilish imkoniyatlarini yaratadi. Shu munosabat bilan keyingi paytda respublikamizda bu sohaga e’tibor kuchayib bormoqda, keyingi besh yil mobaynida mavjud kompyuterlar parki bo’yicha vatanimiz jahon ko’rsatkichlariga yaqinlashib qoldi. Biroq, ta’lim jarayonida zamonaviy axborot texnikalarini, jumladan shaxsiy kompyuterlarning qo’llanishi uchun zarur nazariy va amaliy, ilmiy-metodiy asoslarning ishlab chiqilmaganligi ayniqsa ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirish bilan bog’liq qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Texnik ijodkorlikni amalga oshirishda kompyuterlarni qo’llashning shakl va usullarini belgilashda, avvalo ular yordamida o’quvchilarning ijod qilishni emas, balki yangi texnik yechimni yaratishdagi axborotlarga bo’lgan ehtiyojini qondirishi va uni amalga oshirishning samarali yo’llarini ishlab chiqishda foydalanishini e’tiborga olish lozim.
Ijodkorlik darslarini tashkillashtirish tamoyillari. O’quvchilar jamiyat uchun ahamiyatga ega bo’lgan yoki uning uchun yangilik bo’lgan mahsulot yarata olmaydilar. Qolaversa, bu ularning, maktabning vazifasiga kirmaydi. Maktab o’quvchisining ijodi uning mahsulot tayyorlashi, buyum yasashida namoyon bo’ladi. Bunday ish jarayonida ular egallagan bilimlari, malaka va ko’nikmalarini qo’llaydilar. O’rgatuvchi ijodiy faoliyatiga, birinchi navbatda, ijodkor shaxsning sifatlarini rivojlantirishga yordam beruvchi faoliyat sifatida qaraymiz. Bu faoliyat davomida o’quvchilarning aqliy faolliklari, bilag’onliklari, tadbirkorliklari, aniq ish bajarish uchun zarur bo’lgan bilimlarni egallashga intilishlari, masala tanlash va uni yechishda mustaqilliklari, turli masalalar ichida eng asosiylarini tanlay bilish kabi sifatlari rivojlanadi.
Ijodkorlik darslarini loyihalashtirishda darsning maqsad va vazifalarini aniq belgilab olish muhim ahamiyat kasb etadi. Darsning yakuniy maqsadini maktab o’quvchilarining ijodiy sifatlarini rivojlantirish va shakllantirishdan iborat etib belgilash mumkin. Bu maqsadga o’quvchilar qobiliyatini aniqlash va rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni belgilash orqali erishish mumkin. Shuning uchun aniq vazifalar quyidagicha belgilandi.
1. Bolalarni turli faoliyatga jalb qilish. Bunga maxsus tanlangan amaliy ishlar turlari orqali erishish mumkin. Bu ishlarning muvaffaqiyatli bajarilishi mehnat, rasm, chizmachilik va boshqa fanlar bo’yicha bilimlardan foydalanishni taqozo etadi. Aniq buyum yasash jarayonida bu asosiy bilimlarni o’zlashtirish, o’z navbatida ularni yuqori sinflarda chuqur nazariy asoslashga yordam beradi.
2. O’quvchilarda mehnat faoliyatining yangi turlarini tez o’zlashtirishga yordam beruvchi malaka hosil qilish.
3. Amaliy faoliyat bilan bog’liq turli yangi vazifalarni bajarishda topqirlikni rivojlantirish.
O’quvchilarning yosh va psixofiziologik xususiyatlari, ularni ijodkorlikka o’rgatishning maqsad va vazifalarini hisobga olgan holda texnik ijodkorlik darslarini quyidagi tamoyillar asosida loyihalashtirish tavsiya etiladi:
1. O’quvchining faoliyati undagi mavjud bilimlar doirasidan tashqariga chiqib keta olmaydi. Shuning uchun ularga avval bu asosiy bilimlarni ma’lum qilish, ularni loyihalashtirilgan, shu jumladan ijodiy mahsulotlarni yaratish uchun zarur bo’lgan amaliy ko’nikma va malakaga o’rgatish lozim. Bolani maqsadga yo’naltirilgan holda maqsadga intiluvchan qilib tarbiyalash, avval egallangan ko’nikmalarni muntazam ravishda, ko’p karra mustahkamlab borish kerak.
2. Mashg’ulotlarni tashkillashtirishda o’quvchi uchun kerakli axborotni tanlay bilish lozim. Zero, yakuniy maqsadga qaratilmagan har qanday axborot maqsadga erishishni qiyinlashtiradi, ta’lim samaradorligini keskin pasaytiradi.
3. Mehnatning ko’pgina turlarida o’quvchilar ilgarigi ishlaridan tanish bo’lgan ayrim ish elementlari, usul va qoidalari bilan uchrashadilar. Ular yangi materialni o’rganish chog’ida o’ziga ma’lum qoidalarni qo’llaydilar. Aytaylik, o’quvchi faqat kulolchilikka o’rgatilsa, u bu kasbni katta mehnat evaziga o’zlashtiradi. Lekin u bir vaqtning o’zida buyum yasasa, chizsa, model tayyorlasa, maqsadiga oson erishadi.
4. O’quvchi bir ishni 3-5 mashg’ulotda katta qiziqish bilan bajarishi mumkin. Demak, unda mehnatga qiziqishni ushlab turish uchun ish turlarini tez-tez o’zgartirib turish zarur: 3-5 mashg’ulotda kema nusxasini tayyorlash, 3-5 mashg’ulotda somondan buyum yasash va hokazolar bajarilsa, o’quvchilardagi ishtiyoqni uzoq muddat davomida ushlab turish mumkin. Shu tariqa o’quvchilar qiziqishidagi bu «salbiy holat»dan mashg’ulotlarga qiziqishni qo’llab-quvvatlash yo’lida foydalanish mumkin.
5. Maktab o’quvchisi aksariyat hollarda katta yoshdagilarga taqlid qilishga intiladi. Boladan kattalar rahbarligisiz ijodiy va savodli ishni kutish qiyin. Bolalarda xayolot dunyosi juda boy. U bir zumda stulni parovozga, bochkani raketaga aylantirib yuborishi mumkin. Lekin xayolot bilan ijodiyot bitta narsa emas. Agar bolada faqat xayolot rivojlantirilsayu, u ishni savodli bajarish bilan bog’lanmasa, bu oxir- oqibatda o’quvchini boshi berk ko’chaga olib kirib qo’yish demakdir. Shu tariqa biz qo’lidan bir ish kelmaydigan, hamma ishni og’zida bajaradigan xayolparastlarni tarbiyalagan, bu bilan yuqori malakaga erishish yo’lini kesib qo’ygan bo’lamiz.
O’quvchi mashqni ko’p karra takrorlar ekan, ko’nikmani mustahkamlaydi. Shuning uchun ishni to’g’ri, savodli bajarishga o’rgatgan ma’qul. Savod – bu o’rinda, eng avvalo, masalani hal qilish qoidasi, printsipi va usullaridir. Bolani to’g’ri faoliyat turi bilan qurollantirar ekanmiz, biz uni xato qilishdan chetlatgan, ko’nikmani takomillashtirishga imkon yaratgan, ijodiy faoliyat bilan shug’ullanish uchun vaqt ajratgan bo’lamiz.
O’qituvchining o’quvchi ishini doimiy nazorat qilishi. O’quvchi ish bajarayotganda uning butun hatti-harakati o’qituvchi nazorati ostida bo’lishi lozim. Nazorat susaygan joyda ko’nikma yo’q, bo’lib ketishi yoki noto’g’ri shakllanishi mumkin.
Tanqidiy fikrlashni rivojlantirish texnologiyasi. Ma’lumki, har bir ta’limot o’zining nazariy hamda amaliy asoslariga ega bo’ladi. Pedagogik texnologiya borasidagi ilk g’oyalar ilgari surilgan davrlardayoq uning nazariy asoslari bilan birga uni amaliyotga tatbiq qilishning umumiy asoslari ham yaratila boshlangan. Pedagogik texnologiya nazariy va amaliy asoslarini uning maqsadi, mazmuni, vazifalari, tamoyillari, ob’ektiv hamda sub’ektiv omillari, ob’ekti, asosiy tushunchalari, mezonlari va boshqalar tashkil etadi.
XULOSA Pedagogik texnologiyaning umumiy mohiyati xususida so’z yuritish uchun avvalo, ushbu tushunchaning tub ma’nosini anglash talab etiladi. Bugungi kunda pedagogik texnologiya tushunchasining ko’plab ta’riflari mavjud bo’lib, bu borada yagona fikrga kelinmagan. Shu sababli har bir o’qituvchi o’rgangan adabiyotlar va amaliy tajribasi asosida o’zi uchun eng maqbul deb hisoblagan ta’rifni qabul qilishi, yoki ulardan kelib chiqqan holda o’z ta’rifini shakllantirishi mumkin.
Bizning fikrimizga ko’ra, pedagog olim V.P.Bespalko tomonidan berilgan ta’rif boshqalariga nisbatan maqbulroq hisoblanadi. Ushbu ta’rifga ko’ra «Pedagogik texnologiya amaliyotga tatbiq qilinadigan muayyan pedagogik tizim loyihasidir». Muallifning fikriga ko’ra pedagogik texnologiya tushunchasi ta’limning har bir bosqichida joriy qilinishi lozim bo’lgan yuqori darajadagi aniqlikni ko’zda tutadi, shu sababli uni «pedagogik texnologiya = ta’limdagi aniqlik» ko’rinishida ifodalash mumkin. Zero, pedagogik texnologiya ta’lim maqsadini belgilashdan, toki uning natijasini aniqlashgacha bo’lgan barcha jarayonlarning aniq belgilash hamda o’lchash asosida tashkil qilishni talab qiladi va bu aniqliksiz pedagogik texnologiya ham o’z mohiyatini yo’qotadi.
Shu o’rinda yuqorida pedagogik texnologiya berilgan ta’rifda so’z yutirilgan pedagogik tizim tushunchasini aniqlashtirib o’tish lozim deb hisoblaymiz. V.P.Bespalkoning fikriga ko’ra, pedagogik tizim deganda ma’lum sifatlarga ega bo’lgan shaxsni shakllantirishga nisbatan aniq maqsadli, tashkillashtirilgan pedagogik ta’sir ko’rsatish uchun talab etiladigan, bir-biri bilan o’zaro bog’langan metod, vosita va jarayonlar majmuasi tushuniladi. Pedagogik tizimni pedagogik texnologiyaning asosi ekanligini e’tirof etgan holda uning quyidagi elementlardan iborat ekanligini qayd etish lozim: talaba, ta’lim-tarbiyaning maqsadi, mazmuni, o’quv jarayoni, o’qituvchi yoki ta’lim vositalari va ta’lim-tarbiyaning tashkiliy shakllari.